“Binolarning energiya samaradorligini oshirish” fanining predmeti va vazifalari
Ma’ruza rejasi
1.“Binolar energiya samaradorlik injiniringi” fanining maqsad va vazifalari.
2.Energiya samarador binolarning tavsiflari va asosiy qoidalari.
3.“Binolar energiya samaradorlik injiniringi” fanining boshqa fanlar tizimida tutgan o‘rni .
“Binolar energiya samaradorlik injiniringi “fanining maqsad va vazifalari.Fanni o‘qitishdan maqsad - binolarning energiya samaradorligini oshirish maqsadlarida bu dasturlar doirasida amalga oshiriladigan turar joy va ma’muriy binolar qurilishini yangi energiya tejaydigan texnologiyalardan foydalangan holda va yangi me’yorlarga rioya qilish bilan tanishgan va energiya tejamkor tashqi devorlarni loyihalashni bilgan, bino va inshootlarni qurilish va loyihalash sohasida keng dunyoqarashga ega bo‘lgan yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashdan iborat.
Fanning vazifasi-mavjud binolarning energiya samaradorligi va shu samaradorlikni ta’minlash tizimini baholash tadbirini o‘tqazish,energiya samarador binolarga o‘tishning texnik va iqtisodiy istiqbollarini baholash, binolarning energiya samarali to‘siq konstruksiyalarini loyihalash, ularning ishonchliligini va uzoq muddatga chidamliligini ta’minlab beradigan uslublarini o‘zlashtirish.
Fan bo‘yicha talabalarning bilim, ko‘nikma va malakasiga qo‘yiladigan talablar. “Binolar energiya samaradorlik injiniringi” fanini o‘zlashtirish natijasida talaba:
- xonalarni mikroiqlimini shakllantirish xususiyatlarini va bu jarayondagi tashqi to‘siq konstruksiyalarining o‘rnini;
-to‘siq konstruksiyalarining energiya samaradorligini oshirish yo‘llarini va ularni loyihalash asoslarini;
- binolarning energiya tejamkor to‘siq konstruksiyalari uchun zamonaviy qurilish ashyolarining nomenklaturasini va xususiyatlarini bilishi;
- binolarning issiqlik himoyasini ta’minlash shartlariga ko‘ra to‘siq konstruksiyalarini hisoblash va loyihalash; me’yoriy va ilmiy-texnik ma’lumotlarni izlash tajriba va ko‘nikmalariga ega bo‘lishi lozim.
Energiya samarador binolarning tavsiflari va asosiy qoidalari.Hozirgi vaqtda, Respublikada demografik va ijtimoiy masalalarni echishda ijtimoiy jamoat binolari (jumladan, maktablar va kollejlar, bolalar bog‘chalari, shifoxonalar hamda sport majmualari) ni qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha bir qator yirik masshtabli dasturlarni amalga oshirdi, shu bilan bir qatorda turar - joy binolari, avvalom bor, qishloq joylarda aholining mablag‘lari, davlat va ipoteka kreditlarining moliyaviy yordami evaziga namunali loyihaga ega bo‘lgan turar-joy uylari qurilishini alohida ta’kidlash joizdir. Xususan, 2014-2018 yillarda yangi qurilish va rekonstruksiya hajmi mos ravishda 10 mln.m2 va 25 mln.m2 ni tashkil etgan bo‘lsa, 2018 -2020 yillarda 12 mln.m2 va 10 mln.m2 ni, 2020 va 2030 yillarda esa bu ko‘rsatkichlar mos ravishda 14 mln.m2 va 20 mln.m2 ni tashkil etishi nazarda tutilgan.
Binolarning energiya samaradorligini oshirish maqsadlarida bu dasturlar doirasida amalga oshiriladigan turar-joy va ma’muriy binolar qurilishini yangi energiya tejaydigan texnologiyalardan foydalangan holda va yangi me’yorlarga rioya qilish bilan tashkil etish maqsadga muvofiqdir.
Binolarni loyihalash va qurishga qaratilgan yondashuvlarni takomillashtirish bilan bir qatorda, yuqorida zikr etilganidek yo‘l tutish, energiya tejaydigan elektr va issiqlik manbalarni o‘rnatishni, shuningdek, binolar qurilishida issiqlik himoyalovchi materiallarni qo‘llash talabini shakllantirish imkonini beradi.
Energiya resurslarini tejash evaziga erishiladigan to‘g‘ridan - to‘g‘ri tejamkorlik bilan bir qatorda tegishli issiqlikni himoyalovchi material hamda jihozlarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, aloqador tarmoqlarni rivojlantirish va bu tarmoqlarda qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish evaziga yordamchi tejamkorlikka erishish ham mumkin.
Binolarning energiya samaradorligini oshirish orqali ham sezilarli ijtimoiy samaradorlikka erishish mumkin. Energiya samarador binolarni tadbiq etish qurilish, issiqlik himoyalovchi mahsulot va energiya samarador jihozlar ishlab chiqarish sohalari ramkalarida bo‘lgani kabi, aloqador tarmoqlarda ham mas’ulli mashg‘ullikni yaratishga sharoit yaratadi. Aholining isitish va elektr energiyasi ta’minoti bo‘yicha kommunal xizmatlarga to‘laydigan mablag‘larini 25-30% ga pasaytirish va tejash imkonini beradi, iqtisod qilingan mablag‘larni turar-joy binolarining energiya samaradorligini yanada yaxshilashga, aholining boshqa ehtiyojlarini qondirishga yo‘naltirish imkoni yaratiladi. Uylarni qayta jihozlash va turar - joy qurilishida yuqorida aytilgan texnologiyalarni qo‘llash ichki xonalarning issiqlik, nam va shovqin himoyasini sezilarli darajada yaxshilaydi, ancha yuqori shinamlikni ta’minlaydi va mazkur binolarning foydalanish muddatlarini ta’mirlashsiz uzaytiradi. SHuningdek, kompleks dasturlar binolarning estetik qiyofasi yaxshilanishiga ham keng sharoit yaratib beradi.
Bundan tashqari, ekologik manfaatlarga ham erishiladi: ancha yuqori energiya faollik va energiya samaradorlik atmosferaga chiqariladigan chiqindilar hajmini 25-30%ga pasaytiradi, shunga mos ravishda energiya iste’molining iqlim o‘zgarishiga ko‘rsatadigan ta’siri kamayadi. SHu bilan bir qatorda turar-joy sektorida energiya samaradorlikni oshirish, uylarni nohush ob-havo sharoitlaridan himoya qilishni yaxshilash evaziga iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha tadbirni o‘zida namoyon etadi.
Respublikada energiya samaradorlikning saqlanib qolayotgan past darajasiga tegishli bo‘lgan asosiy muammo-bu energiya samarador qurilish tamoyillarini tatbiq etish va keng tarqatish uchun sharoitlar, rag‘batlantirish va samarali mexanizmlarning etishmasligi bilan izohlanadi. Energiya iste’mol qilinishini boshqarishning kompleks tizimi mavjud emas, agar bu tizim mavjud bo‘lib, u amal qilganda edi, energiya tejamkorlikning zamonaviy talablarini bajarish, energiya faollikni oshirishni rag‘batlantirishning shakllanishi, energiyaning ortiqcha sarflanishining oldi olinganligi va issiq xona gazlarining atmosferaga chiqarilishini pasaytirish ta’minlangan bo‘lar edi.
Tadqiqot ishining asosiy maqsadi - bu energiya iste’molini pasaytirish, iqtisodning strukturaviy qayta hosil bo‘lishini tezlashtirish va uning raqobat bardoshligini oshirish hamda ijtimoiy samaralarga erishish maqsadlarida, Respublikada binolarning energiya samaradorligini aniqlash va tavsiyalar ishlab chiqishdan iboratdir.
Xalqaro energetik agentligi tomonidan eksperimental ma’lumotlarni tahlil qilish asosida ekspertlarning hisoblashlari quyidagicha:
-binolarni issiqlik himoyalovchi materiallar bilan qoplash evaziga isitish va havoni konditsionerlashga sarflanadigan mablag‘lar 15-20% iqtisod qilinsa, zamonaviy energiya samarador jihozlarni qo‘llash orqali mablag‘larni 10 - 15% tejashga erishiladi.
Asosiy vazifalar sifatida quyidagilar qabul qilingan:
- mavjud binolarning energiya samaradorligi va shu samaradorlikni ta’minlash tizimini baholash tadbirini o‘tkazish;
- energiya samarador binolarga o‘tishning texnik va iqtisodiy istiqbollarini baholash;
- binolarning energetik samaradorligini oshirishga to‘sqinlik qiluvchi asosiy muammolarni yuzaga chiqarish;
- energiya samarador binolarni qurishga va foydalanishga o‘tish uchun yaxshi sharoitlar va samarador mexanizmlarni yaratish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish.
Bunda energiya samarador binolarning zamonaviy tizimlarga o‘tishi binolarni qurish va rekonstruksiya qilish me’yorlarining xalqaro standartlarga muvofiq o‘zgartirilishi sekin borayotganligi, energiya tejaydigan tadbirlarni loyihalash va qurish darajasida ham tatbiq etish uchun etarli bo‘lmagan mablag‘lar tufayli kechikmoqda.
Mamlakatda mavjud bo‘lgan binolarning 90 foizidan ko‘prog‘i bundan 25 yil avval qurilgan va ular o‘zining texnik tavsiflari bilan zamonaviy energiya tejamkorlik tamoyillariga mos kelmaydi.
Bundan tashqari, mavjud me’yoriy baza, binolarning energiya samaradorligiga to‘la qonli maqsadga yo‘naltirilmagan, bunda qurilish joriy narxini pasaytirishga e’tibor qaratilib, binolardan foydalanishda ko‘p energiya sarflanishi, kelgusida katta iqtisodiy zarar ko‘rilishi hisobga olinmagan.
Natijada, O‘zbekistonda barcha turdagi binolarning yangi qurilishida, ularni rekonstruksiya qilish va ulardan foydalanish jarayonida qo‘llaniladigan texnologiyalar etarli bo‘lmagan energiya samaradorlik darajasiga ega bo‘lib qolgan. Bu sohadagi asosiy muammolar quyidagi jihat larga bog‘liq:
- takomillashmagan hajmiy-tarhiy, arxitekturaviy- konstruktiv echimlar va binolar qurilishi hamda rekonstruksiyasida energiya tejamkor bo‘lmagan issiqliq himoyalovchi materiallarning qo‘llanilishi;
- issiqlik himoyasining mavjud emasligi va issiqlik energiyasi sarflanishining tegishli tarzda hisobga olinmasligi tufayli isitish tizimlarida energiyaning ortiqcha yo‘qotilishi;
- issiq suv ta’minoti tizimida issiqlik energiyasi va issiq suvning yo‘qotilishi;
- yoritish va maishiy elektr priborlaridan foydalanishda elektr energiyasining yo‘qotilishi;
- binolarda yangilanadigan energiya manbalaridan etarlicha foydalanmasligi:
Binolarni loyihalash va qurishda mavjud bo‘lgan hajmiy-tarhiy echimlar, qoidaga ko‘ra, tashqi to‘suvchi konstruksiyalarning yuzasini mumkin qadar maksimal qisqartirishga yo‘naltirilmagan, bunday konstruksiyalar orqali ichkaridan havoning kerakli bo‘lgan harorati yo‘qolishi ro‘y beradi, yorug‘lik oraliqlari yuzalarining tabiiy yoritilganlikning minimal koeffitsientlari bilan maqbulligi (optimizasiyasi), yorug‘lik oraliqlarida lozim bo‘lgan quyosh himoyasini, tutashgan birikmalar va tashqi devorlar hamda orayopmalardagi choklarning lozim bo‘lgan (germetizasiyasi) muhirligi ko‘zda tutilmagan. Zamonaviy konstruksiyalarsiz tiklangan, chordoq xonalariga ega bo‘lmagan tomlar orqali ko‘p energiya yo‘qotiladi, zamonaviy konstruksiyalar binolarni qish paytida issiqlik yo‘qotilishidan va yoz faslida salqin havoning yo‘qotilishidan himoya qiladi.
Qo‘llaniladigan qurilish materiallari, ko‘p hollarda issiqlik o‘tkazuvchanlik 0,1 koeffitsentdan oshib ketadigan yuqori issiq o‘tkazuvchanlikga ega bo‘ladi, bu esa zamonaviy xalqaro standartga mos kelmaydi. Ilgari binolar qurilishida keng qo‘llanilgan bir qatlamli tashqi to‘siq beton konstruksiyalar zamonaviy energetik talablarga javob bermaydi.
Natijada, binolarning tashqi to‘suvchi konstruksiyalari orqali issiqlik energiyasining katta qismi (o‘rtacha energetik resurslarning 40 foizi) atmosferaga tarqalib yo‘qoladi. Binolar energetik ko‘rikdan o‘tkazilganda, ularda issiqlikning sezilarli miqdorda yo‘qotilishi aniqlandi, bunda tom yopmasi orqali - 25%, fasad orqali - 35%, kirish yo‘laklari orqali - 15%, derazalar orqali - 10%, er to‘la orqali - 15% issiqlik energiyasi yo‘qotiladi, binolarning bu elementlari eskirgan me’yorlar, texnologiyalar va past issiqlik himoyasiga ega materiallar bo‘lganligi tufayli, energiya tejash bo‘yicha etarlicha samara bermaydigan nozamonaviy materiallar asosida qurilgan.
Hozirgi vaqtda O‘zbekistonda markaziy issiqlik ta’minotining “ochiq” tizimidan foydalaniladi, bu tizim mamlakatdagi yirik va o‘rta aholi punktlarining ko‘p qavatli turar-joy fondi va jamoat binolarini issiq suv bilan ta’minlash va isitishning asosiy manbai bo‘lib hisoblanadi.
Ushbu tizimning ustun jihatlari-issiqlik iste’molini issiqlik manbai yoki nasos stansiyalaridagi temperaturaviy grafik bo‘yicha rostlash (tartibga solib turish) ning arzonligi va nisbatan oddiyligidan iborat.
Tizimning kamchiliklari:
- issiqlik manbaida ichimlik suvining ko‘p sarflanishi, bu issiqlik tarmog‘idagi issiq suv ta’minoti ehtiyojlariga suv to‘planishi bilan bog‘liqdir. Suv to‘planishi oqibatida yuqori korroziyalanish tufayli issiqlik tarmog‘i quvur o‘tkazgichlari tezda ishga yaroqsiz holatga kelib qoladi;
- issiqlik tarmoqlarini markaziy nazorat qilish imkoniyatining amalda mavjud emasligi;
- avariya holatlari (issiqlik tashuvchi moddaning sirt yuzasiga chiqishi, quduqlarning suv bilan to‘lishi va h.k.) trassa bo‘ylab tashqi alomatlar, ya’ni tarmoq suvining ko‘p miqdorda amalda yo‘qotilishi, demak shunga bog‘liq ravishda issiqlik energiyasining ortiqcha yo‘qotilishi bilan aniqlanadi;
- yilning o‘tish davrlarida issiqlik tashuvchi modda (suv)ning temperaturasini 60 - 650C dan pastga tushirishning imkoni yo‘qligi, yil davomida issiq suv bilan ta’minlash zaruriyati bilan uzviy bog‘liqligi bilan tushuntiriladi. Oqibatda yilning o‘tish davrlarida binolarni “ortiqcha isitish”ga yo‘l qo‘yiladi, demak energiya natijasiz, ya’ni hech foydasiz yo‘qotiladi.
Bundan tashqari, tizimda kundalik ravishda kiritish elevator tugunlaridan foydalaniladi. Mazkur tugunlar issiqlik iste’molini tezkor (operativ) rostlash (tartibga solish) ni amalga oshirish imkonini bermaydi. Uzatuvchi va orqaga qaytaruvchi issiqlik tarmoqlarida bosimning etarsiz darajada tushishi isitish tizimlarining to‘g‘ri ishlashini amalda ta’minlamaydi. Qoidaga ko‘ra, bu kirish tugunida energiya tashuvchi modda taqsimlanishining buzilishiga, issiqlik tashuvchi moddaning tomchilab oqib tushishiga va shunga o‘xshash hodisalarga olib keladi, buning oqibatida issiqlik tashuvchi modda, demak issiqlik energiyasi ham sezilarli darajada yo‘qotiladi.
Jahon amaliyoti, energiya tejashning majburiy talablarini yangi qurilayotgan va rekonstruksiya qilinayotgan binolarga, majburiy ravishda kiritish, binolarning energetik samaradorligini oshirishning iqtisodiy samarador usullaridan biri ekanligini ko‘rsatadi.
Me’yoriy bazani yanada rivojlantirish maqsadida, 2004 yilda QMQ 2.01.04-97 ga kiritiladigan “o‘zgartirishlar” ishlab chiqildi. Bu o‘zgartirishlarni ishlab chiqishda binolarning issiqlik himoyasiga yanada yuqori talablar qo‘yilishiga va bozor iqtisodining rivojlanish sharoitlarida ularning energiya samaradorligini tegishli ravishda oshirishga e’tibor qaratildi, shuningdek, bunda O‘zbekistonning iqlim sharoitlarida binolarni loyihalashning o‘ziga xos jihatlari ancha to‘liq inobatga olindi. Bu ko‘plab mamlakatlarda me’yoriy hujjatlarda (o‘zgartirishlarga) tashqi to‘suvchi konstruksiyalarning issiqlik uzatishiga (Rpq) keltirilgan qarshiliklar qiymatlarining gradasiyasi beriladi, bu gradasiya tashqi havoning hisobiy temperaturasi qiymatlariga emas, balki isitish davrining gradus-sutkali (IDGS) qiymatlariga bog‘liq ravishda ko‘rsatiladi. Binolarda energiya iste’mol qilinishining samaradorligini oshirish yo‘nalishida olib borilayotgan ishlar 2009 yilda “O‘zbekistonda ijtimoiy vazifalarni bajaruvchi ob’ektlarning energiya samaradorligini oshirish” Xalqaro ilmiy-texnik loyihasini amalga oshirish bilan yanada rivojlantirildi, mazkur loyiha Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi tomonidan yo‘lga qo‘yildi.
O‘zbekistonda 1990 yilning ikkinchi yarmida binolarning issiqlik himoyasini (QMQ 2.01.04-97) loyihalashni, isitishga, havoni konditsiyalashtirish va havo shamollatishga (QMQ 2.01.18-2000) sarflanadigan energiya miqdorlarining me’yorlarini hamda issiq suv bilan ta’minlashda quyosh energiyasidan foydalanishni (QMQ 2.04.16-96) reglamentlashtiruvchi qurilish me’yorlari va qoidalari ishlab chiqildi.
QMQ 2.01.04-97 – qurilish me’yorlari va qoidalarida to‘suvchi konstruksiyalarning ular orqali issiqlik uzatilishiga ko‘rsatadigan qarshiliklarining me’yoriy qiymatlari o‘rnatildi, bu qiymatlar binolar issiqlik himoyasining uchta darajasiga bog‘liq holda qabul qilindi. Bunda issiqlik himoyasining darajasini tanlash buyurtmachi zimmasiga yuklatiladi, buyurtmachi o‘z iqtisodiy imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda issiqlik himoyasining darajasini tanlaydi. O‘sha davrda me’yorlar issiqlik himoyasining ancha yuqori darajasi qo‘llanilishini majburiy ravishda talab etmadi, faqatgina o‘sib borayotgan tanqislik va narx-navoni hisobga olgan holda issiqlik himoyasi darajalariga e’tibor qaratishga tavsiyalar berildi xolos.
Natijada, binolar issiqlik himoyasining uchta darajasidan birinchisi faqat minimal yo‘l qo‘yiladigan me’yorlarni o‘rnatdi (Evropa mamlakatlarining 1978 yilgacha bo‘lgan minimal darajasida), ikkinchi daraja ham Evropa mamlakatlarining zamonaviy standartlariga mos kelmadi. Hattoki, Respublikada standartlar bo‘yicha binolar issiqlik himoyasining eng yuqori bo‘lgan uchinchi daraja ko‘rsatkichlari Evropa minimal me’yorlarga mos keldi xolos, bu davrda rivojlangan mamlakatlar amaliyotida minimal me’erlarga yo‘l qo‘yiladigan daraja qo‘llanilmas edi.
BMT (PROON) va Global Iqtisodiy Fond (GIF) tomonidan 2010–2012 yillarda ko‘rsatilgan loyihani amalga oshirish doirasida energiya samaradorlikka javob beruvchi yangi qurilish me’yorlari va qoidalari ko‘rib chiqildi va qabul qilindi. Mazkur qurilish me’yorlari va qoidalariga “Jamoat binolari va inshootlari” (SHNQ 2.08.02-09*), “Qurilish issiqlik texnikasi” (QMQ2.01.04-97*), “Bino va inshootlarni isitish, shamollatish va konditsiyalashtirish uchun energiya sarfi me’yorlari”(QMQ 2.01.18-2000*), “Isitish, shamollatish va konditsiyalashtirish” (QMQ 2.04.05-97*), “Ma’muriy binolar” (QMQ 2.08.04-04*), “Davolash muassasalariga moslashtiriladigan binolar va inshootlar” (QMQ 2.08.05-97), “CHordoqlar va tomlar” (QMQ 2.03.10-95), “Loyiha bosh muhandisi (bosh arxitektori) haqida tushunchalar” (QMQ 1.03.09-96) va “Arxitektura - qurilish texnologiyasi” (QMQ 1.01.04-98) tegishlidir.
YAngi qurilish me’yorlari va qoidalari tashqi to‘suvchi konstruksiyalar issiqlik himoyasi ko‘rsatkichlarini sezilarli oshirishni;
ilg‘or energiya tejamkor arxitekturaviy-tipologik va hajmiy-tarhiy echimlarni qo‘llashni;
-zamonaviy samarador issiqlik himoyalovchi materiallar va to‘suvchi konstruksiyalar, yangilanadigan energiya manbalarining muhandislik tizimlari va jihozlarini qo‘llashni;
-binolardagi xonalar mikro iqlimining me’yorlangan parametrlarini pasaytirmasdan isitish, ventilyasiya va konditsionerlashga sarflanadigan energiya me’yorlarini pasaytirishni;
-loyiha mualliflarining loyihalanayotgan binolar energiya samaradorligini ta’minlash bo‘yicha mas’uliyatini oshirishni, loyiha hujjati tarkibiga “Energiya samaradorlik”ning maxsus bo‘limiga kiritishni ko‘zda tutadi. “Energiya samaradorlik” maxsus bo‘limi, binolarning energetik pasporti hamda takomillashtirilgan va tizimlashtirilgan arxitektuvraviy-qurilish terminologiyasini o‘z ichiga oladi. Asos soluvchi qurilish me’yorlarida issiqlik himoyasining uchta darajasi ancha yuqori talablarga ega bo‘lgan holda saqlanib qolingan.
Issiqlik himoyasining birinchi darajasi binolarda talab etilgan sanitar-gigienik shartlarning bo‘lishini hamda tashqi to‘siqlarning ichki sirtida kondensat hosil bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslikni nazarda tutadi. Bu talablar turar-joy, jamoat, ma’muriy va maishiy binolarga tegishlidir.
Issiqlik himoyasining ikkinchi darajasi yuqori energiya tejovchi talablarni o‘zida mujassam etgan. Energiya iste’molining ikkinchi darajasiga ega bo‘lgan binolarda energiya birinchi darajali binolarga qaraganda 1,4-1,8 marta kam iste’mol qilinadi(sarflanadi). Bunda shuni alohida ta’kidlash joizki, issiqlik himoyasining ikkinchi darajasi minimal yo‘l qo‘yiladigan daraja deb hisoblanadi va maxsus vazifalarni bajaradigan ob’ektlar (davolash - profilaktik va bolalar muassasalari, maktablar, kollejlar, internatlar) ni loyihalashga majburiy tarzda qo‘llanadi, mazkur binolar va ob’ektlar qurilishi davlat kapital mablag‘lari yoki mahalliy byudjetlar hisobidan quriladi.
Uchinchi darajali issiqlik himoyasiga ega bo‘lgan ob’ektlar eng energiya tejamkor ob’ektlar deb hisoblanadi. Bu daraja issiqlik himoyasining ikkinchi darajasiga qaraganda energiya sarfini (energiya iste’mol qilinishini) 2,5-3 marta qisqartirishni ko‘zda tutadi va bu ko‘rsatkichlar loyihalash topshiriqnomasida qayd qilinadi.
Binolar issiqlik himoyasining turli darajalarini qabul qilish energiya iste’molchilarining turli iqtisodiy imkoniyatlari, bozorning holati va samador issiqlik ximoyaloyachi materiallar va muhandislik jihozlarini ishlab chiqarish bazasi bilan shart-sharoitlanadi.
Davlat kapital mablag‘lari yoki mahalliy byudjetlar hisobidan amalga oshiriladigan davolash - profilaktik va bolalar muassasalari, maktablar, litseylar, kollejlar, internatlar binolari qurilishi va rekonstruksiyasida yangi me’yorlarga muvofiq to‘suvchi konstruksiyalarning qarshilik koeffitsientlari 25-40% ga oshirilgan. Energetik ko‘rikdan o‘tkazishlar asosida Respublika regionlari bo‘yicha bir qator maktablar va qishloq tibbiyot punktlarida yangi QMQ larga o‘tishda energiya tejaydigan tadbirlarning samarasini baholash bo‘yicha ishlar olib borildi.
YAngi QMQ larga muvofiq energiya samaradorlikni oshirish nafaqat yangi qurilishda va kapital rekonstruksiyada, balki binolarni kapital ta’mirlashda ham ko‘zda tutilgan: chordoqlar, erto‘lalar, to‘suvchi konstruksiyalarni issiqlik himoyalovchi materiallar bilan qoplash, derazalar qismlarini tashqi devorlar bilan almashtirish, isitish va ventilyasiya tizimlarini maqbullashtirish (optimallashtirish) ham shular jumlasidandir. Qurilishning o‘zgartirilgan me’yorlari va standartlari issiqlik iste’mol qilinishiga ta’sir ko‘rsatuvchi termik ko‘prikning mavjudligi, quyosh ta’sirida qizish va turar-joy hamda ma’muriy binolarning ixchamligi kabi omillarning hisobga olinishi ham juda muhim ekanligini ko‘rsatadi. Hisoblash natijalariga ko‘ra, yangi QMQ larning jadal tadbiq etilishi issiqlik energiyasining yillik solishtirma sarfini o‘rtacha 39% ga pasaytirish imkonini beradi.
SHunga qaramasdan, yangi QMQ lar doirasida amal qilayotgan me’yorlar bari-bir chet el mamlakatlarining mos me’yorlaridan orqada qolmoqda. Bundan kelib chiqan holda qurilish me’yorlarini takomillashtirish bo‘yicha yana yangi tadbirlarni qabul qilish maqsadga muvofiqdir.
“Binolar energiya samaradorlik injiniringi” fanining boshqa fanlar tizimida tutgan o‘rni .
“Binolar energiya samaradorlik injiniringi” fanida binolarni loyihalash uchun O‘zbekiston lonshaftining va iqlimotining asosiy xarakteristikalari, ko‘rsatkichlari: Quyosh radiatsiyasi, harorat namlik va shamol rejimlari turar-joy va jamoat binolarini hajmiy-tarxiy va konstruktiv echimlariga ta’siri, xonalarning mikroiqlimini baholash usullari ishlab chiqarishda qo‘llaniladi. Bino va inshootlarni loyihalash va ularni ishlab-chiqarishga joriy etish hozirgi kunning dolzarb muamolari hisoblanadi. Bunda mazkur loyihalarni xususiyatlaridan kelib chiqqan holda energiya tejamkor binolarni konstruksiyalari ishlab-chiqarishga joriy etiladi. “Binolar energiya samaradorlik injiniringi” fani 5340200-Bino va inshootlar qurilishi (sanoat va fuqaro binolari ) ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha bakalavrlar tayorlashda umumkasbiy fan hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |