Yigirma birinchi bob
MURVATVOY BILAN TUZATVOYNING QAYTISHGANI
Gulg'uncha o'z suratini avaylab ushlab pastga tushdi. Uni shu zahotiyoq qizaloqlar o'rab olishdi. Uning surati go'zallikda Oppog'oynikidan ham, Ko'kko'znikidan ham ancha ustunligini, ammo o'xshash-o'xshamaslikka kelganda ulardan past turganini hamma unga gapirdi.
— Tentaklar-ey, — dedi Gulg'uncha. — Siz uchun go'zallik muhimmi yo o'xshashlikmi?
— Albatta, go'zallik! — deb javob berdi barcha. Shunda xonaga Qaldirg'och bilan Moshxon halloslab yugurib kirishdi.
— Voy, qanday tentaklik bo'ldi! — deb baqirishdi ular. — Voy, biz hozir yiqilib tushamiz.
— Nima bo'ldi o'zi? — deya cho'chib ketdi hamma.
— Biz bugun kasalxonaga borgandik... — deb gapira boshladi Qaldirg'och.
— ... Chiqarilgan bolalarni uyimizga olib bormoqchi edik, — deb gapirib qoldi Moshxon.
— ... Ammo Asalxon bolalarni allaqachon chiqarib yubordim dedi, — deb uning so'zini bo'ldi Qaldirg'och.
— ... Keyin biz boshqa bolalardan chiqarib bering deb, o'tindik, — dedida, Moshxon, so'zimni Qaldirg'och bo'lib qo'ymasin deb yana tez-tez gapirdi: — Shundan keyin Asalxon bizga Agarqul bilan Shoshqaloqni berdi. Ularni ko'chadan boshlab kelayotganimizda bizdan qochib, daraxtga chiqib ketishdi.
— Ular bizni tarbiya qiladi deb qo'rqishyapti, bildingizmi? — deb shoshilib gap qo'shdi Qaldirg'och va kulib qo'ydi.
— Bunaqalarni tarbiyalash bizga juda zarur ekanda! — deya ijirg'anib yuzini burishtirdi Moshxon.
— Ular hozir qayerda? — deb so'radi Ko'kko'z.
— Daraxt tepasida qolishdi, — dedi Qaldirg'och. — Ular yana olmani ham uzishar!
— Qani, borib ko'raylik, — dedi Oppog'oy. Aytganday, Agarqul bilan Shoshqaloq daraxt shoxida o'tirib rostdanam olma uzishga urinishardi. Bandidan uzish uchun olmani aylantirishardi. Birdan ular ko'chada, sal uzoqroqda to'xtab bularga qiziqib qarab turgan bir to'da qizaloqlami ko'rib qolishdi. Agarqul bilan Shoshqaloq qizaloqlarning bunaqa e'tibor berib qarab turishganini payqashib, yana ham zo'r berib olmani aylantira boshlashdi. Agarqul olmaning bandini, hatto tishi bilan uzishga urinardi.
— Voy, hali bitta ham olma uzishmabdiku! — degan tovush eshitildi pastaan.
Agarqul bilan Shoshqaloq pastga qarashib, bularga kulib turgan ko'k ko'zli qizaloqni ko'rishdi.
— Sen gapirma, ey, ko'kko'z! — deb valdiradi Agarqul. — Uzish oson deb o'ylaysan-a?
— Agar sizlarga arra bersak, oson bo'lar-a?
— Gapir-a! Ko'p valdiramay bizga arra topib ber!.. — deb javob berdi Shoshqaloq.
Ko'kko'z qo'shni uyga g'izillab kirib, Shoshqaloqqa arra olib chiqdi. Bir lahzadan keyin olmaning bandi arralanib, olma do'p etib yerga tushdi.
— Qani, qizaloqlar, olmani tashib olaylik! — deb baqirdi Ko'kko'z. — Bolalar bizga yordam beradigan bo'lishdi.
Bir necha qizaloq yerda yotgan olmaning yoniga kelib, uni yaqindagi hovliga qarab dumalatishdi.
Yashil shahardagi har bir hovlida meva va sabzavot saqlaydigan tagxona bo'lardi. Qizaloqlar olmani dumalatib kelib, yer bilan baravar qilingan eshikni ochishdida, olmani shu eshikdan ichkariga itarib yuborishdi. Eshik oldida taxtadan qilingan ko'prikcha bo'lardi, bu ko'prikdan olmalar o'zidan-o'zi tagxonaga dumalab tushib ketaverardi. Qizaloqlar ishni bajarib orqaga qaytishar, yo'lda esa olma dumalatib kelayotgan boshqa qizaloqlarga duch kelishardi.
Ish qizidi. Qayerdandir arra topib olgan Ninachi yugurib kelib qoldi. U ko'ylak o'rniga egniga voleybol o'ynaganda kiyadigan libosini kiyib olgan edi. Ninachi ham daraxtga chiqib ketdi. Agarqul uning qo'lidagi arrani ko'rib:
— Hov, qani, mumkin bo'lsa, arrani buyoqqa cho'zchi. Sen arralolmaysan, — dedi.
— Bitta sen bilasan-a! — tajang bo'lib javob berdi Ninachi.
U shoxga o'tirib oldida, labini tishlab olma bandini arralay boshladi. Agarqul unga havasi kelib qarab turdida:
— Kel, ikkalamiz birga ishlaymiz, oldin sen arralaysan, ungacha men dam olib turaman, keyin men arralaymanda, sen dam olib turasan, — dedi.
— Xo'p, — deb rozi bo'ldi Ninachi.
Bu orada garajli hovlidan qizaloqlar yugurib kelib qolishdi. Murvatvoy bilan Tuzatvoyning g'oyib bo'lishi haqidagi xabar endigina ma'lum bo'ldi. Qizaloqlar Murvatvoy bilan Tuzatvoy ertalab vaqtli Varrakxonaga ketib, haligacha qaytib kelmaganini aytib berishdi.
— Ana ko'rdinglarmi, — deb bidirladi Qaldirg'och. — Men, axir, aytgan edim! Yaqin orada hamma bolalar Varrakxonaga qochib ketishadi. Ular bizning shaharda turishni xohlashmaydi.
— Qochsa-qocha qolsin, — dedi Ko'kko'z. — Biz hech kimni zo'rlab olib qolmaymiz.
Murvatvoy bilan Tuzatvoyning ayyorligi haqida gap kechga qadar cho'zildi. Qaldirg'och bilan Moshxon hatto ularning ketib qolganidan mamnun bo'lishib, hasad bilan kulishdi.
Murvatvoy bilan Tuzatvoyning qaytib kelishidan umid uzishgandi, lekin birdan ko'chaning u boshida niashina ko'rinib qoldi. Mashina ko'chadan g'achir-g'uchur qilib kelardi. Qizaloqlar ishlarini tashlab, uning ketidan yugurishdi. Moshxon bilan Qaldirg'och bo'lsa hammadan oldin yugurib:
— Murvatvoy bilan Tuzatvoy qaytib keldi! Ular qaytib keldi! — deb baqirishardi. Keyin to'xtab:
— Sekinroq! Mashinaning orqasidan chopmanglar. Bolalarga odobsiz bo'lib tuyulamiz, — deyishdi.
Qizaloqlar garajga kelib qarashsa, Murvatvoy bilan Tuzatvoydan tashqari yana Kulchavoy ham kelgan ekan.
— Bu kim? — deb hayron bo'lib so'radi Moshxon. — Bu, ehtimol varrakxonalik Kulchavoydir? Siz Kulchavoy, nega keldingiz? Sizni chaqirganimiz yo'q-ku!
— Uni qaraya! — deb javob berdi Kulchavoy. — Chaqirasiz deb o'lib o'tirgan ekanmanda!
— «Uni qara-ya» degani nimasi! — dedi Qaldirg'och, — biz siznikiga bormaymiz, siz ham biznikiga kelmangda.
— Borsangiz boravering. Sizni haydamaymiz.
— Qanaqasiga haydamas ekansiz? Archa bayramiga o'zlaring taklif qilib, keyin qorbo'ron qildilaring-ku.
— Nima qilibdi? Sizlar bilan qorbo'ron o'ynamoqchi edikda. Siz ham bizni qorbo'ron qilishingiz kerak edi.
— Qizaloqlar qor ushlashni yoqtirmasligini bilishlaring kerak edida.
— Ha, jinday xato qilipmiz, — deb yelkasini qisib qo'ydi Kulchavoy. — Sizlarning ko'z yoshi qilib, bir umr xafa bo'lishlaringizni hisobga olmabmiz.
— Yo'q, bizni bir umr xafa qilgan sizlarning o'zingiz! Nega bizga Mixvoyni yubordinglar! U bu yerda qanday bema'niliklar qilganini bilasizmi?
— Mixvoy uchun biz javobgar emasmiz, — dedi Kulchavoy. — U biz tomonda ham bo'lmag'ur ishlar qilib yuradi. Shuncha urinsak ham uni sira tarbiya qilolmayapmiz. Uni biz yuborganimiz yo'q. Bu yerda u o'z bilganicha ish yuritgan.
— “Ish yuritgan!” — deb piqilladi Moshxon. — Qilgan bema'nichiligini ish deb yuribdiya! Yo'q, endi biz sizlar bilan ovora bo'lib yurmaymiz. Sizlarga zor bo'lib o'tirganimiz yo'q. Endi o'zimizning mitti bolalarimiz bor.
— Men ham sizlar bilan ovora bo'lmayman. Suf, sizdaqalarga, suf deyman. Murvatvoy bilan Tuzatvoyni olib kelgandim, xolos. Hozir mashinamga o'tirib qaytib ketaman.
Kulchavoy jahli chiqib, nariroqqa ketdi. Ammo ketib qolmadi. U Murvatvoy bilan Tuzatvoyning mashinani tuzata boshlaganini ko'rib, ularga yordamlashishga kirishdi. Hamma shofyorlar shunday qilishadi. Agar shofyorlardan biri, kim bo'lmasin, mashinasini tuzatayotganini ko'rsa bormi, u ham, albatta, uning yoniga borib u yer-bu yerini kovlaydi, murvatini yoki gaykasini buraydi, hech bo'lmasa maslahat berib turadi.
Uchalasi tun qorong'isigacha kuymalanishdi. Ammo mashina qattiq remontga muhtojligi uchun bari bir batamom tuzatisha olmadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |