PEDAGOGIKANING BOSHQA FANLAR BILAN O‘ZARO ALOQADORLIGI
Pedagogika fani komil insonda jahon tajribalarida sinalgan tizim bo‘lgan bozor munosabatlarini shakllantirish, milliy meros, an'analar, milliy va umuminsoniy qadriyatlarning boy manbaalari bo‘lgan ma’naviy-ma’rifiy tushunchalar haqida bilim, malaka hosil qilishda pedagogikaning ko‘p fanlar bilan aloqadorligi jihatdan ahamiyatlidir.
Pedagogika fani inson tarbiyasi bilan shug‘ullanganlagi sababli unga barcha fanlarning ko‘maklashishi tabiiydir. Inson tarbiyasining qaysi sohasini olib ko‘rsangiz, u qaysidir fan bilan aloqadorlikda amalga oshiriladi, o‘sha fanning qonuniyatlariga suyanadi.
Pedagogikaning metodik asosi, bilim nazariyasi va tarbiyadagi qonuniyatlari bevosita falsafa fanining ta'sirida amalga oshiriladi. Bundan tashqari etika, estetika, ekologiya fanlari bilan chambarchas bog‘liq. Pedagogika fanida xalq ta’limi va bolalarni davrlarga bo‘lish tizimini asoslashda anatomiya, fiziologiya, maktab gigiyenasi kabi fanlarning alohida o‘rni bor. Pedagogika ilmiy tadqiqot metodlarini takomillashtirishda matematika, fizika, informatika kabi fanlar bilan bog‘lanadi.
Pedagogikaning aniq masalalarini ishlab chiqishda falsafaning sotsiologiya, etika, estetika kabi tarmoqlari katta ahamiyatga ega.
Etika falsafaning axloqiy va tarbiya masalalari bilan bevosita bog‘liqdir. Ularni hal etishda pedagogika axloqning umuminsoniy qadriyatlariga suyanadi.
Estetika (nafosat tarbiyasi) insonning estetik ideallarini shakllantiradi, madaniyat va voqelikka estetik munosabatlar umumiy qonuniyatlarini o‘rganadi va estetik tarbiyani ilmiy jihatdan asoslash uchun xizmat qiladi. Bu asoslarni pedagogika fani ishlab chiqadi, yoshlarning go‘zallikni his qilish, tushunishga o‘rganish vositalari va yo‘llarini belgilab beradi.
Mustaqil O‘zbekistonda milliy pedagogika bevosita iqtisod fani bilan bog‘lanib, bozor iqtisodiyotiga o‘tish muammolarini, iqtisodiy tarbiya masalalarini uzviylik bilan amalga oshiriladi. Ijtimoiy fanlardagi ma’lumotlarga suyanib, pedagogika jamiyatning tarbiyaga bo‘lgan obyektiv ehtiyojini va ularni amalga oshirish shart-sharoitlarini o‘rganadi.
Pedagogika psixologiya va fiziologiya bilan ham bevosita va bilvosita bog‘liqdir. Fiziologiya pedagogika hamda psixologiyaning tabiiy ilmiy bazasi hisoblanadi. Pedagogika fiziologiyaning oliy asab faoliyatining rivojlanishi, asab sistemasining o‘ziga xosligi birinchi va ikkinchi signal sistemalar shuningdek, sezgi organlari, tayanch harakat apparati , yurak, qon tomir hamda nafas olish sistemalarining faoliyati, rivojlanishi haqidagi ma’lumotlarga suyanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |