Dunyoni o‘zgartiruvchi texnologiya. Biz uchun yangi atama bo‘lgan «Big Data» o‘zi nima?
26.01.2018 13:26 0 879
«Microsoft», «Oracle», EMC va IBM singari yirik kompaniyalar «Big Data» ishlanmalaridan birinchi bo‘lib foydalanishni boshlashdi.
Foto: «Dashboard»
Xabaringiz bor, yaqinda O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida Jahon bankining O‘zbekistonda xususiy sektor faoliyatini o‘rganayotgan maxsus guruh vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tgan edi. Uchrashuvda O‘zbekiston tomoni Jahon banki bilan hamkorlikda mamlakatda «elektron tijorat», «salmoqli ma’lumot» («Big Data»), shuningdek, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining boshqa zamonaviy tendensiyalarini joriy qilish bo‘yicha taklif bilan chiqdi.
Xo‘sh, biz uchun yangi atama bo‘lgan «Big Data» o‘zi nima?
Ma’lumotlar 100 gb.dan ko‘p bo‘lsa
Mutaxassislar fikriga ko‘ra, «Big Data», ya’ni salmoqli ma’lumot atamasi kuniga 100 gb.dan ko‘p ma’lumot tushadigan oqimlarga nisbatan qo‘llanilgan ekan. Keyinchalik ma’lumotlarning keskin ko‘payishi oqibatida bu tushuncha keng qamrov kasb eta boshlagan. Ushbu atama odatda (terabayt, ekzabayt va petabaytlar darajasidagi) katta hajmdagi ma’lumotlarga nisbatan qo‘llaniladi.
Salmoqli ma’lumot atamasi ilk bor matbuotda 2008 yili paydo bo‘lgan, o‘shanda «Nature» jurnali bosh muharriri Klifford Linch o‘z jurnalida katta hajmdagi ma’lumotlar bilan ishlovchi texnologiyalar yordamida ilm-fan kelajagini rivojlantirish mavzusida maqola chop etgan. 2009 yilgacha bu atamaga faqat ilmiy tahlil nuqtai nazaridan yondashilar edi, ammo matbuotda shu mavzuda yana bir necha maqolalar chop etilganidan so‘ng «Big Data» tushunchasidan keng foydalana boshlandi.
2010-yilda salmoqli ma’lumotlarning o‘sib borayotgan muammolarini hal etish uchun dastlabki urinishlar boshlandi. Ulkan axborotlar oqimidan foydalanganda xavflarni kamaytirish uchun mo‘ljallangan dasturiy mahsulotlar ishlab chiqishga kirishildi.
2011-yilda «Microsoft», «Oracle», EMC va IBM singari yirik kompaniyalar salmoqli ma’lumotlarga qiziqib qolishdi – ular o‘z rivojlanish strategiyalarida yetarlicha muvaffaqiyatga erishish uchun «Big Data» ishlanmalaridan birinchi bo‘lib foydalanishni boshlashdi.
Oliy ta’lim muassasalari salmoqli ma’lumotlarni alohida fan sifatida o‘rgatishga 2013-yildayoq kirishdi – endi ushbu soha muammolari bilan nafaqat ma’lumotlar haqidagi fan, balki hisoblash ob’yektlari bilan birlashgan muhandislik ham shug‘ullanadi.
Salmoqli ma’lumot tushunchasi katta o‘lchamdagi ishlarni bajara oladigan operatorlarga nisbatan ishlatiladi. Misol uchun hozirda «Google» kompaniyasi bir kunda bir petabaytdan ortiq ma’lumotlarni qayta ishlaydi. Ushbu ko‘rsatkich AQSh Kongressi kutubxonasidagi materiallardan 100 barobar ko‘proq degani.
Do'stlaringiz bilan baham: |