Kartotekalarning boshqa turlari
Yangi kitoblar kartotekasi —kutubxonalar faoliyatiga zamonaviy axborot texnologiyasining kirib kelishi bilan elektron kataloglar tashkil etila boshlandi. Bu yangi adabiyotlar kartotekasini tashkil etib borishga chek qo‘ydi. Hali an’anaviy xizmat ko‘rsatish bilan band kutubxonalarda, elektron katalog tuzish imkoniyati bo‘lmagan kutubxonalarda bu kartotekani tashkil etish davom etmoqda. Maqsadi barcha bilim sohasi bo‘yicha kutubxona fondiga kelib tushgan yangi adabiyotlar haqida ma’lumot berishdan iborat. Uni turli xil ko‘rinishda va joyda tashkil etish mumkin. Sistemali katalogning bir qismi sifatida tashkil etilsa, alohida nom bilan ajratiladi. Ma’lum bir vaqtdan so‘ng kartochkalar olib asosiy katalogning tegishli bo‘limiga joylashtiriladi, o‘rniga yangi adabiyotlar haqidagi kartochkalar qo‘yib boriladi. Alohida „Yangi kitoblar“ nomi bilan kartoteka tashkil etish mumkin. Bu alohida katalog qutisiga joylashtiriladi va kitobxon uchun qulay joyga qo‘yiladi.
Yangi badiiy asarlar kartotekasi ham mustaqil yoki sistemali katalogning bir qismi sifatida tashkil etiladi. Maqsadi kitobxonlarni tezkorlik bilan mamlakatimizda, qo‘shni davlatlarda va xorijda nashr etilayotgan, o‘zbek tiliga tarjima qilingan yangi badiiy asarlar bilan tanishtirb borish. Kartochkalar xronologik yoki alifbo tartibida joylashtirilishi mumkin.
Bibliografik qo‘llanmalar kartotekasi, asosan, xizmat kartotekasi va kutubxona xodimlariga bibliografik xizmat ko‘rsatish jarayonida yordam beradi. Bunda alohida bibliografik qo‘llanmalar bilan birgalikda jurnal ichi, kitob ichi ro‘yxatlari, gazetalarda berilayotgan ro‘yxatlar ham yig‘ib boriladi. Qoidaga ko‘ra undagi kartochkalar 5 yilgacha saqlanadi. Materiallar bilim sohalari bo‘yicha, ichki xronologik yoki alifbo tartibida joylashtiriladi.
Notali nashrlar kartotekasi musiqa bo‘limi mavjud yoki musiqa kutubxonalarida tashkil etiladi. Bunda kutubxona fondida mavjud notali nashrlarning bibliografik yozuvlari yig‘ib boriladi. Bu maxsus kartotekalar turiga kiradi.
Òaqrizlar kartotekasida vaqtli matbuot va davomli nashrlarda adabiy, badiiy va boshqa bilim sohalariga oid asarlarga berilgan taqrizlar aks etadi. Bu mustaqil yoki sistemali katalogning bir qismi sifatida tashkil etiladi. Kartochkadagi bibliografik yozuv 2 qismdan iborat bo‘ladi: taqriz berilayotgan asarning tavsifi va taqriz uchun tavsif. Taqriz berilayotgan asarlar mualliflari alifbo tartibida joylashtiriladi. Masalan, A. Qodiriyning „O‘tkan kunlar“ romaniga berilgan taqrizlar „Qodiriy A.“ familiyasida joylashtiriladi. Shu asar haqida materiallar juda ko‘p bo‘lsa, u alohida ajratkich orqasida ichki alifbo tartibida joylashtiriladi, ba’zan xronologik tartib ham qo‘llaniladi.
Shaxs kartotekasi alohida mashhur kishilar, tarixiy shaxslar, siyosat va jamoat arboblari, olimlar, rassomlar, bastakorlar, yozuvchi va shoirlar uchun tashkil etiladi. Bu asosiy katalog va kartotekani takrorlamaydi, balki ularda bo‘lmagan shu shaxsga oid hujjatlarni topishda yordam beradi. Bunga barcha manbalardagi shu shaxs hayoti va ijodiga, faoliyatiga oid hujjatlar olinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |