3. Qishloq xo‘jaligi korxonalarni joylashtirishga va territoriyasini rejalashtirishga qo‘yiladigan
talablar
Mehnat xavfsizligi standartlar tizimiga (MXST) asosan me’yorlashtirilgan mehnat sharoitlarini yaratib berish korxonalarni loyihalash, ularni joylashtirish va territoriyani tanlash, shuningdek, unda ishlab chiqarish va yordamchi binolar va inshootlarni oqilona joylashtirishdan boshlanadi. Bu ishlarning hammasi hayvonot olamini va atmosfera havosini muhofaza qilish qonunlariga asoslangan holda olib boriladi. Korxonalarni joylashtirish va uning territoriyasini loyihalash talablari quyidagi qurilish me’yorlari va qoidalariga QMQ 11-97-76, QMQ 11-89-90, SM 245-71 da o‘z aksini topgan. SHularga asoslangan holda korxonalar qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan erlarga joylashtiriladi. Er relefi tabiiy shamollanishni ta’minlashi kerak.
Korxonalarni suv havza manbalari yaqiniga, organik va boshqa ifloslantiruvchi moddalar va suv bosishi xavfi bor joylarga joylashtirish qatiy man etiladi. CHiqindi suvlarni oqizish va tozalash inshootlari, shuningdek veterinariya binolari ishlab chiqarish doirasining past qismida quriladi.
Ishlab chiqarish quvvati va chiqadigan chiqindilarning xususiyati sanitariya-himoyalanish doirasining o‘lchamini aniqlab beradi.
Sanitariya me’yorlariga (SM 245-71) asosan har xil sanitariya-himoyalanish doiralari bo‘yicha ishlab chiqarishning 5 turkumi nazarda tutilgan:
. 1000 m (parrandachilik fabrikalari, 500 t va undan ortiq pestitsidlar hajmiga ega bo‘lgan omborlar);
. 500 m (cho‘chqachilik fermalari, 100-300 t gacha xajmdagi pestitsidlar omborxonasi);
. 300 m (qoramol, qo‘y, parranda fermalari va 20 t dan 100 t gacha sig‘imga ega bo‘lgan pestitsidlar uchun omborxonalar);
. 100 m (ot va quyonchilik fermalari, garaj, ta’mirlash, texnik xizmat ko‘rsatish va avtomobillarni saqlash, dvigatellarni soni 200 dan ortiq bo‘lgan qishloq xo‘jaligi texnikalari parki, parnik va issiqxonalar);
— 50 m (sabzavot, meva, kartoshka, don omborlari, shaxsiy foydalanish uchun molxona va tovuqxona qurilmalari).
Elektr, suv yoki bug‘ bilan isitiladigan parnik va issikxonalar uchun, meva va sabzavotlarga birlamchi va qayta ishlov beradigan sex va xo‘jaliklar uchun sanitariya-himoyalanish doiralari me’yorlashtirilmagan. Binolar orasidagi bo‘linishlarning o‘lchamlari eng baland binoni balandligidan kam bo‘lmasligi kerak. CHanglanuvchi mahsulotlar saqlanadigan ochiq omborlar maishiy xonalardan 25 m va ishlab chiqarish hamda yordamchi binolardan 50 m dan kam bo‘lmagan masofada joylashgan bo‘lishi shart. Korxona territoriyasi tekislangan bo‘lishi, sun’iy yoritish, transport yo‘llarining yuqori qatlami qattiq qoplamali, chiqindi suvlar oqiziladigan quvurlar, o‘tadigan va yuradigan yo‘llar bo‘lishi kerak. Territoriya ko‘klamzorlashtirilgan, ishlab chiqarish chiqindilarini yig‘ish va saqlash uchun joylar ajratilgan bo‘lishi kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |