Mustaqil ishning asosiy mazmuni:
Sezgi a’zolari organizmning tashqi muhit bilan aloqasini bog’lovchi murakkab tuzilishga ega hosilalardir. Ular tashqi ta’sir energiyasini qabul qilib, uni nerv impulsiga aylantirib miyaga yetkazib beruvchi anatomik tuzilmalardan iborat. Sezgi a’zolariga tushayotgan tashqi muhitning turli ta’siri natijasi miya yarimsharlari po‘stlog‘i ishtirokida dunyoni sezishning turli: sezish, qabul qilish va faraz qilish shakllarida paydo bo‘ladi. Har turli tashqi ta’sirot teri, ko‘rish, eshitish, hidlov va tam bilish a’zolari bilan qabul qilinadi. Sezgi a’zolari vositasida odam tashqi muhitni sezadi, unga moslashadi va uning ta’siriga ma’lum bir harakat bilan javob beradi. Ba’zi bir tashqi ta’sirot buyumga bevosita tekkan vaqtda seziladi (kontakt sezgi): bunga teri sezgisi (og‘riq, harorat), tilning shilliq pardasidagi so‘rg‘ichlar ovqatni mazasini biladi. Boshqa bir ta’sirotlar uzoqdan seziladi (distant sezgi): ko‘rish a’zosi nurni, eshitish a’zosi tovushni, hidlov a’zosi turli hidlarni. Sezgi a’zolari faqat tashqi ta’sirotlarni qabul qiladi. Bu ta’sirotlarning tahlili esa bosh miya po‘stlog‘ida bo‘lib, bu yerga ta’sirot nervlar orqali boradi. Ta’sirotlarni qabul qilish, o‘tkazish va tahlil qilishda ishtirok etadigan elimentlar yig‘indisini sezgi a’zolarini I.P. Pavlov analizator deb ataydi. Analizator tashqi muhitning murakkab ta’sirini alohida elimentlarga ajratadi. Analizator uch qismdan iborat: 1. Periferik qism - retseptor, kimyoviy va fizik ta’sirot energiyasini qabul qilib, nerv qo‘zg‘olishiga aylantirib beradi. 2.O‘tkazuvchi qism -qonduktor, qo‘zg‘olishni retseptordan po‘stloq osti markazlari, keyin esa yarimsharlar po‘stlog‘iga o‘tkazadi. 3.Analizatorning po‘stloq markazida kelayotgan qo‘zg‘olishlar tahlil qilinadi va boshqa markazlar bilan aloqalar paydo bo‘ladi. Markaz qancha yuqori joylashsa, qo‘zg‘olishlar shuncha nozik taxlil qilinib ma’lum bir sezgi paydo bo‘ladi.
Sezgilar ikki guruhga bo‘linadi: 1.Atrof muhitdagi hodisalar va predmetlarning xususiyatlarini sezish (og’riq, bosim va harorat sezgisi, eshitish, ko‘rish, tam bilish, hid bilish sezgisi). 2.Tananing ayrim qismlari harakati va ichki a’zolar holatini sezish (harakat sezgisi, tana muaozanati sezgisi, a’zolar va to‘qimalar sezgisi). Shularga asosan sezgi a’zolari ikki guruhga bo‘linadi.
1.Tashqi sezgi a’zolari impulsni ekstraretseptorlardan qabul qiladi. Ular beshta: teri sezgisi, eshitish, ko‘rish, tam bilish va hid bilish a’zolari.
2.Ichki sezgi a’zolari: a) impulslarni propriotseptiv sohadan: mushaklar, bo‘g‘imlar va muvozanat a’zosi (ichki quloq) propriotseptorlaridan qabul qiluvchi. b) Intratseptiv soha ichki a’zolar va qon tomirlardagi interoretseptorlardan qabul qiladi. Ichki a’zolardan keluvchi impulslar mutadil holatda sezilmaydi. Ular ma’lum bir kasalliklarda og‘riq shaklida bilinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |