Bashariyat sayyidi, sarvari koinot, payg’ambarlarning so’nggisi Muhammad sollallohu ‘alayhi vassallam 571-yilda Makka shahrida Quraysh qabilasida tavallud topadilar. Otalarning ismi Abdulloh bo’lib, hali onlarining qorinlarida ekanliklarida otalaridan ajraydilar. Onalarining ismi Omina binti Vahb bo’lib, Muhammad ‘alayhissalom 6 yoshlarida Madinadan qaytishda vafot etadilar. Yosh Muhammad sollallohu ‘alayhi vassallamni avval bobolari Abdumuttalib, keyin vafotlaridan so’ng amikalari Abu Tolib o’z qaramog’iga oladi. Yoshliklarida juda oz miqdordagi pulga kishilarning qo’ylarini boqib berish bilan shug’ullanadilar.
Rosululloh sollallohu ‘alayhi vassallam 25 yoshlarida Xadija onamizga uylanadilar. Farzandlari Qosim, Abdulloh, Toyyib (yoki Tohir), Zaynab, Ruqayya, Fotima, Ummu Kulsum va Ibrohimlardir. Fotima roziyallohu anhudan boshqa barchalari hayotliklarida vafot etishadi.
Rosululloh 40 yoshga kirganlarida, u kishiga Hiro g’orida ilk bor Jabroil farishta orqali Alloh tomonidan vahiy keladi. Bunda “Iqro” surasining dastlabki 5 oyati nozil bo’ladi va Payg’ambarlik maqomiga shu kuni erishadilar. Keyinchalik Quronning boshqa suralari birin-ketin nozil bo’la boshlaydi.
Makkada 13 yil da’vat qiladilar, va bu sabab ancha mashaqqatlarga duchor bo’ladilar. Bu 13 yillik vaqt mobaynida sodir bo’lgan ba’zi katta voqealardan iqtisodiy qamal, amakilari Abu Tolib, rafiqalari Xadija onamizning vafotlari, Isro va Me’roj kechasi, namozning farz bo’lishi, Xabashitonga ba’zi musulmonlarning hijrat (ko’chishlari) qilishlari, Hamza va Umar roziyallohu ‘anhumolarning islomga kirishlari, ikki ‘Aqaba bay’ati va boshqalarni o’z ichiga oladi.
Amakilari Abu Tolibning vafotidan so’ng, Rosulalloh va musulmonlarga bosim juda oshdi. Shuning uchun ham Alloh musulmonlarga hijrat qilishga ruxsat berdi, va deyarli barcha musulmonlar Madinaga hijrat qilishdi. Rosululloh u yerda avval Qubo masjidini, keyin Masjidun-Nabaviyni qurdirtirdilar.
Rosululloh sollalohu ‘alayhi vasallam buyuk xulq, ilm, fahm-farosat egasi bo’lishlaridan tashqari, juda yaxshi qomondon ham edilar. Madinaga hijratdan so’ng birin-ketin janglar bo’ldi va bularning soni 27 taga yetadi. Shundan 8 tasida o’zlari qatnashadilar, va Uhud jangidagi talofatni hisobga olmaganda, barcha jangda g’oliblik nasib qiladi. Bu janglarning eng mashhurlari bu Badr, Uhud, va Handaq g’azotlaridir.
Hijratning 6-yilida Rosululloh va musulmonlar haj qilishni istab Makkaga yo’l olishadi, ammo Quraysh qarshilik qilgach, bu ikki qavm o’rtasida tinchlik shartnomasi tuziladi. Bu shartnoma Hudaybiya degan joy yaqinida bo’lganligi uchun ham, “Hudaybiya” sulhi deb ataladi. Bunga ko’ra musulmonlar va Qurayshliklar 10 yilgacha urushmaslikka kelishishadi, ammo bu kelishuv 2 yilgacha davom etadi. Hijratning 8-yilida esa 10,000 qo’shinli musulmon askarlari bilan Muhammad sollallohu ‘alayhi vasallam Makkani fath qiladilar.
Rosululloh sollallohu ‘alayhi vasallamga 13 yil Makkada, 10 yil Madinada Quron nozil bo’lgach, butun tarixdagi eng qayg’uli voqea sodir bo’ladi. Bir necha kunlik og’ir xastalikdan so’ng, u kishi 632-yili, 63 yoshlarida vafot etadilar. Janoza namozlarini Abu Bakr roziyallohu ‘anhu o’qiydilar va Oisha roziyallohu ‘anhoning uylarida qabrga qo’yiladilar.
(400 ta so’z)
Do'stlaringiz bilan baham: |