XULOSA VA TAVSIYALAR
Xulosa o‘rnida shuni aytib o‘tishim joizki, mustaqillik yillari o‘zbek qo‘g‘irchoq teatri taraqqiyotda muhim davr bo‘ldi. Qo‘g‘irchoq teatri boshqa turdagi san’atlar orasida o‘z o‘rnini egallay boshladi. Qo‘g‘irchoq tamoshalarida madaniy-ma’rifiy masalalar keskin muammo sifatida qo‘yildi. Unda nafaqat bolalar, balki kattalar hayotiga aloqador muammolar kun tartibiga olib chiqildi. O‘zbekistonda professional teatrlarining vujudga kelishida jadidchilik harakatining asoschilaridan Behbudiy, Fitrat, Avloniy kabilarning nomlarini tilga olishimiz g‘oyat o‘rinlidir. Ular o‘zbek adabiyotida drama janrini vujudga kelishiga katta xissa qo‘shdilar.
O‘zbek teatri milliy ma’naviyat targ‘ibotchisi, yoshlarning axloqiy-estetik tarbiyasida teatr yetakchi vosita ekanligini tobora keng omma tushunib, anglab yetmoqdalar. Ayniqsa, mustaqillik yillari o‘zbek san’atining, xususan, teatr san’atining milliylik va umuminsoniy xususiyatlari yanada yorqinroq namoyon bo‘lmoqda. Barcha teatr to’garaklarida samarali siljishlar ko‘zga tashlanayotganidek, bizning ta’lim yo‘nalishimiz qo‘g‘irchoq teatrida ham milliy o‘zligimiz, xalqimiz o‘tmishiga chuqurroq nazar solishga e’tibor kuchaydi. Milliy qadriyatlarni o‘zida aks ettirgan
“Zumrad va Qimmat”, oilada bolalar tarbiyasi, o‘z ona Vatanini, o‘z uyini asrashni, yolg‘on gapirmaslik, o‘zaro hurmat, ziyraklik kabi fazilatlarni shakllantiruvchi “Ona echki va bolalari”, “Sholg‘om”, “Bo‘g‘irsoq” kabi ertaklar murg‘ak bola ongi va qalbiga sahna ortidan singdirilib borilayotganligi har qancha tahsinga loyiq. Yuqorida nomlari keltirilgan bu ertaklarni sahnada talqin etish orqali bola ko‘proq axborot olishga erishadi, yaratilgan obraz uning qalbiga chuqurroq kirib boradi. Eng asosiysi bolalarda o‘z halqiga muhabbat, vatanparvarlik, yurtning ertasi uchun qayg‘urish tuyg‘ulari yuzaga keladi Maktabgacha katta yoshdagi bolalarda axloqiy-estetik sifatlarini shakllantirishda bolalar ijodiy mehnatini tashkil etish, qo‘g‘irchoq o‘yinlarida bolalarning rol ijro etishlarini ta’minlash bu sohada kutilgan samaradorlikka erishish imkonini beradi. Qo‘g‘irchoq teatrida bevosita o‘zi ishtirok etishi natijasida ancha mustahkam odatlar hosil bo‘ladi. U tengqurlari bilan muloqotda bo‘lishga intilishga, birgalikdagi faoliyatga ehtiyoj sezadi hamda xatti-harakatning ko‘pgina qoidalarini o‘zlashtiradi. Tarbiyachi kelajak poydevori bo‘lgan yosh avlodning axloqiy-estetik sifatlarni shaklantirish, ularni har tomonlama ma’naviy yetuk inson qilib tarbiyalashdek muhim va mas’uliyatli vazifani bajarar ekan, avvalo uning o‘zi tarbiyalangan bo‘lishi, yuksak odob-axloqqa ega bo‘lishi, bolalarni tarbiyalash sifati uchun jamiyat oldidagi o‘z mas’uliyatini chuqur anglashi lozim. Maktabgacha yoshdagi bolalar ongiga o‘zbek xalq madaniy merosi – xalq og‘zaki ijodi, hikoya va ertaklardagi bosh asosiy g‘oyani singdirish, ularning qo‘g‘irchoq teatriga, san’atga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish va shu orqali ularda Vatanga muhabbat, o‘tmish tariximizga hurmat, xalqqa sadoqat, do‘stga vafo, ota-onaga g‘amxo‘rlik tuyg‘ularini singdirish muhim vazifalardan biridir. Shuningdek, maktabgacha ta’lim muassasalari sharoitida ma’lum yo‘nalishlarda qo‘g‘irchoq teatrlarining keng yo‘lga qo‘yilishi, qo‘g‘irchoq o‘yinlardan mashg‘ulotlar jarayonida samarali foydalanish, bu borada mavjud qo‘g‘irchoq teatrlari bilan hamkorlik o‘rnatish muhim ahamiyat kasb etadi. Bolalarda axloqiy-estetik sifatlarni shakllantirish jarayonini yanada takomillashtirish, ularning milliy kadriyatlar, an’analarimiz haqida yanada teran mushohada yuritishlari maqsadida turli ertaklar, hikoyalar o‘qib berish, asar qahramonlari orqali ularda insoniy fazilatlarni shakllantirish samarali natija beradi. Har bir teatr oldi suhbatlarda uning tarbiyaviy ahamiyati, mazmun-mohiyatini bolalarga chuqur anglatishi, uning natijalariga jiddiy etibor berish kutilgan samarani berishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |