Soliq tushumlari, soliq stavkasi va xufyona iqtisodiyot o‘rtasidagi bog‘liqlik
Tushuncha: Soliq stavkasining ma’lum darajagacha ko‘tarilishi byudjet tushumlarining o‘sishi va davlat xizmatlarining ko‘lami va sifati oshishiga olib keladi, bu esa o‘z navbatida iqtisodiyotning rasmiy sektorining o‘sishini ta’minlaydi. Stavkalarning haddan tashqari oshib ketishi korxona va ishchilarning “soya”ga kirishiga, byudjet tushumlarining kamayishiga va rasmiy sektorning qisqarishiga olib keladi.
Bir paytning o‘zida ochiqlikni ta’minlash va korrupsiyaga qarshi kurashish lozim. Hatto adolatli qonunlar ham korrupsiya darajasi yuqori holatlarda ish bermaydi.
Agar odamlar davlatga ishonmasa, jumladan, korrupsiyada shubha qilgan holda, ular soliqlarni to‘lashdan o‘zlarini manfaatdor sezmaydilar. Chunki soliqni to‘layotgan odam davlat tomonidan davlat xizmatlarining ko‘lami va sifati ko‘rinishida manfaat kutib qoladi. Xufyona iqtisodiyotning korrupsiya darajasi yuqori mamlakatlarida ulushi kattaligi ham bunga bir dalil. Ayniqsa rivojlanayotgan davlatlarda korrupsiya darajasi kattalashgan sari xufyona iqtisodiyotning ulushi ko‘payib borishini ko‘rish mumkin (Johnson et al. 1997, 1998; Hindriks et al. 1999; Hibbs and Piculescu 2005; Schneider, 2012).
O‘zbekistonda oxirgi yillarda valyuta bozorini erkinlashtirish, yangi soliq islohotlari hamda 100 ga yaqin ruxsat berish va litsenziyalarni qisqartirish natijasida oxirgi 5 yilda sanoatda norasmiy sektor ulushi 20 foizdan 6 foizga tuganligi e’tiborga sazovor.
Bundan tashqari, kuni kecha Prezident boshchiligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ham yashirin iqtisodiyotni 2 barobar qisqartirish maqsadi qo‘yildi va bunga erishish yo‘llarining konturlari belgilab berildi.
Jumladan, asosiy e’tibor soliq islohotlarini izchil davom ettirib, yashirin iqtisodiyotga rag‘bat uyg‘otmaydigan soliq stavkalarini joriy etishga qaratilgan. Shu bilan birga, tajribali xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda tadbirkorlarning legal ishlashiga ko‘maklashuvchi alohida tuzilma tashkil etish ko‘zda tutilmoqda. O‘ylaymizki, bu tuzilma soliq stavkalarini optimal darajasi bo‘yicha kerakli takliflar ishlab chiqadi va shu bilan birga, bu stavkalar joriy etilgandan so‘ng barcha tadbirkorlar uchun bir xil o‘yin qoidalari ishlab chiqilishi va amalda ta’minlanishida muhim rol o‘ynaydi.
Shuni ta’kidlab o‘tish kerakki, bugungi kunga qadar tadbirkorlik sub’yektidan faqatgina 13 foizi onlayn kassa mashinalari bilan ta’minlangan. Bu esa pul mablag‘larining bank tizimidan tashqarida aylanishiga shart-sharoit yaratadi. Buning oldini olish maqsadida 5 milliard so‘m aylanmaga ega bo‘lgan 62 ming korxonani onlayn kassa mashinasidan foydalanishga o‘tkazish taklif qilinmoqda. Shu bilan birga, tegishli idoralarga alkogol, pivo, tamaki mahsulotlari ishlab chiqaradigan 10 ta yirik korxonada markirovkalash tizimini ishga tushirib, 2021 yildan barcha aksiz tovari ishlab chiqaruvchilarda bu tizimni joriy qilish vazifasi yuklanmoqda.
Xufyona iqtisodiyot va korrupsiya doimo yonma-yon yurishi inobatga olinib korrupsiya muammosini yechish xufyonalikni kamaytirish choralari qatorida ko‘rilmoqda. Jumladan, oxirgi paytlar Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi. Joriy yilda Korrupsiyaga qarshi kurashish xalqaro reytingida O‘zbekiston 5 ta pog‘onaga ko‘tarildi. Ammo, yaqinda Buxoro viloyati Yuqumli kasalliklar shifoxonasi 50 ta kislorod konsentratorini 12 million so‘mdan xarid qilgan bo‘lsa, chet eldan olib kelish narxi 3,2 million so‘mni yoki 4 barobar kam bo‘lgani korrupsiya muammosi hali hanuz islohotlar etagiga bolta soluvchi xavf sifati namoyon bo‘layotganidan dalolat beradi.
Buni inobatga olgan holda, davlat xaridlari va investitsiya loyihalarida korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida har bir loyihani amalga oshirishdan avval “korrupsiyaga qarshi ekspertiza” o‘tkazish amaliyotini joriy etish taklif qilinmoqda. Qurilish, Sog‘liqni saqlash va Oliy ta’lim vazirliklari hamda O‘zbekneftgaz, O‘zkimyosanoat va banklarda “komplayens” tizimni oxirigacha joriy etish ko‘zlanmoqda. Bunday amaliyotlar, o‘z navbatida, davlat mulkining talon-taroj bo‘lishini oldini oladi va soliq to‘lovchilarning majburiyatlarini o‘z o‘rnida bajarishlariga to‘sqinlik qiluvchi to‘siqlarni yo‘q bo‘lishiga sharoit yaratadi.
Ko‘p davlat idoralari hali ham eskicha usulda ishlaydi. Raqamli texnologiyalar imkoniyatlaridan unumli foydalanmaydi. Natijada ish unumdorligi va sifati pastligi seziladi. Shuni inobatga olib bojxona nazoratini kuchaytirishda raqamli texnologiyalarni joriy etish ko‘zda tutilmoqda. Natijada “inson omili”ni yo‘qotish orqali kontrabanda va mahsulotlar bojxona qiymatini sun’iy pasaytirib ko‘rsatish holatlariga chek qo‘yish mumkin. Import mahsulotlari bazasini soliq idoralari tizimi bilan integratsiya qilib, bojxonadan keyingi nazoratni muvofiqlashtirish ko‘zda tutilmoqda. Bundan tashqari, elektron hisob-fakturaga import bojxona deklaratsiyasini bog‘lash orqali tovarlarni iste’molchigacha yetkazishning uzluksiz zanjirini yaratish taklif qilingan. “Bojxona auditi” axborot tizimini ishga tushirish rejalashtirilgan.
Iqtisodiyotda band bo‘lgan 13,5 million aholining atigi 4,9 millioni daromad solig‘i to‘lovchisi hisoblanadi. Norasmiy bandlik darajasi qurilish, savdo va umumiy ovqatlanish, transport va boshqa xizmat ko‘rsatish sohalarida yuqoriligicha qolmoqda. Bu esa yashirin iqtisodiyotni tarmoqlar va sohalar bo‘yicha tahlil qilish ishlarini takomillashtirishni talab etadi.
Oxirgi paytlar aholini o‘zini o‘zi band qilish tizimini soddalashtirib, faoliyat turlari 24 tadan 67 tagacha kengaytirildi. Bu esa xususiy sektorning uchdan bir qismini tashkil etuvchi o‘z o‘zini band qiluvchi aholi qatlami uchun soyadan chiqish va kelajakda pensiya tizimiga ulanish imkonini beradi. Iyul oyining o‘zida 184 ming nafar fuqaro o‘z faoliyatini rasmiy sektorga o‘tkazdi. Tegishli ravishda, tadbirkorlik faoliyatiga ruxsat berish va litsenziyalashda ortiqcha tartib-taomillarni yanada qisqartirish ishlarini davom ettirish ko‘zlanmoqda.
O‘ylaymizki, yuqorida keltirib o‘tilgan asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha ishlarning samarali yo‘lga qo‘yilishi xufyonalik ko‘lamini kamayishi, hamma uchun bir xil raqobat muhiti yaratilishiga, davlat tushumlarining ko‘payishi natijasida ijtimoiy ob’yektlar va ijtimoiy himoya tizimiga ajratiladigan mablag‘larning ko‘payishiga olib keladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |