II BO‘LIM. AKSIYADORLIK JAMIYATINI TUZISh
10-modda. Jamiyatni tuzish usullari
Jamiyat yangidan ta’sis etish va (yoki) mavjud yuridik shaxsni qayta tashkil etish (qo‘shib yuborish, birlashtirish, bo‘lish, ajratib chiqarish, qayta tuzish) yo‘li bilan tuzilishi mumkin.
11-modda. Jamiyatni ta’sis etish
Jamiyatni ta’sis etish yo‘li bilan tuzish muassislarning (muassisning) qaroriga muvofiq amalga oshiriladi. Jamiyatni ta’sis etish to‘g‘risidagi qaror ta’sis yig‘ilishi tomonidan qabul qilinadi. Jamiyat bir shaxs tomonidan ta’sis etilgan taqdirda jamiyatni ta’sis etish haqidagi qarorni shu shaxsning yolg‘iz o‘zi qabul qiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Jamiyat muassislari uni tuzish to‘g‘risida o‘zaro ta’sis shartnomasini imzolaydilar, shartnomada ularning jamiyatni ta’sis etish borasida birgalikda faoliyat ko‘rsatish tartibi, jamiyat ustav fondining miqdori, muassislar o‘rtasida joylashtirilishi kerak bo‘lgan aksiyalarning turlari, ular uchun to‘lanadigan haq miqdori va bu haqni to‘lash tartibi, muassislarning jamiyatni tuzishga doir huquq va majburiyatlari belgilab qo‘yiladi.
(11-modda ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2008-yil 26-sentabrdagi O‘RQ-183-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2008-y., 39-son, 392-modda)
Jamiyatni ta’sis etish to‘g‘risidagi qaror muassislarning ovoz berish natijalarini hamda jamiyatni ta’sis etish, jamiyat ustavini tasdiqlash, jamiyatni boshqarish organlarini saylash masalalari yuzasidan ular qabul qilgan qarorlarni aks ettirishi kerak.
Jamiyatni ta’sis etish, uning ustavini tasdiqlash to‘g‘risidagi va muassis tomonidan jamiyat aksiyalari haqini to‘lash uchun topshirilayotgan qimmatli qog‘ozlar, boshqa mulkiy huquqlar yoki pul bilan baholanadigan boshqa huquqlarning pulda baholanishini tasdiqlash to‘g‘risidagi qarorlar muassislar tomonidan bir ovozdan qabul qilinadi.
Chet ellik investorlar ishtirokidagi jamiyatni tuzish O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
LexUZ sharhi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 20-avgustdagi 357-son qarori bilan tasdiqlangan “Tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, hisobga qo‘yish va ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirish tartibi to‘g‘risida”gi nizomga muvofiq xorijiy sarmoya ishtirokidagi korxonalar tumanlar va shaharlar hokimliklari huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish inspeksiyalari tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi. Xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar adliya organlaridan davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi. Korxonani xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxona deb hisoblash shartlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1996-yil 30-noyabrdagi PF-1652-son Farmoni bilan belgilangan.
Davlat korxonasi aksiyadorlik jamiyatiga aylantirilayotganda uni ta’sis etish to‘g‘risidagi qaror davlat mulkini tasarruf etish vakolatiga ega bo‘lgan organ tomonidan qabul qilinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |