Aksiyadorlik jamiyatlarining turlari Ochiq turdagi aksiyadorlik jamiyati aksiyadorlari o‘zlariga tegishli aksiyalarni boshqa aksiyadorlarning roziligisiz erkin tasarruf etishi mumkin bo‘lgan jamiyat ochiq turdagi aksiyadorlar jamiyati deb hisoblanadi.
Ochiq turdagi aksiyadorlik muassislari tarkibiga kiruvchilarning eng kam soni cheklanmaydi. Ochiq turdagi jamiyat o‘zi chiqarayotgan aksiyalarga ochiq obuna o‘tkazishga va qonun hujjatlarining talablarini hisobga olgan holda ularni erkin sotishga haqli bo‘ladi.
Ochiq o‘tkaziladigan obunadan maqsad - nizomli sarmoyani ko‘paytirish, moliyaviy imkoniyatlarni kengaytirish. Izlanishlar shuni ko‘rsatadiki, cheklangan miqdorlarda tez-tez obuna o‘tkazish eng ko‘p foyda beradi: katta pul qilingan obuna uning muvaffaqiyat bilan yakunlanishini kafolatlamaydi, reklama kompaniyasi uchun katta mablag‘larni band qiladi, dividendlar darajasini pasaytirib yuboradi. Ochiq turdagi aksiyadorlik jamiyatlarining tashkiliy tuzilmasi 2.6 - rasmda keltirilgan.
Ochiq turdagi jamiyat :
jamiyatning yillik hisobotini, buxgalteriya balansini, foyda va zararlar hisob varag‘ini;
jamiyat aksiyalari emissiyasi ma’lumotnomasini;
ushbu qonunda nazarda tutilgan tartibda aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishi o‘tkazilishi to‘g‘risidagi xabarni;
jamiyat kafillagan shaxslarning ularga qarashli aksiyalar soni va turlarini ko‘rsatgan holda tuzilgan ro‘yxatlarini;
vakolatli davlat organi tomonidan belgilanadigan boshqa ma’lumotlarni ommaviy axborot vositalarida har yili e’lon qilishi shart.
Aksiyalari faqat o‘z muassislari yoki oldindan belgilangan boshqa muayyan doiradagi shaxslar orasida taqsimlanadigan jamiyat yopiq turdagi aksiyadorlik jamiyati deb hisoblanadi. Yopiq turdagi jamiyatning muassislari esa kamida uch shaxsdan iborat qilib belgilanadi (2.7 - rasmga qarang).
Yopiq jamiyat o‘zi chiqarayotgan aksiyalarga ochiq obuna o‘tkazishga yohud ularni cheklanmagan doiradagi shaxslarga sotib olish uchun boshqacha tarzda taklif etishga haqli emas. Yopiq turdagi jamiyat aksiyadorlarining soni ellik nafargacha bo‘lishi kerak. Belgilangan chegaradan ortib ketgan taqdirda u yopiq aksiyadorlik jamiyatlari uchun miqdori aksiyadorlarning chegaralagan limitidan ortib ketgan shaxslar aksiyadorlar reyestrida ro‘yxatga olingan kundan e’tiboran olti oy ichida ochiq aksiyadorlik jamiyatiga aylantirilishi, ushbu muddat tugagach, sud tartibida tugatilishi lozim.
Yopiq turdagi jamiyat aksiyadorlari ushbu jamiyatning boshqa aksiyadorlari sotayotgan aksiyalarini o‘zga shaxsga taklif etilayotgan narxda sotib olishda imtiyozli huquqqa ega bo‘ladilar. Agar aksiyadorlar aksiyalarni sotib olishda o‘z imtiyozli huquqlaridan foydalanmasalar, jamiyat aksiyadorlar tomonidan sotiladigan aksiyalarni sotib olish uchun imtiyozli huquqqa ega bo‘lishi uning nizomida ko‘zda tutilishi mumkin.
Aksiyadorlar sotayotgan aksiyalarni sotib olishda imtiyozli huquqdan foydalanish tartibi, muddati jamiyat nizomida belgilab qo‘yiladi. Imtiyozli huquqdan foydalanish muddati aksiyalar savdoga qo‘yilgan paytdan boshlab 30 kundan kam va 60 kundan ko‘p bo‘lishi mumkin emas.
Odatda, yopiq aksiyadorlik jamiyatlari yillik hisobotlarni e’lon qilishdan ozod etiladilar, lekin ko‘pincha ular o‘z tashabbuslariga ko‘ra yillik hisobotlarni e’lon qiladilar. Bu e’lonlar keng doiradagi huquqiy va jismoniy shaxslarni jamiyat faoliyati bilan tanishtirish va yangi sheriklarni jalb qilish maqsadida chop etiladi.
Jamiyat o‘zining filiallari va vakolatxonalarini tashkil etishi hamda vakolatxonalar ochishi mumkin. Ular o‘zlarini tashkil etgan jamiyat tomonidan mol-mulk bilan ta’minlanadi va shu jamiyat tasdiqlagan nizomlar asosida ish ko‘radi.
Filial yoki vakolatxonaning rahbari jamiyat tomonidan tayinlanadi va jamiyat bergan ishonchnoma asosida ish ko‘radi. Filial hamda vakolatxona faoliyati uchun javobgarlik ularni tuzgan jamiyat zimmasida bo‘ladi.
Jamiyat nizomida uning filiallari hamda vakolatxonalari to‘g‘risida ma’lumotlar berilgan bo‘lishi kerak. Jamiyatning filiallari hamda vakolatxonalariga doir ma’lumotlar o‘zgarishi munosabati bilan uning nizomiga kiritilgan o‘zgartirishlar to‘g‘risidagi axborot huquqiy shaxslarni davlat ro‘yxatiga oluvchi organga ma’lumot tarzida taqdim etiladi.
Jamiyat tomonidan O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida filiallar tashkil etish va vakolatxonalar ochish, agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, filiallar va vakolatxonalar joylashgan joydagi mamlakat qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Bundan tashqari aksiyadorlik jamiyati huquqiy shaxs huquqini olgan sho‘’ba va tobe jamiyatlarga ega bo‘lishi mumkin. Sho‘’ba jamiyat o‘zining asosiy jamiyati qarzlari yuzasidan javobgar bo‘lmaydi. Sho‘’ba jamiyatiga bajarilishi shart bo‘lgan ko‘rsatmalarni berishga huquqiy asosiy jamiyat ana shunday ko‘rsatmalarni bajarish uchun sho‘’ba jamiyati tomonidan tuzilgan bitimlar yuzasidan sho‘’ba jamiyati bilan solidar javobgar bo‘ladi. Asosiy jamiyatning sho‘’ba jamiyatga bajarilishi shart bo‘lgan ko‘rsatmalarni berish huquqi sho‘’ba jamiyat bilan tuzilgan shartnomada belgilangan bo‘lsa yoki sho‘’ba jamiyatning nizomida ko‘zda tutilgan taqdirdagina asosiy jamiyat bunday huquqqa ega, deb hisoblanadi. Sho‘’ba jamiyat asosiy jamiyatning aybi bilan nochor bo‘lib qolgan hollarda asosiy jamiyat sho‘’ba jamiyatning qarzlari yuzasidan subsidiar javobgar bo‘ladi. Asosiy jamiyat sho‘’ba jamiyatning muayyan harakatlarini amalga oshirish oqibatlarida nochor bo‘lib qolishini oldindan bilib, yuqorida aytilgan o‘z huquqlari va imkoniyatidan sho‘’ba jamiyatining shunday harakatlarini amalga oshirishini ko‘zlab foydalangan hollardagina sho‘’ba jamiyatning nochorligi asosiy jamiyatning aybi bilan yuz bergan deb hisoblanadi.
Sho‘’ba jamiyat aksiyadorlari asosiy jamiyatdan uning aybi bilan sho‘’ba jamiyatga keltirilgan zararni to‘lashni talab qilishga haqlidir. Asosiy jamiyat sho‘’ba jamiyatning muayyan harakatlarini amalga oshirish oqibatlarida ziyon ko‘rishini oldindan bilib o‘z huquqlari va imkoniyatidan sho‘’ba jamiyatidan shunday harakatlarini amalga oshirishini ko‘zlab foydalangan holdagina ziyon asosiy jamiyatning aybi bilan keltirilgan deb hisoblanadi.
Agar jamiyatga qarashli ovoz beruvchi aksiyalarning 20%idan ziyodrog‘i boshqa ishtirokchi jamiyatga qarashli bo‘lsa, u jamiyat tobe jamiyat deb tan olinadi. Ishtirok etuvchi va tobe jamiyatlar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar qonun hujjatlarida tartibga solinadi.
Bugungi kunda mamlakatimizda aksiyadorlik jamiyatlari faoliyatini rivojlantirish va ularning iqtisodiyotni erkinlashtirish sharoitidagi rolini tobora kuchaytirish yuzasidan zarur chora-tadbirlar amalga oshirilishi izchillik bilan olib borilmokda. Xususan, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007 yil 20 iyulda qabul qilingan “Iqtisodiyotning strategik tarmoqlari korxonalarini xususiylashtirish jarayonlarini chuqurlashtirishga doir qo’shimcha chora-tadbirlar to’g‘risida”gi farmoni mazkur sohadagi islohotlarni yanada jadallashtirish imkonini berdi.
Farmonga muvofiq, ochiq savdolarda xususiy mulk etib sotiladigan korxonalar va ob’ektlar ro’yxatini kengaytirish, bunda xalqaro amaliyotda qabul qilingan normalarga rioya etish maqsadida, respublikamizda 2007 yil 1 avgustdan boshlab mamlakat iqtisodiyoti uchun ustuvor ahamiyatga ega bo’lgan strategik tarmoqlarning ustav kapitalida davlat ulushi bo’lmagan yoki bu ulush yigirma besh foizdan oshmaydigan aksiyadorlik jamiyatlarini boshqarishda davlat ishtirokining maxsus cheklangan huquqi – “oltin aksiya” tamoyili joriy etildi.
Bundan tashqari, mazkur Farmon asosida ishlab chiqilgan hamda O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007 yil 24 iyuldagi qarori bilan tasdiqlangan Davlat tomonidan aksiyadorlik jamiyatlarini boshqarishda ishtirok etish maxsus huquqi (“oltin aksiya”)dan foydalanish tartibi to’g‘risidagi nizom o’z navbatida davlat vakilini tayinlash tartibi, uning vakolatlari va majburiyatlarini huquqiy jihatdan mustahkamladi.
O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to’g‘risida”gi O’zbekiston Respublikasi Qonuniga o’zgartish va qo’shimchalar kiritish haqida”gi O’zbekiston Respublikasi Qonunining 24-moddasida aksiyadorlik jamiyatlari tomonidan muomalaga chiqariladigan to’rt xil turdagi aksiyalarning turlari ko’rsatilgan bo’lsa, yangi qo’shimcha va o’zgartishlar asosida 241-modda bilan “oltin aksiya”, ya’ni mamlakat iqtisodiyoti uchun ustuvor ahamiyatga ega bo’lgan strategik tarmoqlarning xususiylashtiriladigan ayrim aksiyadorlik jamiyatlarini boshqarishda davlat ishtirokining maxsus cheklangan huquqi joriy etildi.
“Oltin aksiya” – ayrim aksiyadorlik jamiyatlarini boshqarishda davlat ishtirokining maxsus huquqi bo’lib, u strategik ahamiyatga ega bo’lgan davlat korxonalari xususiylashtirilayotganda yoki aksiyadorlik jamiyatlarining davlat aksiya paketlari xususiy mulk etib realizatsiya qilinayotganda O’zbekiston Respublikasi hukumatining qaroriga asosan joriy qilinadi va mamlakatning iqtisodiy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlaydi.
“Oltin aksiya” qiymatga ega emas, boshqa shaxsga berilmaydi hamda garovga qo’yilmaydi, ustav fondi miqdorini belgilashda va dividendlarni hisoblashda inobatga olinmaydi. “Oltin aksiya” ustav fondida davlat ulushi bo’lmagan yoki bu ulush yigirma besh foizdan oshmaydigan aksiyadorlik jamiyatlarida joriy etilishi mumkin. Davlatning “oltin aksiya”dan foydalanish tartibi O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Bundan tashqari, “oltin aksiya” aksiyadorlik jamiyatining kuzatuv kengashi tarkibiga davlat vakilini tayinlash vositasida realizatsiya qilinadi. Davlat vakili aksiyadorlarning umumiy yig’ilishida va kuzatuv kengashi majlislarida Qonunda belgilab qo’yilgan masalalar bo’yicha veto qo’yish huquqi bilan majburiy tartibda ishtirok etadi. Veto qo’yish ushbu qarorlar qabul qilingan kuni yozma shaklda amalga oshiriladi.
Shuningdek, mazkur qo’shimcha va o’zgartishlar asosida amaldagi Qonunning 47-moddasi birinchi qismi “Aksiyadorlar reestri ro’yxatga olingan aksiya egalarining ularga tegishli egasi yozilgan qimmatli qog’ozlarning soni, nominal qiymati va toifalari ko’rsatilgan, har qanday belgilangan sanadagi holatga ko’ra tuzilgan hamda bu aksiya egalari, ularga tegishli qimmatli qog’ozlarning soni va toifalari aynan to’g‘riligini aniqlash imkonini beradigan ro’yxati bo’lib, unga o’ziga nisbatan “oltin aksiya”ni joriy etish to’g‘risida qaror qabul qilingan jamiyat aksiyadorlari reestriga davlat vakili ham kiritilishi lozimligi belgilab qo’yildi.
O’z navbatida, emitentlar aksiyadorlar reestrini davlat tomonidan qimmatli qog’ozlar bozorini tartibga solish va muvofiqlashtirish yuzasidan vakolat berilgan organ belgilagan shaklda yuritishi shartligi, aksiyalarni joylashtirgan jamiyat yoki ixtisoslashgan ro’yxatchi jamiyat aksiyadorlari reestrining saqlovchisi bo’lishi mumkinligi va eng asosiysi oddiy (odatdagi) aksiya egalari bo’lmish aksiyadorlari besh yuz va undan ortiq bo’lgan jamiyat reestr yuritish hamda saqlashni ixtisoslashgan ro’yxatchiga shartnoma asosida topshirishi shartligi Qonunda o’z ifodasini topdi.
Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to’g‘risidagi qonunga kiritilgan yangiliklardan yana biri – bu davlat vakiliga aksiyadorlar reestridan ko’chirma berish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshirilishining o’z ifodasini topganligidadir.
Shuningdek, Qonunda “davlat vakilini jamiyat aksiyadorlari reestriga kiritish haqidagi yozuv davlat vakilini tayinlash to’g‘risidagi tegishli qaror ilova qilingan holda O’zbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish davlat qo’mitasi tomonidan reestr saqlovchini xabardor qilish asosida amalga oshirilishi”, “davlat vakilining aksiyadorlarning umumiy yig’ilishida ishtirok etish huquqi uning shaxsan o’zi tomonidan amalga oshirilishi” lozimligi ham belgilab qo’yildi.
Xulosa o’rnida shuni ta’kidlash lozimki, iqtisodiyotni erkinlashtirish sharoitida aksiyadorlik jamiyatlari faoliyatini rivojlantirish hamda ularni boshqarishda davlat ishtirokining maxsus huquqi joriy etilishi, birinchidan, mamlakatning iqtisodiy manfaatlari har tomonlama himoya qilinishini kafolatlasa, ikkinchidan, aksiyadorlik jamiyatlarini boshqarishda qatnashuvchi har bir aksiyadorning huquqlari hamda qonun bilan qo’riqlanadigan manfaatlarini himoya qilishni ta’minlashga xizmat qiladi.