8-MAVZU. BANKLARARO HISOB-KITOBLAR HISOBI
1. Banklararo hisob-kitoblarning mazmuni va ularning tashkil etilishi
Banklar tomonidan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga xizmat ko‘rsatish jarayonida banklararo munosabatlar vujudga keladi. Banklararo munosabatlar banklararo hisob-kitoblar orqali olib boriladi. Banklararo oborotlarning mazmuni shundan iboratki, bir bank xizmatidan foydalanuvchi korxonaning talab qiluvchiga saqlanadigan hisobvarag‘idan boshqa hisob varag‘iga hujjatda ko‘rsatilgan summa buxgalteriya yozuvlari orqali o‘tkaziladi.
Demak, bir - birlari bilan hisob-kitoblarni yurituvchi korxonalarining hisob varaqalari turli banklarda joylashganligi ikkita bank o‘rtasidagi hisob - kitoblarni yuzaga keltiradi. Agar o‘zaro aloqada bo‘lgan korxonalarning har ikkisi bitta bank xizmatidan foydalansalar, u holda banklararo hisob-kitoblar vujudga kelmaydi. Unda pul o‘tkazish operatsiyalari bir bankning o‘zida amalga oshiriladi. Operatsiyalarni boshlagan bankdagi oborotlar boshlang‘ich bank oborotlari deyiladi. Operatsiyalarni tugallangan bankdagi oborotlar yakuniy oborotlar deyiladi. Har bir boshlang‘ich oborotga yakuniy oborot mos kelishi shart.
Tijorat banklari o‘rtasidagi banklararo hisob-kitoblar Markaziy bank orqali o‘tkaziladi. Buning uchun Markaziy bank qoshidagi hisob-kitob markazi tashkil etilgan.Tijorat banklari o‘zlarining banklararo hisob-kitoblarini olib borish uchun hisob-kitob markazida vakillik hisobvarag‘ini ochishlari lozim. Halqaro amaliyotda bank vakillik hisobvaraqlari orqali banklararo hisob-kitoblarni tashkil etishning ikki xil variant mavjud (1-rasmga qarang).
1-rasm. Banklararo hisob-kitoblarni tashkil etish usullari (Iqtisodiy adabiyotlar ma’lumotlari asosida tuzidi).
Markaziy bankning Hisob-kitoblar markazi (MB HKM) - bu O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Toshkent shahar Bosh boshqarmasining Hisob, hisobot va hisob-kitoblar boshqarmasi bo‘limi bo‘lib, uning vazifasiga tijorat banklarining Bosh ofislariga vakillik hisobvaraqlarini ochish va xizmat ko‘rsatish hamda ular o‘rtasida elektron to‘lovlarning uzluksizligini ta’minlovchi markaz tushuniladi. Markaziy bankning ma’lumotlarni qayta ishlash bo‘limi - bu buxgalteriya hisobi, hisoboti va Davlat byudjetining kassa ijrosi departamentining bo‘limi bo‘lib, uning vazifasiga Markaziy bank yagona balansida Markaziy bankning banklararo va filiallararo to‘lovlarini o‘tishini ta’minlovchi bo‘lim faoliyatidir.
Markaziy bankning Axborotlashtirish Bosh markazi (ABM) - amaldagi qonunchilik hamda ABM va banklar o‘rtasidagi shartnomalarga muvofiq banklararo to‘lov tizimining texnik, dasturiy va ekspluatatsion xizmatlarini ta’minlaydigan markazdir.
Elektron to‘lov hujjati (ETH) - to‘lov tizimining qoidalari bilan belgilangan tarkib va formatdagi rekvizitlariga ega bo‘lgan hamda elektron to‘lovni amalga oshirish uchun zarur axborotni o‘z ichiga olgan elektron hujjatdir.
Elektron to‘lov hujjati pul-hisob-kitobga doir qog‘oz hujjat asosida yoki elektron to‘lov vositasidan foydalangan holda tuziladi va elektron raqamli imzo bilan tasdiqlanadi. Elektron to‘lov hujjati bilan ishlashda uni elektron to‘lovni amalga oshirish uchun zarur rekvizitlarni saqlagan holda qog‘ozda takrorlash imkoniyati ta’minlanladi. Banklararo to‘lov tizimi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining shaxsiy mulki hisoblanadi.
ABM va MB HKM banklararo to‘lov tizimining ishtirokchilari hisoblanadi. Banklararo to‘lov tizimining foydalanuvchilari MB HKMda vakillik hisobvarag‘iga ega bo‘lgan banklar va moliyaviy institutlar hisoblanadi. Banklararo to‘lov tizimining ishtirokchilari va foydalanuvchilarining huquq va majburiyatlari banklarning vakillik hisobvaraqlarini ochish va xizmat ko‘rsatish uchun foydalanuvchi banklarning MB HKM bilan, banklararo to‘lov tizimi orqali elektron to‘lovlar o‘tkazish uchun esa - ABM bilan tuzilgan ikki tomonlama shartnoma asosida tartibga solinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |