19-modda. Banklar faoliyatini to‘xtatish va ularni tugatish Bank quyidagi hollarda o‘z faoliyatini to‘xtatadi:
aksiyadorlar yig‘ilishining qaroriga ko‘ra;
Markaziy bank litsenziyani chaqirib olganida;
bankrot deb e’lon qilinganida.
LexUZ sharhi Qarang: O‘zbekiston Respublikasining 2003-yil 24-apreldagi 474-II-sonli “Bankrotlik to‘g‘risida”gi Qonunining 164, 165-moddalari. O‘z faoliyatini to‘xtatgan bank Markaziy bank tomonidan banklarni davlat ro‘yxatiga olish daftaridan chiqariladi.
Bankning faoliyati to‘xtatilganligi haqidagi xabar matbuotda e’lon qilinadi.
Bank faoliyatini to‘xtatish va uni tugatish tartibi qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
LexUZ sharhi Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 53 — 57-moddalari, O‘zbekiston Respublikasi “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 98 — 101-moddalari va “Banklarni tugatish tartibi to‘g‘risida”gi nizom (ro‘yxat № 626, 11.02.1999-y.). III. BANK FAOLIYATINI TARTIBGA SOLISh. BANKLARNING HUQUQ VA BURChLARI 20-modda. Banklarning mustaqilligi O‘zbekiston Respublikasida banklar bank operatsiyalarini amalga oshirishga doir qarorlar qabul qilishda mustaqildirlar.
Bank xizmatchisi bank boshqaruvining roziligi bilan o‘rindoshlik asosida boshqa joyda ishlashi mumkin.
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslari bank muassasalarida o‘rindoshlik asosida ishlashga haqli emaslar.
21-modda. Davlat va banklarning mas’uliyati chegaralab qo‘yilishi Banklar davlatning majburiyatlari bo‘yicha, davlat esa banklarning majburiyatlari bo‘yicha javobgar emas, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
22-modda. Bankning boshqaruv organlari Aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishi, bank kengashi va boshqaruvi bankning boshqaruv organlari hisoblanadi.
Bank kengashining burchlari quyidagilardan iborat:
omonatchilar va aksiyadorlarni himoya qilish maqsadida bank faoliyatini, shu jumladan kreditlash va mablag‘larni investitsiyalashning to‘g‘riligini nazorat qilish;
bank rahbarlarini ishga tayinlash va ishdan bo‘shatish;
bank kapitalining bir tekis o‘sib borishini ta’minlab turish;
bank siyosatini ishlab chiqish;
qonun hujjatlariga rioya qilinishini ta’minlash.
Bank kengashi a’zolari kamida besh kishidan iborat bo‘lishi lozim. Aksiyadorlardan tashqari bank sohasi olimlari va mutaxassislari ham bank kengashi a’zosi bo‘lishlari mumkin.
Bankka operativ rahbarlik qiluvchi va uning faoliyati uchun javob beruvchi bank boshqaruvi bankning ijroiya organi hisoblanadi. Boshqaruv bank kengashi va aksiyadorlar umumiy yig‘ilishi oldida hisobdordir.