Banklar privatizatsiyasi qachondan boshlanishi ma'lum bo‘ldi
O‘zbekistondagi 13ta bankda davlat ulushi mavjud. 2020 yil oxiridan e'tiboran, ularni bosqichma-bosqich xususiylashtirish boshlanadi.
Foto: Shutterstock
Moliya vaziri o‘rinbosari Shoxruh Shorahmedovning aytishicha, bu borada Xalqaro moliya korporatsiyasi va boshqa xorijiy investorlar bilan muzokaralar olib borilmoqda.
«Davlat ulushi bo‘lgan banklarning hammasi birdaniga xususiylashtiriladi, deb aytolmaymiz. Bu juda murakkab, vaqt talab qiladigan masala. Hozircha «Sanoatqurilishbank»ka o‘xshagan yirik-yirik banklar haqida gapirishimiz mumkin. «Sanoatqurilishbank» [o‘tgan yili] London fond birjasida obligatsiyalarini chiqardi.
Ayni paytda «Ipotekabank» faoliyatini isloh qilish harakatidamiz. Boshqa banklar bo‘yicha ham ishlar olib borilyapti. Yil oxiriga borib, investorlarni jalb qilishni boshlaymiz.
Vaqt o‘tishi bilan bu jarayonlar tezlashadi, deb o‘ylaymiz. Yaqin yillarda davlat ulushi bo‘lgan banklar to‘liq xususiylashtirilishi ustida ish olib borilmoqda», – dedi Shorahmedov 4 mart kuni Xalqaro press-klub sessiyasida.
2019 yili Moliya vazirligiga davlat ulushi yuqori bo‘lgan banklarni isloh qilish, ularga xorijiy investorlarni jalb qilish va xalqaro bozorga chiqarish bo‘yicha vazifalar yuklatilgan edi.
«Shuning uchun vazirligimizda maxsus boshqarma (Davlat ishtirokidagi tijorat banklarini isloh qilishni muvofiqlashtirish boshqarmasi – tahr.) ham tashkil etilgan hamda ushbu masala vazir o‘rinbosarining funksiyalariga kiritilgan edi», – degan vazir o‘rinbosarining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Shoxruh Shorahmedov / Foto: Xalqaro press-klub
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda strategik ahamiyatga ega korxonalardan tashqari, davlat ulushi mavjud barcha korxonalar bosqichma-bosqich xususiylashtirilishi e'lon qilingan.
2020 yildan boshlab mamlakat banklarida keng ko‘lamli transformatsiya dasturi amalga oshiriladi. 2020 yilda Milliy bank va Ipoteka-bank ham o‘z yevrobondlarini chiqaradi.
Ustav kapitalidagi davlat aksiya paketlari (ulushlari) to‘liq xususiy sektorga sotilishi taklif etilayotgan banklar quyidagilar:
«Poytaxt bank» AJ (hozirda davlat ulushi – 100 foiz)
«Asia Alliance Bank» ATB (100)
«Turonbank» ATB (97,6)
«Qishloq qurilish bank» ATB (96,5)
«Asaka» ATB (95,9)
AT «Aloqabank» (94,2)
«O‘zbekiston sanoat-qurilish bank» ATB (89,1)
«Ipoteka-bank» ATIB (84,7)
«O‘zagroeksportbank» ATB (75)
«Ipak yo‘li aksiyadorlik innovatsiya tijorat banki» AJ (0,4)
«Trastbank» XAB (0,1)
Chet el kapitali ishtirokidagi «Xamkorbank» ATB (0,01)
Quyidagi to‘rtta bankda davlat aksiya paketi to‘liq saqlanib qolishi kutilmoqda:
«Xalq banki» ATB (100)
«O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki» AJ (100)
«Agrobank» ATB (94,3)
«Mikrokreditbank» ATB (84,8)
«Davlat qaramog‘ida 2-3ta bank qolsa kifoya» – YeTTB direktori o‘rinbosari Muzaffar Zuxurov bilan suhbat
Do'stlaringiz bilan baham: |