Banklarni davlat ro’yxatidan o’tkazish va litsenziyalash tartibi.
Banklarni litsenziyalash tartibi
Banklarni litsenziyalash jarayoni ikki bosqichdan:
bank ta’sis etish uchun Markaziy bankning dastlabki ruxsatini berish; bankni ro‘yxatga olish bilan bir vaqtda litsenziya berishdan iborat.
Muassislar o‘z oralaridan Markaziy bankda, uning hududiy Bosh boshqarmalarida va boshqa organlarda bankni tashkil etish yuzasidan ularning manfaatlarini ifoda etishga vakil qilingan shaxsni belgilaydilar. Uning vakolatlari ta’sis shartnomasi bilan tasdiqlanadi.
Markaziy bankning hududiy Bosh boshqarmalari bank muassislarini bank tashkil etish bilan bog‘liq bo‘lgan zarur qonun hujjatlari bilan ta’minlaydilar.
Tayyorgarlik bosqichi.
Bu davrda bank muassislari o‘rtasida bank tashkil etishga kelishiladi, tashabbus guruhi tuziladi, har bir muassisning ustav kapitaliga qo‘shilgan ulush miqdori belgilab olinadi, bankning ta’sis hujjatlari majmui tayyorlanadi, bankning nomi aniqlanadi, ta’sischilar o‘rtasidagi kelishuvlar dastlabki shartnoma tarzida rasmiylashtiriladi, uning asosida ta’sis shartnomasi tuziladi (FKning 43-moddasi, O‘zbekiston Respublikasi «Xo‘jalik jamiyatlari va shirkatlari haqida»gi Qonunning 3-moddasi) aksiyadorlik tijorat banklarining muassislari bank davlat ro‘yxatiga olinguniga qadar yuzaga kelgan majburiyatlar yuzasidan birgalikda javobgar bo‘ladilar.
Muassislar tomonidan ta’sis shartnomasi imzolanganidan so‘ng bir oy mobaynida Markaziy bankka bankni ochish uchun dastlabki ruxsatni berish to‘g‘risidagi arizani taqdim etadilar.
Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
muassislar tomonidan imzolangan va ularning muhrlari bilan (agar muassis yakka tartibdagi tadbirkor yoki yuridik shaxs bo‘lsa) tasdiqlangan ta’sis shartnomasi (uch nusxada, ularning bittasi asl nusxa). Jismoniy shaxslarning imzolari va ta’sis shartnomalarining nusxalari notarial idora tomonidan tasdiqlanadi (yagona muassislar bundan mustasno);
muassislar tomonidan tasdiqlangan va bank kengashi raisi tomonidan imzolangan bank ustavi (uchta asl nusxada);
ta’sis yig‘ilishining uch nusxada tayyorlangan bayonnomasi. Bu hujjatda bankni tashkil etish, ustav kapitali miqdori, bank ustavi va biznes-rejani tasdiqlash, bank kengashi, boshqaruvi va taftish komissiyasini saylash to‘g‘risidagi qarorlar bo‘lishi lozim. Bayonnoma nusxalari bank kengashi raisi tomonidan tasdiqlanadi;
muassislar to‘g‘risida ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan hujjatlar
tashkil etilayotgan bank ovoz beruvchi aksiyalarining besh yoki undan ortiq foiziga egalik qiladigan muassislar qo‘shimcha ravishda ariza taqdim qilingunga qadar oxirgi besh yil mobaynida sud yoki davlat organlari tomonidan ularga nisbatan qo‘llanilgan barcha jazo choralari to‘g‘risidagi ma’lumotlar. Markaziy bank zarur hollarda mazkur kichik banda keltirilgan ma’lumotlarni tashkil etilayotgan bank ovoz beruvchi aksiyalarining besh foizidan kam bo‘lgan ulushiga egalik qiladigan muassislardan ham talab qilishga haqli;
Bankni tashkil etish uchun dastlabki ruxsatni berish
Litsenziyalash departamenti bir oy muddat ichida muassislar taqdim etgan hujjatlar to‘plamini mazkur Nizom talablariga muvofiqligi nuqtai nazaridan ko‘rib chiqadi.
Notarius tasdig‘idan o‘tkazilishi talab qilinmaydigan va hajmi bir varaqdan ko‘p bo‘lgan hujjatlar alohida yig‘majild shaklida tikilgan bo‘lishi lozim.
Taqdim etilgan hujjatlar to‘plami to‘liq jamlansa va mazkur Nizom talablariga muvofiq kelsa, Litsenziyalash departamenti Markaziy bankning Kredit tashkilotlarini ro‘yxatga olish va litsenziyalash komissiyasiga bankni ochish uchun dastlabki ruxsatni berish to‘g‘risidagi masalani kiritadi, aks holda hujjatlar to‘plami qaytarish sababi va qancha muddat ichida hujjatlarni takroran taqdim etish mumkinligi ko‘rsatilgan holda qaytariladi.
Hujjatlarni qayta ko‘rib chiqish uchun taqdim etish muddati o‘n besh ish kunidan oshmasligi lozim. Ushbu muddatdan kechikib taqdim etilgan hujjatlar yangidan taqdim etilgan hisoblanadi. Muassislar tomonidan takroran taqdim etilgan hujjatlarni qayta ishlash uchun ketgan vaqt hujjatlarni ko‘rib chiqish uchun belgilangan muddatga kirmaydi.
Dastlabki ruxsatni berish to‘g‘risidagi qaror barcha zarur hujjatlar ilova qilingan ariza taqdim etilgan kundan boshlab uch oydan kechikmagan muddatda qabul qilinadi.
Markaziy bankning dastlabki ruxsati muassislar moliyaviy imkoniyatlari va obro‘si, biznes- reja, kapital tarkibi, moliya rejasi hamda tegishli bank binolari va jihozlari bilan ta’minlash imkoniyatlarini baholash asosida beriladi.
Dastlabki ruxsat olinganidan keyin muassislar bankni ro‘yxatga olish va litsenziya olish uchun zarur bo‘lgan tashkiliy-texnik va boshqa tadbirlarni amalga oshiradilar. Bank boshqaruvi raisi va bosh buxgalteri nomzodlarini tanlanib, Markaziy bankning roziligini olish uchun taqdim etiladi. Dastlabki ruxsatning olinishi litsenziya berilishini kafolatlamaydi.
Markaziy bank tomonidan berilgan dastlabki ruxsat u olingan kundan boshlab olti oydan oshmaydigan muddat davomida o‘z yuridik kuchini saqlab qoladi.
Quyidagi hollarda dastlabki ruxsat amal qilish muddatidan oldin bekor qilinishi mumkin: muassislar yoki bankning rahbar xodimlari tarkibida Markaziy bank talablariga javob
bermaydigan o‘zgarishlarning yuz berishi yoki yangi ishtirokchilar va bankning rahbar xodimlariga beriladigan rezyume, shaxsiy balans qaydnomasi, biznes- rejaning va yirik muassislar yoki rahbarlarga taalluqli bo‘lgan holatlarning o‘zgartirilgan qismining taqdim etilmasligi;
bank mulkiy-huquqiy shaklining o‘zgarganligi, biznes-rejadagi va kapitaldagi muayyan tarkibiy o‘zgarishlarning sodir bo‘lishi;
muassislar yoki ular bilan bog‘liq shaxslar moliyaviy ahvolining yomonlashishi;
bankni boshqarish xavfsiz va barqaror bo‘lmasligini ko‘rsatuvchi holatlarning ma’lum bo‘lishi;
qonun hujjatlarini buzganligi uchun jinoiy javobgarlikka tortilganligining aniqlanishi.
Bankni ro‘yxatiga olish hamda litsenziya berish tartibi