Xalqaro kredit. Kredit munosabatlarining xalqaro miqyosda (davlatlar o‘rtasida) amalga oshirilishi xalqaro kreditning yuzaga kelishiga olib keladi. Xalqaro kreditga xalqaro miqyosda xarakat qiluvchi kredit munosabatlari to‘plashi sifatida qarash zarur. Kreditning bu shaklining bevosita ishtirokchilari millatlararo moliya-kredit institutlari, tegishli davlat xokimiyati, kredit tashkilotlari va alohida yuridik shaxslar bo‘lishi mumkin.
Xalqaro kredit bir davlat, shu davlat banki, yuridik shaxsi tomonidan ikkinchi bir davlatga, uning banklariga, boshqa yuridik shaxslariga muddatlilik va to‘lovlilik asosida beriladigan kredit hisoblanadi.
Xalqaro kredit davlat va xalqaro institutlar ishtirok etgan munosabatlarda pul (valyuta) shaklida, tashqi savdo faoliyatida esa tovar shaklida bo‘lishi mumkin.
Xalqaro kredit quyidagi xususiyatlari bilan xarakterlanadi:
qarz oluvchi va qarz beruvchi sifatida davlat tashkilot va muassasalari, banklar, kompaniyalar, xalqaro valyuta kredit tashkilotlari qatnashadilar;
qarzga olingan mablag‘lar qarz oluvchi mamlakat tomonidan daromad keltiruvchi kapital sifatida ishlatiladi;
qarz beruvchi mamlakatga to‘lanadigan ssuda foizining manbasi qarz oluvchi mamlakat aholisi tomonidan yaratilgan milliy daromad hisoblanadi.
Xalqaro kredit mahalliy kredit bilan bir qatorda fondlar aylanishining barcha bosqichlarida qatnashadi.
Xalqaro kredit xalqaro iqtisodiy munosabatlar doirasida quyidagi funksiyalarni bajaradi:
*mamlakatlar o‘rtasida kapitalning qayta taqsimlanishini ta’minlaydi;
*kapitalning konsentratsiyalashuviga va markazlashuviga sharoit yaratadi va bu jarayonni tezlashtiradi;
*har xil valyutalarda xalqaro hisob-kitoblarni olib borishda muomala xarajatlarini qisqartiradi.
Xalqaro kreditlar xarakteri bo‘yicha - davlatlararo, xususiy, firma kreditlariga;
shakli bo‘yicha - davlat, bank, tijorat;
tashqi savdo tizimida tutgan o‘rni bo‘yicha - eksportni kreditlash, importni kreditlashga;
muddati bo‘yicha-qisqa muddatli-1 yilgacha, o‘rta muddatli -1 yildan 5 yilgacha, uzoq muddatli -5 yildan ortiq muddatga;
ob’ekti bo‘yicha - tovar va valyuta;
ta’minlanganligi bo‘yicha - tovar-moddiy boyliklar bilan yoki hujjatlar bilan ta’minlangan kreditlarga bo‘linadi.
Tovar shaklida beriladigan xalqaro kredit yoki firma kreditlari tijorat kreditining xalqaro iqtisodiy munosabatlar sohasida qo‘llanilishi hisoblanadi va bir mamlakat firmasining tovari ikkinchi mamlakat firmasiga kreditga - to‘lov muddati kechiktirilib sotiladi. Bu jarayon odatda tratta (o‘tkazma veksel) bilan rasmiylashtiriladi. Eksportni kreditlashda davlat tomonidan subsidiya ajratilganligi uchun firma kreditlari bo‘yicha foiz stavkalari odatda foiz stavkalarining bozor bahosidan past bo‘ladi.
Xalqaro bank kreditlarining bank eksport kreditlari (xorijiy importyorlarga xususiy tijorat banklari, maxsus tashqi savdo banklari tomonidan beriladigan kredit), evrokredit (yirik tijorat banklari tomonidan evrovalyuta bozori resurslari hisobidan evrovalyutada, 2 yildan 10 yilgacha bo‘lgan muddatga, o‘zgaruvchan foiz stavkada kreditlar berish) kabi turlari mavjud.
Xalqaro davlat krediti ikki tomonlama kelishuv asosida rivojlangan mamlakatlar tomonidan rivojlanayotgan mamlakatlarga tovar yoki valyuta shaklida, foiz to‘lash yoki foiz to‘lamaslik sharti bilan, uzoq yoki qisqa muddatga beriladi.
Xalqaro valyuta - kredit tashkilotlarining kreditlari qisqa muddatli - 1 yilgacha (xalqaro valyuta fondining kreditlari), o‘rta muddatli - 5 yilgacha (Jahon tiklanish va taraqqiyot banki) va uzoq muddatli - 20 yilgacha (Evropa tiklanish va taraqqiyot banki va boshqalar) kreditlar berishi mumkin Xalqaro valyuta-kredit tashkilotlaridan olingan kreditlar xususiy tijorat banklaridan olingan kreditlardan (bu kreditlar bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi yiliga 7-9% ni tashkil qiladi.) arzonga tushadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |