2. Xalqaro hisob – kitoblarning vujudga kelishi va mohiyati
Xalqaro valyuta hisob – kitoblarning vujudga kelishi va rivojlanishining asosida mamlakatlar o’rtasida tovar va xizmatlar almashivuning mavjudligi, kapital aylanmasining vujudga kelishi va uning hajmini doimo ortib borishi yotadi. Xalqaro hisob – kitoblar xalqaro tashqi tovar va xizmatlar aylanmasini tashkil etish, tijorat va notijorat operatsiyalarni amalga oshirish, kreditlar berish va kapital xarakatida namoyon bo’ladi.
Xalqaro hisob – kitoblar – turli mamlakatlar yuridik va jismoniy shaxslari o’rtasida iqtisodiy, siyosiy va madaniy munosabatlar natijasida vujudga keladigan pullik talab va majburiyatlarni tartibga solish usullaridir. Mamlakatlar o’rtasida amalga oshiriladigan operatsiyalarning asosiy hajmi xorijiy valyutalarni ko’chirish, ya’ni xalqaro hisob – kitoblar asosida amalga oshiriladi.
Xalqaro hisob – kitoblarni amalga oshirishda banklarning xorijiy mamlakatlardagi bo’limlari yoki xorijiy banklar bilan o’rnatilgan vakillik hisobraqamlaridan (korrespondentlik munosabatlari) foydalaniladi. Korrespondent munosabatlarda “loro” (xorijiy banklarning mahalliy banklardagi), “nostro” (mahalliy banklarning xorijiy banklardagi) hisobraqamlarini ochish orqali amalga oshiriladi. Xalqaro hisob – kitoblarda qo’llaniladigan korrespondent hisobraqamlar ochilganda banklar o’rtasida ushbu hisobraqamlar bo’yicha hisob – kitoblarni amalga oshirish tartibi, komission to’lovlarning miqdori, sarflangan mablag’larni to’ldirish yo’llari va boshqa masalalarni bajarish haqida o’zaro kelishuv tuziladi.
Banklar xalqaro hisob–kitoblarni o’z vaqtida va to’liq amalga oshirish maqsadida likvidli valyutalarda zarur miqdordagi valyuta pozitsiyalarni taminlashga xarakat qiladi, bunda asosiy e’tibor amalga oshiriladigan hisob–kitoblarni belgilangan muddat va miqdorda to’lab berishga qaratiladi.
Xalqaro bank amaliyotidan ma’lumki, xalqaro hisob–kitoblarni amalga oshirayotgan banklar “nostro” hisobvaraqalari bo’yicha tegishli valyutada daromad olish, shuningdek, ushbu mablag’larni jahon ssuda kapitali bozorlarida valyutali aktivlarga joylashtirish maqsadida tegishli qoldiqni saqlashga harakat qiladi.
Xalqaro hisob – kitoblarda banklarning faoliyati tegishli mahalliy va xalqaro miqiyosdagi huquqiy xujjatlar asosida tartibga solinadi. Xalqaro joriy valyuta operatsiyalardan dunyoning etakchi mamlakatlari milliy valyutasi to’lov vositalari vazifasini bajaradi. Birinchi jahon urushiga qadar funt sterlingda muomalaga chiqarilgan veksellar (trattallar) xalqaro hisob–kitoblar bo’yicha operatsiyalarning 80 foizini bajardi.
Mamlakatlar o’rtasida mehnat taqsimotining kuchayishi va ularning iqtisodiyotini rivojlanishida o’zaro mutanosiblikning vujudga kelishi bois, angliya funt sterlingi xalqaro hisob–kitoblardagi ulushi 1948 yilda 40 foizga, 1999 yilarning boshida esa 5 foizga tushib qoldi.
AQSh dollarining tashqi savdodagi ulushi 1982 yilda 78 foizga etdi, 2000 yillarning boshida yevro, yaponiya ienasi, shvetsariya franki va boshqa etakchi mamlakatlar milliy valyutalari xalqaro to’lov vositasi sifatida foydalanila boshlandi, natijada AQSh dollarining xalqaro savdodagi ulushi 55 foizga tushdi.
Ta’kidlash joizki, mamlakatlar o’rtasida amalga oshiriladigan ayrim hisob – kitoblarda 1970 yildan SDR (spetsialnie prav zaimstvovaniya), 2000 yildan so’ng yevro faol qo’llanila boshlandi.
Xalqaro hisob – kitoblarning rivojlanishi natijasida oltinni to’lov vositasi sifatidagi roli nafaqat ichki hisob – kitoblardan, balki xalqaro to’lovlarni amalga oshirishdan ham siqib chiqarildi. Oltin standarti eng rivojlangan davrda ham xalqaro hisob–kitoblarda undan to’lov balansining passiv qoldig’ini to’lashda foydalanildi. Oltin standartining bekor qilinishi va sariq metallga kredit pullarni almashtirish to’xtatilgandan so’ng xalqaro majburiyatlarni oltinga to’lash zaruriyati yo’qoldi.
Biroq, ta’kidlash joizki, mamlakatlar o’rtasida ijtimoiy–iqtisodiy barqarorlik buzilganda jahon pulini bajarayotgan milliy valyutalarga nisbatan ishonchning yo’qolishi natijasida xalqaro hisob – kitoblarda oltindan foydalanish hollari amaliyotdan ma’lum.
Masalan, ikkinchi jahon urushi davrida xalqaro hisob–kitoblarning asosiy qismi oltin slitkalarda amalga oshirilgan. Urushdan keyingi davrda (1950 – 1958 yillarda) ayrim ko’p tomonlama hisob – kitoblar dastlab 40 foizgacha, 1955 yilda 75 foizgacha oltin bilan to’langan.
Zamonaviy sharoitda mamlakatlar o’zining to’lov balansi barqarorligini ta’minlash maqsadida oltin zaxiralarini dunyoning etakchi valyutalariga sotadi. Bu o’z – o’zidan ko’rinib turibdiki, oltin xalqaro hisob – kitoblarda to’g’ridan – to’g’ri ishtirok etmasdan, oltin bozorlari orqali hisob – kitoblarni amalga oshirishga erishmoqda.
Xalqaro hisob – kitoblarning holati va rivojlanishiga qator omillar ta’sir etadi. Xususan, mamlakatlar o’rtasidagi ijtimoiy – iqtisodiy siyosat, valyuta qonunchiligi, xalqaro savdoni tashkil etishning qonun va qoidalari, shuningdek, moliya – kredit tizimining rivojlanganlik darajasi shular jumlasidandir.
Do'stlaringiz bilan baham: |