Darsning borishi:
I.Tashkiliy qism: o’quvchilar bilan salomlashish, yo’qlama qilish, uy vazifasini so’rash va darsni tashkillash
II. O’tgan mavzuni so’rash: tezkor savol javob o’tkazish orqali o’tilgan mavzuni takrorlash.
III. Asosiy qism: Yangi mavzuni tushuntirish
Zamburug'larning vegetativ tanasi ildiz, poya va barglarga bo'linmagan. Ular ham sporalar bilan ko'payadi. Zamburug' hujayralarida plastidalar va xlorofill bo'lmaydi. Ularning hujayrasi qobiq, protoplazma va mag'izdan iborat. Zamburug'lar xuddi bakteriyalarga o'xshash tayyor organik moddalar bilan saprofit yoki parazit holda oziqlanadi. Zamburug'larning vegetativ tanasi mitseliy deb ataladi. Mitseliy gifa deb ataladigan ingichka ipchalar yig'indisidan iborat. Mitseliy bir yoki ko'p hujayrali hamda bir-ikki yoki ko'p mag'izli bo'ladi.
Voyaga yetgan ayrim zamburug'ning vegetativ tanasidan spora hosil qiluvchi qismi o'sib chiqadi. Bunga mevatana deyiladi. Mevatana odatda oyoqcha va qalpoqchalardan iborat bo'lib, ularda sporalar yetishadi. Zamburug'lar vegetativ, jinssiz va jinsiy yo'l bilan ko'payadi. Yer yuzidagi zamburug'larning 100 000 dan ortiq turi fanga ma'lum. O'zbekistonda 3 mingga yaqin turi tarqalgan. Ma'lumki, non yoki kesilgan ho'l meva issiq va nam joyda qoldirilsa, 2—3 kundan keyin ularni po'panak bosadi. Buni xalq orasida «mog'or bosdi» ham deyishadi. Ana shu po'panak mog'or zamburug'ining vegetativ tanasidir. Agar buyum oynasidagi suv tomchisiga nina bilan ana shu po'panakdan kichik bir bo'lakcha qo'yib mikroskop ostida ko'rilsa, uning iplardan tashkil topganligi aniq ko'rinadi. Zamburug'ning vegetativ tanasi bitta katta hujayradan iborat. Po'panak zamburug'i yaxshi sharoitda jinssiz ko'payadi. Bunda zamburug'ning vegetativ tanasidan shoxlanmagan gifa (sporangiyband) tik ko'tarilib chiqadi. Sporangiy bandning uchida sharsimon bo'rtma — sporangiy hosil bo'ladi. Sporangiy ichida esa sporalar shakllanadi. Bir zamburug'da bir necha o'nlab sporangiy, bir sporangiyda esa o'n mingdan ortiq spora yetishadi. Sporangiy voyaga yetgach (ichidagi sporalar tayyor bo'lgach) qoramtir rangga kiradi. Po'panak zamburug'i oziqlanish usuli jihatidan xuddi bakteriyalar singari, saprofit oziqlanadi. Shuning uchun ham uning hayoti uchun yorug'likning hojati yo'q. U qorong'ida ham yashay oladi, lekin namlik va issiqlik bo'lmasa yashay olmaydi. Mahsulotlar mog'orlamasligi uchun sovutgichlarda saqlanadi. Mog'or zamburug'lari orasida foydalilari ham bor. Ularning ba'zilaridan (masalan, penitsill zamburug'idan) qimmatli dori — penitsillin olinadi. Boshqa mog'or zamburug'larida o'simlik va hayvonlarning o'sishini tezlatishga, chorva mollarining mahsuldorligini oshirishga yordam beradigan moddalar bor. Ana shu moddalar mol va parranda ovqatiga qo'shib berilsa, buzoqlar va jo'jalar tez o'sadi. Shunday qilib, zamburug'laming o'sishi uchun harorat, namlik va oziq zarur. Qulay sharoitda ular vegetativ (jinssiz) yo'l bilan ko'payadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |