Darsning borishi:
I.Tashkiliy qism: o’quvchilar bilan salomlashish, yo’qlama qilish, uy vazifasini so’rash va darsni tashkillash
II. O’tgan mavzuni so’rash: tezkor savol javob o’tkazish orqali o’tilgan mavzuni takrorlash.
III. Asosiy qism: Yangi mavzuni tushuntirish
Yo'sinlar yuksak o'simliklarning eng qadimiy va juda sodda tuzilgan vakillari bo'lib, ularning bo'yi 4—5 mm dan 40 sm gacha boradi. Ayrimlarining tanasi, xuddi suvo'tlarning tanasiga o'xshash, bargsimon tallomdan iborat. Ko'pchilik yo'sinlarning tanasi poya va barglarga bo'lingan, lekin ularning ildizi bo'lmaydi, ular tuproqqa maxsus o'simtalar (rizoidlar) orqali birikib turadi. Ildizi va o'tkazuvchi sistemalari yo'qligi bilan yo'sinlar boshqa yuksak o'simliklardan farq qiladi va taraqqiyot bo'yicha ulardan keyinda turadi.
Yo'sinlar sporalar bilan ko'payadi. Ularning jinsiy a'zolari ko'p hujayrali bo'lib, erkaklik jinsiy a'zosi anteridiy, urg'ochilik jinsiy a'zosi esa arxegoniy deb ataladi. Poyabargli yo'sinlar tabiatda juda keng tarqalgan bo'lib, ba'zan tundrada, botqoqliklar va zax yerlarda yer yuzini butunlay qoplab oladi. Poyabargli yo'sinlar 13 mingga yaqin turni o'z ichiga oladi.
F unariya yo'sini bo'yi 1—3 sm keladigan bir uyli o'simlik. Bu o'simliklarning och yashil rangli gilamchalarga o'xshash maysalarini erta bahorda ariq bo'ylarida, zax bosgan devorlarda, hovlilarning oftob kam tushadigan yerlarida, daraxt po'stloqlarida ko'rish mumkin. Funariya yo'sinining poyasi ingichka, ketma-ket o'rnashgan bargchalar bilan qoplangan. Poyaning tubi tuproq ichiga rizoidlar chiqarib, poyani tuproqqa biriktiradi.
Funariyaning barglari asosan bir qavat hujayralardan tashkil topgan. Ularning hujayralarida xlorofill donachalari bor. Bu barglarda yorug'da karbonat angidrid gazi, suv va mineral tuzlardan kraxmal va boshqa organik moddalar hosil bo'ladi.
Funariya yo'sinining ko'payish usuli ancha murakkab. Poyasining uchidagi ko'p hujayrali jinsiy a'zolarda — anteridiylarda ko'p miqdorda ikki xivchinli harakatchan jinsiy hujayralar (spermatozoidlar) hosil bo'ladi. Urg'ochilik jinsiy a'zolari — arxegoniylar kolba shaklida bo'ladi. Har bir arxegoniyda bittadan tuxum hujayra hosil bo'ladi.
B ahorgi yog'ingarchilik paytida, yo'sinlarning ustini suv bosib, anteridiy va arxegoniylarning uchi ochiladi. Spermatozoidlar anteridiydan suvga chiqadi, xivchinlari orqali harakat qilib, arxegoniylar ichiga kiradi va ularning ichidagi tuxum hujayra bilan qo'shilib zigota hosil qiladi. Oradan ozgina vaqt o'tgach, zigota o'sib, qisqa bandli, ichida sporalar hosil bo'ladigan ko'sakcha — sporangiyga aylanadi. Sporalar yetilgandan so'ng to'kiladi va tarqaladi.Nam tuproqqa tushgan spora o'sib, ko'p hujayrali, shoxlangan, ingichka yashil iplarni beradi. Ip shoxlarida kurtaklar paydo bo'ladi. Har bir kurtakdan esa yangi funariya yo'sini o'sib chiqadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |