MUSTAQIL ISh
Uch bosqichli musobaqalar tizimini tashkillash va boshqarish metodikasi
Fanidan
Bajardi: Qoldosheva D.
Qabul qildi:
Mavzu: “Umid nihollari” sport musobaqalarini tizimini tashkillash va boshqarish metodikasi
Reja:
Tadbirlarning o‘tkazilishi.
Musobaqa ishtirokchilari sonining o‘sishi va raqobatning rivojlanishi.
Musobaqa natijalari.
Musobaqa ishtirokchilarini kuzatish.
M uhtaram Prezidentimizning tashabbuslari bilan mamlakatimizda o‘quvchi-yoshlar o‘rtasida sportni rivojlantirish, ularni ommaviy ravishda jismoniy tarbiya va sport harakatiga jalb qilishga qaratilgan uch bo‘g‘inli “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” va “Universiada” sport musobaqalari tizimli amalga oshirilmoqda.
Buning natijasida yoshlarimizning sportga bo‘lgan qiziqishi kundan-kunga ortib borib, ular sog‘lom, irodasi mustahkam, Vatanimizning sodiq farzandlari bo‘lib voyaga yetmoqda.
Respublikamizda umumta’lim maktablari o‘quvchi-yoshlari musobaqalar ilk bora “Olimpiya umidlari” nomi bilan 2000 yilda Toshkent shahrida, “Umid nihollari” nomi bilan ilk bora 2002 yilda – Farg‘ona viloyatida o‘tkazilgan.
Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 3 iyundagi “O‘quvchi va talaba yoshlarni sportga jalb qilishga qaratilgan uzluksiz sport musobaqalari tizimini tashkil etish to‘g‘risida”gi 244 qaroriga asosan “Umid nihollari” 2003 yilda Xorazmda o‘tkazildi. (musobaqalar 2006 yilda – Qarshi shahrida, 2009 yilda – Guliston shahrida , 2012 yilda – Navoiy shahrida bo‘lib o‘tgan).
Umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkaziladigan “Umid nihollari” sport musobaqalarining respublika final bosqichi sportning 12 turi bo‘yicha 2012 yilda Navoiyda o‘tkazilgan edi.
Bu yilgi “Umid nihollari” sport musobaqalarining final bosqichi dasturiga ko‘ra o‘quvchilar avvalgi musobaqalardan farqli ravishda sportning jami 17 ta, shundan 16 ta (basketbol, voleybol, gandbol, futbol, suzish, stol tennisi, badiiy gimnastika, sport gimnastikasi, yengil atletika, erkin kurash, yunon-rum kurashi, taekvando, dzyudo, boks, og‘ir atletika, badminton) olimpiya turi va shaxmat bo‘yicha bellashdilar.
1. Tadbirlarning o‘tkazilishi:
“Umid nihollari” sport musobaqalarining final bosqichiga o‘quvchilarni saralab olish jarayoni musobaqa Nizomiga ko‘ra 2014 yil sentabr-oktabr oylarida boshlangan bo‘lib, birinchi bosqichda barcha maktablarning sinflararo bellashuvlarida jami – 4 067 161 nafar (1 793 618 nafari qizlar, 44%) o‘quvchilar ishtirok etishdi.
M aktablar o‘rtasida o‘quvchilarning kuzgi va qishqi ta’til kunlari vaqtida o‘tkazilgan ikkinchi bosqichda sportning 6 ta (basketbol, voleybol, suzish, futbol, stol tennisi, gandbol) turidan jami 746 130 nafar (300 390 nafari qizlar, 40,2%) o‘quvchilar qamrab olindi.
Qishki ta’til davrida sportning 11 ta (badiiy gimnastika, sport gimnastikasi, yengil atletika, erkin kurash, yunon-rum kurashi, taekvando, dzyu-do, boks, og‘ir atletika, badminton va shaxmat) turi bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqalarda jami 494 190 nafar (116 280 nafari qizlar, 23,5%) o‘quvchilar ishtirok etishdi.
O‘quvchilarning bahorgi ta’til vaqtida tumanlar o‘rtasida o‘tkazilgan uchinchi bosqichda ikkinchi bosqichda g‘olib deb topilgan jami 24 704 nafar (8 299 nafari qizlar, 33,5%) o‘quvchilar ishtirok etishdi.
“Umid nihollari” sport musobaqalarining final bosiqichlari Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 22 maydagi 367-f-sonli farmoyishiga asosan Tashkiliy qo‘mita tuzilgan holda joriy yilning 26-30 may kunlari respublikaning barcha hududlarida belgilangan zamonaviy sport majmualari hamda amfiteatrlarda “Yoshlik va sport” bayrami sifatida o‘tkazildi.
Tadbirlar respublikadan biriktirilgan mas’ul rahbarlar va viloyat hokimlarining tabrik so‘zi hamda O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi bilan ochildi.
Tadbirlarning badiiy qismida jahon va qit’a chempionatlari, xalqaro musobaqalarning sovrindorlari, taniqli sport ustalarining ko‘rgazmali chiqishlari namoyish etildi.
Tadbirlarni o‘tkazishda Yoshlarga oid davlat siyosatining muhim yo‘nalishlarini badiiy darajada talqin qilishga alohida e’tibor qaratildi.
Hududlarga respublikadan biriktirilgan taniqli san’atkorlar, “Nihol” mukofoti sovrindorlari, viloyat havaskorlik dastalari ishtirokchilari ijrosidagi Vatan, mustaqillik, yoshlik, shijoat, fidoiylik, sport va sog‘lom turmush tarzini tarannum etuvchi kuy - qo‘shiqlar va raqslardan iborat konsert dasturi yoshlar e’tiboriga havola etildi.
Hududlarda o‘tkazilgan bayram tadbirlarida jami 25 mingdan ortiq o‘quvchi-yoshlar, ularning murabbiylari va “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining faollari ishtirok etishdi.
2. Musobaqa ishtirokchilari sonining o‘sishi va raqobatning rivojlanishi:
Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan o‘tgan yillar mobaynida hududlarda qurilgan 1 605 ta bolalar sporti majmualari yoshlarni ommaviy sportga jalb qilishga zamin yaratdi.
Agar, 2003 yilda 16 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlarimizning 20 foizi sport bilan shug‘ullangan bo‘lsa, ayni kunda bu ko‘rsatkich 55,8 foizga yetdi. Jumladan, qizlar ulushi mos ravishda
16,4 foizdan 45,7 foizga oshdi.
2012 yilda “Umid nihollari” sport musobaqasi sportning 12 ta turidan o‘tkazilgan edi, 2015 yilda esa 17 ta turdan o‘tkazildi.
Sportning olimpiya turlarini rivojlantirish, mazkur musobaqaga o‘quvchilarni yanada ko‘proq qamrab olish maqsadida 2012 yilgi musobaqa dasturidan sportning 2 ta - milliy kurash va belbog‘li kurash turlari chiqarildi va 2015 yilgi musobaqa dasturiga sportning 7 ta turi - badminton, boks, og‘ir atletika, erkin kurash, yunon-rum kurashi, taekvando, dzyudo kiritildi.
Natijada, 2015 yilda musobaqa ishtirokchilari soni 2012 yilga nisbatan 388 876 nafaraga yoki 5,1 foizga oshdi.
Jumladan, musobaqaning maktab bosqichida 2012 yilga nisbatan 2015 yilda 208 620 nafar, tuman (shahar) bosqichida 176 698 nafar, hududiy bosqichida 3 558 nafar ko‘p o‘quvchilar ishtirok etdi.
Joylarda yangi sport inshootlarining bosqichma-bosqich barpo etilayotgani va zamonaviy sport anjomlari bilan ta’minlanayotganligi tumanlarda sportning rivojlanish darajasining ortishiga sabab bo‘lmoqda.
Avvalgi musobaqalarning hududiy bosqichlarida g‘oliblikni faqat viloyat markazlaridagi va unga yaqin joylashgan tuman, shaharlar egallagan bo‘lsa, 2015 yilda o‘tkazilgan musobaqaning hududiy bosqichida sovrinli o‘rinlarni chekka tumanlar: Chimboy, Xovos, Yangiqo‘rg‘on, Xatirchi, Chiroqchi, Koson tumanlarining yoshlari egallashdi.
Shuningdek, musobaqaning hududiy bosqichida 1-o‘rinni ilk bor Chilonzor, Sirdaryo tumanlari qo‘lga kiritdi.
3. Musobaqa natijalari:
“Umid nihollari” sport musobaqalarining maktab, tuman va hududiy bosqichlarida qatnashgan 4 mln. nafardan (ularning 1,8 mln. nafari qizlar (44%) ortiq o‘quvchi-yoshlar orasidan
1 792 nafari (shundan 602 nafari qizlar (33,5%) musobaqaning hududiy bosqichi g‘oliblari deb topildi.
Sportning 17 ta turi bo‘yicha musobaqaning hududiy bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 1 792 nafar o‘quvchi-sportchilar yurtimizda ishlab chiqarilgan 196 ta televizor, 196 ta velosiped, 196 ta sport kiyimi va sumkasi, 51 ta DVD pleyr bilan taqdirlandi.
Hududiy bosqichlarda 1-o‘rinni egallagan jamoalar ilk bor Prezidentimizning tashabbuslari bilan (Nukus, Andijon, Buxoro, Jizzax, Qarshi, Navoiy, Namangan, Samarqand, Termiz, Chirchiq, Farg‘ona va Urganch shaharlari hamda Chilonzor va Sirdaryo tumanlari) “Prezident sovg‘asi” sifatida 14 ta “Damas” rusumli avtomashinalar bilan mukofotlandi.
4. Musobaqa ishtirokchilarini kuzatish:
Tadbirdan so‘ng barcha o‘quvchilar tashkiliy ravishda yashash joylariga avtobuslarda yo‘l patrul xizmati kuzatuvi ostida kuzatildi va ularning ota-onalari bag‘riga yetib borishlari biriktirilgan mas’ullar tomonidan nazoratga olindi.
O‘tkazilgan tadbirlar tinch va osoyishta o‘tib, favqulodda xodisalar ro‘y bermadi.
Tadbirlar davomida va uning so‘ngida g‘olib o‘quvchilar, ularning ota-onalari, murabbiylar va sport faxriylari “Umid nihollari” sport musobaqalarining ahamiyati, yoshlarga yaratib berilgan sharoitlar, erishilgan yutuqlarga to‘xtalib, shukronalik va minnatdorlik tuyg‘ularini izhor qildilar.
Tadbirlar va ularga bildirilgan fikrlar markaziy va mahalliy ammaviy axborot vositalarida keng yoritildi.
“Umid nihollari” sport musobaqalarining final bosqichini hududlarda o‘tkazilishi har bir tuman va maktablarda sportning qaysi turi ommaviylashganligi, uning natijadorligining muhokama qilinishiga, har bir maktab va tumanlarda sportga bo‘lgan munosabatni, ayniqsa, ta’lim muassasalari rahbarlari va tuman hokimlarini natijalarni tahlil qilishga, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarning kelib chiqish sabablarini chuqur o‘rganishga, tegishli sport turlarini rivojlantirishga, umuman olganda hududda bolalar sportini yanada ommalashtirish choralarini ko‘rishga turtki bo‘ldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |