TEXNIKUM BITIRUVCHILARINI OLIY TAʼLIM MUASSASASI BAKALAVRIAT TAʼLIM YOʻNALISHIGA YAKKA TARTIBDAGI SUHBAT ASOSIDA QABUL QILISH UCHUN BAHOLASH MEZONI Mazkur baholash mezoni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 6-sentyabrdagi “Professional taʼlim tizimini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” PF-5812-son Farmoni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 11-yanvardagi “Texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarni oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga suhbat asosida oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 17-son qaroriga asosan tayyorlandi.
Texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarni (texnikumdagi butun oʻqish davrida oʻquv semestrlari yakuniga koʻra oʻzlashtirish baholari “5 (aʼlo)” va “4 (yaxshi)”, biroq oʻzlashtirish baholarining kamida 50 foizi (tibbiyot oliy taʼlim muassasalari uchun kamida 85 foizi) “5 (aʼlo)” boʻlgan bitiruvchilar) oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga suhbat asosida oʻqishga qabul qilish uchun oʻtkaziladigan suhbat jarayonlari uchun tuzilgan namunaviy savollar mazmun jihatdan:
mamlakatda oʻz sohasiga oid amalga oshirilayotgan islohotlarning mohiyati va ahamiyatini tushunish;
bakalavriat taʼlim yoʻnalishini tanlashda motivatsiya (soha kasbining mohiyati va ijtimoiy ahamiyatini tushunish, unga doimiy qiziqish koʻrsatish);
shaxsiy-kasbiy xususiyatlar (oʻqishga qobiliyat, kasbiy vazifalarni hal qilishda amaliy faoliyat, intizomlilik, hamjihatlik, masʼuliyatlilik, qaror qabul qilishda mustaqillik darajasi, shaxsiy yutuqlar mavjudligi, shuningdek, oʻz ustida ishlash va ijodkorlik qobiliyatlari);
tanlangan bakalavriat taʼlim yoʻnalishi sohasidagi bilim va kasbiy koʻnikmalarning mavjudligi kabi masalalar oʻz aksini topgan.
Kirish
Bugungi kunda taʼlim sohasini tubdan takomillashtirish davr talabiga aylangan. Ushbu talabdan kelib chiqqan holda, taʼlim sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi qonunlar qabul qilinmoqda. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 23-sentyabr kuni qabul qilingan “Taʼlim toʻgʻrisida”gi qonuni boʻlib, uning maqsadi taʼlim sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat. Mazkur Qonunga asosan taʼlim sohasidagi asosiy prinsiplar, taʼlim tizimi, turlari va shakllari aniq belgilab berilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 6-sentyabrdagi “Professional taʼlim tizimini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” PF-5812-son Farmoni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 11-yanvardagi “Texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarni oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga suhbat asosida oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 17-son qarori respublika oliy taʼlim muassasalari huzuridagi texnikumlarning kunduzgi taʼlim shaklini muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarni oʻz sohasiga mos bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha kirish imtihonlarisiz, yakka tartibdagi suhbat orqali oliy taʼlim muassasalariga qoʻshimcha qabul koʻrsatkichlari asosida oʻqishga qabul qilish tartibini belgilaydi.
Suhbat jarayonini tashkil etish va oʻtkazish tartibi
1. Oliy taʼlim muassasasi rektori (filial direktori) har yili 10-avgustga qadar oʻz buyrugʻi bilan har bir taʼlim yoʻnalishi boʻyicha alohida Suhbat komissiyasini tuzadi.
Suhbat komissiyasi 9 nafardan kam boʻlmagan tarkibda tuziladi va uning tarkibiga kadrlarning asosiy ish beruvchilari boʻlgan tashkilotlar va oliy taʼlim muassasasi boʻysunuvi boʻyicha vazirliklar va idoralarning masʼul xodimlari, sohaga taalluqli texnikumning malakali oʻqituvchisi hamda boshqa oliy taʼlim muassasasining tegishli soha boʻyicha professor-oʻqituvchisi kiritiladi.
Texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarni oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha suhbat jarayoni toʻliq videokuzatuv ostida oʻtkaziladi va jarayon ota-onalar, kuzatuvchilar uchun ajratilgan alohida kutish joyiga ovozli tarzda onlayn translyatsiya qilib boriladi.
Suhbat jarayoni toʻliq va sifatli videokuzatuv ostida oʻtkazilishini va videoyozuvlarning kamida uch yil oliy taʼlim muassasasida saqlanishini taʼminlash masʼuliyati shaxsan oliy taʼlim muassasasi rektori (filial direktori) zimmasiga yuklatiladi.
Bitiruvchilarni oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha oʻtkaziladigan suhbat jarayoni har yili 10-avgustdan 25-avgustgacha, oliy taʼlim muassasasi tomonidan belgilangan muddatda, Suhbat komissiyasi tarkibining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etgan taqdirda oʻtkaziladi.
Suhbat oʻtkazish muddatlari suhbat jarayonlari boshlanishidan kamida bir hafta oldin oliy taʼlim muassasasining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.
Suhbat jarayoniga jamoatchilik vakillari ham xolis kuzatuvchi sifatida jalb etilishi mumkin.
Belgilangan muddatlarda suhbatga kelmagan bitiruvchilarga shu oʻquv yili uchun qayta suhbat oʻtkazilmaydi va ular oliy taʼlim muassasasi bakalavriat taʼlim yoʻnalishining 2-bosqichidan oʻqishga qabul qilinmaydi.
Bitiruvchi uzrli sabablarga koʻra (kasalligi, xizmat safarida boʻlganligi yoki oila aʼzolarining vafot etganligini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etganda) suhbatda ishtirok eta olmaydigan boʻlsa yoki ishtirok etmasa, suhbat oʻtkazilgan sanadan uch kundan kechikmay oliy taʼlim muassasasida tuzilgan qabul komissiyasiga murojaat etishi lozim. Mazkur toifadagi bitiruvchilar uchun suhbat jarayonlari toʻliq yakunlanganidan soʻng bir hafta muddat ichida qoʻshimcha suhbat oʻtkaziladi.
Savollar oliy taʼlim muassasasi qabul komissiyasi tomonidan ishlab chiqilib, qabul komissiyasi raisi tomonidan tasdiqlanadi.
Suhbat jarayonida Suhbat komissiyasining har bir aʼzosiga Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 11-yanvardagi 17-son qaroriga bilan tasdiqlangan “Texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarni oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga suhbat asosida oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisida Nizom”da belgilangan namunaviy shakldagi (Ilova №1)bitiruvchining suhbat natijalarini qayd etish varagʻi (keyingi oʻrinlarda — suhbat natijalarini qayd etish varagʻi) beriladi.
Suhbat komissiyasi aʼzolari tomonidan suhbat natijalarini qayd etish varagʻiga har bir bitiruvchi bilan oʻtkazilgan suhbat natijasiga koʻra ball belgilab boriladi va imzolanadi.
Texnikum bitiruvchilarini oliy taʼlim muassasasi bakalavriat taʼlim yoʻnalishiga suhbat asosida qabul qilish uchun baholash mezoni
Suhbat jarayonida bitiruvchilarning har biriga quyidagi mavzular bоʼyicha bittadan jami tоʼrtta savol beriladi:
1) Mamlakatda oʻz sohasiga oid amalga oshirilayotgan islohotlarning mohiyati va ahamiyatini tushunish.
2) Bakalavriat taʼlim yoʻnalishini tanlashda motivatsiya (soha kasbining mohiyati va ijtimoiy ahamiyatini tushunish, unga doimiy qiziqish koʻrsatish).
3) Shaxsiy-kasbiy xususiyatlar (oʻqishga qobiliyat, kasbiy vazifalarni hal qilishda amaliy faoliyat, intizomlilik, hamjihatlik, masʼuliyatlilik, qaror qabul qilishda mustaqillik darajasi, shaxsiy yutuqlar mavjudligi, shuningdek, oʻz ustida ishlash va ijodkorlik qobiliyatlari).
4) Tanlangan bakalavriat taʼlim yoʻnalishi sohasidagi bilim va kasbiy koʻnikmalarning mavjudligi boʻyicha jami toʻrtta savol beriladi.
Har bir variantda 4 tadan savollari mavjud boʻlib, har bir toʻgʻri javob uchun 25 ball beriladi. Savollar uchun eng yuqori ball – 100 ballni tashkil etadi. Suhbat natijalari quyidagi mezonlar boʻyicha toʻplagan umumiy bali quyidagicha baholanadi.
T/r
Toʻgʻri javob
Baho
Xususiy ball
1
4
Aʼlo
90-100
2
3
Yaxshi
78-89
3
2
Qoniqarli
67-78
4
1
Qoniqarsiz
0-66
Muayyan taʼlim yoʻnalishi (guruh) boʻyicha suhbat jarayoni yakunlangach Suhbat komissiyasi aʼzolari tomonidan toʻldirilgan suhbat natijalarini qayd etish varaqlaridagi ballar hisoblab chiqiladi va shu asosida Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 11-yanvardagi 17-son qaroriga bilan tasdiqlangan “Texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarni oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga suhbat asosida oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisida Nizom”ga muvofiq namunaviy shakldagi (Ilova №2) bitiruvchi bilan oʻtkazilgan suhbatning yakuniy natijalarini qayd etish varagʻi (keyingi oʻrinlarda — suhbatning yakuniy natijalarini qayd etish varagʻi) toʻldirilib, Suhbat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.
Suhbat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan suhbatning yakuniy natijalarini qayd etish varagʻiga asosan Suhbat komissiyasining ishtirok etgan aʼzolari tomonidan qoʻyilgan ballarning oʻrtachasi 67 ball va undan yuqori boʻlganda abituriyent suhbatdan oʻtgan hisoblanadi.
Muayyan taʼlim yoʻnalishi (guruh) boʻyicha oʻtkazilgan suhbat natijalariga koʻra suhbatdan oʻtganlar roʻyxati shu kunning oʻzida abituriyentlarga oʻqib eshittiriladi.
Oliy taʼlim muassasasida suhbatlar oʻtkazilishi davrida belgilangan tartibda apellyatsiya shikoyatlarini koʻrib chiqish uchun apellyatsiya komissiyasi tashkil etiladi.
Apellyatsiya shikoyatlari suhbat natijalari eʼlon qilingan vaqtdan boshlab 24 soat ichida oliy taʼlim muassasasida toʻgʻridan-toʻgʻri yozma shaklda yoki Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining rasmiy veb-sayti orqali onlayn shaklda qabul qilinadi va appelyatsiya komissiyasi tomonidan murojaat qilganlarning sonidan kelib chiqqan holda bir kundan uch kungacha boʻlgan muddatda videoyozuv asosida koʻrib chiqiladi.
Suhbat natijalariga koʻra talabalikka tavsiya etilganlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar natijalar eʼlon qilingan kundan boshlab uch kun muddatda oliy taʼlim muassasasi rektori (filial direktori) tomonidan boʻysunuvi boʻyicha vazirlik, idoraga taqdim etiladi.
Suhbat komissiyasining suhbat natijalarini qayd etish hamda suhbatning yakuniy natijalarini qayd etish varaqlari uch yil oliy taʼlim muassasasida saqlanadi.