Bahodir karim. Adabiy tanqid jiddiy ijod (2013) Birovlarning talablariga emas



Download 120 Kb.
Sana30.12.2021
Hajmi120 Kb.
#191233
Bog'liq
Tanqid

BAHODIR KARIM. ADABIY TANQID — JIDDIY IJOD (2013)

Birovlarning talablariga emas,

balki o‘z qalbingizga quloq tuting.

I.Gyote

Yaxshi kitob yaxshi odamga o‘xshaydi. Bilasiz, yaxshi odamning ezgu amallari xotiraga muhrlanadi. Yaxshi odamning nomi umuman insoniyatga, G‘arb va Sharqqa birdek daxldor bo‘ladi. Yaxshi odamning kashfiyotlari, ezgu amallari dunyo kezadi. Tarix sahifalaridan o‘rin oladi. Mo‘‘tabar kitob­lar ma’naviyat tarixini bezaydi. Tinimsiz o‘qiladi; dunyo tillariga tarjimalar qilinadi. Insonlar qalbiga ezgulik urug‘ini ekadi. Ezgulik urug‘i toza qalb maydonida unib o‘sib gullaydi va meva beradi. Qarashlar kengayadi, poklik, to‘g‘rilik, ma’naviy yuksalish yo‘llari ochiladi. Shu ma’noda na faqat badiiy asarlarimiz, ilmiy, adabiy-tanqidiy asarlarning umri meni ko‘p o‘ylantiradi.

O‘tgan 2012 yilda adabiy tanqid, adabiyotshunoslikka doir katta-kichik yigirmadan ortiq kitoblar nashr etilibdi. Tabiiyki, ularning ilmiy saviyasi ham, mualliflarining darajasi ham bir xil emas. Adabiyotshunoslikda yashaydigan kitoblar osonlik bilan maydonga kelmaydi. Albatta, adabiy jarayonda badiiy asarlar bilan yonma-yon paydo bo‘lib, ularning oradan chiqishi bilan umrini tugatib ketadigan tanqidchilik kitoblari ham bor. Biroq bu yilgi kitoblar ancha mehnat-mashaqqatlar, tinimsiz izlanishlar asosida yozilgani ko‘rinib turibdi. Ayrimlari vaqt sinovidan o‘tgan va qayta mutolaaga munosib kitoblardir. Bir misol, U.Normatovning “Sarguzashtlar sardori“ kitobining bir sahifasida 1968-2012 sanasi qo‘yilibdi. Olimning X.To‘xtaboev to‘g‘risida yozgan mulohazalari, tahlil va talqinlari eskirgan emas; o‘n yillar oldin tanqidchi bilan adib o‘rtasida bo‘lib o‘tgan suhbatlarni ham xuddi bugungidek o‘qish va undan ma’naviy ozuqa olish mumkin. Olim “Sariq devni minib”, “Sariq devning o‘limi”, “Qasoskorning oltin boshi” asarlari misolida X.To‘xtaboevning sarguzasht romanlari tabiatiga doir: hayot tajribasi, bolalarga xos nigoh, bayon usulidagi sintez, satirik pafos, ko‘ngil dardini to‘kib solish kabi qator individual xususiyatlarni ochib beradi va misollar bilan asoslaydi.

A.Rasulovning “G‘aroyib saltanat” risolasida X.To‘xtaboev, “O‘zlik sari yo‘l” kitobchasida Anvar Obidjon ijodi atroflicha tahlil qilinadi. Olim fosh etish xususiyatiga tayanib, “Sariq devning o‘limi”ni dedektiv roman sifatida taqdim etadi. O‘rni kelganda dunyo bolalar adabiyotining zabardast namoyandalari bilan ob’ekt adiblar ijodi taqqoslanishi ham tabiiy taassurot qoldiradi. Bitta adib ijodiga maxsus bag‘ishlangan kitoblardan yana biri “Yuluzning besh qirrasi” deb nomlanadi. Dotsent A.Alimbekov unda O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali hayoti va ijodini tadqiq etadi. Kitob ijodkorning shoir, nosir, publitsist, tarjimon va adabiyotshunos sifatidagi qirralari yuzasidan tasavvur beradi. Bunda muallif adibning kundaliklaridan samarali foydalangani - uning ijod labaratoriyasiga kirib borganini ko‘rsatadi.

O‘tgan yilgi xirmon ichida badiiy ijod egasining adabiy-tanqidiy maqolalari jamlangan ikkita kitob ajralib turadi. Yozuvchi, tarjimon va adabiyotshunos Otauli uzoq yilardan beri yozgan maqolalarini “So‘z san’atidan saboqlar” nomi bilan ikki qismdan tarkib topgan bir kitobga jamlabdi. Bu Otauli adabiy-ilmiy faoliyatining bir qismidir. Turli adabiy avlodlarning turli saviyadagi asarlariga Otaulining jiddiy, xolis, kuyinchaklik bilan bildirgan munosabatlarini ko‘rish mumkin unda. Muhimi – kitobdagi maqola va suhbatlar Otaulining badiiy so‘zga, adabiy hayotga, katta-kichik adiblar ijodiga o‘z munosabati borligini namoyon etadi. Ikkinchisi shoir Vafo Fayzullohning “Chaqmoq yorug‘i” kitobi. Bunda Vafoning adabiy-estetik didini, badiiy asarni tushunish darajasini ko‘rish mumkin. Tarixda ijodkor kuzatishi, ijodkor tanqidi, ijodkorning adabiyotshunos sifatida tahlil va talqinlarga taqdim etishi, albatta, o‘zining juda yaxshi samaralarini berdi. Bu sohada ijodkorlardan ayrimlari akademik darajasiga yetdi. Bu an’ana bugun Otauli, Vafo Fayzulloh va boshqa ko‘pgina shoirlar, nosirlar izlanishlari misolida davom etmoqda. Shu o‘rinda serqirra ijodkor Ulug‘bek Hamdamning “Yangi o‘zbek she’riyati” nomli monografiyasini ham jiddiy tadqiqotlardan biri sifatida ta’kidlashni istar edim. Ulug‘bek – shoir, adib, tarjimon. Eng asosiysi – ilmiy unvonga ega va shu yo‘lda izlanayotgan adabiyotshunos. Uning yangi kitobida XX asr o‘zbek she’riyati tasniflanadi; lirikaning eng muhim ilmiy-nazariy qirralari, g‘oyaviy-badiiy xususiyatlari ustida fikr yuritiladi. U.Hamdam kitobi maqolalar to‘plami emas, she’riyatimiz tabiatini oydinlashtirib beradigan yaxlit yaxshi bir tadqiqot.

Shu o‘rinda dotsent U.Dolimov yozgan “Milliy uyg‘onish pedagogikasi” kitobini ham eslab o‘tishni istar edim. U.Dolimov tadqiqotlarida milliy nuqtai nazar, millat manfaatini ko‘zlash kuchli. Domlaning yangi kitobidagi ifodalangan fikr va muammolarning o‘zaro bog‘lanishi, o‘rtaga tashlangan muammo yechimi uchun keltirilgan dalillar – bularning barchasi uzoq yillik zahmatli mehnat samarasi. To‘g‘risi, bunday mutaxassis olim bir-ikki yil ichida o‘z-o‘zidan shakllanmaydi. To‘g‘risi, bunday kitob ham bir-ikki yil ichida maydonga kelmaydi.

Darvoqe, o‘tgan yili nukuslik K.Qurambaevning Maxtumquli hayoti va ijodi, o‘zbek adabiyotida shu shoir ijodining badiiy talqini va o‘zbek hamda qoraqalpoq maxtumqulishunosligiga doir jiddiy kitobi nashr etildi (Kitob haqida qarang: B.Karim.“Ilhom chashmasi mavjlari. “O‘zAS” gazetasi. 2012 yil, 11 may). Shuningdek, bir qaraganda texnik ishga o‘xshab ko‘rinsa ham, buxorolik I.G‘aniev va N.Afoqovalar “Jadid adabiyoti va adabiyotshunosligi bibliografiyasi” nomli juda zarur bir kitobni nashr ettirdi. Unda besh mingdan ortiq manba ko‘rsatilgan. Juda katta mehnat qilingan. Bunday kitoblar tadqiqotchiga yordam va yo‘llanma beradi. Vaqtini tejab, izlanish yo‘lini yengillashtiradi. O‘z vaqtida Sh.Turdiev va B.Qorievlar tuzgan “O‘zbek adabiyotshunosligi va tanqidchiligi bibliografiyasi (1900-1941)” kitobidan jadidshunoslar juda unumli foydalandi. Shunga o‘xshash “Turon” kutubxonasi xodimasi F.Nuriddinova tomonidan 20-30-yilar vaqtli matbuotining bir qismini o‘zida jamlagan “Milliy matbuot fihristi”, jadidshunos Z.Abdurashidov tomonidan “Tarjimon”dagi Turkiston materiallarining izohli bibliografiyasi” tuzilgani va nashr etilganidan boxabarmiz. Yangi “Bibliografiya” ham shular qatoriga qo‘shilishga haqli, albatta. Ammo mulohaza sifatida ko‘rsatkichda takrorlar, tizim va imloda har xilliklar, mualliflarning ism-familiyalarda juz’iy xatolar ham borligini aytib o‘tish joiz. Nazarimda, tuzuvchilar bevosita vaqtli matbuot manbalaridan ko‘ra, ko‘proq turli tadqiqot yoki ilmiy kitoblarning “Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati”dan foydalangan ko‘rinadi. Buning oqibatida jadid adabiyoti davriga mutlaqo aloqasiz manbalar ham kitobga kirib qolibdi.

O‘tgan yilda mualliflar jamoasi yozgan adabiyotshunoslik majmualari, darslik­lar ham bosilib chiqdi. Zahmatkash olim N. Karimov tavalludining 80-yilligi munosabati bilan chop etilgan “XX asr o‘zbek adabiyoti masalalari” o‘tgan yilning jiddiy kitoblaridan biri bo‘ldi. Majmuada o‘ttizdan ortiq muallif o‘z ilmiy maqolalari bilan qatnashdi. Ular orasida akademikdan tortib, ilm yo‘liga kirib kelayotgan yoshlargacha bor. To‘plam mundarijasi, mavzu yo‘nalishi rang-barang. Kitob haqiqatan ham o‘tgan asr o‘zbek adabiyoti tarixiga, adabiy tanqidchiligi, folklorshunosligi, hozirgi adabiy jarayon, qiyosiy adabiyotshunosligiga tegashli dolzarb masalalarni qamrab olgan. Keng qamrovga ega bu kitob olimga ilmiy jamoatchilikning hurmat-ehtiromi ramzi sifatida qabul qilish o‘rinli. Aslida N.Karimov ilmiy ijod qamrovi juda keng adabiyotshunos. Bu jihatni hayotiy-ilmiy dalillarga, teran muhokamalarga nihoyatda boy bo‘lgan “Adabiyot va tarixiy jarayon” nomli kitobi ham isbotlab turibdi.

O‘tgan yili B.Nazarov, A.Rasulov, Q.Qahramonov, Sh.Ahmedovalarning “O‘zbek adabiy tanqidchiligi tarixi” darsligi maydonga keldi. Bir yil ichida talab bo‘yicha ikki marta bosildi. Shuning o‘zi ham darslikning naqadar ahamiyatli, zarur ekanini ko‘rsatadi. Unda o‘zbek adabiy tanqidchiligiga xos eng asosiy davrlar, eng muhim ilmiy tamoyil va bosqichlar qamrab olingan. Adabiyotshunos-munaqqidlarning ijodiy faoliyatiga maxsus sahifalar ajratilgan.

Suyukli adibimiz Xudoyberdi To‘xtaboevning tabarruk 80 yoshi munosbati bilan yuqorida tilga olingan U.Normatov, A.Rasulovlarning kitobi qatoriga yana bir kitobni - yozuvchi o‘z zamondoshlari nazdida qanday ijodkor shaxs ekanini ko‘rsatuvchi “Dunyoga tanilgan adib” nomli jamoa to‘plamini ham qo‘yish lozim. Unda yigirmadan ortiq mualliflar qatnashgan; beshta suhbat berilgan. Boshqa millat ziyolilarining e’tiroflari, taniqli adib va kitobxonlardan kelgan qator maktublar o‘rin olgan. Tabiiyki, manbalarning sakkiz faslga maxsus taqsimlab, har biriga adib tilidan jinday quvlik va topqirlik bilan she’riy sarlavhalar qo‘yilganini kitob tartib berish madaniyatidagi o‘ziga xos topilma, deb baholash mumkin.

Bilasizlar, ulkan adabiyotshunos, munaqqid Matyoqub Qo‘shjonov kamtar, kamsuqum, o‘zini ha deb ko‘z-ko‘z qilavermaydigan bir inson edi. Domla hatto o‘z asarlari bibliografik ko‘rsatkichini tuzmagan, birovga aytib ham tuzdirmagan ekan. Bu amaliy ish hozirga qadar bajarilmay turibdi. “Matyoqub Qo‘shjonov zamondoshlari xotirasida” kitobi ham to‘rt yil bosilmasdan yotdi. Buning ham bir hikmati bor ekan. Kitobning tavallud sanasi M.Qo‘shjonovga o‘xshagan haqgo‘y, adolatparvar, qat’iyatli ikki inson – Begali Qosimov (“Begali Qosimov zamondoshlari xotirasida”) va Shavkat Rahmon haqidagi (“Shavkat Rahmonni xotirlab”) kitoblari bilan bir paytga to‘g‘ri keldi. Bu insonlar faoliyati va ularga tegishli kitoblarda qandaydir ruhiy yaqinlik; o‘ziga xos ramziy ma’no bor. Har uchala xotira kitobida ham sun’iylik, majburiyat ostida yozilgan xotiralar deyarlik kuzatilmaydi. Odatda, xotira yozuvchi o‘zini targ‘ibiga, “men-men”sirashga o‘tib ketadi. Nazarimda, har uchala kitobdagi manbalarning ko‘pisini mualliflar qalb amri bilan, hatto xotira kitobini mutlaqo xayollariga keltirmagan holda yozgan ko‘rinadi. M.Qo‘shjonov haqidagi kitobdagi “Jonkuyar”, “U kishim – ustoz, men – shogird”, “Domla”, B.Qosimov xotirasiga bag‘ishlangan kitobdagi “Xotira qa’ridagi iztiroblar”, “Olimning o‘limi – olamning o‘limi”, “Adabiyotshunosligimiz Hamleti”, Shavkat Rahmonni to‘g‘risida yozilgan “Rassom xotiralari”, “She’riyatga ko‘chgan shaxsiyat”, “Non hidi” kabi maqolalar samimiyligi, chinligi, butunligi, dardu iztirobi bilan ajralib turadi. B.Qosimov to‘g‘risida yozilgan haqqoniy bir fikrga ko‘zim tushdi: “Hech kimdan biror narsa kutmas, kongresslarda uchrashib qolganimizda kulimsirab turgan yuzida do‘stlikdan ham vafo topmagan, do‘stlikdan ham xiyonat ko‘rganlik iztirobi sezilib turar edi”. Domlaning nihoyatda tanish bir qiyofasi ko‘z o‘ngimda gavdalandi. To‘g‘risi, bu xotira kitoblaridagi ko‘pgina maqolalar turli davrlarda, ayrimlari o‘sha ijodkorlar tirik paytida vaqtli matbuotda bosilib chiqqani ma’lum. Tuzuvchilar har kimga maxsus aytib xotira yozdirmasdan o‘sha manbalarni to‘plab kitob holiga keltiribdi. Bu ham xotira kitoblariga tartib berishning o‘zini oqlaydigan bir usulidir.

Bugungi yosh avlod M.Qo‘shjonov, B.Qosimov, Shavkat Rahmon kabi fidoyi, qalb ko‘zi ochiq haqiqiy ijodkor, ma’rifatparvar shaxslarni yaxshiroq tanishi, ularning ibratli yo‘lidan saboq olishi kerak. Xotira kitoblarining adabiyotshunoslik tarixida shunday xizmati ham bor, albatta.

“Mumtoz so‘z” nashriyoti “Ma’rifat fidoyisi” ruknida o‘tgan adabiyotshunoslarni xotirlash va ularning asarlaridan namunalar saralab, qayta nashr etishdek xayrli ishni boshlaganiga ancha bo‘ldi. Bu yil shu rukndagi bir kitob adabiyotshunos Botirxon Akromovga bag‘ishlandi...

Har qanday fan sohaning kelajagi umidli yoshlarga ko‘z tikadi. Ilm-fandagi kopernikona kashifyotlar yoshlardan kutiladi. Badiiy ijodda, ayniqsa, iste’dodli yosh shoirlar tez dovruq qozonadi, nazarga tushadi. Ammo ilmiy ijod yo‘lida sharoit nisbatan boshqacha. Bu yo‘l mashaqqatli yo‘l, bekatlari ham ko‘p: o‘qish, anglash, tushunish, o‘rganish, tasniflash, tushuntirish, tahlil va talqin etish... “XX asr o‘zbek adabiyoti masalalari” to‘plamiga kirgan yoshlardan Behzod Fazliddin, Safarali Qurbonovlarning maqolalarini o‘qib xursand bo‘ldim. Ora-orada matbuotda ko‘rinayotgan Otabek Safarov izlanmoqda. Sa’dulla Quronovning “Ifoda va ifodaviylik”, Komil Hamroevning “Shukur Xolmirzaev hikoyalarida kompozitsiya” nomli dastlabki ixcham risolalari nashr etildi. Badiiy asarlar mohiyatini anglaydigan va qarashlarini o‘ziga xos tarzda ifodalaydigan yosh adabiyotshunoslarning yetishib kelayotgani odamni quvontiradi. Albatta, yoshlar kelajagidan fol ochish ortiqcha ish. Ilmiy unvonlarga qiziqishlari tabiiy, ayni damda, adabiy jarayon yukini zimmalariga olishlariga ham umid qilish mumkin. Tirikchilik degan bahaybat o‘pqon qopqasidan omon o‘tishsa, biryoqlamalik, yuzakilik, shuhratparastlik kabi yengil yo‘llardan uzoq yurishsa, tozalik va to‘g‘rilik ularning ilmiy aqidasiga aylansa, bunday izlanuvchi yoshlar umidni oqlaydi.

Kitoblar munosabati bilan munaqqidning tarixiy missiyasi ustida ham ko‘p o‘yladim. Istaysizmi-yo‘qmi adabiy tanqid adabiyotshunoslikning muayyan bir sohasi bo‘lgani holda adabiyot nazariyasiga ham, adabiyot tarixiga ham juda juda aloqador. Adabiy tanqid adabiy jarayon bilan tirik. Yangi nazariyalar shu jarayonda tug‘iladi yoki yangi nom oladi. Adabiyot tarixiga munosib adabiy siymo va uning asarlari ham adabiy jarayon elagidan o‘tadi. Dunyo adabiyotshunosligining tajribasi shunday. Avvaldan ham o‘ylanib kelaman. Munaqqid bu ijodkor odam. Adabiy tanqid ham o‘zning spetsifik xususiyatiga ega ijodning bir turi. Adabiy tanqidchi adiblarning tavallud kunlarida qo‘llarida gul tutib sahnaga chiqadigan nozanin ham, kafgiri bilan qozon kovlab, to‘yda xizmat qiladigan oshpaz ham emas. Negadir adabiyotchi-munaqqidlar aynan kimlarningdir tavallud ayyomlarida noyoblashib, go‘yoki bir zarur “matoh”ga aylanadi. Munaqqidning bunday xizmat turida juda yengillik va yuzakilik seziladi. Holbuki, adabiyotshunos-munaqqidning vazifasi bundan ko‘ra jiddiyroq, ilmiyroq, og‘irroq, yukliroq, mas’uliyatliroqdir...

Aslida, har qanday matn tarkibidagi gap biror ma’noni ifodalashi lozim. Bir maqolada yoziladi:“Global germenevtikada matn transformatsiyasi orqali global xarakter kasb etgani holda, ularning qahramonlari oddiy koinot zarrasi xarakteridan chiqib, fazoviy xarakterga ega bo‘lishini eslatadi” (M.Tojiboev. “Sh.yu”, 2012 yil, 4-son.). Necha bor takror o‘qish bilan anglashning imkoni bo‘lmadi. Maqolada shu tarzdagi qandaydir ajnabiy tildan qilingan no‘noq tarjimani, eslatadigan o‘rinlar talaygina edi.

Shu yuqoridagi gapni yozsammi-yozmasammi, degan o‘y bilan yurgan kunlarning birida qo‘limga samarqandlik A.Nosirovning “Odil Yoqubov romanlari poetikasi” kitobi kelib qoldi. O‘qidim va beixtiyor: “Mana, azizlar bo‘lar ekan-ku!”, dedim bor ovozda. Birorta odam tushunmaydigan tilda yozsa, axir bo‘lar ekan-ku! Kitobda adib romanlari va o‘zbek olimlari kitoblaridan olingan ko‘chirmalar tushunarli ifodasini topgan. Ruscha tarjimalarining ayrimlarida esa ma’no yo‘q. Kitob muallifi yozgan, chuqur ilmiyga o‘xshaydigan gaplari g‘alati, ma’nisiz, bir qaynov ichidagi gaplardek taassurot qoldiradi. Masalan: “Roman janri poetikasi tizimlararo o‘zaro aloqalar uyushmasi tig‘izligidan iborat” (6-bet), “Estetik ong janr aniqligini asoslaydi. Badiiy shakl joriyligi voqelikka ijodiy munosabatni uyushtiradi. Hissiy idrok uzvi tasavvur yaxlitligini taqozo etadi. Demak, badiiylik mezoni va imkoniyati mantiqiy tadriji atama miqyosi a’zolari rang-barangligini tasdiqlaydi” (7-bet), “Davr ruhiyati tadqiqi yaxlitligi qahramon faoliyatiga singdirilgan ijodiy kontseptsiya mundarijasida tugal mohiyat kasb etadi” (8-bet). To‘g‘risi, odam ketma-ket bunday rebuslarni yechishda ancha esankirab qoladi.

Davom etaylik: “Shu ma’noda, janr tabiati xilma-xil poetik uyushmalarni jips­lashtiradi. Shakl, mazmun va uslub o‘rtasidagi badiiy munosabatni qayta tiklash uning asosiy poetologik vazifasi sanaladi” (14-bet), “Falsafiy-ijtimoiy-ruhiy umumlashma teranligi talqinni lahzada idrok etishga imkon bermaydi, tahlil mantig‘ini tadqiq sahniga ko‘taradi” (17-bet). “Muallif qabariq tasvir qorishig‘ida inson idrokini band etgan ijtimoiy-ruhiy muammolarni ko‘ndalang qo‘yadi. Xotiralar dinamikasida qayta tiklangan imkoniyat asar yo‘nalishini tashkillaydi” (18-bet). Istalgan bir sahifani ochish mumkin; misoli chiqadi: “Ijod falsafasi va muammo muayyanligi sintezi, ruh ma’naviyati va sintaktik tanlov mushtarakligi, muallif kontseptsiyasi pozitiv xarakteri va tasvir qabariqligi yaxlitligi yozuvchi poetologik mundarijdasining o‘ziga xos xususiyatlaridan dalolat beradi” (88-bet).

To‘g‘risi, ilmiy-falsafiyga o‘xshab ko‘ringan bu insholar ancha mujmal. Aslida, teran tasavvur qilinmagan narsalar xususida mujmal fikrlar bayon etiladi. Kitob garchand roman poetikasiga bag‘ishlangan bo‘lsa ham, unda eng asosiy poetik unsurlar tizimli ravishda tekshirilgan emas. Afsuski, o‘tgan 2012 yil kitoblari orasida shu toifadagilari ham uchradi. Abdulla Qodiriy aytadi: “So‘z so‘ylashda va ulardan jumla tuzishda uzoq andisha kerak. Tuzilgan jumlani yozuvchining o‘zigina tushunib, boshqalarning tushunmasligi katta ayb. Aslida yozuvchilik aytmoqchi bo‘lgan fikrni hammaga barobar anglata bilishda, oraga anglashilmovchilik solmaslikdadir” . Bu gap adabiyotshunos-munaqqidga ham tegishli.

Yana bir mulohaza. Bugun internetga kirib, turli manbalarni tarjima qilib, yamoqchilik bilan ham nafaqat maqolalar, balki risolalar, kitoblar “yasab tashlash” oson yumushga aylandi. Bugun har qanday sohada chuqur ilmiy tafakkur mahsuli bo‘lgan umrboqiy kitobning tadqiqot o‘laroq “yaralishi”dan ko‘ra internet ma’lumotlari yoki stilistik o‘yinlar bilan uch-to‘rtta kitobdan olingan ko‘chirmalar orqasida kitob “yasash” jarayonlari ham kuzatiladi. Bunday “yasama”larni jamlovchilar mualliflik da’vo qilmagani va o‘zlari insof bilan “Ko‘rganlarimdan ko‘chirganlarim” degan maxsus rukn ostida kitoblar turkumini e’lon qilishlari adolatdan bo‘lar edi. Shu ma’noda har qanday ijod sohasida mustaqil tafakkur, vijdon, insof, uyat, andisha kabi tushunchalar bugun har zamondagidan ko‘ra noyobroq sanaladi.

Xo‘sh, o‘tgan yilgi bu yigirmadan ortiq kitoblar qaysi nashriyotlarda bosildi? Shunday savol qo‘yish to‘g‘rimi? Odatda davlat nashriyotlari o‘zlarida chiqarayotgan kitoblarga adabiyotshunoslar so‘zboshi, so‘ngso‘z yoki matbuotda taqriz yozishlarini ma’qul ko‘rishadi. Ammo adabiyotshunos olimlarning kitoblarini bosish masalasida ahvol qanday? Har bir nashriyot aqalli bitta olimning kitobini bosadimi? Rejaga kiritadimi? Olimning kitobi tez sotilmasligi aniq. Shu bois bosishdan manfaat ham yo‘q.

Men kitoblarning nashr qilingan joylari bilan qiziqdim. Ular “Tafakkur”, “Akademnashr”, “Noshir”, “Turon-iqbol”, “Mumtoz so‘z”, “Muharrir” kabi nashriyotlarda bosilibdi.

Bu xususiy nashriyotlarni kamsitish uchun aytilayotgan gap emas. Bugungi xususiy nashriyotlar ichida faqat pul ketidan quvavermaydigan, o‘z qiyofasi va pozitsiyasini shakllantirganlari bor. Bilasizki, men sanagan nashriyotlarda mualliflar kitoblarini o‘z hisobidan chiqaradi; sotish uchun sarson yuradi. (To‘g‘risi, “Adib”da 4 ta, “Fan”da ikkita, “Sharq”da bitta adabiyotshunoslik kitob bosildi. Keyingi uchtasining ham moddiy tomoni muallif yoki homiy zimmasiga tushgan bo‘lsa kerak. Bu raqamlarda xatolik bo‘lishi mumkin).

Adabiy tanqidiy kitoblar ham davlat nashriyotlarida bosilsa, ularni yozgan odamlarga qalam haqi berilsa, qanday yaxshi bo‘lar edi. To‘g‘risi, bu hodisaning sodir bo‘lishi yil o‘tgan sari shirin xayol va orzu-istak tomonga qarab ketmoqda.

Xulosalarimni maxsus raqamlab ilova qilmoqchi emasman. Chunki yuqorida aytgan mulohazalar ichida xulosa ham, taklif va tilaklar ham bor.

“Sharq yulduzi” jurnali, 2013 yil, 3-son.

6 Октября 2013

VADUD MAHMUD. ADABIY TANQIDGA BIR NAZAR (1924)

(A. Sa’diyning «O’zbek yosh shoirlari» maqolasi munosabati bilan)

Shu kunlarda o‘zbek matbuotida o‘zbek adabiyoti to‘g‘risida ko‘pgina narsalar yozila boshlandi. Bu esa bizning uchun buyuk ahamiyat bilan tekshiriladurg‘on bir maydondir. O’zbek adabiyotiga oid jiddiy bir narsa yozmoq uchun keragicha zamin va vosita yo‘q darajasida bo‘lg‘on shu zamonda bunday harakat qo‘b qiyindir. Chunki bu haqda haligacha hech bir qadam otilmag‘on va hech tajriba yo‘qdir. Bu mavzuda tajriba o‘laroq A. Sa’diy o‘rtoqning bir necha maqolalari qo‘limizdadir. Albatta, shunday yashlanmagan bir mavzuga bir kun bizningda ishtirok etishimizga, to‘g‘risi, A. Sa’diy o‘rtoqning «O’zbek yosh shoirlari» unvoni ostidagi adabiy tanqidlari sababchidir. Bo‘lmasa hali biz hech bir jihati ochilmag‘on — xom bir mavzu ustida birdan umumiy fikr bayon etishga jasorat qila olmas edik. Bizga qolsa, o‘zbek yosh shoirlarining tekshirilishi uchun boshlab ularning asarlari birma-bir, atroflicha tekshirilib, so‘ngra har shoirga ayricha qiymat bergach, umumiy fikrga keyindangina kirishmak muvofiq bo‘lar edi.

Biz A. Sa’diyning maqolasini birinchi qatla ko‘zdan kechirganda fahsh xatolar ko‘rganimizdan bu haqda chuqurroq taftishlarga kirishdik. Biz boshlab o‘zbek yosh shoirlari sarlavhasini ko‘rub, mavzu haqida qanday tasavvurlarda bo‘lg‘on bo‘lsaq, butkul teskarisini ko‘rganimizdan bu haqda sukut bilan o‘tirishni o‘znmizga muvofiq ko‘rmadik. Boshlab shuni aytishga to‘g‘ri keladirki, shuncha katta bu mavzuni olg‘on yozg‘uchi hech bir jiddiy tekshirishga kirisha olmag‘on. Quyida ko‘rsatiladurg‘on buzuq xatolar buni ochiq qo‘rsatadir.

Boshlab Sa’diyning yangi adabiyotimizni chig‘atoy o‘zbek adabiyoti atab, bu o‘zbek uslubining boshi o‘laroq Abulg‘ozi tomonidan boshlang‘onini va bu yo‘lni Behbudiylar ta’qib etgan degan fikrini ko‘rsata olamiz. Bu «nazar» bizning tekshirishimizga qaralsa, to‘g‘ri bir nazar bo‘lib chiqmaydir. Chunki Abulg‘ozining na tili, na uslubi chig‘atoy til — uslubidan boshqa narsa emas, Abulg‘ozining nasri tom ma’nosi-la chig‘atoy til va uslubi bilan yozilg‘on. Mana «Shajarai turk»dan bir parcha (aynan): «Chig‘atoy xon haybatlik va siyosatlik podshoh erdi va dono erdi ... Bu aytilg‘on viloyatning hech qaysisig‘a o‘zi borg‘on yo‘q, ammo dorug‘alar qo‘yub erdi va mulla Sakokiy oning nadimi erdi...».

So‘z cho‘zilmasin deb qisqa bo‘laklar ko‘rsatdik. Shu bilan ham umumiy bir fikr olish mumkindir. Chig‘atoy adabiyotining eng muhim ruknlaridan biri bo‘lg‘on Bobirning «Bobirnoma»sidan ko‘z oldig‘a keltirib chog‘ishtirish uchun tag‘in bir parcha taqdim qilamizkim, shudir (aynan):

«Andijon ustida voqe bo‘lubtur. Farg‘ona viloyatining poytaxtidur - oshlig‘i vofir, mevasi farovon, qovun va uzumi yaxshi bo‘lur, qovun mahalida foliz boshida qovun sotmoq rasm bo‘lmas, Andijonning noshbatisidan yaxshiroq noshbati bo‘lmas, Movarounnahrda Samarqand va Kesh qo‘rg‘onidan so‘ngra bundan ulug‘roq qo‘rg‘on yo‘qtur...».

Bu misollar tekshirilganda va chog‘ishtirilganda na til, na uslubda hech bir «ayriliq» emas, balki «birlik» ko‘rinadir. Balki Sa’diy «Shajarai turk»da iste’mol qilingan bir nechagina lug‘at-so‘zning Bobirlarda yoki boshqa chig‘atoy adabiyotida bo‘lmaganidan shunday katta bir «kashfiyot»da bo‘lgandir. Holbuki o‘zbeklik degan jarayonlar borligiga dalil bo‘la olmaydir. Balki bu o‘zgalik bir tilning, ya’ni chig‘atoy tilining bir necha asr orasidagi takomuli va o‘zbekning o‘zbekligi natijasi deb qaralsa ma’qul bo‘lib qoladir. Holbuki yuqoridagidan ham ma’lum bo‘lgani kabi ikkovi orasida hech bir ayirma yo‘qdir. Bu xato esa tekshirilmay havoiygina fikr yuritishning natijasidir.

Buning orqasidan Behbudiylarning Abulg‘ozi til — uslubini boshqadan tirgizganliklarini aytadikim, bu ham to‘g‘ri emasdir. Mana Behbudiyning «Oyna» jurnalidagi «Bir millat qanday taraqqiy etadir» degan maqolasidan bo‘lak: «Tajribakor va olim bir muharrir yozadirki: taraqqiyning eng birinchi unsuri va tuxumi maorifdir va klmdir. Shubhasizki, bir millatning fardlari, ya’ni bir toifaning odamlari naqadarki, sa’yi qilguvchi va naqadarki, olim va ishbilguvchi bo‘lsa, u millat madaniyda shuncha muhim va shuncha yuqori bir mahal tutar. Masalan bir ro‘zg‘orda bir ona va to‘rt o‘g‘ul bor. Bularning har biri ish bilguvchi va har biri tinmas va korkun va foydakordirlar. Albatta bu ro‘zg‘or boy va obod bo‘lur va atrofdagilarga nufuz qilar...».

Behbudiyning va uning bilan birga ishlagan «yangi adabiyot» egalarining tillari ham Sa’diy aytganicha o‘zbekcha, ya’ni chig‘atoydan boshqa bir til va uslub bo‘lmay ayni o‘shal til va uslubdir va uning bir oz takomul etgan va zamonning o‘tishi bilan ahamiyatsiz o‘zgargan suratidir. Bugungi adabiyotimizni o‘zbek adabiyoti deb atashimizning sababi dunyoda bo‘lmagan Abulg‘ozi o‘zbekchasi bilan yozilishi uchun emas, shunday «iltizomiy» bir suratda faqat ot uchungina «o‘zbekcha» bo‘lgani uchundir.

Endi haligacha ko‘rilmagan va tekshirilmagan bir masalaga kelaylik: haqiqatan o‘zbek tili degan bir til bormidir, yo‘qmidir yoki bu faqat yuqorida aytganimiz kabi quruq bir otdan iboratmidir?

Bunga qo‘limizdan kelganicha javob beraylik: Turkistonda «o‘zbek» atalgan bir qavm bo‘lgani kabi «o‘zbekcha» degan bir til ham bordir. Lekin u til bugungi gazeta va kitoblarimizning tili emas. Balki u til hali adabiyotimizga kirmagandir. Bu o‘zbekcha sof o‘zbeklar yashagan joylarda ishlatiladirkim, uning namunasini G’ozi Olim o‘rtoq adabiyotimizga birinchi o‘laroq hadya etdi («Bilim o‘chog‘i»ning 2-sonida «Alpomish» dostonini qarangiz). Dostondan namuna uchun bir bo‘lak olamiz (aynan):

«Ay, Boybo‘ri jolg‘iz sog‘on bir ul bir qiz berdi, jolg‘iz emas egiz berdi. Mundan borsang parzandini davrsang xaloyiqti jiyib to‘y-tomosha bersang, to‘yg‘a qalandar bo‘lib borib otini o‘zim qo‘yib kelaman», deb ravzadan ovoz keldi. Bu so‘zdi eshitib biylar ziyoda vaqti xush bo‘lib mindi birov otti, biylar manziliga jetti, biylar vaqti xush bo‘lib xaloyiqti jiyib qirq kechayu qirq kunduz to‘y-tomosha berib jotdi».

Mana bu til o‘zbekchadir. Bu til chig‘atoydan ko‘b jihatdan ayriladurg‘on bir tildir. Buning uslubida o‘zgachadir. Abulg‘ozining «Shajarai turk»i esa bu til bilan yozilgan emas, balki chig‘atoy tili bilan yozilgan. Mana shu keltirgan namuna va dalillarimiz bu da’vomizni isbotiga kifoyat etsa kerak. Bundan shu natija chiqadirki, bu kungi adabiy tilimiz va Behbudiylarning tili va uslubi, A. Sa’diy aytganicha o‘zbekcha bo‘lmasdan yuqorida ko‘rsatganimizcha chig‘atoychadir.

Endi kelaylik Fitratning shoirlig‘i to‘g‘risig‘a.

Endi A. Sa’diyning ikkinchi bir bilmagan narsasiga kelaylik. Bu esa Fitratning shoirliq shuhratining fevral inkilobi bilan yo‘ldosh ekanidir. Bu shunday bir yolyundirki, bunday bir so‘zni muharrirning qanday uyalmay aytishiga kishi hayron bo‘lmay qolmaydir. Bir oddiy tarjimai hol yozg‘onda bu necha bilmay so‘z so‘zlash qanday uyat bo‘lsa, bir millatning shoiri deb tanilg‘on bir kishisini tekshirmak da’vosi bilan chiqqan adabiyotchining bu qadar jaholati unutilmas bir gunohdir. Balki Totoristong‘a Fitrat fevral inqilobi vaqtida tanilg‘ondir, balki A. Sa’diy o‘rtoq inqilobdan keyingina Turkistong‘a kelgach Fitratni tanig‘ondir. Lekin bu bilan Turkistonda ham shul vaqtlarda tanishi lozim kelarmi ekan? Bunga bizning shubhamiz bor.

Har holda Fitratni shoir va adib o‘laroq Turkiston 1910 nchi yildan beri taniylarkim, o‘shal vaqtlarda uning yozg‘on she’rlari hatto yozma holda qo‘ldan qo‘lg‘a yurar edi. Hali bu ham nari tursin, Bolqon urushi vaqtida Adarnaning bulg‘orlar tomonidan olinishi munosabati bilan Fitratning aytgan marsiyasi yolg‘iz Turkistonda emas, Eron, Afg‘oniston va Hindistonlarg‘acha tarqalib necha tillarda doston bo‘lg‘oni har bir turkistonliqqa ochiqdir. Faqat shugina Fitratning qanday bir shoir va qachon tanilg‘onini ko‘rsatishga yetsa kerak.

A. Sa’diy o‘zining qanday bir ishka urung‘oniga sira qimmat bera olmag‘on ko‘rinadur. Chunki oddiy bir tarjimai hol yozadurg‘on kishi kabi ham tekshirishni ortiqcha topadir. Va aytadir: «Fitratning bizga ma’lum bo‘lg‘on asarlari «O’zbek yosh shoirlari» majmuasidagi she’rlari bilan «Chin sevish» va «Hind ixtilolchilari» degan tomoshaliqlari ham 23 nchi yilda bosilg‘on «Qiyomat» degan xayoliy hikoyasidir. Fitratning yozg‘on asarlarini, hech bo‘lmasa, otlarini ham bilishni hojat bilmaydir. «Tekshirish» da’vosi bilan o‘rtag‘a otilg‘on bu zot bilmasligi bilan kulgi bir holga tushib qoladir. Sa’diy o‘rtoq bir yozuvchining qanday kuchga ega bo‘lganini bilish uchun uning yozg‘on asarlarini ko‘rib tekshirishga ehtiyoj yo‘q deb bilgan bo‘lsangiz, buni bilingiki, bu ishni sizdan boshqa kishi qilmaydir. Yozg‘uchini tekshirish uchun uning asarlarini ko‘rish keraqdir va shundan keyingina unga bir kiymat bermak mumkin bo‘lur. Bu qilg‘on ishingizga biz hech bir ot topa olmadik. Bunda sizning qilg‘on kashfiyotingizdan birisi kabi tanilishg‘a munosib sifatlaringizdandir.

Bunda faqat shunigina aytib o‘taylik, kim Fitratning sizning qo‘lingizg‘a tushmagan va oktyabr o‘zgarishidan ilgari yozilg‘on va bosilg‘on 10 ga yaqin asari borkim Fitratni sizning tanishingizdan ilgari bizga shoir va adib o‘laroq tanitqon ushbu asarlardir.

A. Sa’diyning yuqorida ko‘rsatgan «uch kashfiyoti» bizga shunday bir fikr beradirkim, bu kishi yozg‘on narsasini hech bir ilmiy asosga ko‘ra olmag‘on, balki kayficha yoza borg‘on. Chunki yuqorida ko‘rsatilgan moddalar «adabiy tanqid»dagi eng muhim jumlalardir. Bu qadar buyuk va keng mavzuga buncha tor ma’lumot va hech taftishsiz osilishning ma’nosini bilish qiyindir.

Yuqoridag‘i fahsh xato va yolg‘onlar bizga birinchi ko‘rishda qiziq tuyilg‘onidan bu maqolalar haqida tuzukroq bir fikrga kelmak uchun Sa’diy o‘rtoqning boshqa yozg‘on narsalarini va uning holi bilan tanish bo‘lg‘on kishilardan u haqida kengroq ma’lumot olmoq niyati bilan ba’zi taftishlarda bo‘lindiq. Bu taftishlarimizning natijasi ham bu o‘rtoqning adabiy tanqidning qiymatini yaxshi taqdir etmak uchun chog‘i kelganda oz-moz aytib o‘tishni munosib ko‘ramiz.

Maqoladagi butun nazarlarning yanglish va to‘g‘ri emasligi aniq bo‘lsa ham, tog‘in bir necha joyiga o‘z fikrimizni aytmay o‘ta olmaymiz.

Ma’lumdirki, adabiyot ijtimoiy hayotning natijasidir. Bir millatning ijtimoiy hayotidir. Shu asos qabul qiling‘ondan keyin ochiq belgilikdirkim, bir millatning adabiyotini tekshirganda u millatning ijtimoiy hayotini tekshirish kerak. Holbuki o‘zbek adabiyotini turlik davrlariga bo‘lib tekshirish da’vosi bilan chiqqan A. Sa’diy o‘zbek millati hayotini tekshirishini ortiq ko‘rgan, ya’ni adabiyotning ijtimoiy hayotdan ayri o‘laroq tekshirgan va shu asosga tayanib o‘z fikrlarini o‘rtag‘a tashlag‘on.

Biz bu to‘g‘rida shuni aytamiz: zamonimiz yangilashgan sari yangilashadir. Eski nazariyalar kundan-kun ko‘mulub bormoqda, eski zamonlarda adabiyotnigina emas, umuman ilmlarni yuqoridan keladurg‘on, ilohiy deb biladurg‘on nazariyalar bugun borsa kelmas yo‘lig‘a tushgan. Bu kun har «hol»ni ijtimoiy hayotdan chiqqan bir «hodisa» deb tanish zamonidir. Ochiq aytganda zamonamiz idealistliq zamoni emas, materiyalistiq zamonidir. Shuning uchunda bukun eski jildlarni tashlab, oz bo‘lsa ham, yangi jildlarga burunmakni tavsiya qilib o‘tar edik. Bu kun idealistliq yo‘lida qilinadurgan xizmat bir xizmat emas. Matiriyalistliq usuli ma’qul emas ekan, o‘zingizgagina ma’qul bo‘lmasun, uni matbuotga chiqarib o‘quvchilarni zaharlash kerak emas. Ayniqsa, o‘zbek yoshlarini idealist bir hayotdan va tushunchadan matiriyalist va asriy bir hayotga kirgizish kerak bo‘lg‘on shu davrda sizning kelib boshqadan eski churub ketgan ilmlarni sochishingizg‘a maydon yo‘qdir. Bu haqida albatta u sizning vaqtingizdag‘i «ashobi kahf» tahsillari kifoya qilmaydir, ayniqsa sizning bu ilmingizdan «mustag‘niy»dirmiz.

Mana A. Sa’diyning bir jumlasi: «Bular eng ilgari «Tarjumon» shogirdlari bo‘lsalar, keyindan «Sho‘ro» ham «Vaqg» shogirdlari bo‘lub, asl ruh yog‘idan shu gazeta shu jurnal yo‘lida davom etadilar». Bu jumla bilan yozg‘uchi shuni aytmakchi bo‘ladirki, bu adabiyot Turkistonning hayotidan tug‘ulg‘on emas, balki yuqoridan kelgan va ustozlar orkalig‘ina tug‘ulg‘on bir narsadir. Ya’ni agar «Tarjumon», «Vaqt», «Sho‘ro» bo‘lmasa, Turkistonda u adabiyot ham bo‘lmasa edi, demak istaydir. Holbuki, adabiyotni ijtimoiy hodisadan taniydurg‘an biz matiriyalistlar unday o‘ylamaymiz.

Balki Turkiston shu 20-30-yillar ijtimoiy va iqtisodiy holi bilan «Sho‘ro» va «Vaqt» bo‘lmasa ham, shunday bir adabiy bir davr kechirar edi, deymiz. Bu esa ortiq bu kunning komsomollariga ham ma’lum bo‘lgan bir qaziyadir.

Adabiy tanqid egasi yuqoridagi asos bilan borib, bu davr shoirlarining eng ochiq tipi «Avloniy» ekanini va bu maydonning va’z maydoni qiling‘onini va har vaqt bol o‘rnida qora non yemakka to‘g‘ri kelganini yozadir.

Bu nima demakdir? Sizningda shariat deb qichqirib yurgan vaqtlaringiz, din otidan xalqni ilm va ma’rifga tashviq qilg‘on kunlaringiz yo‘qmi edi; bu uyatmidir? Sizningcha u davrning shoir va adibi bu kunning materiyalist—marksistchami muhokama etsunlar edi?! Sizga bu kun qora non ko‘ringan narsa o‘z vaqtida bol emasmi edi?

Har davrning ijtimoiy va iqtisodiy hodisalarini ijtimoiy va iqtisodiy hayotidangina axtarish kerakdir. Ko‘kdan shakar tushish davri o‘tgan.

Endi A. Sa’diy o‘rtoqning she’r tekshirishidagi kuchini sinab ko‘raylik.

A.Sa’diyning tekshirish darajasi, ma’lumoti, usulining mohiyatini ko‘rdik. Endi uning she’r tekshirishidagi kuchini bir sinaylik.

«Adabiy tanqid»ning bir jumlasi: «Fitratning eng yaxshi asarlari fors tilida yozilg‘on deguvchilar bor, biz ularni ko‘rganimiz yo‘q. Fitratni bir o‘zbek shoiri sifati bilan tekshirganimizda bizga uning fors asarlarining ko‘b keragi ham yo‘q. Ularni Eronni adabiy tanqidchilari tekshirsinlar».

Biz aytamizkim, bu o‘lkaning ko‘b joylarida: Samarqand, Buxoroda, Farg‘onaning ko‘b shaharlarida ikki til bila so‘ylayturg‘on «bir millat» yashaydir. Buning ustiga shuni ham bildiraylikkim, Turkistonning adabiyoti bilan mashg‘ul bo‘lg‘on har bir yigiti ilgari ham shunday bo‘lg‘oni kabi hozir ham fors tilini biladir, Hatto bu til bilanda «shoh asarlar» vujudga keltirgandir. Bu millat forschani o‘qib emas, yurib o‘rganadir va shuning uchun o‘z hissiyotini hech o‘zgalik sezmasdan ifoda qila oladir. So‘ngra buni tushunish kerakdirkim, adabiyot tildangina iborat emas, unda ruh va fikrning muhim o‘rni bordir. Fitratning forscha asarlari esa Eron ruh va fikri bilan emas, shu Turkistondagi ikki til bilan so‘ylashaturg‘on va bu kungi istiloh bilan biri o‘zbek deb atalgan «millat»ning ruh va fikr tarjimonidir. Shuning uchunda uni bir o‘zbek yozuvchisi sifati bilan tekshirganda ham forsiy asarlarini ko‘zdan kechirish keraqdir. Holbuki A.Sa’diy o‘rtoq Fitratning o‘zbekcha asarlarining bir nechasinigina ko‘rgandir. Balki hali boshqa asarlarining boru yo‘g‘ini ham bilmas.

A.Sa’diy o‘rtoq yuqoridagi jumlada Fitratning forscha asarlarini qo‘rganimiz yo‘q degandir. Holbuki ko‘rganda ham uni o‘qib tushuna olmas edi. Chunki bu zot turkistonlik bo‘lmag‘oni va uning ustiga o‘z tilidan boshqasini bilish unga ortiqcha bo‘lg‘oni uchun forsiychani ham bilmaydir. Bu esa keng adabiy bir davrni tekshirish uchun emas, Turkistonning bir shoirinigina tekshirishga ham eng boy bir manbani qo‘ldan chiqarishdirkim, shu holda bu adabiy tanqidning qiymatini maydonga chiqaradir.

Fitratning she’rlarini tekshirganda A.Sa’diy bir-ikki misol keltiradir. U she’rlarining nima ta’siri ostida yozilg‘onlig‘ini va qachon yozilg‘onlig‘ini va bu shoirning kuchi nima ta’siri ostida o‘sa boshlag‘onini sira ko‘rsatmaydir. Masalan, Fitratning bir she’ridan «istar esang menga kelib gapirma» degan misra uslub va fikrda butkul iktidorsizlik demakdir» deb aytadir. A. Sa’diycha bo‘lsa, «istar esang»ni olib tashlab «menga kelib gapirma» deyishga kifoya etadir. Holbuki, «istar esang menga kelib gapirma» bilan «menga kelib gapirma» orasida ko‘b ayirma bordir. Bir nechasida shoir «istar esang» deydir, chunki mahbubasidan ayrilmoq istamaydir. Balki agar mahbubasi istasa, uning shoir qoshig‘a kelishi og‘ir kelaturg‘on bo‘lsa, kelmasligini aytadir. A. Sa’diycha bo‘lg‘on misrada esa, sira kelmasligini aytishi kerakdirkim, bunda A. Sa’diy she’rni anglamaydir. Shoirning ruhiga kira olmaydir.

Ikkinchi misol «Yana yondim» degan she’rida «Erishmadim sira sizga...» degandan keyin:

Nega bo‘yla qilasiz?

Nechun meni sababsiz unutdingiz - aytingiz!

O’tinamen... yalinamen, qochmangiz, qaytingiz!

- degan uch yo‘l hech keraksiz va butkul ortiqdir deydir.

Holbuki mana she’rni tamoman o‘kingiz, bu A.Sa’diycha yomon bo‘lg‘on she’rda o‘zining hayajonini qanday tadrijiy ortdurub borib qanday eng yuksak tasavvurni berishga muvaffaq bo‘lg‘ondir. Agar shul keraksiz topilg‘on uch misrani aytmasaydi, she’rning hech bir maziyati qolmasdi. Mana she’r:

Yana yondim...

Yuragimning qoni, qizg‘in olovi-la qaynag‘on

Ko‘z yoshlarim qaydasiz?!

Kunim kabi uzun, qora shu kechada kutubmen,

Erishmadim sira sizga... nega bo‘yla qochasiz?!

Nechun meni sababsizcha unutdingiz — aytingiz!

O’tunamen... yalinamen... qochmangiz — qaytingiz!

Yana butun borlig‘imning negizlari yemirildi,

Umidimning ko‘b chidamli teraklari yiqildi.

Xayolimning totli, chuchuk soatlari butunlay

Uzoqlashib keta mendan..! To‘sib turar yo‘limni

Umidsizlik qayg‘ulari tongi otmas bir tunday,

O’lum daxi qutqarg‘ali kelib tutmas qulimni...

Mana bular ko‘rsatadirkim, A. Sa’diy she’rni yaxshi anglamaydir.

Tag‘in bir misol: g‘arib, kimsasiz o‘zbeklarning adabiyotida bir oz yo‘l ko‘rsatmak umidi bilan A. Sa’diy tomonidan yozilgan «Adabiyot darslari»dan bir misolgina keltiraylik va shu bilan u asarningda mohiyatini ko‘rsataylik. O’zbek shoirlarining bobosi bo‘lgan Navoiyning eng yuksak va bizning asriy zavqimizga ham muvofiq, fasohat va balog‘atning san’atkorlik bilan qanday usta uyushdirilgani tubandagi sherini A. Sa’diy qanday anglatadir. Bir ko‘rib o‘taylik. Aynan: «Uslubda ochiqliqni qanday anglaymiz? Yozuvchining fikrini qiyinliq bilan chekinmasdan ham to‘g‘ri va komil anglay olsak, shu uslubda ochiqliq sifati topilg‘on bo‘ladir. Navoiyning shu quyidagi misralari ochiq emasdir. Navoiyning eng tumanlik uslubiga misol:

Sahar xovar shahi charx uzrakim, xaylu xasham chekgi,

Shioi xat bila ko‘hsor uza oltun alam chekti.

Kazo farroshi chekti subhning siymin supurgusin,

Muzahhab parlarin aidoqki, tovus haram chekti...

Muazzin Ka’ba toqi uzra gulbongi samad urdi,

Barahman dayr ayvonida ohangi sanam chekti.

Yoqa chok etti gohi subh ul motamg‘akim oshiq,

Bu muhlik shomi hijron ichra yuz xunobi g‘am chekti.

Xusho, ulkim munungdek chog‘i vafosiz umrni anglab,

Sabuhi jomini ahbob birla dambadam chekti, -

deydir. Bu she’rlar har jihatdan mukammal bir parchadir. Holbuki A.Sa’diyga qolsa bu anglashilmayturg‘on uslubdir. Chunki bu she’rdagi arabcha, forscha lug‘atlarni anglamag‘onlig‘in aytmaydir.

Ikkinchidan bir adabiy davrni tekshirmak uchun yuqorida izoh qilganimiz kabi ijtimoiy va iqtisodiy hayotni tekshirish kerak bo‘ladirkim, buni A.Sa’diy qila olmag‘ondir. Demak, bu kishi o‘zbek hayoti bilan tanish emasdir.

Uchinchidan, bu o‘rtoq she’rning o‘zini keragicha anglamaydir. Agar she’rni yaxshi anglasa edi, yuqorida qo‘rsatilgan misollardagi hayajonlarning darajasini taqdir etar edi va Navoiyning she’rshsh «anglashilmas» narsa deb ketmas edi.

Endi bu adabiyot muallimining «yoqlamasdan eng to‘g‘ri bir, so‘zini eshitaylik. «Fitrat shoir emas, balki shoirlikka intilguvchidur. Ul shoirliq bilan faylasuflik va mutafakkirlik orasida adashib qolgon bir odamdir. Uning fitrat va tabiatida mutafakkirlik, faylasuflik, tag‘in durustrog‘i, hakimlik bor, lekin hali g‘unchasi ochilib yetmagan bir hakimlik!»

Mana «yoklamasdan aytilgan eng to‘g‘ri so‘z» shudir. Bir millat tilini, ruhini, hayotini anglamag‘on va bilmagan kishining she’r haqida yoki bir shoir haqida aytilgan so‘zlarning bundan ham ortiq qulgu bo‘lishini hali hech kim ko‘rgan emasdir. Bu ilmiy jihatini qo‘yub turub, buning qancha «yoqlamasdan» aytilg‘on ekaniga bir nazar solsak, bu «adabiy tanqid»ning mohiyati maydonga chiqadir. Faqat buni boshqa maqolamizga qoldirmoqni munosib ko‘rdik. A.Sa’diy birinchi maqolasida Fitratning o‘zbek adabiyotiga falsafiy yangi bir to‘n berganini aytib turib, ikkinchi maqolasida «hali g‘unchasi ochilmag‘on bir hakimlik!» deb o‘z so‘ziga o‘zi qarshi ketadir.

Fitrat so‘zining tabiati va ruhi yog‘ini tekshirgan «adabiy tanqidchi» unda ham ideyaliy, ham hissiylik, ham ro‘mantizm va umidsizlik borligini bizga ochiq ko‘rsatadirkim, bu-da yuqoridagi kashflardan qolishmay-turgan bir narsadir. Bir kishining ham idealist, ham umidsiz, ham sintimintalist, ham ro‘mantik bo‘lishini maydonga chiqarish adbatta katta xodimatdir. Maataassuf, biz bu xodimatga qarshi uning kutgan mukofotini bera olmaymiz.

So‘zimizning oxirida bu «adabiy tanqid»ga o‘zimizning qarashimizni aytib o‘tishni muvofiq ko‘ramiz.

Birinchidan, bu bir adabiy tanqid emasdir. Chunki, bunda «adabiy» ma’no ortida hech bir narsa yo‘qdir. Tilni, hayotni, ruhni va asosan she’rni tushunmay yuritilgan fikrlarni adabiy deb atamoq munosib emasdir. Shu e’tibori bilan bu ilmiy narsa ham emasdir. Ikkinchidan, bu «tanqid» emasdir. Bu bir so‘kishdir. Bir muni «g‘unchasi ochilmagan hakam», «Istambul soya foelarida yurgan» kabi ta’birlar bilan yoritilg‘on bir muhokama tanqid emasdir.

Uchinchidan, bu yozuvda usul buzuqdir. Ijtimoiy hodisalarni matiryalist usuli bilan tekshirmaslik to‘g‘ri fikrni topa olmaslikdir.

__________

Munaqqidning ushbu «Adabiy tanqidga bir nazar» degan maqolasi A. Sa’diyning «O’zbek yesh shoirlari» maqolasiga javob sifatida yozilgan. Maqolaning birinchi qismi «Turkiston» gazetasining 1924 yil 22 yanvar, 7 fevral sonlarida, qolgan bir qismi «Zarafshon» gazetasining 1924 yil 10 aprel sonida bosiladi. Maqola oxirida tahririyat tomonidan: «Boshqarma: Bu maqolaning boshi «Turkiston» gazetasining 222-230nchi sonlarida bosilib, qolamasi bosilmag‘onlig‘i sabablik, biz yosh adabiyotimiz uchun uning ahamiyati borlig‘ini ko‘zda tutib bosilishini muvofiq ko‘rdik», degan bir izoh ham yozilgan.

A. Sa’diyning maqolasi esa «Turkiston» gazetasining 1923 yil dekabr, 1924 yil yanvar sonlarida chiqqan.

ABDUG‘AFUR RASULOV. TANQID MAYDONIDA TURISH MASHAQQATI (2007)

Homil Yoqubov 91 yillik umrining bir kam yetmish yilini adabiy tanqid maydonida sergaklik bilan ijod qilib o‘tkazdi. Turli xil inqiloblar, siyosiy jangu jadallar, pinhona ziddiyatlar, ommaviy qirg‘in, qama-qamalar avj olgan XX asrda professional tanqidchi bo‘lish qilichning damida yurishdek gap edi. Biologiya fanida, genetika sohasida avj olgan soxtalik ijtimoiy bilimlar, xususan, adabiy tanqidchilikda ro‘y-rost ko‘zga tashlandi. Ne-ne ezgu umidlar bilan tanqidchilik maydoniga kirib kelgan Vadud Mahmud bor-yo‘g‘i 8 yilcha, Otajon Hoshim, Rahmat Majidiy, Hamidulla Ubaydullaev, Abdulla Olimjon 10 yil atrofida, Olim Sharafiddinov va Sotti Husayn 13 yilga yaqin tanqidning mashaqqatli nonini yedi. Bilishimcha, Abdurahmon Sa’diy va Homil Yoqubov tanqid sohasining buzruklari darajasiga yetdilar: umrlari poyoniga qadar tanqid maydonini tark etmadilar. To‘g‘ri, Izzat Sulton ham Homil Yoqubov singari XX asrning 30-yillarida tanqid maydoniga kirib keldi. Adabiyotshunoslikning izzatli siymosiga aylandi. Lekin I.Sultonov goh arbob, goh yozuvchi-dramaturg, kinostsenarist sifatida tanqid maydonini tark etib turdi.

Homil Yoqubov tabiatan bosiq, bag‘rikeng, odamoxun inson edi. U bo‘lar-bo‘lmasga tutaqavermas, o‘zini katta olmas, ilmiy izlanishlarini sira bo‘shashtirmas, ko‘ngil mayliga bo‘ysunib yashardi. Men Homil Yoqubovni bundan yarim asr ilgari SAGUda (hozirgi O‘zMU) o‘qib yurganimda taniganman. Uchinchi kurs filolog-talabalarining o‘quv jadvaliga “O‘zbek adabiyoti tarixi” deb yozilgan, uni dotsent H.Yoqubov o‘tishi bildirilgandi. Jadvalga binoan auditoriyaga o‘rtabo‘y, jussasi uvoqqina, qalin ko‘zoynak taqqan, oq yuzli, fayzli, o‘rta yoshlardagi o‘qituvchi tortinibgina kirib keldi. O‘tadigan fani haqida ozgina gapirdi-da, minbarga chiqdi. Ma’ruza boshlandi. Domlaning “semiz” papkasi ham, “sarg‘ayib ketgan” konspekt daftari ham yo‘q edi. O‘qituvchi fanini yaxshi bilishi darhol bilindi. Ammo H.Yoqubov tortinibgina gapirar, talabaga tik boqmas, o‘tilayotgan mavzuga bus-butun sho‘ng‘ib ketardi. Talaba bola-da: o‘zini darhol erkin sezdi, nima qilsa qildi. Ilmsevar talabalar esa, o‘qituvchining gaplariga, undagi mantiqqa, g‘aroyib faktlarga mahliyo bo‘ldilar. Xullas, Homil aka hammaga emas, xoslarga — ilm shaydolariga ma’ruza o‘qidi. Ajabki, talabalar o‘qituvchiga mo‘l savol berdilar, uni bahsga chorladilar. Dastlab bo‘sh-bayov ko‘ringan ustoz bahsga o‘ch ekan:

— Shunaqamas-de. Siz asosiy masalani tushunmiyvossiz... Mani oldimga keling, pikrlashovuz...

Aspirantligimda, 1962 yili yana Homil Yoqubovning tinglovchisi bo‘ldim. Bu safar ustoz o‘zbek adabiy tanqidchiligi tarixi, nazariyasi haqida maxsus kurs o‘qidi. Adabiy tanqid domlaning o‘ttiz uch yillik qadrdon maydoni edi: tinglovchilar bu murakkab maydonning o‘tmishi, XX asrdagi holati, katta-kichik namoyandalari, turli oqimlar haqida aniq, qiziqarli ma’lumot oldilar. Ma’ruzachi mumtoz tanqidchilikning tazkira, hasbi hol, manoqib singari tayanch janrlari, adabiy-tanqidiy asarlar xususida gapirdi; jadid tanqidchiligi, uning namoyandalari ijodi haqida asosli fikrlarini aytdi. Bizni, 60-yillarning aspirant, tadqiqotchilarini ko‘proq o‘zbek sovet tanqidchiligining muammolari qiziqtirardi. O‘qituvchi Marks, Engels, Lenin asarlarini, adabiy metodlar tarixini pishiq o‘zlashtirgan ekan. Darsda, tabiiyki, sotsialistik realizm, uning nazariy asoslari haqida ko‘p gapirildi. Lekin o‘qituvchi masala mohiyatini aniq, lo‘nda ifodalamas edi. Men keyinchalik H. Yoqubovning “Badiiy metod ulug‘ Lenin talqinida”, “O‘zbek sovet adabiyotida sotsialistik realizmning shakllanishi xususiyatlari”, “Lirikada konflikt” singari tadqiqotlarini sinchiklab o‘qidim. Olim bu asarlarini yozish uchun ko‘p kitoblarni o‘qiganligini, ularni teran uqishga intilganligini sezdim...

Shunday ham bo‘ladiki, olimu san’atkor o‘zini qanchalik qiynamasin, kunni tunga ulab ijod qilmasin, baribir, kutilgan natijaga erisha olmaydi. XX asrda sotsialistik realizm haqida yozmagan adabiyotshunos, tanqidchi qolmadi hisobi. Lekin bu metod haqidagi izlanishlar sarob bo‘lib chiqdi. Chunki sotsrealizm metodi avval-boshdanoq soxta qonuniyat asosida paydo bo‘ldi. Xususan, u masalalar masalasi — gumanizm va go‘zallikni o‘ta sun’iy, jo‘n talqin qilardi. H.Yoqubov ijodida sotsrealizmga haddan tashqari berilinib, inson ruhiyati nozik talqin etilgan asarlar, haqiqiy go‘zallik ishonarli ko‘rsatilgan she’rlar nohaq tanqid qilingan maqolalar uchraydiki, beixtiyor: “Beayb parvardigor ekan-da”, deb yuborasan kishi.

Homil Yoqubov keng qamrovli olim edi. Ba’zi “qat’iyatli” qalamkashlar singari u Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Fitrat ijodidan yuz o‘girmadi. Aksincha, Abdulla Qodiriy asarlaridagi hayotiylik, samimiylik, tabiiylikdan huzurlandi; “Sinchalak”ni sinchiklab talqin qildi; umri poyonida Navoiy va Cho‘lpon mavzuida tadqiqot yaratdi. Domla ijodida mumtoz adabiyot namoyandalari – Bobur, Turdi, Muqimiy haqidagi tadqiqotlar yuksak mavqega ega. Ayniqsa, Zahiriddin Muhammad Bobur ijodi borasida sho‘ro adabiyotshunosligida birinchilardan bo‘lib tadqiqot yaratganligi maqtovga loyiq. Olim Bobur lirikasini, “Boburnoma”ni “sotsrealizm oynagini yechib qo‘yib” asosli talqin etadi. Tarki odat amri mahol degan gap bor. Men hozirgina “echib qo‘yilgan sotsrealizm ko‘zoynagi” to‘g‘risida gapirdim. Yoqubov domla Boburning Hindistondagi hayoti haqida yozar ekan, Marksning “Hindistonda Britaniya hukmronligi” asaridan, garchi mavrida bo‘lmasa-da, ikki bor iqtibos keltiradi. Adabiyotshunos “Boburnoma” muallifini ham shoir, ham podsho sifatida ko‘rsatadi. Keyinchalik Boburni shoir sifatida bir xil, hukmron sifatida o‘zgacha talqin qilish mayli kuchaydi.

Homil Yoqubov qariyb 60 yil o‘zbek tanqidchiligi maydonida qoyadek mustahkam turdi. 30-yillardan boshlab bironta yozuvchi ijodi, ko‘zga yarq etib tashlangan asar uning nazaridan chetda qolmadi. Hamza, Ayniy, Abdulla Qodiriy, Oybek, G‘afur G‘ulom, Hamid Olimjon, Uyg‘un, Abdulla Qahhor, Yashin, Shayxzoda, Mirtemir, Mamarasul Boboev, Asqad Muxtor singari yozuvchilarning el-yurtga tanilishida ustoz tanqidchining tanqidiy ocherklari, tadqiqotlari, adabiy portretlari, taqrizlari, sharhlari muhim ahamiyat kasb etdi. Tanqid maydonida qoyim turarkan, H. Yoqubov har xil oqimlarni, turli tendentsiyalarni, yozuvchilar ijodidagi o‘zgarishlarni aniq ko‘rib, bilib turdi. Lekin odamda alohida mehr, simpatiya degan gap bor. Olim-munaqqid Yoqubov Oybekni o‘ziga juda yaqin olardi. Pedtexnikumda birga o‘qidilar, alg‘ov-dalg‘ovli 30-yillarda yonma-yon ijod qildilar, Oybek qaerda bo‘lsa, Yoqubov o‘sha yerda bo‘lishga intilardi. “Sharq yulduzi”da, Akademiyaning Til va adabiyot institutida hamkor bo‘ldilar. Oybek 20-yillardayoq adabiy tanqidchilik sohasining fidoyilaridan biriga aylandi. Oybek haqida yozmagan tanqidchi qolmadi, hisobi. Lekin Homil Yoqubov hamisha oybekshunoslarning yetakchisi bo‘ldi. Pirovard-natijada, ustoz munaqqid Oybek ijodi haqidagi bosh kitob — tadqiqotini yaratdi, fan doktori ilmiy darajasini oldi.

Taqdir, kasb taqozosi ikki yirik siymo Homil Yoqubova va Izzat Sultonovni o‘zaro yaqinlashtirdi, hamkor, hamfikr qildi. Ular uzoq yillar davomida Til va adabiyot institutida yonma-yon faoliyat olib bordilar, ikki yetakchi bo‘limni boshqardilar. Izzat Sultonov sotsialistik realizmning O‘rta Osiyo va Qozog‘iston milliy adabiyotlarida shakllanishi, rivoj topishi haqida doktorlik dissertatsiyasini yoqladi. H. Yoqubov ham, aytilganidek, sotsrealizmni chuqur o‘rgandi. Izzat Sultonov mumtoz adabiyotni bilishda H. Yoqubovdan qolishmasdi. Uning ijodida “Navoiyning qalb daftari” asari misoli oltin toj bo‘ldi. Ikki olim hamkorligi samarasi o‘laroq “O‘zbek sovet adabiyoti tarixi ocherki” (1962), “O‘zbek adabiyoti tarixi” ( 1967; uch tom, 4 kitob), 5 jildli “Istoriya uzbekskoy sovetskoy literaturы” kitobi, ikki jildli “O‘zbek sovet tanqidchiligi” (1987) asarlari paydo bo‘ldi. Bu asarlar yangi o‘zbek adabiyoti, tanqidchiligining muhim bir qismiga yakun yasadi. Har ikki olim 6 jild, 7 kitobdan iborat “Istoriya mnogonatsionalnoy sovetskoy literaturы” nomli mahobatli kitobdagi o‘zbek adabiyoti bo‘yicha materiallarni yozish, uyushtirishda bosh-qosh bo‘ldilar. XX asrning 60-yillaridan Til va adabiyot institutida zamonaviy adabiyot bo‘yicha tayyorlangan dissertatsiya, tadqiqotlarga I. Sultonov va H. Yoqubov rahbarlik qildilar.

Yetuk olim hamma yerda hurmat topadi. Homil Islomovich hozirgi O‘zMU filologiya fakultetining o‘z odami edi. Domla bu maskanga bot-bot kelishni, bir umrlik do‘sti Subutoy aka bilan dildan suhbat qurishni, jiddiy masalalar yechimini G‘ulom Karimov bilan hal qilib olishni, Laziz Qayumov, Ozod Sharafiddinov singari yosh do‘stlari bilan, birdam bo‘lsa-da, yayrab olishni istardi. Qadrdonlari iltimosiga ko‘ra ustoz talabalarga va’z qilar, aspirantu tadqiqotchilarga mutaxassislik bo‘yicha maslahat berardi. Universitetning G‘ulom Karimov boshliq ahil adabiyotshunos-o‘qituvchilari har oyda bir bor yig‘ilishar, mumiyoi asl (palov) ustida ajib suhbatlar davom etardi. Bora-bora oylik yig‘ilishlar “gap”ga aylanib ulfatda G‘ulom Karimov, Subutoy Dolimov, Homil Yoqubov, Sidiq Fuzailov, Ahmad Aliev, Abdug‘ani Aliev, A’lo Ashrapov, Muhammadnodir Saidov, Ozod Sharafiddinov haqiqiy a’zo bo‘lib, ustozlar lutfan U.Normatov, H.Muhammadxo‘jaev va meni qatorlariga dastyor-a’zo sifatida qo‘shgandilar. “Gap”ga goh Turg‘un Alimatov, goh Umar Otaev, goh Ma’rufxo‘ja Bahodirov, goh Faxriddin Umarov qatnashardi. Garchi ulfatchilikka san’atkor taklif qilingan bo‘lsa-da, hamma Subutoy Dolimov ijrosidagi kuy-qo‘shiqni intizorlik bilan kutardi. Subutoy aka Cho‘lponni “ko‘rgan” dutorni “qo‘lga olib, uni asta-sekin gapga solardi”. Dutor sozlangach, sehrli kuy boshlanar, Subutoy aka kuyib-o‘rtanib Fuzuliy, Navoiy, Bobur, Muqimiy so‘zlari bilan katta ashulani boshlardilar. Tinglovchilar muayyan fursat arshi a’loga ko‘tarilardilar. O‘sha damlarda insoniyat yaratgan kashfiyotlar orasida kuy-qo‘shiq bebaho ekanligini har kim o‘zicha anglardi. Homil Yoqubov kuy chalmas, ashula aytmasdi, lekin san’at tashrifida mast bo‘layotganligi yaqqol ko‘rinib turardi. Shunday paytlari u kishim “-izm”lar bilan chandib tashlangan, quyushqonga tiqilgan qarashlarni tamoman unutar, san’atning beg‘ubor osmonida huzur qilardilar.

XX asr o‘zi bilan xokisor farzandi alloma Homil Yoqubovni olib ketdi. Ustoz umrlari davomida bilag‘on olim, tanqid maydonining hushyor egasi sifatida ko‘p yaxshi ishlarni amalga oshirdi. Ustozni ko‘rgan, bilgan, undan yaxshilik ko‘rgan kishi borki, yaxshi odam edi, Olloh rahmatiga olsin, deya duo qiladi.



«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2007 yil 40-sonidan olindi.


Download 120 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling

kiriting | ro'yxatdan o'tish
    Bosh sahifa
юртда тантана
Боғда битган
Бугун юртда
Эшитганлар жилманглар
Эшитмадим деманглар
битган бодомлар
Yangiariq tumani
qitish marakazi
Raqamli texnologiyalar
ilishida muhokamadan
tasdiqqa tavsiya
tavsiya etilgan
iqtisodiyot kafedrasi
steiermarkischen landesregierung
asarlaringizni yuboring
o'zingizning asarlaringizni
Iltimos faqat
faqat o'zingizning
steierm rkischen
landesregierung fachabteilung
rkischen landesregierung
hamshira loyihasi
loyihasi mavsum
faolyatining oqibatlari
asosiy adabiyotlar
fakulteti ahborot
ahborot havfsizligi
havfsizligi kafedrasi
fanidan bo’yicha
fakulteti iqtisodiyot
boshqaruv fakulteti
chiqarishda boshqaruv
ishlab chiqarishda
iqtisodiyot fakultet
multiservis tarmoqlari
fanidan asosiy
Uzbek fanidan
mavzulari potok
asosidagi multiservis
'aliyyil a'ziym
billahil 'aliyyil
illaa billahil
quvvata illaa
falah' deganida
Kompyuter savodxonligi
bo’yicha mustaqil
'alal falah'
Hayya 'alal
'alas soloh
Hayya 'alas
mavsum boyicha


yuklab olish