XV-MAVZU
O’ZBEK MUMTOZ ADABIYOTIDA TAHLIL VA TALQIN MASALASI
REJA:
Qadimgi Sharqda matnga yondoshuv masalasi
Tafsir, ilmi-sharh, ilmi-aruz, ilmi-qofiya, ilmi-sanoi
O’zbek mumtoz adabiyotida ilmi-g’ariba
Ilmi-g’ariba, fununi-ajiba mumtoz tahlil namunasi sifatida
Ilmi-g’aribaning hozirgi adabiyotshunoslikdagi o’rni va ekvivalentlari
Badiiy matn va asarni tahlil etishda ilmi-g’aribaning o’rni
Tayanch tushunchalar:
Qadimgi Sharq. Matn. Manba. Talqin. Tafsir. Ilmi-aruz, ilmi-qofiya. Ilmi-g’ariba. Fununi-ajiba. Badiiy asar. Badiiy matn. Matn tarkibi. Badiiy so’z. Poetik fikr. Tahlil. Umumiy tahlil. Xususiy tahlil. Lisoniy tahlil.
ADABIYOTLAR:
Rasulov A. Ilmi g`aribani qumsab. – T., 1998.
Rustamov A. so`z xususida so`z.– T.: “Fan”, 1987.
Izzat Sulton. Adabiyot nazariyasi. –T., O’qituvchi. 2005 yil.
Ҳ.Умуров. Адабиётназарияси. –Т.: «Шарқ», 2002.
Mustaqillikdavriadabiyoti, – T.: “G`.G`ulomnomidagimatbaaijodiyuyi”,2006.
Jo`raqulovU. Hududsizjilva. – T.: “Fan”, 2006.
KarimovB. AbdullaQodiriy. – T.: “Fan”, 2003.
Ibrohim Haqqul. She`riyat ruhiy munosabat. “G`.G`ulom nomidagi adabiyot va san`at nashiriyoti”,
Mumtoz adabiyoshunosligimizda ilmi g’ariba, g’ariba fani xususida talaygina ma’lumotlar berilgan. G’arib (g’ariba) — ajoyib, taajjublanarli, hayron qoladigan narsa. Ilmi g’ariba talqin fani bilan bevosita bog’liq. Ilmi g’ariba fanning teran nuqtalarini, ich-ichidagi ma’nilarini anglash san’atidir. G’ariba ilmi mavjud fanlarni sinchiklab o’rganish orqali kashfiyot darajasida xulosa chiqarishgacha yetish, ajoyibot nuqtasi qadar ko’tarilpshdir. Alisher Navoiy «Xamsatul-mutaxayyirnn» asarida Abdurahmon Jomiyning ilmiy uquvi nihoyatda kuchliligi haqida to’xtab: «Va g’aribdurkim, zohir ulumining takmili vaqtida necha ish alarg’a muyassar bo’lib turkim, bu ummatda akobir va soxib kamollardan hyech qaysig’a voqye’ bo’lg’oni zohir emas», degan xulosaga keladi. Alisher Navoiy «Tarixi anbiyo va hukamo» asarida Muso alayhissalomning yaqin qarindoshi Qorun haqida yozadi: «Va Muso alayhissalomning yaqin qarobatidur. Va Muso alayhis-salom aning tarbiyatidan mubolag’a qilur edi. Va ulumi g’ariba va fununi ajibakim, fayzi olihidin zamirig’a munoqqosh erdi, aning fahmi yetkoncha anga ta’lim qilur erdi».Abdurauf Fitratning «Hindistonda bir farangi ila buxoroli mudarrisning jadid maktablari xususinda qilgan munozarasi» asarida Buxoro madrasalarining talabalari o’qishning to’rtinchi-yettinchi yillarida «Mulla Jomiy»ni — «Sharhi Jomiy»ni («Favoyid uz-ziyoiya», «Al-marfu’ot», «Al-majrurot», «Al-mansubot», «Al-mabniyyot») asarlari sharhi o’qitilganligi xususida yoziladi. Demak, Jomiy asarlaridagi mantiqning kuchliligi — ilmi g’ariba darajasiga ko’tarilganligi rasman tan olingan edi.
Ilmi g’ariba haqida Hasanxoja Nisoriyning «Muzakkiri ahbob» asarida ham ma’lumotlar mavjud. Olimlar rahnamosi Asomiddin Ibrohim haqidagi ma’lumot diqqatga sazovordir: «Ko’pgina ilm sohalari bo’yicha yaxshi tasniflari bor. Ayniqsa g’ariba fanida tidori kuchli edi. Insho yozganda ko’p ma’nolarni mo’jaz va lo’nda kalomda bayon etib, siqiq hajm mazmunida katta va ko’p fikrlarni anglatardi. Hazrat Ubaydulloxon peshindan keyin arabiy tilda bir ruboiy aytib yuborgan ekan, mullo esa namozshomgacha dovur vaqt ichida shu ruboiy xususida bir arabcha risola tasnif qilishga ulgurganlar. Mazkur ruboiyning har bir misrasi bobida olti yuz ellik ma’no aytganlar». Mazkur asarda Asomiddin Ibroximning shogirdi Mavlono Husayn Turkistoniy xaqida mana bu ma’lumot berilgan: «Ilmlar ikir-chikirini shu darajada o’zlashtirganki, bu sohalarning ko’pida mahorat bilan ish olib borardi... G’ariba fanida fasohatomez nutqi va balog’atangez kalomi bilan ko’p ran tanobini tortib, farovon ma’noli fikrlar inshosini oz jumlalarda oydin, ravon bayon qilardiki, dunyo kezuvchi aql isbotlash kemasi bilan tasavvur dengizida ketidan qanchalik ergashmasin, uni sharhlovchi so’z topa olmasdi, aniqrog’i, isbotlanmas masalalar turkumidan hisoblanardi».
XX asrda, sho’ro adabiyoshunosligi va tanqidchiligida ilmi g’aribaning paydo bo’lmaganligi sabablarini o’ylayman. Birinchidan, g’ariba fani haqiqiy san’at asarlari talqinida paydo bo’ladi. Sho’ro adabiyotida siyosat, mafkura, targ’ibotu tashviqot qorishib ketdi. Qolaversa, sho’ro adabiyotining «xalqchilligi» talabi badiiy adabiyotni o’ta soddalashtirib, odmilashtirib yubordi. Ko’p o’rinlarda badiiy adabiyot sayqallashtirilgan jurnalistikaga aylanayozdi. Sho’ro hukumati, kommunistik firqa qanday masalani qo’ymasin, badiiy adabiyot hamisha «labbay» deb otilib chikdi. Sho’ro respublikalarida milliy mustaqillik uchun kurash paydo bo’ldimi, adabiyotda bosmachilarga qarshi kurash mavzusi keng ishlana boshlandi. Qishloq xo’jaligini yoppasiga jamoalashtirish harakati boshlandimi, adabiyotda «Ochilgan qo’riq» monand romanlar, «Muraviya mamlakati» monand dostonlar ko’payib ketdi. Adabiy tanqid badiiy adabiyotga nisbatana-da mafkuralashdi, siyosiylashdi. U badiiy adabiyot sohasida firqaning ko’zi, qulog’i, ovoziga aylandi. Adabiy tanqidning siyosiy hushyorligi qatli omu qatag’on, ta’qiblarga sabab bo’ldi. Sho’ro yozuvchilari yuksak minbarlardan turib qalb amriga ko’ra yozajakliklarini va’da qildilar, Qalblari esa bus-butun partiyaga baxshida ekanligini qo’shib qo’ydilar. Qalb amri bilan yozish — yurak qoni bilan bitishdir. «Yurak qoni bilan yozgan odam uzun yozolmaydi»,— deydi A.Muxtor «Tundaliklar»ida. Chin dildan gapirayotgan, aytayotgan gaplari mas’uliyatini sezgan odam ham uzoq, ravon gapira olmaydi. «Abdulla Qodiriy... sirtdan qaraganda bosiq, kamgap ko’rinar, chunki u har bir so’zni taroziga solib ko’rar, og’ziga kelgan har bir so’zni aytavermas, sekin va gapi xuddi o’ziga xalal berayotgandek yoqinqiramay gap boshlardi», — deb yozadi Oybek «Adabiyot, tarix, zamonaviylik» maqolasida.
XX asrda ilmi g’aribaga manba bo’ladigan asarlarni Abdulla Qodiriy, Cho’lpon, Fitrat, Oybek, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, Yerkin Vohidov, Abdulla Oripov, Rauf Parfi, Abduvali Qutbiddin singari iste’dodli ijodkorlar yaratdilar. Tog’ay Murodning qissalari va romani g’ariba fani uchun bebaho material bo’ldi. Afsuski, asrimizning 80—90-yillarigacha mashhur asarlarning san’atkorona sir-asrorlari haqida maqola, tadqiqotlar kam yaratildi. Avvalo, sho’ro adabiy siyosati ilmi g’ariba yo’lidagi bosh to’siq bo’ldi. Qolaversa, tanqidchilarda mahorat masalalarini yoritish, asar go’zalliklari xususida fikr yuritishdan ko’ra zamonasozlik tuyg’usi — asarning dolzarbligi, mafkuraga monandligi haqida gapirish kuchaydi. Muhimi, badiiy adabiyotda bo’lmasin, san’at asarlari xususida bitilgan tadqiqotlarda bo’lmasin go’zallik tuyg’usiga e’tibor susaydi. Badiiy adabiyot, u haqida bitilgan asarlarda go’zallik, nazokat tuyg’usini tarbiyalash asosiy gap ekanligi unutildi. Go’zallik tuyg’usi deganda, avvalo, ma’noning teranligi, fikrlashga undash yetakchilik qiladi. Alisher Navoiy asarlaridagi har bir ramz, har bir ifoda, har bir qiyos zaminida katta ma’no-mazmun yashiringan. Kitobxon buyuk san’atkor asarlaridagi ma’noni anglagani sayin go’zallik olamiga kirib borayotganliginn, ruhiy-ma’naviy jihatdan boyib borayotganligini his qiladi.
Mohir san’atkor bir ishora, bir bayt orqali tarixning katta odimini, o’n yilliklar tajribasini bera oladi. G’ariba fani tarix haqiqatini — qisqa satrlar zaminidagi ma’noni yoritib berishi bilan g’aroyib, go’zaldir. Masalan, Abdulla Oripovning:
Labda tabassumu ko’zda yosh bilan
Senga intilaman buyuk nabiram...
Yerkin Vohidovning:
Sen hilol, yulduz, salib,
Tavrot, Zaburdan yuksalib
Boymisan yoki g’arib,
Komron o’zing, yakson o’zing...
Rauf Parfining:
Parchin-parchin bo’ldi yedim sirlari,
Simlar — kuzlarimga mil tortgan chizgu
singari misralari g’ariba fani uchun boy manbadir. Tadqiqotchi shoir ruhiga sinchkov nazar tashlab, tarix haqiqati — fojialarini aks ettirishi mumkin.
G’ariba ilmida san’atkor va tadqiqotchining o’zaro munosabati diqqatni jalb etadi. San’atkor aytmoqchi bo’lgan fikrini nozik yashira olsa, katta ma’noniig biron qirrasiga ishora qilish bilan cheklansa, fikrni lo’nda aysayu his:tuyg’uni jilovlay olsa yoxud asarni davom ettirish imkonini yarasa, g’ariba fani uchun maydon yaratiladi. Tog’ay Murodning «Otamdan qolgan dalalar» romanida 3 qator — misradan iborat bo’lim bor. Mana shu uch satr zaminidagi his-tuyg’uni alohida kitob qilib yozish mumkin. Yozuvchi his-tuyg’ular olamida jo’sh urishni g’ariba fani ustasiga qoldirgan. Mana o’sha «quruq» xabar — misralar:
Kuydi-kuydi — ayolimning tani kuydi.
Kuydi-kuydi — menibag’rim kuydi.
Kuydi-kuydi — bolalarimning sho’ri kuydi.
G’ariba maqola yozuvchi tani kuygan ayolning rohat-farog’asiz o’tgan umrini o’ylab kuyadi; umr bo’yi inson sha’nini oyoq osti qiluvchi mehnatdan boshqasini bilmagan, yolg’iz quvonchi, dardkashi, g’amgusori ayolidan ayrilgan Dehqonqul holatiga kuyadi; shu uch misra haqida yozar ekan bolaligi bolalarcha o’tmagan, endi shum yetimlik azobiga duchor bo’layotganlar taqdiriga kuyadi. Shu uch kuydiruvchi misra haqida yozuvchi odam «Osmol yiroq, yer qattiq» maqolini epigraf qilib olsa yanglishmasligini sezadi.Ilmi g’ariba imkoniyatlari cheksiz. Shoir borki, shamol o’yini, nur rangi, dengiz mavji (Iosif Brodskiy singari) orqali tuyg’ularini ifodalaydi; shoir borki, yuragidagi og’riqlarni — malomat toshida ochilgan gullarni (Rauf Parfi singari) tasvirlaydi; shoir borki, yuragini ochgani sayin namakob to’la kosa lopillab goh u yon, goh bu yon borib turishini anglaydi. Fariba ilmida qalam suruvchi ijodkor ruhidagi holatlarni, go’zallikdan go’zallik yaratayotganini unutmagan holda, qog’ozga tushirishi joiz.Ilmi g’aribada badiiy asar muallifi va tadqiqot yaratuvchi aro munosabatning eng nozik ko’rinishi mavjud. San’atkor yozuvchi ham, olim-tadqiqotchi ham iste’dod sohibi. Ammo san’atkor iste’dodi bilan olim uquvi-bilimi aro fark bor. San’atkor — yozuvchi aksariyat hollarda g’ayri shuuriy holatda, savqi tabiiy ravishda ijod qiladi. Yaratuvchi ijodkor ruhiyat olamidagi o’zgarish, holat o’sishlarni tasvirlaydi. Tadqiqotchi-olim, san’atkordan farqli o’laroq, mantiq kuchi bilan ish ko’radi. Uning faoliyatida aql, ziyraklik, voqyea-hodisa zaminiga teran kira bilish muhimdir. G’ariba ilmida shuuriylikning cho’qqisi bilan mantiqning teranligi birlashadi. Badiiy asar tirik tan misoli hamisha o’sib-o’zgarib borganiday, olim-tadqiqotchi ham doimo uning yangi qirralarini kashf etaveradi. Mumtoz adabiyotda Bedil, Navoiy, Fuzuliy asarlari yuzlab talqinlarga imkon berganini bilamiz. XX asr oxiriga kelib uzbek adabiyotida jahon adabiyotidan o’rganish, uning yetuk tomonlarini ijodiy davom ettirish tamoyili kuchaymoqda. Bu hol g’ariba ilmi taraqqiyoti uchun keng imkoniyatlar ochishi tabiiy. Asrimizning 90-yillarida Omon Muxtor, Tog’ay Murod, Tohir Malik, Murod Muhammad Do’st singarilarning o’ziga xos asarlari — roman, qissa, hikoyalari paydo bo’lmoqda. Bu asarlarda nasrning nazm tomon siljib borishi — ruhiyat olamini aks ettirishi; qiyos, ramzlarning noziklashuvi; moddiy tushunchalar tuyg’usini yengib, ruhiy-ma’naviy tasavvurlar olamidan muhim o’rin egallashi singari belgilar sezilmoqda. Badiiy asarlardagi izlanish, yangiliklar ilmi talqin g’ariba fanida ham aks etishn tabiiydir.
Ilmi g’ariba talqin fanining hamisha navqiron, yangiliklarga boy, muhimi, go’zallik bilan yo’g’rilgan tarmog’idir.
Do'stlaringiz bilan baham: |