FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR.................................... 96-100
KIRISH
Mavzuning dolzarbligi va o‘rganilish darajasi. Badiiy tafakkur samaralari hamma davrlarda millat ma’naviyatini yuksaktirish, jamiyatda ezgulik, adolat, go‘zallik singari bashariy qadriyatlarga tayangan gumanistik tamoyillarni qaror toptirish, insonparvarlik, vatanparvarlik, millatsevarlik g‘oyalarini shakllantirish singari oliyjanob mohiyati bilan nufuzli. Shu ma’noda badiiy asarlarning shaxs va jamiyat ma’naviy kamolotida tutgan o‘rni va ahamiyatiga munosib baho berish, yaratilajak asarlarning barkamol saviyada bo‘lishini ta’minlash kabi vazifalar adabiyotshunoslik oldida hamisha ko‘ndalang turadi. O‘zbek adabiyotshunosligi insonning ma’naviy-intelektual saviyasini yuksaltirishga qaratilgan o‘z mas’ul vazifasini munosib ado etishga intilib kelmoqda.
Fan va san’atning o‘zaro bog‘liqligi, ilm-fanning adabiyotga ta’siri masalasi doimo eng asosiy estetik muammolardan biri bo‘lib kelgan. Bu ikki ijtimoiy ong shakli – fan hamda san’at (aniqrog‘i, badiiy adabiyot) ning farqli va o‘xshash jihatlari juda qadim zamonlardayoq mutafakkirlarni o‘ziga tortgan, ko‘pdan-ko‘p bahs-u munozaralarga mavzu bo‘lgandi. Chunonchi, ulug‘ faylasuf Arastu o‘zining “Poetika” sida Homer va Empedoklni o‘zaro qiyoslab, ularning biri shoir, boshqasi esa olim ekanligini ta’kidlaydi. Bu ikki shaxsning o‘xshashligini esa ular yaratgan asarlar muayyan she’riy shaklda (vaznda) ekanligi bilan izohlaydi. Mazkur masala, ya’ni badiiy adabiyotda ilm-fan yutuqlarining aks etishi masalasini Lessing, Gegel, Belinskiy singari allomalar ham yoritishgan. Zamonaviy adabiyotshunoslikda esa filologiya fanlari doktori Ilhom G‘aniyevning “Taqdirimiz o‘z qo‘limizdanmi?” (T.: “Akademnashr”, 2013 yil, shartli b. t.: 5, 88), “Stendal va Qodiriy” (T.: “Akademnashr”, 2010 yil, shartli b. t.: 2, 52), “Ruhiy go‘zallik qismati” (T.: “Akademnashr”, 2013 yil, shartli b. t.: 6, 72) kitoblarida, shuningdek, Albert Eynshteyn va Robingranat Tagorning “Inson va koinot uyg‘unligi” nomli suhbati (“Tafakkur”, 2009 yil, 1-son, 81-83-betlar) da, Nodira Afoqovaning “Botindagi ilohiy hakam” (“Tafakkur”, 2012 yil, 4-son, 29-33-betlar), Ibrohim Haqqulning “Shayton nega yig‘laydi?” (“Tafakkur”, 2006 yil, 3-son, 80-95-betlar), Bahodir Zokirning “G‘arb tamadduni: inqiroz alomatlari” (“Tafakkur”, 2007 yil, 2-son, 12-23-betlar), “Erkinlik g‘oyasi takomili yoxud demokratiya tarixiga bir nazar” (“Tafakkur”, 2008 yil, 2-son, 18-25-betlar), Abdulla A’zamning “Fan va din: qayta tirilish” (“Tafakkur”, 2007 yil 2-son, 66-75-betlar), Dilmurod Quronov va Husanboy Usmonovlarning “Ideal va badiiy yaxlitlik” (“Tafakkur”, 1996 yil, 4-son, 36-41-betlar), Xurshid Yo‘ldoshevning “Axloqiylik mehvari” (“Tafakkur”, 2012 yil, 4-son, 16-23-betlar), “Falsafa fanmi?” (“Tafakkur”, 2010 yil 1-son, 44-49-betlar) singari maqolalarida bu muammoning ba’zi jihatlariga to‘xtalib o‘tilgan. Shunday esa-da, o‘ta keng qamrovli bu mavzu hali batafsil, to‘la-to‘kis o‘rganilgan emas. Shu bois ilm-fan, xususan, aniq va tabiiy fanlar beqiyos darajada taraqqiy qilayotgan, haqiqiy san’at, haqiqiy adabiyot esa regressga uchrayotgan hozirgi kunda fan hamda badiiy adabiyotning o‘zaro munosabatini, bir-biriga ta’sirini tadqiq etish adabiyotshunoslik, estetika fanlari oldida turgan dolzarb masalalardan biridir.
Do'stlaringiz bilan baham: |