UNDOSHLARNING JARANGLILASHUVI Ma’lum fonetik sababga koʻra, jarangsiz undoshnint oʻzi bilan juftlik hosil qiluvchi jarangli undoshga almashinishi. Masalan, k ning g ga oʻtishi; yuragi (yurak + i); q ning gʻ ga oʻtishi: qishlogʻimiz (qishloq + imiz) kabi.
UNDOSHLARNING JARANGSIZLASHUVI Ma’lum fonetik sababga koʻra, jarangli undoshning oʻzi bilan juftlik hosil qiluvchi jaraigsiz undoshga almashinishi. Masalan, b undoshining kitob, borib kabi soʻzlarda p talaffuz etilishi (kitop, borib).
UNDOV BELGISI Bu tinish belgisi (!) asosan quyidagi hollarda qoʻyiladi: 1) undov gaplar oxirida: Eh, bahor qanday go‘zal fasl!; 2) buyruq gaplar oxirida: Hoy, bo‘rilar! So‘zlaringdan qayt! (Hamza); 3) Gap boshida kelib, his-hayajon bilan aytilgan undalmadan so‘ng: Hoy, bo‘rilar! So‘zlaringdan qayt! (Hamza)
UNDOV GAP Fikr bilan birga soʻzlovchining voqelikka boʻlgan turlicha emotsional munosabatini, ichki his-hayajonini ifodalovchi gap. Undov gaplar oʻziga xos konstruktiv unsurlarga, masalan, oʻziga xos undovlar, olmoshlar, undov ohangi kabilarga ega boʻladi: Yashasin mustaqillik!
Naqadar suluvsan, naqadar inju,
Ey, sen shimol yurtin cho‘ng o‘rmonlari. (A. Oripov)
UNDOV His-hayajon, buyruq-xitob, haydash, chaqirish kabi ma’nolarni bildiruvchi, gap boʻlaklari bilan grammatik bogʻlanmaydigan soʻz turkumi va shu turkumga oid muayyan soʻz: oh, voy, be, hay-hay, ura, hay, beh-beh kabilar. Undov ma’nosiga ko‘ra 4 guruhga bo‘linadi: 1) hishayajon undovlari (q.), 2) haydashchaqirish undovlari (q.), 3) rasmodat undovlari (q.) 4) ko‘rsatish, ta’kid undovlari (q.).
UNLI TOVUSH Og‘iz boʻshlig‘ida hech qanday toʻsiqqa uchramay hosil bo‘ladigan, tarkibi ovozdan iborat (shovqin deyarli ishtirok etmaydigan) tovush. O‘zbek adabiy tilida 6 ta unli fonema bor: i, e, a, o, u, oʻ. Unli tovush ikki tomonlama tasnif qilinadi:
I. Tilning vеrtikal (tik) harakatiga ko‘ra 3 ga ajraladi:
1) yuqori tor unli: i, u.
2) o‘rta kеng unli: e, o‘.
3) quyi kеng unli: a, o.
Bunda yuqori, o‘rta, quyi so‘zi tilning og‘iz bo‘shlig‘ining pastida, o‘rtasida va yuqorisida turishni ko‘rsatsa, tor va kеng so‘zi til bilan tanglay oralig‘ining tor-kеngligiga ishora qiladi.
II. Labning ishtirokiga ko‘ra unli ikkiga bo‘linadi:
1) lablanmagan unli: i, e, a.
2) lablangan unli: u, o‘, o.
Lablangan unlini talaffuz qilganda lab cho‘chchayadi, lablanmagan unlida esa bunday hol kuzatilmaydi.
Ba’zan unlini tilning gorizontal (yotiq) harakatiga ko‘ra ikki guruhga ajratishadi:
1) til oldi: i, e, a.
2) til orqa: u, o‘, o.
Bu unlining doimiy bеlgisi va tasnifi emas. Chunki bir unli til orqa undoshi bilan kеlsa, til orqa, til oldi undoshi bilan kеlsa, til oldi unlisiga aylanadi. Masalan, qachon so‘zidagi a til orqa, mana so‘zidagi unli til oldi unlisidir. Yoki paydo, tamanno so‘zidagi o til oldi, qon, xotira so‘zida esa til orqadir.
UNUMLI QO‘SHIMCHALAR – q. Mahsulli qo‘shimchalar.
UNUMSIZ QO‘SHIMCHALAR – q. Mahsulsiz qo‘shimchalar.
Do'stlaringiz bilan baham: |