REALIYA (lot. realis – ashyoviy) Muayyan xalqning turmish tarzi, madaniyati, tarixi bilan bog‘liq betakror, o‘zga xalqlarda uchramaydigan narsa-hodisa, tushuncha; shunday narsa va tushunchalarni anglatuvchi so‘z. Muayyan xalq turmushida ishlatiluvchi narsa-buyumlar (mas., kanoe, tamogavk, mokasin va sh. k. – hindularda; isiriq, obrez, tandir, beshik, taxmon va sh. k. – o‘zbeklarda), hududiy-ma’muriy bo‘linish nomlari (abbatlik, guberniya; ulus, tuman, muzofot), diniy unvon va darajalar (abbat, pop, yepiskop, shayxulislom, muftiy, qozi), mansab nomlari (graf, baron, dyak; bek, amir, tunqotar, hudaychi, hokim), shuningdek geografik yoki madaniy-etnografik tushunchalarni anglatuvchi so‘zlar ham realiyalar sirasiga kiradi.
REMARKA (fr.remarque-belgi, izoh) ad.Dramatik asarlarda qahramonlar tashqi qiyofasi, Yoshi,xulqi, xatti-harakati, sahna manzarasi va b. haqida muallif tomonidan sahna voqeasining boshlanishi oldidan beriluvchi yoki uning kechishi davomida qavs ichida berib boriluvchi izohlar.
REPERTUAR (fr. repertoire < lot. geregtorium – ro‘yxat, ma’lumotnoma) Turli teatr, kontsertlarda yoki ayrim xonanda tomonidan muayyan davr mobaynida ijro etiladitan asarlar majmui. Teatr repertuari. Xalq ansambli repertuari.
RETRO (lot – ilgarigi, o‘tmishga murojaat). Ancha ilgari mashhur bo‘lgan qo‘shiq, she’r, musiqa va shu kabilarga qayta muroaat qilish orqali yana ommalashishi. Mas. Bolalar qo‘shiqlaridan “Boychechak”, “Chittigul”, “Odob yaxshimi, oftob yaxshimi?”, “Kel baxt kuyin kuylaylik”, “Ko‘ylagim”, “Oppoq qandim” va h.k.
RITM She’riyat, musiqa, raqs, tasviriy san’at, me’morlik va boshqa san’at turlarida ayrim element (masalan, tovush yoki nutqiy birlik)larning muayyan izchillik, ketma-ketlik asosida takrorlanib, almashinib kelishi va shunday takroriylikning o‘zi. Musiqa ritmi. She’r ritmi.
RITORIK SO‘ROQ Javob berilishini talab qilmaydigan savol, fikrning so‘roq shaklida tasdiqlanishi. Xuddi ritorik murojaat kabi ritorik so‘roq ham nutq bezagi, emotsional munosabatni kuchaytirish, fikrni ta’kidlab ifodalash singari maqsadlarga xizmat qiladi. Quyidagi she’riy parchada ritorik so‘roq qo‘llangan:
Jimgina najot kutib
Yotardim “Tez yordam”dan.
She’rni kim ham so‘rardi
Kasal yotgan odamdan. (Kavsar Turdiyeva, Yodlasam bo‘lmasmidi?)
RIVOYA (ar. hikoya qilish) Voqelikni obyektiv-voqeaband aks ettiruvchi epik asarlarning o‘zagi, epik asar qurilishining asosiy shakli, undagi muallif yoki perso-naj-hikoyachi nutqi, ya’ni asar matnining personajlar nutqidan tashqari qismi.
RIVOYAT O‘zbek xalq og‘zaki ijodining qadimiy, an’anaviy va keng tarqalgan janrlaridan biri bo‘lgan va hayotiy voqelikni hayotiy uydirmalar orqali bayon etadigan, biror ma’lumot haqida tinglovchiga xabar berish maqsadida hikoya qilinadigan og‘zaki nasriy asarl. Rivoyatlar badiiy shakli hamda vazifasiga ko‘ra afsonalarga juda yaqin turadi. Lekin ularning har biri folklorning ikki mustaqil janri sifatida bir-biridan jiddiy farq qiladi. Jumladan, ular voqelikni bayon etish shakliga ko‘ra bir-biridan farqlanadi. Afsonada voqelik xayoliy uydirma, fantastika, mifologik talqin asosida bayon etilsa, rivoyatda hayotiy uydirma, tarixiy-etnografik aniqlik, reallik asosida hikoya qilinadi.
ROMAN (fr. roman – “lotin tilida emas, roman tillaridan birida yozilgan” ma’nosida) Zamonaviy adabiyotda epic turning yirik hajmli janri. Roman janr sifatida hajman kattaligi, hayotni keng ko‘lamda tasvirlashi, qahramon hayotidagi katta davrni olib, turli ijtimoiy munosabatlar bilan bog‘lab talqin qilishi, ko‘plab va turfa kishilar taqdirlari orqali jamiyatning joriy holatini aks ettira olishi; murakkab ko‘p chiziqli sujetga ega bo‘lishi bilan ajralib turadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |