MUALLIF NUTQI Adabiy asardagi bevosita mualliv tilidan berilgan bayon, tavsif, izoh, va sh. k. o‘rinlar. Garchi biz “badiiy asar tili” desak-da, aslida gap “badiiy nutq ustida boradi”, chunki adabiy asar til unsurlari vositasida yaratilgan tekst, ya’ni nutq hodisasidir. Badiiy nutq uslubiy jihatdan farqlanuvchi komponentlarning birikuvidan hosil bo‘ladi: unda muallif nutqi bilan personajlar nutqi ajratiladi. Mazkur farqlanish asasan epic va liro-epik xarakterdagi asarlarga xos bo‘lib, ularda voqea, voqea kechayotgan joy yoki sharoit tasviri, personajlarga berilayotgan ta’rif, muallif fikr-mulohazalari va sh. k.lar bevosita muallif tilidan beriladi.
MUALLIF OBRAZI Badiiy asar matnida anglashilib turuvchi muallif shaxsi. Muallif shaxsi asar badiiy voqeligiga singib ketadi, chunki badiiy voqelik ijodkor tomonidan ko‘rilgan va ideal asosida qayta yaratilgan voqelikdir. M.G‘.G‘ulomning “Shum bola” qissasidagi Qoravoy obrazi talqinida muallif obrazi yorqin anglashilib turadi. Yoki, X.To‘xtaboyevning “Besh bolalali yigitcha” romani.
MUAMMO (ar. koʻr, koʻr qilingan) Oʻzbek mumtoz adabiyotida sheʼriy janr; poetik sanʼat turi. Unda biror soʻz, ism (yoki bosh harflari), sana va boshqa yashirib beriladi. Koʻpincha 1 bayt, baʼzan 2 baytdan iborat boʻlib, unda biror soʻz yoxud fikr soʻz oʻyini asosida yashiringan boʻladi. Agar sheʼriy bayt boshdan oxir shu asosga qurilgan va tugallangan boʻlsa, muammo deyiladi. Shunchaki baytlar orasida kelsa, sheʼriy vosita, poetik sanʼat deb qaraladi. muammoni tuzish (yaratish) va ochish (yechish)ning bir necha usullari mavjud. Koʻpincha undagi biror soʻz ochqich vazifasini oʻtaydi. Arab tili grammatikasi qoidalari, arab alifbosi harflarining shakliy ramzlari, abjad hisobi va boshqalarni bilish muammo uchun zarur. Oʻzbek mumtoz adabiyotida muammochilik zehn va idrokni tarbiya qilish maktabi hisoblangan. Shoirning mahorati muammoni yecha olish qobiliyatiga qarab belgilangan.
Xulqungni rost qilgʻil har sorigʻaki borsang,
Ahsanta der bori el gar yaxshi ot chiqorsang. (Bobur)
Boburning bu muammosi “Hasan” nomiga yozilgan. Ishoralarga koʻra ism ikkinchi misradagi arabcha “ahsanta” soʻzidan “alif” va “te” harflari isqot qilinsa, qolgan harflar “Hasan” degan maʼnoni beradi.
MUBOLAG‘A (ar. oshirish, orttirish) U yoki bu narsa, xususiyat, voqea va belgini o‘ta kuchaytirib, orttirib tasvirash vositasi. Mubolag‘a vositasida ijodkor tasvirlanayotgan obyektni boshqa obyektlardan ajratib, bo‘rttirib tasvirlash, uni goh maqtash, goh masxaralashga erishadi. Sharq klassik adabiyotshunosligida mubolag‘aning o‘zi uch turga ajratilib, har bir tur alohida nom bilan yuritilgan va ular bir-biridan nozik xususiyatlari bilan farqlangan. Ular quyidagilar:
1) tasvirning bo‘rttirilishi aqlga muvofiq kelsa ham biroq real hayotda bunday bo‘rttirishning uchrashi qiyin. Mubolag‘aning bu turi tablig‘ deb yuritiladi. Masalan:
Aningdek teshadin sakrab ushoq tosh,
Ki nozir bir yig‘ochdin qochurub bosh. (Alisher Navoiy)
2) bo‘rttirilgan tasvirni tasavvur qislish mumkin, biroq bunday bo‘rttirish amalda hech uchramaydi. Mubolag‘aning bu turi ig‘roq deb ataladi. Masalan:
Ul sanamkim suv yaqosinda paritek o‘lturur,
G‘oyati nozukligudan suv bila yutsa bo‘lur. (Atoiy)
3) Bo‘rttirilgan tasvirni o‘quvchi tasavvur ham qila olmaydi, real hayotda ham uchrata olmaydi. Bunday o‘ta mubolag‘a g‘uluv deb ataladi. Masalan:
Oh urarman, oh urarman,
Ohlarim tutsin seni.
Ko‘z yoshim daryo bo‘lib,
Baliqlari yutsin seni. (Xalq qo‘shig‘i)
Do'stlaringiz bilan baham: |