246
Tarbiyachi bolalarga badiiy asarni o‘qib yo hikoya qilib berishdan avval uning tembral
suratini yaxshi tasavvur qilib olishi lozim. Hissiy bo‘yoqdorligi to‘g‘ri bo‘lgan hikoya yoki
mutolaa kayfiyatni yetkazib berishga ko‘maklashadi va hikoyaga qiziqishni kuchaytiradi.
O‘quvchi ovozining tembr bo‘yog‘i va uning mimikasi, turishi, yuz ifodasi o‘qilayotgan yo
hikoya qilinayotgan matn mazmuniga mos kelishi kerak. Xatto juda kulgili hikoyalarni
kerakdagidek kayfiyatda o‘qilmasa, aksincha horg‘in chehra bilan o‘qilsa, u bolalarda kulgu
uyg‘ota olmaydi. O‘qish va hikoya qilishda imo-ishora juda muhim. U so‘zni to‘ldirib, ahamiyatini
orttiradi. Imo-ishoraga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish, uni suiste’mol qilmaslik lozim.
O‘qishga tayyorlanayotib, tarbiyachi asardagi voqealar, uning motivlariga bolalarning
e’tiborini qay yo‘l bilan tortish, qahramonning xatti-harakatiga o‘z munosabatini bildirish va uni
bolalarga yetkazish uchun ovoziga qaysi tembrni berish haqida puxta o‘ylab olishi kerak.
Tarbiyachi o‘qish, hikoya qilish davomida qahramonlar va tasvirlanayotgan hodisalarga o‘z
munosabatini belgilab olmas ekan, bolalar bu ishni mustaqil bajarishi amrimahol. Aksincha,
yozuvchi fikri qirralari, bayonning dramatizmi yo komizmi, personajning xarakter xususiyatlarini
yetkazib beradigan mutolaani bolalar chuqur idrok eta oladi.
Hikoya qiluvchi hikoyaning qurilishini anglab olishi kerak: birgina epizod, yoki bir necha
epizod bayon qilinishi, qolaversa, ba’zan ular huddi “Zumrad va Qimmat” ertagidagi kabi qarma-
qarshi kayfiyatda bo‘lishi mumkin.
Tarbiyachi bularning hammasini e’tiborga olishi, asar kayfiyatini bolalarga –
tinglovchilariga to‘g‘ri yetkazib berishga urinishi lozim.
Bunda tarbiyachilar quyidagi asosiy metodlarlarni qo‘llashi maqsadga muvofiq:
1.
Tarbiyachining kitobni yoddan o‘qishi. Bu matnni so‘zma-so‘z yetkazish. O‘quvchi,
muallif tilini saqlagan holda, yozuvchi fikrining barcha qirralarini yetkazib berishi, tinglovchilar
aqli va hissiyotiga ta’sir etishi. Badiiy asarlarning katta qismini kitobdan o‘qib berishi.
2.
Tarbiyachining hikoya qilishi. Bu matnni nisbatan erkin yetkazib berish (so‘zlarni
almashtirish, ularning joyini almashtirish, sharhlash mumkin). Hikoya qilish bolalar e’tiborini
tortish uchun ko‘proq imkon beradi.
3.
Inssenirovka (sahnalashtirish). Bu metodni badiiy asar bilan ikkilamchi tanishtirish
vositasi sifatida baholash mumkin.
4.
Yod olish. Asarni yetkazib berish usulini tanlash (o‘qish yo hikoya qilish) asar janri va
tinglovchilar yoshiga bog‘liq.
Tarbiyachining ushbu metodlarni qo‘llashi maktabgacha yoshdagi bolalarda kitobga, uning
illyustratsiyalariga qiziqish va muhabbat uyg‘otadi, e’tiborini jamlashga, uni oxirigacha
tinglashga, mazmunni tushunishga, unga hissiy reaksiya qilishga o‘rgatiladi. Kichkintoylarda
birgalikda tinglash, savollarga javob berish ko‘nikmasi, kitobga ehtiyotkorona munosabat
shakllantiriladi. Kichik guruhdan boshlab, tarbiyachi bolalarni janrlarni farqlashga o‘rgatadi.
Uning o‘zi janrni aytib beradi: hikoya, ertak, she’r aytib beraman kabi.
Do'stlaringiz bilan baham: