2.7-§. HARORATNI MAXSUS O‘LCHASH TERMOMETRLARI
Qattiq jismlar sirtining haroratini o‘lchash. Sirtlarning haroratini kontaktli va kontaktsiz usullar bilan o‘lchash mumkin. Haroratni kontaktli termometrlar bilan o‘lchashda, odatda ikkita muammo vujudga keladi:
1) termometr va o‘lchanayotgan sirt haroratlarining tengligini ta’minlash;
2) termometr bilan o‘lchash joyida haroratning yoki sirtning harorat maydonining buzib ko‘rsatilishini yo‘qotish.
Termometr va o‘lchanayotgan sirt haroratlarining tengligini ta’minlash uchun o‘lchash ob’yekti sirtidan termometrga issiqlik o‘tishining eng yaxshi sharoitlarini yaratish lozim. Yaxshi issiqlik kontaktini ta’minlash uchun maxsus tayyorlangan termometrni sirtga yelimlash, kavsharlash yoki payvandlash maqsadga muvofiq.
O‘lchash ob’yekti sirtining harorati yoki harorat maydonining buzilishiga termometrning o‘lchanayotgan sirtga qo‘shimcha issiqlik olib kelishi yoki olib ketishi sabab bo‘lib, ishlagan vaqtida yuz beradi. Shuning uchun, sirt haroratini o‘lchash joyida qo‘shimcha issiqlik almashish bo‘lmaydigan sharoitlar yaratish kerak. Ba’zan termometr orqali issiqlik almashishidan qochish mumkin bo‘lmaganda, shu issiqlik almashishni harorat o‘lchanadigan joydan boshqa joyga ko‘chirishga harakat qilinadi.
Sirt haroratini, masalan, quvur haroratini uzluksiz o‘lchash uchun termometrni sirtga maxsus qisqich bilan taqab quyiladi. Quvurning izolyatsiyasi borligi o‘lchash joyidan issiqlikni chiqib ketishi (yoki issiqlik kirib kelishi) amalda mumkin emasligini taqozo qiladi va shuning uchun termometr sirt haroratini buzib ko‘rsatmaydi.
Harakatdagi sirtlarning (vallarning, kalandrlarning va b.) haroratini o‘lchash anchagina murakkab. Bunday holda nurlanish bo‘yicha kontaktsiz o‘lchash usullaridan foydalanish maqsadga muvofiq, ammo bu usullarni qo‘llashni amalga oshirib bo‘lmaydi, chunki o‘lchanayotgan sirtni to‘g‘ridan-to‘g‘ri k o‘rish mumkin emas va h. Shuning uchun kontaktli termometrlar keng qo‘llaniladi. Bunda issiqlik qabul qilgich (termopriyomnik) bilan harorati o‘lchanayotgan sirtning ishqalanishiga bog‘liq bo‘lgan qator qo‘shimcha xatoliklar paydo bo‘ladi. Shu xatoliklar termopriyomnik kontaktining to‘g‘riligiga, nazorat qilinayotgan sirt tozaligiga va boshqa omillarga bog‘liq. Sirt aylanma harakat qilganda signalning uzatilishi aylanma kontaktli qurilma orqali amalga oshiriladi. Uning sodda varianti kontakt xalqalaridir.
Do'stlaringiz bilan baham: |