VIII – BOB. TURIZMDA MENEJMENT FAOLIYATI VA JAMOAVIY BOSHQARUVNING SHAKLLANISHI
Muhim tushunchalar: Turizm, menejment, turistik industriya, turizm iqtisodiyoti, turizmning mumtoz menejmenti, Menejment usullari, turistik firma, turizm menejmentining tamoyillari, Integratsiya tamoyili.
8.1. Turizm menejmentining kelib chiqishidagi
shart-sharoitlar
Turizmda menejment faoliyatiga ta’rif berishdan oldin turizmning o‘ziga ta’rif berish, turizmning mohiyati va mazmunini tushunib, bilib olish talab qilinadi.
“Turizm” deganda har bir turist yoki turistlar guruhining fikrini olganimizda turli xulosalar kelib chiqadi: Bir turist-turizmni cho‘l yoki tog‘larda yurilgan uzoq kilometrli so‘qmoqlar, turistik palatka, kechasi gulxan atrofidagi qo‘shiq va qo‘lbola ovqatlanish deb tushunadi; ikkinchi turist turizmni – tarixiy joylarda sayr qilishi, tarix bilan tanishish, tarixiy obidalarni ko‘rib zavq-shavq olish deb biladi; uchinchi turist – o‘z dinidagi buyuk payg‘ambarlar, avliyolar, shayxlar qabrini ziyorat qilish, sig‘inish va ularning ruhlaridan hidoyat, panoh, yordam so‘rashni turizm deb qat’iy tan oladi; to‘rtinchi turist – turizmni chet elga sayohat qilishdan boshqa hodisa emas degan fikrni tasdiqlaydi va h.k.
Qayd qilingan turistlarning hammasi o‘zlaricha haq, to‘g‘ri qaror qilishgan. Turizmning rang-barangligi, turli-tumanligi ham shundan iborat. Bu sohani birdaniga rivojlantirishning ham bosh sababi ham uning juda turli-tumanligidadir. Bu turfa xillikning hammasi insonning o‘zi yashab turgan muhit chegarasidan tashqari qilgan sayohat tushuniladi. Turizm – iqtisodiyotning faqatgina muhim sohasigina emas, u inson hayotining muhim bir qismi, turizm insonning tashqi muhit bilan bo‘lgan munosabatlarini qamrab oladigan soha.
O‘zbekiston Respublikasining “Turizm haqida” gi qonuniga muvofiq – “Turizm bu – jismoniy shaxsning doimiy istiqomat joyidan sog‘lomlashtirish, ma’rifiy, kasbiy-amaliy yoki boshqa maqsadlarda borilgan joyda (mamlakatda) haq to‘lanadigan faoliyat bilan shug‘ullanmagan holda uzog‘i bilan bir yil muddatga jo‘nab ketishi (sayohat qilish) dir”.
Turizm bu – bu ishlab chiqarish va noishlab chiqarish funksiyalariga ega bo‘lgan va turistik industriyadan tashkil topgan diversifikatsiyalangan, tarmoqlararo ijtimoiy-maishiy infratuzilma kompleksidir.
Turistik industriya – bu mehmonxonalar va boshqa joylashish vositalari to‘plami, transport vositalari, umumiy ovqatlanish korxonalari, ko‘ngil ochar vositalar, tanishuv, ish bilan bog‘liq, sog‘lomlashtirish va boshqa maqsadlar uchun mo‘ljallangan ob’ektlar, turoperatorlik va turagentlik faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlar hamda sayohat xizmatlari va gid tarjimonlik xizmatlarini ko‘rsatuvchi muassasalar yig‘indisidir.
Turizm iqtisodiyoti – turizm sohasida ishlab chiqarish, taqsimot, ayirboshlash va turistik faoliyat natijalarini iste’mol qilish jarayonida hosil bo‘ladigan munosabatlar tizimidan tashkil topadi.
Turistik firma iqtisodiyoti – bu turistik mahsulotni realizatsiya qilish va turli boshqa xizmat turlarini ko‘rsatish natijasida olingan daromad va nomoddiy aktivlar ishlab chiqarish omillari yig‘indisidan iborat.
Qayd qilingan turizm atamalarining mazmuni, mohiyati jihatlaridan ma’lum bo‘ladiki, turizm sohasi ko‘plab yo‘nalishlarni, o‘z tarkibiga olganligidan, uning boshqaruvi ham majmualilikni, ko‘p qirraliliklarni va vaziyatlarda tezda o‘zgaruvchanlikni, moslashishni olishi lozim bo‘ladi. SHuning uchun ham turizm menejmentining kelib chiqishidagi shart-sharoitlarni o‘rganish muhim ahamiyatga ega.
Turizm tarixidagi shakllanish masalalariga mutaxassislar turlicha yondashadi va fikr yuritadi. Aksariyat hollarda turizmni iqtisodiyotda ham insoniyatning dunyo bo‘yicha harakatlanishida ham yangi fenomen – ko‘rinish, soha deb qarashadi. Aslida turizmning tarixi o‘tmishdagi dunyo bo‘ylab qilingan sayohatlardan boshlangan deb xulosa qiluvchilar ham ko‘pchilik olimlarni tashkil qilishadi. Lekin turizm haqidagi zamonaviy ta’limot dunyodagi birinchi sayohatchilarni ham sayohatlarni ham tan olmaydi. Bunday xulosaga keluvchilarning fikricha birinchi sayohatchilar sayohatga o‘zlarining hohish istaklaricha chiqishmagan. Bu sayohatlar majburiy bo‘lib erkinlikni tan olishmagan. Ularning maqsadi – yangi tijorat bozorlarini, yangi erlarni ochish, zo‘rovonlik bilan xalqlarni bo‘ysundirish, dinni yoyish va h.klar bo‘lishgan.
Shuning uchun ham hozirgi vaqtda hech kim aniq aytaolmaydiki menejment – boshqaruv elementlari qachon paydo bo‘lganini. Bu haqda ham menejment tarixchilari har xil manbalarni keltirishadi.
Biz menejmentni o‘rganar ekanmiz dastlab O‘zbekistonlik olimlarning menejment evolyusiyasini qanday izohlaganligi bilan qiziqishimiz zarur bo‘ladi.
O‘zbekistonda menejment fani asoschilari bo‘lgan akademik M.SHarifxo‘jaev va professor Yo.Abdullaevlar boshqarish nazariyasining dastlabki kurtaklari qadim zamonlarga borib taqalib Y.Sezar, A.Makedonskiy, Turkistonda esa o‘rta asr davrida Amir Temur hukmronligi vaqtidan shakllana boshlagan va u boshqaruv oddiy bo‘lib asosan harbiy tavsiflarga ega edi deb xulosa qilishadi. Bu o‘rinda haqli savol tug‘iladi – insoniyatni lol qoldirgan mo‘‘jizaviy qurilishlar – Piramidalarni bundan 3000 yil oldin qanday boshqaruv qurdirgan. Koinot jismlari, yulduzlar va oy tutilishi, fasllarning o‘zgarishi, quyosh tutilishini soniyalargacha hozir ham to‘g‘ri hisoblaydigan Stounxej astranomik majmuasini bundan 5000 yil oldin qanday boshqaruv qurdirgan. Stounxenj va Piramidalardagi toshlar og‘irligini hozirgi zamonaviy yuk ko‘tarish mexanizmlari ham ko‘tarishaolmaydi va h.k.
Menejmentning yuzaga kelishidagi evolyutsion rivojlanishni keltiradigan bo‘lsak, mazkur ishning hajmi talab darajasidan ham ikki-uch barobar oshib ketadi. SHuning uchun ham biz turizm menejmenti rivojidagi evolyutsion bosqichlarni keltirish bilan chegaralanamiz.
Turizmning mumtoz menejmentida uning 4 davrda shakllanganligi, rivojlanganligi keltiriladi. Aslida bu menejment insoniyatni iqtisod nuqtai-nazardan boshqaruv davrlaridir.
Birinchi - qadimiy davr
Boshlang‘ich davr
Rivojlanishning ko‘tarilish davri
1990 yillardan hozirgacha bo‘lgan davr.
Albatda qayd qilingan davrlar Sovet Ittifoqining parchalanishi davri bilan bog‘langan (Kabushkin, 2002).
1. Birinchi–qadimiy davr – bu davr turizm menejmentining eng uzoq muddatlardagi davrini – eramizdan oldingi IX-VII asrlardan to XVIII asrlargacha bo‘lgan vaqtni o‘z tarkibiga oladi.
Bu davrdagi boshqaruv insoniyatning ibtidoiy jamoa tuzimidagi faoliyatlaridan iborat deb hisoblashishadi. Bu jamoalar, to‘dalar va qabilalarni barcha a’zolar yig‘ini boshqarishgan. Keyinchalik qabilalar tuzumidagi jamoani dohiylar, urug‘ boshliqlari – tajribali qariyalar boshqarishgan va h.k.. Eramizdan taxminan IX-VII ming yilliklar oldin yaqin SHarqda “ov” va “hosil yig‘ish” kabi xo‘jaliklar paydo bo‘la boshladi. Aynan ana shu vaqtdan boshlab insoniyat jamoasida yuzaga kelgan dastlabki xo‘jaliklarni yashab, qolish uchun boshqarish zarurati kelib chiqdi.
Eramizdan II-III ming oldingi yilliklarda boshqaruvda dastlabki inqilob boshlandi: jamiyatda tabaqalanish, diniy bo‘linish paydo bo‘ldi. Insoniyat jamiyatidagi bu vaziyatning o‘zi boshqaruvda “menejerlarning” yuzaga chiqqanligini ko‘rsatib turardi.
Menejmentdagi ikkinchi inqilob Vavilon hokimi Xammurapi (1792-1750 y. eramizdan avval) davrida yuz berdi. Bu davrda daholik boshqaruvi tashkil topa boshladi.
Navuxodonasora II (eramizdan avvalgi 605-562 y.) yutuqlari – murakkab qurilish usullari, texnik jihatdan murakkab loyihalar, boshqaruvning samaradorligini oshirish menejmentda uchinchi inqilobni yuzaga keltirdi.
Turizmdagi eng qadimgi sayohat – dengiz sayohati bo‘lib (1501-1484 y.y.) bu sayohatni qadimgi Misr malikasi Xaishepsut amalga oshirdi.
Eramizdan 2000 yil oldin misrlik Sinuxto Edem mamlakatiga sayohatda bo‘ldi. Bu sayohat tafsilotlari papirusda yozilgan “Sinuxit sayohati” deb nomlangan asarda qayd qilingan.
Eramizdan oldingi VI asrda misrlik firavn Nexao Afrika qirg‘oqlariga 3 yillik sayohat uyushtirdi.
Eramizdan oldingi VIII asrda qadimgi greklar olimpiada o‘yinlariga qatnashish yoki tamoshabin bo‘lish uchun doimiy ravishda sayohatlar uyushtirishgan. Georaf – tarixchi Gerodot eramizdan oldingi 5 asrda ko‘plab sayohatga chiqgan. Qadimgi Misrda eramizdan oldingi 3000-2800 yillarda davlatni boshqarishda boy tajribalar to‘plangan, tarkib topgan edi.
Boshqaruvni faoliyatning muhim sohasi deb qabul qilgan va boshqaruvdagi universal tamoyilini birinchi bo‘lib ishlab chiqgan Suqrot edi (eramizdan oldingi (470-399 y.y.).
Do'stlaringiz bilan baham: |