NIL VA RIM
(Tarix kitobidan)
Lampam yonur... Yaralangan qanotday og'ir
O'y bosadi. Yuragimda go'yo sel yog'ir.
Qiynalaman. Tirishaman. Hushim parishon
O'tmish, hozir va kelajak ko'rinur har on.
Tirishaman, butun kuchim ko'zimga kelar,
Chirog'imga parvonadek urinar yillar
To'rt atrofim to'lib ketar kuygan qanotga...
Xayolimda: katta sahro, men minib otga
Shamoldan tez, bulutlardan yengil chopaman;
Kuyib tushgan har qanotdan bir jon topaman.
Termilaman o'lik ko'zga (nega qo'rqayin?).
Barchasidan o'yib olib ko'zining oyin
Termilaman: qichqiradi yillar, odamlar,
Eshitilar menga ular bosgan qadamlar...
II
Sariq qumlar orasidan qon rangli quyosh -
Ko'tarilar. Nil oqadir - qullar to'kkan yosh.
Faryodlarga chidolmaydi yer bilan osmon,
Ro qayerda? Azirisa? Qiynaydi Tifon!
Kimga yig'lab, kimdan madad kutsin bemor qul?
Erki qulfdir, hayoti qulf, bor xudolar qulfi
Kosasida suv yo'q, quruq xaltasi: non yo'q!
Botayotgan quyosh kabi rangida qon yo'q.
Ko'zida ko'z yo'q, belida bel yo'q, hayhot!
Fir'avn uni chumoliday ezadi: voy dod!..
Fir'avnning hukmi qattiq, fir'avn - xo'jayin,
Xudolarga u manzurdir, hayoti tayin.
Neki qilsa, o'zi bilur, o'zi hukmron,
Misr bo'ylab Nil oqadur - «qullar to'kkan qon!»
III
To Minisdan Ramzesgacha, Ramzesdan nari
«Malika qiz» - Kleopatra hukmron davri.
Undan tortib... yana uzoq, yana ko'p yillar
Xarsang bilan yotqizilgan necha ming yo'llar.
1 Ro, Azirisa, Tifon – qadimgi misrliklar tushunchasidagi xudolar nomi. 2 Fir’avn – qadimgi misr davlatini boshqargan hukmdor. 3 Minis, Ramzes, Kleopatra – quldorlik davri Misr hukmdorlari.
Ko'zyoshidan, dil toshidan qurilgan haykal
Mag'rur turar, mag'rur boqar; hech biron mahal
Na odamdan, na zamondan qo'rqmas asti u.
G'azabini yutib o'lgan qullar dasti bu!
Qullar... (Menman u qullarning o'lmas avlodi,
Mana menman, u qullarning hech so'nmas yodi,
Mana menman, falaklarga lov-lov o't qo'yib,
Otalarimning boshidan poydeyor uyib,
Ozodligim obidasin qurgan insonman!
O'sha jonman, o'sha qonman ya o'sha shonman!)
IV
Otim uchar (xayolimda) oldinga doim,
Avval bahor osmonidek yig'lar gado Rim.
Emchagida bir tomizim suti yo'q ona
Go'dagini tosh ostiga bostirdi, ana!
O'lim yaxshi, odam agar shunday xor bo'lsa!
Bir parcha non nima o'zi! Shunga zor bo'lsa!
Nahot, chaqmoq yondirmaydi butun ochunni?
Kul gardiday umr - tog'day kulfat uchunmi?
Javob bergin menga, zakki qadimgi Homer,
Ko'zyoshi-yu qonga rostdan tashnami bu - yer?
Qo'y, yaxshi chol! Ko'nglim to'ldi, gaplashamiz so'ng,
Bu nimasi? Eshitasanmi, og'ir, hazin mung?
Hamon yig'lar yalang'och Rim, hamon dil ezar,
Hamon tilla qadahda qon ichar Sezar!
V
Rim ustida shamsiyadek tumanli osmon,
Katta sirkka sig'ishmasdan qaynar olomon:
«Odam bilan hayvon o'yin ko'rsatar emish...”
(Bunday qiliq bizning uchun qandayin erish!..)
Tishlarini irjaytirib bo'kirgan yo'lbars
To'rt tarafga tashlanadi, talpinib lars-lars.
Och ko'zlari qonga to'lgan, sakrab o'ynaydi...
O, bechora, qoch! U seni tirik qo'ymaydi!
Ana! Ana, tirnog'ini nishlab kelar u,
Changal soldi! Xalq o'rnidan birdan turdi duv...
Chapak chaldi. «Ey, ahmoq Rim, sevinma qonga!
Bundan boshqa xo'rlik bormi, axir, insonga?» -
1 Avval bahor osmonidek… - erta bahor osmonidek. 2 Ochun – dunyo, olam. 3 Homer – qadimgi yunon shoiri, ko’zi tug’ma ojiz bo’lgan. 4 Sezar – Rim imperiyasini boshqargan hukmdor.
Dedi, parcha-parcha bo'lgan gladiator.
Rim - o'yindan o'lim kutgan jinni teatr!
VI
Issiq izlar... hamon u isyondan is bordek,
Bulutlarning orasinda yurar Spartak.
Osmon - qalqon, kamon yoyi - chaqmoq, yonar o't,
Zulm uchun yig'i, fig'on ya erksizlik sud.
Jayob bersin. Aflotunmi, Vergiliymi, yo -
Boshqa biri, qani kim? Kim mard? Kim guvoh?
Ki, tun qancha qora bo'lsa, oy shuncha yorug'!
Spartakning lashkarlari hali ham borur.
Mana menman, u isyonning o'lmas avlodi,
Mana menman, u qullarning hech so'nmas yodi.
Mana menman, falaklarga lov-lov o't qo'yib,
Otalarimning boshidan poydevor uyib,
Kelajagim obidasin qurgan insonman!
O'sha jonman, o'sha qonman va o'sha shonman!!!
1935
Avvalo, Usmon Nosir bu she'riga nima uchun «Nil va Rim>> deb sarlavha qo'ygani bilan qiziqaylik. Avvalgi sinflarda «Jahon tarixi» darslaridan quldorlik davriga oid voqealarni o'rgangan edingiz. Yodingizda bo'lsa, markazi hozirgi Italiya davlatining poytaxti Rim shahrida bo'lgan ulkan imperiya
jahonning ko'plab mamlakatlarini bosib olib, ularning xalqini qul qilgan edi. Misrda bo'lsa, fu'avnlar o'zlarini yerdagi Xudo hisoblab, o'z xalqi va atrof-javonibdagi odamlarga uy hayvonlaridek munosabatda bo'lishni odat qilgandilar. Bu quldorlik davlatlarida inson umrining sariq chaqalik qadri bo'lmay, o'n minglab, yuz minglab kishilar umri imperiyalarning o'zaro besamar urushlari oloviga tashlanardi. Bu urushlarda asir tushgan odamlar qul bozorlarida sotilar, ularning keyingi taqdiri bilan hech kimning ishi - tashvishi bo'lmasdi. Qul egasi uni xohlagancha ishlatar, xo'rlar, ko'ngilochdi olishuvlarga solar, yoqmay qolsa, o'ldirib yuborish ham uning ixtiyorida bo'lar edi.
1 Spartak – Rim quldorlik tuzumiga qarshi ko’tarilgan qo’zg’olonning rahbari. 2 Sud – ma’no, mohiyat. 3 Aflotun (Platon) – qadimgi yunon faylasufi. 4 Vergiliy – qadimgi yunon lirik shoiri.
Har qalay, ko'pchiligingiz G'arb kino ijodkorlari tomonidan yaratilgan «Spartak», «Kleopatra» (bir necha variantlari bor!), «Gladiator» singari filmlarni tomosha qilgansiz. Ko'rgansizki, bir tomonda oltin va durlarga ko'milib yotgan hukmronlar, ularning sut va gul suviga cho'milayotgan o'nlab ayollari. Boshqa tomonda bo'lsa, janglarda olgan jarohatlari qurtlab ketgan, ochlikdan va xorlikdan labi gezarib, «Non!» deya, «Non!» deya surinib kechayotgan» (G'afur G'ulom), gardaniga temir zanjir quyilgan o'n minglab qullar...
Tarix hikoyalarini qalbdan his qilib o'qigan va o'z zamonasida ham qullikning, inson xo'rligining turli ko'rinishlarini kuzatayotgan 23 yoshli shoir tasavvurida goh qullar ko'zyoshidan to'lgan Nil, goh «o'yindan o'lim kutgan jinni teatr» - Rim gavdalanaveradi:
Chirog'imga parvonadek urinar yillar
To'rt atrofim to'lib ketar kuygan qanotga...
Bu tarix kitobida zarvaraq bir yoqda tursin, oq varaq ham yo'q. Milt etgan yorug'likka tashna bu yillar parvonadek o'zini chiroqqa uradi, baribir qismati yo'qlik - kul... Asarning II qismidagi tasvirlarga e'tibor beraylik. Uning birinchi misraida «Sariq qumlar orasidan qon rangli quyosh - ko'tarilar», deyiladi. Boshqa bir misrada esa «Botayotgan quyosh kabi rangida qon yo’q», degan o'xshatish ishlatiladi. Agar tabiatga - yozda quyoshning chiqishi va botishiga razm solsak, aslida, buning aksiga guvoh bo'lamiz. Quyosh ko'tarilayotganda anchagina rangsiz, botayotganida esa qip-qizil rangga bo'yaladi. (Bundan keyin mutolaa qiladiganimiz «Monolog» she'rida shoir, darhaqiqat, «Ufqdan botar quyoshni Shart kesilgan boshga o'xshatdim», deydi!) Endi savol tug'iladi: nima, Usmon Nosir «Nil va Rim»da mantiqsizlikka, noaniqlikka yo'l qo'yganmi?
Mutlaqo!
Hamma gap shundaki, shoir o'zi la'natlayotgan davrda hayot, tiriklik mantig'i, insoniy turmush tarzining oyog'i osmondan keltirilganini mana shu «g'alati o'xshatish»lar orqali ham bo'rttirib ifodalaydi. Fir'avnlarning qabri bo'lmish Misr ehromlari, bu mamlakatdagi ulkan tosh haykallari, mana necha asrlarki, «na odamdan, na zamondan qo'rqadi». Ular shu qadar mustahkam, shu qadar chidamli. Holbuki, shoir nazarida, bularning bari «G'azabini yutib o'lgan qullar dasti»dir. Xo'rlik, nochorlik, alamli hayot og'riqlariga qarshi mahkam tugilgan inson mushti ular! Usmon Nosirning sevimli ustozi, safdoshi Cho'lpon insonga murojaat etib: «Bo'yin egma, kishan kiyma, ki, sen ham hur tug'ulg'onsen!» degan edi. Darhaqiqat, inson bolasi yaralibdiki, qullikka, erksizlikka, mutelikka qarshi kurashib keladi. Tabiatan erk farzandi bo'lgan shoir uchun o'zidan minglab yillar ilgari o'tgan insonlar qismati ham begona emas. U erksizlikning har bir qurbonini o'z tug'ishganiday ko'radi, zolimlardan ularning xunini so'raydi. Asarda naqarotdek ikki bor qaytarilgan, «Mana menman, u isyonning o'lmas avlodi...» deya boshlanuvchi fidoyi hayqiriq, go'yo Usmon Nosirning o'zini kutayotgan og'ir erksizlik, surgun zulmatlariga oldindan ko'tarilgan isyondek yangraydi!
MONOLOG
Sevgi! Sening shirin tilingdan
Kim o'pmagan, kim tishlamagan?
Darding yoyday tilib ko'ksidan,
Kim qalbidan qonlar to'kmagan?
Seni yaxshi bilaman, go'zal,
Petrarkani o'qiganim bor.
Buyuk Rimning Sapfosi azal
Xayolimni oshiqday tortar.
Bilamanki, Tasso bechora
Rohat ko'rmay o'tgan bir umr.
Ey makkora qiz, Leonora ,
Nomi qora bilan yozilgur!..
Balki, guldan yaralgan pari
Tosh ko'ngilli Biatriche:
Gadosan, - deb qochmasa nari
Dante baxtli bo'lardi picha!
Balki, Hamlet oydin tunlarda
Ofeliyani erkalatardi.
Balki, uzun sochini silab
Azongacha ertak aytardi.
Agar xiyonatni bilmasa,
Ezmasa fojia yuragin!
Yo'q! Yo'q, shoir! Gar shunday bo'lsa,
Shekspirning yo'qdir keragi!
Dezdemona, gunohsiz dilbar,
Jigar qonlaringni ichgan kim?
Bilaman, Otello, bilaman,
Otello haqimi?.. Shoir - jim!..
1 Petrarka – qadimgi Rim shoiri. 2 Sapfo – Qadimgi Rim shoirasi. 3 Tasso – o’tli ishq-muhabbat kuylangan asarning baxtsiz qahramoni. 4 Leonora – yana bir adabiy qahramon. 5 Biatriche – mashhur italyan shoiri Dantening sevgilisi. 6 Hamlet – mashhur shoir va dramaturg Uilyam Shekspirning shu nomdagi tragediyasining bosh qahramoni. 7 Ofeliya – Hamletning sevgilisi. 8 Dezdemona – Shekspirning yana bir tragediyasi “Otello”ning bosh qahramonlaridan biri.
Jim!.. Ufqdan botar quyoshni
Shart kesilgan boshga o'xshatdim.
Parcha-parcha kuygan shafaqlar
Tirqiragan qonni eslatdi!
Qanday qo'rqinch! Qanday qabohat!
Mumkin emas hech qiynalmasdan!
Aqlidan ozganmi muhabbat?
Mumkin emas, qarshi turmasdan!
Mumkin emas, ey, oliy janob,
Necha yurakni aylab xarob.
Shohona toj kiygan muhabbat,
Mumkin emas! Qanday qabohat!
Ki, odamning o'ziniginamas,
Hissini ham xarob qilsa davr!
Qiynalaman!.. Yuragimda hovur...
Bu - qarshilik! Yo'q! Gina emas.
Bu - qarshilik! Ko'ring tarixni.
Umr tepasida musht tuygan...
Qiynalaman vijdon bilan man,
Mumkin emas, qarshi turmasdan!
O'z zimmamga katta ish oldim:
Ehtimolki, tamom qilmasdan –
Umrim tugar. Ammo, bo'lmaydi
(Ko'nglim o'rniga hech tushmaydi).
Senga qarshi bosh ko'tarmasdan
Asrlarni yig'latgan sevgi!!!
1933
Ishq-muhabbat jahon adabiyoti, tasviriy va qo'shiqchilik san'ati, musiqasining doimiy va hech qachon ohori to'kilmaydigan mavzuidir. Yodingizda bo'lsa, mashhur tatar shoiri Xodi Toqtash: «Muhabbat ul o'zi eski narsa, Lekin har bir yurak uni yong'orta (yangilaydi»), degan edi. Zero, har bir inson balog'at yoshiga yetar ekan, uning qalbiga avval notanish bo'lgan ajib bir his muhabbat hissi, albatta, mo'ralaydi. Insonning o'zi kabi inson go'zalligiga, latif chiroyiga, qalb xazinasiga bo'lgan qiziqishi bosh ko'taradi. Ikki yosh bir-birini ko'rgisi, ko'zlariga termilgisi, uzoq-uzoq suhbatlar qurgisi keladi. Odam bolasi sevgisi, sevilgisi keladi. Usmon Nosir hayoti va ijodi to'g'risida avvalgi darsda o'qiganingiz ma'lumotda bu shoir to'g'risidagi Turob To'laning taassuroti bilan tanishgan edingiz. Uning gaplariga yana bir e'tibor bering:
Do'stlaringiz bilan baham: |