Alisher Navoiy gʻazallariga sharhlar
Erkin Vohidov, Najmiddin Komilov
5
library.ziyonet.uz/
Butun gʻazal boʻylab soʻz dodini berib tajnisni uzluksiz davom ettirish bir san’at boʻlsa,
buni muhim ijtimoiy-axloqiy gʻoya bilan bogʻlab rivojlantirish orqali goʻzal bir tasvirni
vujudga keltirish yana bir san’at — yuksak shoirlik mahoratining, uygʻoq, uygʻun
taxayyul, tabiatday qudratli va saxiy iste’dodning nash’u namosi, sehrkorligi. Shoirning
ustaligini qarangki, baytlar bir-biri ila mantiqan payvandlanib, yetakchi, sarbon gʻoyani
teranlashtira borish asnosida lirik qahramonning tuygʻulari ham baytdan baytga
kuchayib, uning yuragidagi dardi, ehtiros-hayajonlari joʻshib boraveradi, jon va jonon
mojarosi zoʻrayadi, visol shodligiyu hijron azoblari, oshiq iztirobi va yor istigʻnosi
orasidagi dramatik ziddiyat taranglashadi.
Gʻazalni sharhlaganimizda bu xususiyat yanada ravshanroq koʻzga tashlana boradi.
Ammo bu ishni boshlashdan oldin hamma gaplarimiz kelib taqaladigan «jon» va «jonon»
soʻzlariga izoh bermoqchimiz. Jonon soʻzining jondan kelib chiqqani aniq. Lekin qanday
qilib? Balki bu «jon kabi», «jonga oʻxshash» (jondan shirin) degan ma’nolarni anglatar?
Ya’ni: jonmonand — jonmon — jonon tarzida birikmaning ixchamlashib borishi
oqibatida sodir boʻlgandir? Fors tilida soʻzni mana shunday ixchamlab, talaffuzni
yengillashtirish hodisasi bor. Ammo Suddiy Basnaviyning fikricha, jonon jon soʻzining
koʻpligidir. Mahbubni ulugʻlash, unga cheksiz hurmat-ehtirom bildirish maqsadida
shunday qilingan boʻlsa ajab emas, chunki bu yaxshi odatimiz hozir ham amal qilib
kelmoqda. Bundan tashqari, jonon — jonlarning joni (joni jonho, joni jonon) tuganmas,
oʻlmas jon ma’nosida ishlatilib, bora-bora tilda mustahkamlanib qolgan boʻlishi ham
mumkin. Har holda barcha ma’nolarda ham jonon (muannas shakli jonona) inson uchun
eng qimmatli, aziz hisoblangan jon bilan barobar qoʻyilgani, hattoki undai ortiqroq bilib,
e’zozlanayotgani ayon boʻlmoqda. Jonon — mahbub, ma’shuq, dilbar, dilorom, sanam —
bularning barchasi yorning sifat-sinonimlari. Ulardan har biri she’riyatda oʻz mavridi, oʻz
maqom-nisbatida qoʻllanib kelingan. Chunonchi, jonon soʻzi tilga olinganda albatta jon
soʻzi ham qoʻshib zikr etilgan.
Voqean bir-biriga vobasta bu tushunchalarni yana ham toʻliqroq tasavvur etmoqchi
boʻlsak, jon soʻzining kelib chiqish mohiyatini ham bilishimiz darkor. Zero, qadimgi
ajdodlarimiz buni hozir biz tushunganday talqin etmaganlar. Hozir biz jonni tanadan
ajratib tasavvur qilolmaymiz. Jon, ya’ni tiriklik materiyaning oliy darajada uyushgan
shakli boʻlmish biologik hayotning (demak inson vujudining ham) xususiyati deb
qaraymiz. Qadimgilar esa, jon boshqa, tana-jism boshqa deb tushunganlar. Boz ustiga,
ularning tasavvuricha, jon, ruh — oliy ne’mat, birlamchi borliq boʻlib, jism quyi xayulo
— toʻrt unsurdan tarkib topgan bir qolip. Agar jon boʻlmasa, vujud oʻzicha yashay
olmaydi, dunyo timsoli boʻlgan bu «vayrona»ni jon obod qilishi mumkin. «Oshiq dili
doʻstga muntazir va beqaror talpinganiday, jism ruhga mushtoq va muhtojdir», deydi
«Kashful mahjub» kitobining muallifi Shoh Inoyatullo. Alisher Navoiy asarlarida
uchraydigan «jismi vayronim», «tan uyn», «vujud xokistari» singari iboralarni shu
ma’noda anglashimiz kerak. Uningcha, jonsiz jism — qaro tuproq: «Jismdan jonsiz na
hosil, ey mu-sulmonlarki, ul bir qaro tufroqdururkim, gulu rayhoni yoʻq». Jonning
shoirlar koʻp qoʻllaydigan ikkinchi ramziy nomi «ravon» (yurib turuvchi) ekanini
Do'stlaringiz bilan baham: |