MOTAMSARO ONA
M otamsaro Ona. Mazluma. Kechagi Vatanimiz ramzi. G‘anim uning mustahkam, ahil oilasini buzdi. Jigarporasini yulib oldi. Uning o‘g‘li dushmanga jonini berdi, lekin Vatanini bermadi. U onasidan olgan oq duo, jasorat bilan dushmanni yengdi. Demak, ona, o‘g‘lining jasorati bilan olib qoldi Vatanni. Kamtarin, kamsuqum, issiq, qadoq qo‘lli, sodda, mehri daryo ona ana shunday qudratli. Bugun ular Qoraqalpog‘iston Respublikasida, poytaxtimizda, viloyatlarimizning markaziy maydonlarida, to‘rda o‘tirishibdi. O‘tirishlari o‘zbekona, ammo g‘oyat mungli.
1999 yilning 15 yanvarida va 26 fevralida Prezident Islom Karimov ikki yuz ishchi, ustayu muhandis kechayu kunduz tinmay ishlayotgan, qurilish qizg‘in tus olgan mazkur ziyoratgohdagi bunyodkorlik ishlari bilan borib tanishadi. Qurilajak Motamsaro ona haykalining el-ulus oyoq uzmaydigan ziyoratgohga aylanishiga alohida e’tibor qaratadi.
Haykal urush tufayli og‘ir kulfatlarni boshidan kechirgan, jigarbandidan ayrilib, behad qayg‘u-jafo chekkan va qaddi egilib qolgan munis va mushtipar ona hasratlarini o‘zida to‘liq namoyon etishi, haykal poyidagi «Sen doim qalbimdasan, jigarim!» degan yozuv esa, inson xotirasi juda aziz va mo‘‘tabar ekanini anglatib turishini ta’kidlaydi. O‘zbek ayoli, har birimizning onalarimiz haqida odamni larzaga soladigan fikrlarni aytadi.
Bu voqeani O‘zbekiston Qahramoni, hunarmand usta Abdug‘ani Abdullayev shunday eslaydi: «Prezidentimiz «Onalarimiz farzandlarini, opalarimiz o‘z yostiqdoshlarini, aka-ukalarini uylari oldidagi ayvondan urushga kuzatib qolishgan. Garchi oradan yarim asrdan oshiq vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, urushdan qaytmagan jigarbandlari haqida o‘ylasa, har bir o‘zbek xonadoniga xos bo‘lgan o‘sha ayvonlar ularning ko‘z oldida namoyon bo‘ladi».
Motamsaro Ona bugun butun insoniyatni «Ogoh bo‘ling, odamlar!», deya hushyorlikka undab turibdi. Har kuni. Kecha-kunduz. Shu daqiqalarda ham.
BAXTIYOR ONA
M ustaqillik maydonining to‘rida O‘zbekistonimizning chiroyi, charog‘boni – Baxtiyor Ona o‘tiribdi. Uning boshida – mana men, deb bo‘rtib turgan O‘zbekiston relefi.
Oppoq yo‘l sizni Baxtiyor Ona poyiga eltadi. Bu yo‘l niyatlaringizga oq rang beradi. Yuragingizni yumshatadi. Onaga ehtirom izhor qilay deb qancha yaqinlashsangiz, shuncha yuksalasiz.
Monumentning ma’naviy-ma’rifiy mohiyati oilani, onani e’zozlash edi. Buni Prezidentimiz shunday ifodaladilar: «Oila qurayotgan kelin-kuyovlarimiz qutlug‘ niyat bilan mana shu muhtasham darvozadan o‘tib, mo‘‘tabar Ona siymosi oldida bir lahza o‘yga-xayolga tolsa, dilidagi qaynoq orzu-umidlar haqida o‘ylab, o‘zlariga va o‘zgalarga baxt-saodat tilasa, o‘ylaymanki, har tomonlama ibratli bo‘ladi. Mening xayolimdan o‘tayotgan Baxtiyor ona siymosi shundayki, u go‘dagini bag‘riga bosib turgan navqiron o‘zbek ayoli bo‘lsin, chehrasidan nur yog‘ilib tursin, yuzlarida shukronalik va hayotga o‘tli muhabbat, o‘zining va farzandining baxtu iqboliga ishonch balqsin!
Do'stlaringiz bilan baham: |