AYOL –BEBAHO XAZINA
Lobar Xamrakulova, GulDU talabasi
Iroda Qodirova, GulDu talabasi
Ayol! Ayol bu –ajib xilqat…Ayol bu –go‘zallik va maftunkorlik timsoli… Ayolning ta’rifini keltirish uchun behisob so‘zlar ham kamdek nazarimda. Dunyo yaratilibdi-ki, bu sirli olam egasiga munosib ta’bir topa olgan emas. Qanchadan-qancha avliyolar-u ulamolar, donishmandlar Ayol tilsimini yechishga, uning sha’niga qiyos axtarishga urinishgan. Ayolga Ona deb atalmish ilohiy maqomning berilishi uning yuksakligini, adog‘i yo‘q hurmat egasi ekanligining isbotidir. Shu bois, unga ta’rif berar ekansiz, yanada yangi haqiqatlarni anglay boshlaysiz.
Ayolning millat tarbiyachisi sifatida yuksak ma’naviyat egasi ekanligi avlodlarning buyuk kelajagi yo‘lida qo‘yilgan poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Munis ayollarimiz farzand tarbiyasini hali farzand tug‘ilmasidan, Allohdan solih farzand so‘rash bilan boshlaydi. Niyatining pokligi, har ishda hayosining go‘zalligi bolaning xulqi-odobiga ta’sir o‘tkazadi. Farzand tug‘ilgach nozik kaftlari bilan silab, otash kabi issiq bag‘irlarida murg‘ak go‘dakni avaylab-asrab mehr ummonidan bahramand etadilar. Qaro tunlarni orzularidek oppoq tonglarga ulab, qalb tug‘yonlarini kuyga solib farzandi qoshida alla aytadi.
O‘zbek ayollari, o‘zbek onalarining sharafli hayotlari tariximizdan ma’lum. Ular tarbiya qilgan farzandlar dunyo taraqqiyotiga katta ta’sir o‘tkazgan. Jumladan, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Umar Hayyom, Abdulla Qahhor kabilar o‘zbek tili so‘z san’atining boyligi, uning rang-barangligini asarlarida ko‘rsatib berganlar. Dunyoga mashhur bu o‘g‘lonlarning hayotiga nazar soladigan bo‘lsak, ularning barkamol bo‘lib voyaga yetishlarida onalarining o‘rni muhim ahamiyat kasb etganligini ko‘rishimiz mumkin.
Sohibqiron Amir Temur hukmronligi yillariga nazar tashlaymiz: xon avlodiga mansub Saroymulkxonim biror masala yuzasidan Amir Temurga yozma murojaatnoma kiritish huququga ega bo‘lgan. Sohibqironga faqatgina chet ellik hukmdorlar xat bilan murojaat etishini olib qaraydigan bo‘lsak, o‘sha davrda ayollarning, onaning mavqeyi yuqori ekanligini bilib olishimiz mumkin.
Yaqin o‘tmishdan misol keltirsak, Sadriddin Ayniy o‘g‘li va qizi Moskvada taxsil olganida o‘g‘liga kam pul, qiziga esa ko‘p pul yuborar ekan. Buning sababini so‘rashganida shunday tushuntirib beribdi: “O‘g‘il bolani to‘qchilik buzadi, qiz bolani yo‘qchilik”. Bu so‘zlar qizlarni kelajakda oqila ayol bo‘lib voyaga yetkazish uchun aytilgan desak, mubolag’a bo‘lmaydi.
Mustaqillik yillarida xotin-qizlarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularga munosib shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Birinchi Prezidentimiz I.A.Karimovning “Oila sog‘lom va baxtli bo‘lsa, jamiyat barqaror va farovon bo‘ladi” shiori ostidagi islohotlari tahsinga sazovordir.
1991 yil 23 fevralda Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi tuzilishi, davlatimizning bosh Qonuni Konstitutsiyamizning 46-moddasida “Xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlidirlar” deya e’tirof etilishi, 1995 yilga kelib umume’tirof etilgan xalqaro hujjatlar, jumladan, “Xotin-qizlar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga baham berish to‘g‘risida”gi Konvensiyaga qo’shilish mamlakatimizda ayollarning haq-huquqlarini himoya qilish yo‘lida dadil qadamlardan bo‘lgan.
1993 yilda ayollar manfaatini ko‘zlagan O‘zbekistonning birinchi ordeni –“Sog‘lom avlod uchun”ordeni ta’sis etilgan. 1995 yil mart oyida esa Prezidentimizning “O‘zbekiston respublikasining davlat va ijtimoiy qurilishida xotin-qizlarning rolini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni bilan Xotin-qizlar qo’mitasi raisiga vazir o’rinbosari, hududiy va mahalliy Xotin-qizlar qo’mitasi raislariga hokim o‘rinbosari maqomi berilgan. Ayni o‘sha damlarda ayollar mavqeyini bu darajaga ko‘tarilishini tasavvur qilib bo‘lmas edi.
Yurtimizda xotin-qizlar manfaatlarini ro‘yobga chiqarish, ularning iqtidor va iste’dodlarini rag‘batlantirish uchun 1999 yilda “Zulfiya” nomidagi davlat mukofoti ta’sis etilgan. Bu mukofot orqali har yili respublikamizdagi turli sohalarda yutuqlarga erishib kelayotgan qizlar taqdirlanadi.
Barchamizga ma’lumki, 1996 yildan buyon har yilni nomlash an’anaga aylangan. Buning e’tiborli jihati, mazkur yillar davomida 10 marotaba xotin-qizlar manfaati bilan bevosita bog‘liq nomlar keltirilgan: 1998 yil “Oila yili”, 1999 yil “Ayollar yili”, 2000 yil “Sog‘lom avlod yili”, 2001 yil “Onalar va bolalar yili”, 2008 yil “Yoshlar yili”, 2010 yil “Barkamol avlod yili”, 2012 yil “Mustahkam oila yili”, 2013 yil “Obod turmush yili”, 2014 yil “Sog‘lom bola yili”, 2016 yil “Sog’lom bola-sog‘lom ona yili”.
Shular bilan birgalikda 1998 yili “Oila” ilmiy-amaliy markazining tashkil etilishi ham ayollarning jamiyatdagi o‘rni yuksalishiga bir qadar turtki bo‘ldi.
Gender tenglik(ayollar va erkaklar teng huquqliligi) BMT 2030 yilgacha amalga oshirishni ko‘zda tutuvchi Barqaror taraqqiyot maqsadlaridan bir hisoblanadi. O‘zbekistonda gender tengligi muammolari haqidagi xabardorlikni oshirish maqsadida BMTTDning “Mahalliy boshqaruv tizimini qo‘llab-quvvatlash/2-bosqich” loyihasi joriy ko‘rsatgichlarni aks ettirgan infografikani ishlab chiqdi. Unga ko‘ra barcha jinoyatlarning 17%i ayollarga to‘g‘ri keladi. Raqamlar oliy o‘quv yurtiga kirayotgan 258,400 nafar talabaning 36.5%igina xotin-qizlar hissasiga to‘g‘ri kelishini ko‘rsatmoqda. Aksariyat 50-60%dan ko‘proq ayollar tabiiy fanlar va pedagogika, 18-19 % qizlargina texnika oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olishadi. Sog‘liqni saqlash, sport, ta’lim, san’at kabi sohalarda xodimlarning 70%ini ayollar tashkil etadi va bu o‘z-o‘zidan gender notenglikni namoyon qiladi. Gender tengsizlik davlat boshqaruvida ham ko‘zga tashlanadi. Boshqaruvdagi ayollar soni 27%dan ortmaydi, mahalliy boshqaruvda esa bu ko‘rsatkich 19%ga teng. Ta’kidlash joizki, hokimlik lavozimida ayollar, afsuski, yo‘q.
Rivojlanayotgan O‘zbekistonimizda bugungi kunda ayollarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 2 fevraldagi “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5325-sonli Farmoni bilan Xotin-qizlar qo’mitasi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari, Jumladan, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti ta’lim, fan adabiyot, madaniyat, san’at, sport va jamoatchilik faoliyatida aolihida yutuqlarga erishgan o‘n to‘rt yoshga to‘lgan va o‘ttiz yoshdan oshmagan iqtidorli, hududiy bo‘linmalardagi talabgor qizlardan ikki nafariga berilishi tartibi o‘rnatildi. Bu esa qizlarimizning quvonchiga sabab bo‘ldi.
Farmonga asosan, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 14 martdagi 201-sonli qarori bilan Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ushbu fond sohaning rivojlanishida ko‘plab ishlarni amalga oshirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil 24 yanvar kuni Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida qizlar uchun alohida grantlar ajratilishi ham xotin-qizlar masalasi diqqat markazida ekanigligi isbotidir. Yurtimizda vakillik organlariga saylovlarda ham xotin-qizlar nomzodlarini qo‘llab-quvvatlashmoqda, ularga ishonch bildiruvchilar soni ortib borayapti.
Ayollarga ko‘satilayotgan yuksak ehtiromga sabab qidirib, quyidagi satrlarga ko‘zim tushdi. “Bahordan nega buncha yoqimli va go‘zalsan deb so‘rashganida, u ayoldan andoza olganman, debdi. Yozdan nega tafting va harorating yuqori deb so‘rashganida, u ayol qalbidan andoza olganman, kuz esa ayol saxovatidan nusxa ko‘chirganman, qish ayol pokligidan andoza olganman degan ekan. Hayotdan buncha chiroylisan va totlisan deyishganida u ayol muhabbatidan andoza olganman deya javob qaytaribdi.
Ayol zoti aziz va mukarram etib yaratildi. Hadisi sharifda uning nomi “Jannat onalar oyog‘i ostida” deb ulug‘langan ekan, ayolga uy yumushlaridan orta olmayotgan uy bekasi sifatida emas, balki, yetuk shaxs sifatida muomala qilish, har qanday vaziyatda uning atrofida himoyachi va g‘amxo‘rlari bor ekanini his qildira olish lozim. Zero, Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev aytganlaridek “Onani, ayolni rozi qilsak, xalq bizdan rozi bo‘ladi”.
Foydalanilgan adabiyotlar:
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi. –T.: O‘zbekiston nashriyoti 2017
“Xalq so‘zi” gazetasi. //O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasi. 25.01.2020. 19-son.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. “Baxtiyor oila”. “Semurg’ Media” MChJ. 2012
Saytlar: www.lex.uz –internetdagi O‘zbekiston Qonun hujjatlari
ma’lumotlari milliy bazasi;
www.muslim.uz –O‘zbekiston musulmonlari idorasi portali;
www.wsu.uz –O‘zbekiston xotin-qizlar qo’mitasi sayti.
Do'stlaringiz bilan baham: |