3. Aylanma mablag`larni me`yorlashtirish Shakllanish manbaiga ko`ra, aylanma mablag`lar xususiy va qarzga olingan turlarga bo`linadi. Xususiy aylanma mablag`lar doimo korxona ixtiyorida bo`lib, xususiy resurslar, asosan foyda hisobiga shakllanadi. Korxonaning xususiy aylanma mablag`lari qatoriga ish haqi bo`yicha qarzlar, ta`minotchilar yoki hamkorlar qarzlari, buyurtmachilarning tayyorlangan mahsulot uchun to`lagan pullari kabilarni kiritish mumkin. Bu mablag`lar xususiy mablag`larga tenglashtirilgan mablag`lar yoki korxonaning barqaror passivlari deb ataladi. Qarzga olingan aylanma mablag`lar doimo harakatda bo`lmaydi hamda korxonaning mahsulotlarni sotishdagi qiyinchiliklar, moddiy-tovar boyliklar bilan ta`minlash, mahsulot ishlab chiqarish dasturini oshirib bajarish va boshqa vaqtinchalik ehtiyojlarni qoplash uchun foydalaniladi. Ular qatoriga bank kreditlari, kreditorlik qarzlari (tijorat kreditlari) va boshqa passivlarni kiritish mumkin. Aylanma mablag`larni boshqarish mahsulot ishlab chiqarish va sotish jarayonining uzluksizligini ta`minlashda aylanma mablag`lardan iloji boricha kamroq foydalanishda ifodalanadi. Bu esa korxona aylanma mablag`lari aylanishining barcha bosqichlarida mos ravishda minimal, lekin yetarli tarzda ratsional taqsimlanishi zarurligini anglatadi. Bu vazifa o`z navbatida moddiy resurslar zahiralari va xarajatlarini normalashtirish tufayli muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Aylanma mablag`larni normalashtirish korxonaning uzluksiz ishlashi ta`minlaydigan moddiy boylik va boshqa resurslarning minimal, lekin yetarli zahiralarini shakllantirish uchun zarur bo`lgan pul mablag`larini aniqlashda ifodalanadi. U ichki zahiralarni aniqlash, ishlab chiqarish sikli davomiyligini qisqartirish va tayyor mahsulotni tezroq sotish imkon yaratadi. Biroq amaliyotda korxonalarning barcha aylanma mablag`lari ham normalashtirilmaydi. Shu sababli aylanma mablag`lar normalashtiriluvchi va normalashtirilmaydigan turlarga taqsimlanadi va ular hozirgi bozor munosabatlari sharoitlarida ham o`z ahamiyatini yo`qotmagan. Normalashtiriluvchi aylanma mablag`lar qatoriga korxona omborlaridagi ishlab chiqarish zahiralari (xom ashyo, materiallar, yoqilg`i, unchalik qimmat bo`lmagan predmetlar va jihozlar), tugallanmagan ishlab chiqarish, kelgusi davr xarajatlari va ombordagi tayyor mahsulotlar kiritiladi. Normalashtirilmaydigan aylanma mablag`lar, bu – xaridorlarga berib yuborilgan tayyor mahsulot yoki tovarlar, hisob raqamidagi pul mablag`laridir. Korxonalar faoliyatida barcha aylanma mablag`lar salmog`ida 70-80%ni tashkil qiluvchi normalashtiriluvchi aylanma mablag`lar asosiy o`rin tutadi. Aylanma mablag`larni normalashtirish tejamkorlik rejimiga rioya qilish va resurslardan oqilona foydalanish imkonini yaratadi.
Resurslarni normalashtirish jarayonida aylanma mablag`larning norma va normativlari belgilanadi. Aylanma mablag`larning normasi, korxona moddiy-tovar boyliklarining minimal zahiralarini tavsiflaydi hamda ishlab chiqarilayotgan mahsulot birligiga to`g`ri keluvchi pul o`lchovida, zahira kunlari va zahira normalarida hisoblanadi. Aylanma mablag`larning normativi aylanma mablag`lar normasini, normasi aniqlangan ko`rsatkichga ko`paytirishni ifodalaydi hamda qoidaga ko`ra, pul ko`rinishida o`lchanadi. U quyidagi formula asosida hisoblanishi mumkin: Nay.m = Nich.z + Nt.ich + Nt.m bu yerda: Nich.z – ishlab chiqarilgan zahiralar normasi; Nt.ich – tugallanmagan ishlab chiqarish normasi; Nt.m – tayyor mahsulot normasi. Aylanma mablag`larni normalashtirish va ayniqsa, moddiy resurslarni sarflash normalarini belgilashda quyidagi tamoyillarga amal qilish lozim: ➢ normalarning progressivligi va dinamikligi; ➢ normalarning iqtisodiy va ishlab chiqarish−texnikaviy jihatdan asoslanganligi; ➢ xom ashyo, material, yoqilg`i, elektr energiyasi va boshqa resurslar o`lchamini to`g`ri tanlash; ➢ chiqit va yo`qotishlarning oldini olish; ➢ eskirgan normalarni qayta ko`rib chiqish hamda ularni fan-texnika taraqqiyoti yutuqlariga mos holga keltirish. Moddiy va boshqa resurslarni normalashtirishda bir nechta usullar qo`llaniladi. Amaliyotda quyidagi usullar ko`proq uchraydi: 1. O`tgan yillar davomida amalda sarflangan resurslar to`g`risidagi hisobot ma`lumotlarini o`rganish hamda bir necha yillar davomida ro`y bergan pasayishlarni hisoblashga asoslanuvchi statistika-tajriba usuli. 2. Laboratoriya tajribalariga asosan yaratilgan hamda instrumentlar va yordamchi materiallar sarflanishi normasini aniqlashda qo`llaniluvchi – laboratoriya − texnikaviy usuli. 3. Yuzaga kelgan ishlab chiqarish sharoitlaridan tashqari boshqa korxonalarning ilg`or tajribalari va yutuqlarini ham hisobga olish imkonini beruvchi, moddiy resurslardan foydalanishni normalashtirishning mukammalroq usuli hisoblanuvchi – hisob-tahliliy usuli. Korxona aylanma mablag`larini normalashtirish tadbirlari ishlab chiqarish zahiralarini normalashtirish, shuningdek, tugallanmagan ishlab chiqarishning optimal kattaligi, tayyor mahsulot qoldiqlari va kelgusi davr xarajatlarini aniqlash bilan bog`liq vazifalarni yechishga olib keladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |