Axmedova m. A. umumiy muxarrirligi ostida


-§. Dialektik tafakkurning asosiy metodologik tamoyillari



Download 0,73 Mb.
bet102/233
Sana31.12.2021
Hajmi0,73 Mb.
#214277
1   ...   98   99   100   101   102   103   104   105   ...   233
Bog'liq
falsafa darslik Axmedova

2-§. Dialektik tafakkurning asosiy metodologik tamoyillari
Bilishning metodologik tamoyillari – bu har bir falsafiy nazariyaning eng umumiy, tizimiy elementlaridir. Bir tomondan, bunday tamoyillar tizimining shakllanishi bu falsafiy tafakkurning yuqori darajada rivojlanganligining ko‘rsatkichidir. Chunki bunday tizim tarkibida falsafa va fan taraqqiyotida yaratilgan bilimlar yig‘iladi va sintez qilinadi. Ikkinchi tomondan falsafiy nazariyaning kvintessensiyasini, mohiyatini va eng asosiy mazmunini tashkil qiluvchi metodologik tamoyillar tizimi falsafa kelgusi rivojining sermaxsul quroli va vositasi bo‘lib hizmat qiladi. Falsafiy ta'limotning metodologik tamoyillar tizimi uning yalpi boyligi va evristik ahamiyatini eng kuchli, sintetik va umumlashgan tarzda ifoda etadi.

Turli falsafiy tizimlar turli falsafiy metodologik tamoyillarga asoslanadi. Biz dialektik falsafaning metodologik tamoyillarini bayon qilishga harakat qilamiz. Dialektik falsafada metodologik tamoyillar elementlari o‘zaro bog‘langan va o‘zaro ta'sir qiluvchi birbutun izchil tizimni tashkil qiladi. Bu tamoyillar mazmuni o‘zgarmas, qotib qolgan emas va falsafa, fan, amaliyot yutuqlari asosida yangilanib, boyitilib va konkretlashtirib boriladi.

Asrlar mobaynida insoniyat ongida rivojlanish g‘oyasi shakllanib kelgandir. Dastlab bu g‘oya bir hodisaning vujudgakelishi va boshqasiga aylanishi haqidagi tasavvur shaklida uyg‘ongan. Bunday aylanishni esa yopiq doira shaklida, ya'ni bir narsaning qayta ana shu narsaning o‘ziga aylanishi tarzida tushunishgan. Masalan, qadimgi yunonlar dunyoda hamma narsa takrorlanadi va aylanib-aylanib ma'lum muddat o‘tgach «o‘zining dastlabki doirasiga» qaytib keladi, deb hisoblashgan. Dunyo mangu va yaratilmagan, u muayyan siklda takrorlanuvchan xilqatdir. Geraklit: «Dunyo yagonadir va u na biror odam, na biror xudo tomonidan yaratilmagan, u bo‘lgan, bor, bo‘ladi va u mangu alangalanib va so‘nib turuvchi olovdan iboratdir»- deb xitob qilgan edi.

Davriylik g‘oyasiga qarama-qarshi ravishda o‘rta asrlarda vaqtning o‘z yo‘nalishiga egaligi, orqaga qaytmasligi haqidagi g‘oya paydo bo‘ldi. Xristian falsafasida inson tarixining tug‘ilishidan o‘limiga tomon yo‘nalganligi haqidagi g‘oya shakllandi. Avreliy Avgustin odamning tug‘ilishini tarixning boshlanishiga, uning o‘limini esa - qiyomat kuni bilan taqqoslagan. Islom falsafasida vaqtning manguligi, uning azaliyligi va abadiyligi majmuasidan iboratligi, xudoning manguligi va azaliyligi, odamning yaratilganligi va o‘tkinchiligi, ruhning odamga berilganligi va abadiyligi haqidagi g‘oyalar vujudga keldi. Bu fikrlar rivojlanishini o‘tmishdan kelajakka qarab yo‘nalgan jarayon sifatida tushunishga turtki bergan muhim g‘oyalardir.

Falsafa tarixida rivojlanish haqidagi fikrlarni xayolimizda qayta tiklasak Koinotning rivojlanishiga berilgan birinchi turtki haqidagi R. Dekart g‘oyasi, fransuz mutafakkirlari Volter va Russo tarixiy taraqqiyotni jamiyatdagi revolyusion o‘zgarishlar orqali izohlashga urinishgan. Xudo amri bilan olamda ro‘y beruvchi to‘xtovsiz rivojlanishlar mohiyati borasida Sharq falsafasida Mirzo Bedil ta'limotida, rivojlanishning manbai, mexanizmi va yo‘nalishi haqidagi nemis klassik falsafasi namoyondalari I. Kant va G. Xegel dialektikasida qimmatli g‘oyalar mavjuddir. Rivojlanishning yaxlit konsepsiyasi, eng avvalo insoniyatning tarixiy rivojlanishi haqidagi mumtoz fikrlar ob'ektiv idealizm nuqtai nazaridan turib Xegel falsafasida ilgari surilgan edi.

Materialistik dialektika nuqtai nazaricha, butun moddiy dunyo, barcha moddiy va ma'naviy ob'ektlar paydo bo‘lish, gullab-yashnash va yo‘qolish bosqichlarini boshidan o‘tkazadi, ya'ni ular beto‘xtov rivojlanish holatidadir. Rivojlanish jarayonining zamirida harakat va o‘zgarish yotadi. Harakat – bu ham bir o‘zgarishdir. Agar harakatni umuman o‘zgarish, ya'ni har qanday o‘zgarish ma'nosida tushunsak, rivojlanish alohida shakldagi o‘zgarishdir. Rivojlanish jarayonida ob'ektni tashkil etuvchi barcha elementlar o‘zgarishga uchraydi. Lekin, bu elementlar bir-biriga asoslangan va bir-biriga aloqador holda, kompleks va yahlit holda o‘zgaradi.

Rivojlanayotgan sistema kompleks va yaxlit o‘zgarishi natijasida bir miqdoriy va sifatiy holatdan boshqa o‘zgargan miqdoriy va sifatiy holatga o‘tadi. Shu tariqa o‘zgarish sistemaning yaxlit o‘zgarib ketishiga (boshqa sistemaga aylanishiga) sababchi bo‘ladi, ya'ni rivojlanish – bu holatlarning aylanib turishidir. Agar biz bu jarayonni vaqtning oqishi nuqtai nazaridan izohlasak, quyidagi fikrga kelamiz: hozirgi zamon o‘tgan zamonning aylangan holati, va kelgusi zamonning aylanadigan holati, kelajak esa hali aylanishga ulgurmagan hozirgi zamondir. Bundan, siklik aylangan holat rivojlanishning natijasidir, degan xulosa kelib chiqadi. Sistemaning aylanishi o‘zining yo‘nalishiga egadir. Sistema paydo bo‘lishda, yangilanishda, gullab-yashnashda, ravnaq topishda, qarish-chirishda va halokat holatida bo‘lishi mumkin. Bularning hammasi aylanish oqibatida sodir bo‘ladi. Aylanishlar sistema tashkiliy holatini murakkablashtirishi, yoki aksincha soddalashtirishi mumkin. Shunga qarab sistema ravnaq sari, yoki inqiroz sari yo‘naladi. Bu esa, rivojlanish – yo‘nalishga ega bo‘lgan o‘zgarishdir, degan xulosani beradi.

Dunyoda absolyut izolyasiyalangan, alohida ajratilgan, absolyut yopiq sistemaning o‘zi bo‘lishi mumkin emasligidan rivojlanayotgan sistema, u bilan yonma-yon yashayotgan boshqa qo‘shni sistemalar bilan o‘zaro aloqadorlikka kirishadi, buning oqibatida u ichki va tashqi o‘zgarishlarga uchraydi. Bu o‘zgarishlar mazkur sistemaning erkinlik darajasining (ichki va tashqi aloqalarning) kuchayishiga (progressiv rivojlanishda) yoki susayishiga (regressiv rivojlanishda) olib boradi. Bunday ichki va tashqi aloqadorliklar oqibatida rivojlanayotgan sistema har tomonlama o‘zgarishga uchraydi. Bunday xilma-xil o‘zgarishlar esa orqaga qaytmaslik xususiyatiga egadir. Bundan, rivojlanish – orqaga qaytmas jarayonlar, degan xulosa kelib chiqadi.

Rivojlanish jarayonida sistemaning yangi holati uning ilgarigi (eski) holatini inkor etish natijasida paydo bo‘ladi. Rivojlanayotgan sistemaning hozirgi holati uning o‘tmishdagi holatini inkor etish evaziga vujudga keladi. Sistemaning ilgarigi va keyingi holatlarini taqqoslash natijasida biluvchi sub'ekt rivojlanishning sur'ati (tempi)ni va yo‘nalishini aniqlashi mumkin. Agar rivojlanuvchi sistema nisbatan kam tashkillashgan holatdan yuqoriroq darajada tashkillashgan holatga o‘tgan bo‘lsa, bunday sistemadagi rivojlanish progressiv yo‘nalishga ega bo‘ladi, agar sistema nisbatan yuqori darajada tashkillashgan holatdan pastroq darajadagi tashkillashgan holatga o‘tsa, rivojlanish regressiv yo‘nalishda borayotgan bo‘ladi. Agar rivojlanish natijasida sistemaning tashkillashgan holati o‘zgarishsiz qolsa, bunday rivojlanish bir tekisdagi rivojlanish deyiladi. Bunday holatlarda sistemaning murakkablik va tashkillashish darajasi ilgarigidek qolgani bilan, uning elementlari o‘rtasidagi va uning boshqa sistemalar orasidagi o‘rni o‘zgaradi, bunday o‘zgarishlar u bilan yonma-yon yashayotgan yoki unga nisbatan kengroq bo‘lgan boshqa sistemalarda progressiv yoki regressiv rivojlanishlar sodir bo‘lishga zamin yaratadi.

Rivojlanish jarayonida sistemadagi o‘zgarishlarning bunday xususiyatlardan kelib chiqib rivojlanishga quyidagicha ta'rif berish mumkin: Rivojlanish sistemaning shunday yaxlit, kompleks, yo‘nalishga ega bo‘lgan, orqaga qaytmaydigan fazo-vaqt strukturasi o‘zgarishiki, uning natijasida sistema bir miqdoriy va sifatiy holatdan boshqa miqdoriy va sifatiy holatga o‘tadi.

Bu prinsipga ko‘ra, ob'ektni bilish davomida bizning shu ob'ekt haqidagi sub'ektiv fikrlarimizga emas, balki uning o‘z tabiatiga asoslanmoq, predmet haqidagi fikrni predmetning o‘ziga bo‘ysundirmoq, ob'ektga o‘ylab chiqarilgan sxema va tuzilmalarni yopishtirmaslik, balki ularni ob'ektining xususiyatlari, qirralari va tomonlaridan chiqarmoq kerak. Ob'ektni tadqiq etish jarayonida bu o‘ta muhim metodologik prinsipning buzilishi bizni soxta xulosalarga, haqiqiy ahvolning ixtiyoriy yoki g‘ayriixtiyoriy ravishda buzib ko‘rsatilishiga olib keladi, bu xol amalda ob'ektni o‘rganayotgan sub'ektning (odam, kishilar guruhi yoki butun jamiyatning) shu ob'ektni bilish va ijodiy o‘zlashtirishiga to‘sqinlik qiladi.

Bilish sub'ekti shu prinsipga asoslanib, ob'ektning xususiyatlari, o‘ziga xos alomatlari va aloqalarini, mavjud bo‘lish va o‘zgarish qonunlarini hisobga olmog‘i kerak. Faqat shundagina sub'ektga tadqiqot ob'ektining botiniy tabiati, chin mohiyati namoyon bo‘ladi.

Ob'ektni har tomonlama chuqur qarab chiqmoq uchun uni mushohada qilishning o‘zi yetarli emas. Ob'ektning bizga ma'lum bo‘lmagan barcha yangidan-yangi xossalarini ochish uchun unga faollik bilan, muayyan maqsadni ko‘zlab ta'sir ko‘rsatmoq, uni o‘z tabiati uchun g‘ayritabiiy bo‘lgan turli, ko‘pincha ekstremal sharoitga qo‘ymoq, boshqa omillar bilan o‘zaro ta'sir o‘tkazishga majbur etmoq zarur.

Bilishning vazifasi – tashqini ichkiga, hodisani mohiyatga keltirishdan, ob'ektning xossalari va aloqalarini ichki sabablar bilan, shu ob'ektni tashkil etgan elementlarning o‘zaro ta'siri bilan, unga xos qonunlar bilan izohlashdan iborat.

Bu prinsip shuningdek o‘qishga, ta'lim va tarbiyaga ham bevosita taalluqlidir, u bilimni kishilarning qat'iy e'tiqodiga, hayotiy pozitsiyasiga, ularning hayoti va faoliyati prinsiplariga aylantirmog‘i lozim.

Olim, ijodkor shaxs ob'ektning xossalari va aloqalarini o‘rganishda faol bo‘lishi, bir qolipda ish ko‘rmasligi, ob'ektni o‘rganish vaqtida olgan bilimi, ishonchli va haqiqiy axborotni amalda faol qo‘llay bilishi zarur.

Har qanday predmet yoki hodisa mavjudligining zarur sharti – ularning boshqa narsalar, hodisalar, jarayonlar bilan turli-tuman aloqalaridir, ularning bir-biri bilan aloqalari tizimidir. Hartomonlamalik prinsipiga ko‘ra, narsa o‘zining mavjudligi uchun zarur va yetarli sharoitlardan ayrim holda emas, balki ular bilan o‘zaro aloqada tahlil qilinmog‘i, o‘rganilmog‘i kerak, chunki narsada namoyon bo‘ladigan xossalar, bu – uning boshqa narsalar bilan o‘zaro ta'siri natijasidir, qaror topgan aloqalar oqibatidir. Hartomonlamala yondashuv narsani boshqa narsalar va hodisalar bilan uzviy aloqada qarab chiqishga imkon beradi. Hartomonlama qarab chiqish prinsipi amaliyotda ham, turli rejalar, loyihalar va takliflarni ishlab chiqishda ham muhim rol o‘ynaydi. U bu loyihalar va rejalarni chuqurroq, to‘laroq o‘rganib chiqishga, ularning zaif va kuchli tomonlarini, shuningdek ularning amalga oshirilishidan kelib chiqishi mumkin bo‘lgan ijobiy yoki salbiy oqibatlarni ko‘rishga imkon beradi.

Ob'ektni hartomonlama qarab chiqish prinsipi bilish jarayoni davomida bizni eklektika va sofistikadan saqlaydi. Eklektika mutlaqo boshqa-boshqa hodisalar va narsalarni mexanik tarzda, tushunmay-netmay bir-biriga qo‘shib qorishtirib yuborishdir, sofistika esa, aksincha, real va konkret aloqalarning turli-tumanligini, rivojlanayotgan voqyelikning konkret sharoitlarini, uning mazmunini e'tiborga olmaydi, umumiy aloqadagi u yoki bu juz'iy, alohida narsani sub'ektiv tarzda yulib olib absolyutlashtiradi va uni asosiy, muhim, zarur narsa deb ko‘rsatadi. Hartomonlamalik prinsipi bilish sub'ektini bunday xato va yanglishuvlardan ehtiyot qiladi.

Filosofiyaning bu prinsipi kurshab turgan dunyoning turli-tuman jarayonlari va hodisalari majmuasida sabab va oqibatlarning o‘zaro bog‘liqligini ochib beradi. Bu

prinsip umumiy aloqadagi ob'ektiv asimmetriyani – ta'sir harakatining uni keltirib chiqaruvchi sababdan uning oqibati tomon yo‘nalishini ifodalaydi. Shu nuqtai nazardan barcha kategoriyalar va qonunlarning jami bir bo‘lib determinizm prinsipining mazmunini ochib beradi. Determinizm prinsipi – bu falsafiy tadqiqot jarayonida ob'ektning har bir kashf qilinayotgan va tadqiq etilayotgan xossalari va aloqalari sabablarini aniqlash talabidir. Sababiyat hodisalar umumiy aloqadorligining tomoni sifatida o‘zaro ta'sir bilan uzviy bog‘liqdir. U yoki bu tizimlarning o‘zaro ta'siri bu tizimlarda tegishli o‘zgarishlarni keltirib chiqaradi va bu, tabiiyki, mazkur prinsipga muvofiq o‘zaro ta'sir amal qilib turgan sabab sifatida chiqadi, sababning amal qilishi natijasida yuzaga kelgan o‘zgarishlar esa oqibat sifatida chiqadi, demak, xuddi shu o‘zaro ta'sir dunyoda sodir bo‘layotgan o‘zgarishlarning sababidir.

Determinizm prinsipi bilish davomida sub'ekt e'tiborini tashqi aloqalar va o‘zaro ta'sirlardan bilish ob'ektini sifat jihatdan aniqlab beradigan ichki sabablarga, uning yuzaga kelishi va mavjud bo‘lib amal qilishining ichki sabablarini tadqiq etishga qaratadi. Ob'ektning xar bir o‘zgarishi (ichki yoki tashqi, zaruriy yoki tasodifiy, sifatiy yoki miqdoriy) qanday bo‘lishidan qat'i nazar, u o‘z sababiga ega bo‘ladi, determinlanadi, taqazo etiladi, tegishli o‘zaro ta'sir orqali ro‘yobga chiqadi.

Determinizm prinsipini ilmiy bilishda qo‘lanishi bilish ob'ektida yuz berayotgan o‘zgarishlarni, uning yashash va o‘zgarish qonuniyatlarini aniqlashga imkon beradi, ya'ni u bizni ob'ektga qotib qolgan narsa deb emas, balki harakatda va rivojlanishda deb qarashga yo‘naltiriladi.

Tarixiylik prinsipiga ko‘ra, hodisa yoki narsaga uning paydo bo‘lishidan tortib to tarkib topishi, shakllanishi va rivojlanishiga qadar genetik tarzda qaramoq kerak, chunki ob'ekt o‘z rivojlanishida bosib o‘tgan asosiy bosqichlarni aniqlabgina unga xos bo‘lgan muhim, zarur va qonuniyatli xususiyatlar va aloqalarni, sifatiy va miqdoriy tavsiflarni tushunish, anglash va anglatish mumkin. Bu prinsip muayyan hodisa qanday paydo bo‘lganligini, u o‘z rivojida qanday asosiy bosqichlardan o‘tganligini ochib beradi va uning shunday o‘z-o‘zidan rivojlanishiga qarab bilish sub'ekti bu hodisa nimaga aylanganligini, shuningdek kelgusida nimaga aylanishi mumkinligini ko‘radi. Ob'ektning tarixini tashkil etgan zaruriy qonuniyatli aloqalarni aniqlab, ob'ektning borlig‘ini tarixan avj olib boruvchi jarayon deb bilib, tarixiylik falsafiy prinsipidan ongli ravishda foydalanuvchi sub'ekt ob'ektning mohiyatiga chuqurroq tushunib yetadi, uning tuzulishini, mavjudlik qonuniyatini yaxshiroq biladi va binobarin, bilish ob'ektidan o‘zining ongli amaliy faoliyatida ijodiy foydalana oladi.

Bu prinsip ob'ektning shunday qarama-qarshiliklar birligi va kurashi sifatidagi o‘z-o‘zidan harakatini, tarixini ochib beradiki, ularning uzviy birligi qarab chiqilayotgan ob'ektning o‘ziga yaxlitlik baxsh etadi. Bu prinsip narsalarni xarakatlanib, rivojlanib va o‘zgarib turadigan ob'ektlar deb anglashda muhim rol o‘ynaydi. Bu prinsip ob'ektlarga xos barcha turli-tuman va qarama-qarshi xususiyatlarni, sifatiy xolatlarni izoxlashga, ular o‘rtasidagi muhim qonuniyatli va muqarrar aloqalarni, bir holatdan boshqa holatga va o‘z ziddiga aylanishlarni aniqlashga imkon beradi. Bu prinsipning tarixiylik prinsipi bilan yaqinligi va uzviy bog‘liqligi shak-shubhasizdir.

Qarab chiqilayotgan ob'ektning qarama-qarshi tomonlar va qirralarga ajralishi, ular o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni aniqlash zarurati shundan kelib chiqadiki, har bir narsa qarama-qarshi tendensiyalarni o‘z ichiga oladi. Nisbatan barqaror tizim bo‘lgan har bir ob'ekt o‘zini tashkil etgan elementlarning ichki o‘zaro harakati hamda uning boshqa ob'ektlar bilan o‘zaro ta'siri natijasida uzluksiz o‘zgarib boradi va shu bilan birga o‘zini, saqlab qolgan holda ma'lum vaqtgacha o‘shandayligicha qoladi.

Biroq madomiki har bir narsa qarama-qarshiliklar birligi sifatida real mavjud ekan, ularning o‘zaro ta'siri (kurashi) davomida harakatda bo‘lar, o‘zgarar ekan, narsaning mohiyatini bilish uning qarama-qarshi tomonlarga ajralishini, rivojlanishning qarama-qarshi tendensiyalarini aniqlashni va undan ob'ektga hos sifatiy va miqdoriy ko‘rsatkichlarni chiqarishni taqozo etadi.

Bu prinsip talablari tahlilning har qanday turiga emas, balki faqat genetik tuzulmaviy turiga xosdir, bu tur asosdan asoslangan narsagacha bilish davomida, boshlang‘ich asosdan tekshirilayotgan birbutunning boshqa tomonlarini keltirib chiqarish jarayonida amalga oshiriladi. Tahlil va sintez bunday yondashuvda sub'ekt tafakkurida tadqiq etilayotgan ob'ektning rivojlanishi davomida yuz bergan ob'ektiv ajralish va birikish jarayonlarini takrorlaydi.

Predmetni tahlil etuvchi fikr harakati va tadqiq etilayotgan predmetning harakati bu yerda ayni bir bosqich va pog‘onalardan o‘tadi, ayni bir yo‘nalishdan, ayni bir yo‘ldan boradi. Madomiki tafakkur o‘z harakati bilan ongda predmetning o‘z rivojida bosib o‘tgan barcha asosiy bosqichlarni takrorlar ekan, tafakkur natijalari ham predmetning rivojlanishi natijalarini muayyan aniqlik bilan takrorlaydi. Bilish jarayonida tahlil bilan sintezning qo‘shilishiga ob'ektning vujudga kelishining ob'ektiv ichki (ya'ni immonent xos) mantiqi, ob'ektning rivojlanishidagi differensiyalashtiruvchi (ajratuvchi) va integratsiyalovchi (biriktiruvchi) tendensiyalarning o‘zaro aloqasi sabab bo‘ladi.

Tizimiylik prinsipi o‘rganilayotgan voqyelikni universal kategoriyalar (tushunchalar) va qonunlar tizimida ayrim elementlar va tomonlarga ajratilgan yaxlit tizim sifatida qayta tiklashni talab qiladi. Bu tizimda har bir element, har bir tomon va qirra o‘zining shu tizimning paydo bo‘lish va yashash, mavjud bo‘lish qonunlari taqozo etgan, qat'iy belgilangan o‘rnini egallaydi va yagona birbutun sifatidagi tizimning boshqa elementlari, tomonlari, qirralari bilan muqarrar o‘zaro aloqada bo‘ladi.

Bularning hammasi tizimiylik prinsipi falsafiy prinsiplar tizimining zaruriy elementi ekanligidan dalolat beradi. Bu prinsip nafaqat tizimiylikni, balki tarixiylikni ham o‘z ichiga oladi, ya'ni tadqiq etilayotgan reallikni nafaqat uning barcha aloqalarida, balki rivojlanishda ham olib o‘rganishni talab qiladi, ya'ni u bilish sub'ektining o‘rganilayotgan predmetning mohiyatiga kirib borishini ta'minlaydi.

Miqdoriy va sifatiy tavsiflarning o‘zaro aloqalari prinsipi rivojlanish jarayonida miqdoriy va sifatiy o‘zgarishlarning bir-biriga o‘tishi falsafiy qonunining ta'sirini o‘rganadi.

Sifatiy tavsiflar miqdoriy tavsiflarga, miqdoriy tavsiflar o‘z navbatida sifatiy tavsiflarga bog‘likligi sababli ob'ektni bilish jarayonida bu tavsiflarni qayd etibgina qolmasdan, balki ularning o‘rganilayotgan ob'ektning muhim jihati bo‘lmish bir-biri bilan aloqadorligi, bir-biriga sababliligini ham aniqlamoq kerak. Bunda ob'ektni tadqiq etishning dastlabki bosqichlarida uning sifatiy va miqdoriy tavsiflari bir-biridan alohida mavjud bo‘lgan hodisa sifatida mustaqil qarab chiqiladi. Darhaqiqat dastlab sub'ekt o‘rganilayotgan ob'ektning sifatini aniqlashga harakat qiladi, o‘ning sifatini aniqlab va har tomonlama tahlil qilib chiqqach bu hodisaning miqdoriy jihatini tadqiq qilishga o‘tadi. So‘ngra, tekshirilayotgan ob'ektning sifatiy va miqdoriy tomonlari haqida ishonchli axborot to‘planib borgan sari bilish ularning o‘zaro aloqadorligini aniqlashga o‘tadi. Hozirgi zamon fani va amaliyotining ma'lumotlari tadqiq qilinayotgan voqyelikning miqdoriy va sifatiy tavsiflarning o‘zaro aloqadorligini, miqdoriy o‘zgarishlarning sifatiy o‘zgarishlarga va, aksincha, sifatiy o‘zgarishlarning miqdoriy o‘zgarishlarga o‘tishi universal, umumiy harakterga ega ekanligini ko‘rsatadi.



Download 0,73 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   98   99   100   101   102   103   104   105   ...   233




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling

kiriting | ro'yxatdan o'tish
    Bosh sahifa
юртда тантана
Боғда битган
Бугун юртда
Эшитганлар жилманглар
Эшитмадим деманглар
битган бодомлар
Yangiariq tumani
qitish marakazi
Raqamli texnologiyalar
ilishida muhokamadan
tasdiqqa tavsiya
tavsiya etilgan
iqtisodiyot kafedrasi
steiermarkischen landesregierung
asarlaringizni yuboring
o'zingizning asarlaringizni
Iltimos faqat
faqat o'zingizning
steierm rkischen
landesregierung fachabteilung
rkischen landesregierung
hamshira loyihasi
loyihasi mavsum
faolyatining oqibatlari
asosiy adabiyotlar
fakulteti ahborot
ahborot havfsizligi
havfsizligi kafedrasi
fanidan bo’yicha
fakulteti iqtisodiyot
boshqaruv fakulteti
chiqarishda boshqaruv
ishlab chiqarishda
iqtisodiyot fakultet
multiservis tarmoqlari
fanidan asosiy
Uzbek fanidan
mavzulari potok
asosidagi multiservis
'aliyyil a'ziym
billahil 'aliyyil
illaa billahil
quvvata illaa
falah' deganida
Kompyuter savodxonligi
bo’yicha mustaqil
'alal falah'
Hayya 'alal
'alas soloh
Hayya 'alas
mavsum boyicha


yuklab olish