Materiyaning tuzilish
darajalari
Materiya va moddiy ob'ektlar xilma-xil ko‘rinishlarda va shakllarda uchraydi. Moddiy sistemalar tuzilishga ega, ya'ni u strukturali - turli xil strukturaviy elementlardan tashkil topgan bo‘ladi. Bunday elementlar va ulardan tashkil topgan moddiy ob'ektlar rivojlanishga egadir.
Materiya va moddiy sistemalar, ob'ektiv dunyoning tuzilishi xususiyatlariga ko‘ra, turli xil strukturaviy darajalardan tashkil topgan bo‘ladi. Bunday darajalarni moddiy sistemalarning tashkiliy tuzilishi va miqyosiy tuzilishiga qarab: a) tashkiliy-struktura darajalari va b) miqyosiy-struktura darajalariga ajratish mumkin.
Materiyaning tashkiliy-struktura darajalari. Materiyaning tashkiliy-struktura darajalari moddiy sistemalarning tashkiliy jihatdan uyushganligi va faolligiga qarab bir-biridan farq qiladi. Bu darajalar fazo-vaqt strukturasining sifatiy xususiyatlari bilan ajralib turadi. Ular: noorganik daraja («notirik tabiat»), organik daraja («tirik tabiat») va sotsial daraja («jamiyat») deb ataladi. Sifatiy jihatdan eng quyi darajada uyushgan va eng passiv (inert) daraja noorganik darajadir. Bu darajada atom yadrosi, yadro, atom va molekulalar majmuasi, molekulyar birikmalar, jismlar, yer shari, osmon jismlari, Quyosh sistemasi va boshqa planetar sistemalar, yulduzlar to‘pi, Gallaktika, metagalaktika va koinotning quyi darajada uyushgan fazo-vaqt aloqadorliklari namoyon bo‘ladi. Bunga nisbatan uyushganroq va faolroq fazo-vaqt sistemasi organik daraja deyiladi. Unga organik molekulyar sistemalar, tirik organizmlarning xilma-xil ko‘rinishlari, bir hujayrali suv o‘tlari va sodda jonivorlardan tortib, murakkab tuzilgan umirtqalilargacha, sodda hayvonlardan to maymunlar va odamlargacha kiradi.
Odamlardan tashkil topgan turli murakkablikdagi ijtimoiy sistemalar sotsial darajaga mansubdir. Bu darajada ongga, fikrga ega bo‘lgan insonlar faoliyat ko‘rsatganligi sababli u eng uyushgan va faol daraja hisoblanadi. Yuqorida aytilgan tashkiliy-struktura (tuzilish) darajalari bir-biridan moddiy aloqadorliklar sifati va miqdoriga ko‘ra, unda yetakchilik qiluvchi harakat shakliga ko‘ra bir-biridan farq qiladi. Masalan, noorganik darajada mexanik, fizik, ximiyaviy va geologik harakat shakllari faoliyat ko‘rsatsa, organik darajada yuqoridagi harakat shakllariga biologik harakat qo‘shiladi va u mazkur darajada yetakchilik qiladi, sotsial darajada yana bir harakat shakli ijtimoiy harakat faoliyat ko‘rsatib, u ushbu darajada yetakchilik qiladi303.
Materiyaning miqyosiy-struktura darajalari. Bu moddiy sistemalarning bir-biridan mazkur sistemada hukmronlik qiluvchi fundamental kuchlar bilan farq qiluvchi darajalardir. Ular: mikrodunyo, makrodunyo va megadunyo deyiladi.
Mikrodunyoda kuchli va kuchsiz yadroviy o‘zarota'sir kuchlari hukmronlik qiladi304. Bu kuchlarning ta'sir doirasi atom yadrosi va atom o‘lchovi bilan chegaralangandir. Kuchli yadroviy o‘zarota'sirlar atom yadrosining tarkibiy qismlari bo‘lgan proton va neytronlarning yaxlitligini, kuchsiz yadroviy o‘zarota'sir kuchlari esa atom strukturasining yaxlitligini ta'minlaydi. Bu kuchlar tufayli mikrodunyo o‘zining strukturaviy yaxlitligini saqlaydi. Makrodunyoning strukturaviy yaxlitligi esa elektromagnit o‘zarota'sirlari bilan saqlanadi. Elektromagnit o‘zarota'sir kuchlari atomlar va molekulyar brikmalarning, moddiy jismlarning strukturaviy yaxlitligini ta'minlaydi. Shu kuch tufayli yerda hayot mavjud, yorug‘lik mavjud. Megadunyo - bu gravitatsion o‘zarota'sirlar kuchi bilan chegaralangan eng katta moddiy ob'ekt - koinotdir. yer shari va uning atrofida Oyning aylanishi, sayyoralarning Quyosh atrofida aylanishini ta'minlovchi, Gallaktikamizning muayyan tuzilishga egaligiga, butun Koinotning fazo-vaqt strukturasi tartibining mavjudligiga gravitatsion o‘zarota'sir kuchlari mas'uldir. Bu kuchlar bo‘lmaganda edi dunyodagi hozirgi tartib va munosabatlar ham bo‘lmagan, mikro-, makro- va megadunyolar ham shakllanmagan bo‘lar edi.
Xullas, materiya va moddiy ob'ektlarning strukturaviy yaxlitlikka ega bo‘lishida harakat va fazo-vaqt shakllarining, ularning asosida yotuvchi o‘zaroaloqadorlik kuchlarining roli hal qiluvchi ahamiyatga egadir.
Do'stlaringiz bilan baham: |