4.3.Axloq tuzilmasi.
Axloqning o’ziga xos tuzilmasi, omillari, unsurlari mavjud. Axloq tuzilmasi uch omil – asosdan iborat bo’lib, bo’lar: axloqiy ong, axloqiy hissiyot va axloqiy hatti-harakatlardir. Ana shu uch omilning tuzilmadagi o’rni, mavqei masalasida turli xil qarashlar mavjud. Ba‘zi axloqshunoslar axloqiy ong, ba‘zilar axloqiy hissiyotning o’zini asosiy unsur deb talqin etadilar.
Bu uch unsur bir-biri bilan dialektik aloqadorlikdadir. Axloqiy hissiyot bo’lar ichida muhim rol o’ynaydi. Axloqiy hissiyot axloqiy anglash uchun material vazifasini bajaradi. Ba‘zida bu jarayon munosabat tarzida namoyon bo’ladi.
Insonning axloqiy hayoti, uning axloqiy tajribalari, axloqiy faoliyatlari ana shu uch omil asosida shakllanadi. Axloqiy kodekslar, me‘yorlar va tamoyillar ana shu uch omil asosida ro`yobga chiqadi va ularga asoslanadi.
Ba‘zan bu uch omil o’rtasida nomutanosiblik paydo bo’ladi. Til bilan dil o’rtasida kelishmovchiliklar kelib chiqadi. Ish bilan so’z birligi o’rtasida ziddiyatlar paydo bo’ladi.
Axloq eng avvalo, umuminsoniy an‘anaviy hodisa bo’lib kelgan. Asosiy axloqiy qadriyatlar, mushtarak axloqiy tushunchalar, axloqiy tamoyil va me‘yorlar barcha mintaqalar hamda millatlar uchun bir xil ma‘no kasb etadi. Chunonchi, muhabbat, ezgulik va yovuzlik, yaxshilik va yomonlik, vijdon, burch, insonparvarlik, odamiylik, baxt, to’g’rilik, rostgo`ylik, saxiylik va bahillik singari fazilat hamda illatlar tom ma‘noda umuminsoniy hodisadir.
Axloqda, umuminsoniylik jihatlaridan tashqari, mintaqaviy, milliylik xususiyatlari ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Mintaqaviylik va milliylik xususiyatlari, uning ko’rinishlar hulqiy hatti-harakatlar, odob va etikada yaqqol ko’zga tashlanadi. Musulmon mintaqasida dasturxon ustida bosh kiyimsiz o’tirish beodoblik hisoblangan. Bo’lardan tashqari gigienik – ozodalik nuqtai nazaridan ham ahamiyati bor: ovqatlanish paytida rumolsiz yoki duppisiz erkak boshidan soch tolasi, qazg’oq, chang-gard taomga yoki dasturxonga tushishi mumkin. Nasroniy mintaqasida esa aksincha, dasturxon ustida bosh kiyimni yechmaslik Xudo in‘om etgan taom va dasturxonga hurmatsizlik hisoblanadi. Yoki amirikalik yigit o’z stolida o’tirib, oyoqlarini kuldon va ichimlik ashyolari turgan stolchaga chalishtirib tashlab orom oladi va uning uchun bu tabiiy xol hisoblanadi.
O’zbek uchun stolga yoki xontaxtaga oyoq quyib o’tirish – o’ta odobsizlik hisoblanadi. Garb va Sharq mintaqalari odobida ayrim farqlar mavjud bo’lib, Garbda huquqning axloqdan, Sharqda axloqning huquqdan ustuvorligi masalasi kelib chiqqan. Garb yoshlari balogatga yetgach, ota-onaga teng huquqli fuqarolar sifatida munosabat qiladi, o’zining qarshi fikrlarini tuppa- to’g’ri, ota yo onasining yuziga tik qarab bayon qiladi va buni inson huquqlaridan, shaxs erkinligidan foydalanish deb biladi.
Sharq yoshlari, masalan, yapon yoki o’zbek ota-onaga tik gapirishni, to’g’ridan - to’g’ri qarshi chiqishni an‘anaviy axloqiy qoidalarning oyoq osti qilinishi deb tushunadi, padari yoki volidasi ko’ziga qaramay muloyim, o’z fikrini tovush ko’tarmay aytishini, ba‘zan esa sukunat saqlashni afzal biladi. Ularga bo’yso’nishni burch sifatida olib qaraydi. Sharqona etiket, odobi qonun – qoidalarda insoniylik va mehr-oqibat tuyg’ulari mustahkam ildizga egadir.
Do'stlaringiz bilan baham: |