SSSRning parchalanish sabablari
SSSR tarqalib ketganiga 28 yil bo‘lgan bo‘lsa-da, turli tadqiqotchilar, tahlilchilar hanuz bu davlatning tarqab ketish sabablarini tahlil qiladilar, tadqiqot olib boradilar. Ularning fikricha, SSSRning tarqab ketishiga quyidagi omillar sabab bo‘lgan:
1. Afg‘on urushi
SSSR Afg‘onistonga qo‘shin kiritgandan so‘ng 1970-yillarda o‘zaro munosabatlar biroz iliqlashgan G‘arb dunyosi bilan aloqalar yana sovuqlashdi. AQSh boshliq G‘arb davlatlari SSSRga qarshi iqtisodiy sanksiyalarni kuchaytirdi, ittifoqdan energoresurslar sotib olish to‘xtatildi. Natijada, SSSR iqtisodiyoti juda katta zarar ko‘rdi. Qolaversa, Afg‘onistondagi urushning o‘ziga ham ulkan mablag‘ sarflandi. Mamlakatning iqtisodiy ahvoli yomonlashib parokanda bo‘la boshladi.
Termiz. Hayraton ko‘prigi. SSSR harbiylari Afg‘onistondan chiqarilyapti. 1989 yil
2. Gorbachyov boshlagan «Qayta qurish» islohoti
SSSR rahbarligiga Gorbachyov kelganidan so‘ng u boshlagan «Qayta qurish» islohotlari iqtisodiy ko‘rsatkichlar masalasida tobora pastga sho‘ng‘iyotgan mamlakatning ahvolini o‘nglamadi. Aksincha, og‘irlashtirdi. Ammo, Gorbachyov o‘zidan oldin o‘tgan rahbarlardan farqli o‘laroq, fuqarolar uchun ko‘plab erkinliklar berdi. Ayniqsa, milliy manfaatlar, OAV va so‘z erkinligi masalalari ancha ijobiy ko‘rinish oldi va turli millatga mansub odamlarning ongida mustaqillik g‘oyalari shakllana bordi. Pirovard natijada, hamma mustaqillikka erishish haqida o‘ylay boshladi.
«Qayta qurish» shiori
3. Qurollanish va kosmosni o‘zlashtirish uchun haddan ko‘p mablag‘ sarflanishi
1950-yillardan boshlab dunyoning yetakchi davlatlari o‘rtasida qurollanish va kosmosni o‘zlashtirish masalasida tom ma'noda poyga boshlandi. Bu poygada SSSR eng ko‘p mablag‘ sarflagan davlatlardan biri bo‘ldi.
Moskvadagi Qizil maydondagi harbiy parad. 1990 yil
4. Sotsialistik lagerda bo‘lgan Sharqiy Yevropa mamlakatlarining sotsializmdan voz kechishi
Ikkinchi jahon urushida g‘alaba qozongan SSSR «Buyuk xaloskor» sifatida Sharqiy Yevropadagi Polsha, Vengriya, Chexoslovakiya, Ruminiya, Albaniya, Bolgariya, Yugoslaviya Ittifoqi va Germaniya Demokratik Respublikasida o‘ziga tobe sotsialistik tuzumlar shakllantirdi. 1988-1989 yillarga kelib ushbu davlatlarda ham sotsialistik tuzumga nisbatan noroziliklar pishib yetilib keldi va ular sotsializmdan voz kechib, G‘arbga yuzlandi. Buning natijasida SSSR Sharqiy Yevropadagi bir nechta ishonchli sheriklaridan ayrildi.
Ana shu omillar natijasida paydo bo‘lgandan beri zo‘ravonlik siyosati ustiga qurilgan katta bir davlat quladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |