Hurmatli yig‘ilish qatnashchilari!
Barchamizga ma’lumki, bugungi yuksak darajada taraqqiy etayotgan fan-texnika asrida axborot texnologiyalarining roli va ahamiyati ortib, tobora hal qiluvchi omillardan biriga aylanib bormoqda. Bu esa jahon mamlakatlaridan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari mohiyatini oshirishning yanada zamonaviy, innovatsion usullarini izlab topish, axborotlashtirish jarayoniga har tomonlama ko‘maklashish, ularni hayotga keng joriy etishni talab etmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, axborotlashtirish tizimida davlat siyosatini olib borish masalasi strategik ahamiyat kasb etmoqda.
Ayni talab va ehtiyojdan kelib chiqqan holda, mustaqillik yillarida Prezidentimiz rahnamoligida axborotlashtirish, telekommunikatsiya sohasida izchil islohotlar amalga oshirildi va hozirda samarali davom ettirilmoqda. Bunda, avvalo, sohaning huquqiy asosini yaratish, takomillashtirish borasida ishlab chiqilgan qonun hamda qonunosti huquqiy-me’yoriy hujjatlarini alohida e’tirof etish zarur.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasining 1992 yil 13 yanvardagi “Aloqa to‘g‘risida”gi, 2003 yil 11 dekabrdagi “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi, 1999 yil 20 avgustdagi “Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida”gi Qonunlari, Prezidentimizning 2002 yil may oyidagi “Kompyuterlashtirishni yanada rivojlantirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish to‘g‘risida”gi Farmoni, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ayni soha yo‘nalishidagi qarorlari yurtimizdaaxborotlashtirish sohasini jadal rivojlantirishda muhim asos vazifasini o‘tab kelmoqda.
Bundan tashqari, “Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish Konsepsiyasi”da uchinchi ustuvor yo‘nalish sifatida Axborot sohasini isloh qilish, axborot va so‘z erkinligini ta’minlash masalasining qayd etilganligi hamda bu borada 4 ta ustuvor vazifaning belgilab berilganligi, shu bilan birga,Prezidentimiz tomonidan “Siyosiy modernizatsiya jarayonlarida tobora muhim ahamiyat kasb etib borayotgan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan davlat va jamiyat qurilishi tizimida keng foydalanish lozim”,-deya alohida ta’kidlab o‘tilganligi axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining davlatimiz, jamiyatimiz hayotining ajralmas qismlaridan biriga aylanib borayotganligini ko‘rsatadi.
Qolaversa, Davlatimiz rahbarining 2015 yil 4 fevraldagi Farmoniga muvofiq, hukumat tarkibida yangi – O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining tashkil etilishida ham bizushbu sohani yanada takomillashtirishdek aniq maqsadni ko‘ramiz.
Albatta, ushbu islohot ham rivojlangan davlatlar tajribasidan o‘rgangan holda amalga oshirildi. Rivojlangan mamlakatlar tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, davlat hokimiyati tizimida axborotlashtirish taraqqiyotiga mas’ul alohida organ tuzilishi va unga tegishli vakolatlarning berilishi keng tarqalgan hamda muvaffaqiyatli amaliyotdir. Bunday tuzilmalar AQSH, Janubiy Koreya, Avstraliya va boshqa ko‘plab davlatlarda mavjud bo‘lib, samarali faoliyat yuritmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |