4.2. ATKda ombor xo‘jaligini tashkil qilish va zahiralarni boshqarish
Moddiy texnika ta’minotini tashkil qilish saboqlari shuni ko‘rsatdiki, ATKlarni ehtiyot qismlar bilan ta’minlashning asosida ularni taqsimlash emas, balki boshqarish yotadi.
ATK lardagi ishlab chiqarish zahiralarining hajmi narxi jihatidan quyidagi asosiy qismlarga bo‘linadi:
- agregatlar va ehtiyot qismlar -40...60%
- har xil materiallar -10...12%
- shinalar -8...15%
- yonilg‘i -4...8%
- asbob-uskunalar va vositalar -15...28%
Ehtiyot qismlar va materiallar, ishlash qobiliyati va chidamligiga qarab ham, quyidagi guruhlarga bo‘linadi:
1. Ishlash qobiliyati avtomobilnikiga teng qismlar.
2. Harakat havfsizligini ta’minlovchi qismlar.
3. Ishlay bilish qobiliyati kam va ish jarayonida almashtirishi hisobga olingan qismlar.
4. Oldingi 3 guruh qismlarni almashtirish jarayonida, yangilanishi zarur bo‘lgan yordamchi qismlar.
Ko‘rinib turibdiki biz rejalashtirishda asosiy diqqatimizni keyingi 3 guruh qismlarga qaratishimiz kerak.
ATK omborlarida saqlanadigan ehtiyot qismlar va materiallarni turlari 4000ga yetadi. Bu qismlar va materiallar omborlarga biron-bir qonuniyat bilan joylashtirilmasa, ularni topib olish juda ko‘p vaqtni oladi. Shuning uchun saqlanadigan ehtiyot qismlar va materiallar ma’lum qonuniyatga asosan bo‘linadi va peshtaxtalarga joylashtiriladi. Ehtiyot qismlar 10 ta «Asosiy guruhlar»ga(metallar, asboblar va moslamalar, elektrotexnik materiallar, bo‘yoq-lak materiallari, ximikatlar, ta’mirlash-qurilish materiallari, yordamchi materiallar, maxsus kiyimlar, stanoklar va ularning qismlari, turli materiallar), asosiy guruhlar esa yana 10 ta guruhchalarga va h.k bo‘linib, nomenklatura qatori hosil bo‘ladi, ular o‘zlarining nomenklatura nomerlarini oladilar. Shunday qilib, har bir material 3 yoki 4 raqamdan iborat yorliqqa ega bo‘ladi, bu raqamlar uni to‘liq tavsiflaydi hamda omborxonada aniq bir ketma-ketlikda joylashtirishga imkon beradi. Materiallarni bunday taqsimlash «pog‘onali narvon» nomini olgan bo‘lib, ATKlarda keng qo‘llaniladi. Mahsulot va materiallarni shu yorliqlarga asosan maxsus peshtaxtalarga joylashtirish ishlab chiqarishga keraklilarini bir zumda topishga imkon beradi.
Dumaloq shakldagi metallarni gorizontal shaklda ko‘p qavatli peshtaxtalarda, yassi metallar vertikal shaklda peshtaxta kataklarida saqlanadi. Yengil o‘t oluvchi materiallar va kislotalar (laklar, bo‘yoqlar, sulfat kislotasi, sulfat va xlorid kislotasi) ajratilgan holda boshqa yong‘inga chidamli xonalarda saqlanadi. Kislotalar yumshoq tagliklarga o‘rnatilgan butillarda alohida ajratilgan xonalarda saqlanadi.
ATK dagi katta ustaxonalarda kerakli materiallarni va detallarni o‘z vaqtida olish uchun oraliq omborlari tashkil qilinadi.
O‘rnatuvchi, kesuvchi, nazorat-o‘lchash asboblari va moslamalari asbob-tarqatish omborchasida saqlanadi. Shu yerning o‘zida ularni mayda ta’mirlash ishlari bajariladi. Asboblar ko‘p qavatli va katakli peshtaxtalarda saqlanadi, chunki ularning har biri o‘zining nomeklatura raqamidagi katagiga ega bo‘lishi kerak.
Haydovchi asboblari saqlanadigan omborcha avtomobilga birik-tirilgan asboblarni saqlash va tarqatish uchun xizmat qiladi. Shu bilan birga bu yerda ularning tarkibi va texnik holati tekshiriladi hamda zarur bo‘lsa, ta’mirlashga topshiriladi. Asboblar andozaviy yashiklarda yoki brizentli sumkalarga solinib, avtomobillar soniga to‘g‘ri keluvchi katakli tokchalarda saqlanadi. Har bir avtomobil uchun asbob kitobchasi tutiladi, unda avtomobilga berilgan asboblarning nomi qayd etiladi.
Takelaj omborchasida yuklovchi materiallar (brezentlar, arqonlar, zanjirlar, lomlar, lopatalar) saqlanadi va tarqatiladi, hamda ular omborni o‘zida quritiladi va ta’mirlanadi, hisobga olinadi va to‘ldiriladi. Bu materiallar ko‘p qavatli peshtaxtalarda saqlanadi, ularni quritish uchun ilgakli maxsus xonalar ajratiladi.
Chiqindilar uchun omborlarda yaroqsiz ishlab chiqarish ashyolari va materiallar saqlanadi hamda ularni qayta ishlash uchun kerakli tashkilotlarga topshiriladi.
Shina va boshqa rezinatexnik mahsulotlar hamda materiallar maxsus omborlarda saqlanadi. Bu omborlarning tuzilishi yerto‘la yoki yarim yerto‘la shaklida bo‘lishi maqsadga muvofiqdir. Shinalar ham 2 qavatli peshtaxtalarda tik turgan holda saqlanadi. Kameralarga ozroq dam berilgan holatda ilgaklarda saqlanadi. Ular vaqti-vaqti bilan bir oz aylantirilib turiladi. Shinalar ombori qorong‘i bo‘lib, u yerda havo harorati 10S t 20C va namligi 50-60% oralig‘ida bo‘lishi kerak. Shinalarni saqlash xonalariga yorug‘lik nuridan himoyalash uchun maxsus oynali derazalar o‘rnatiladi. Rezina materiallarni saqlash omborlarida ularga salbiy ta’sir etuvchi materiallar(kerosin, benzin, skipidar, moy) bilan birgalikda saqlash ta’qiqlanadi.
Ta’mirlash uchun ishlatilinuvchi hom rezinalar yog‘och tiqinga ega bo‘lgan o‘ramlarda peshtaxta ustida saqlanadi. Ta’mirlash uchun ishlatiladigan yelim yopiq oynali idishda saqlanadi.
ATK omborida saqlanuvchi agregat, birikma va detallar hamda ular zahirasining miqdori harakatdagi tarkibning turiga, avtokorxonaning ishlash sharoitiga va zaxiralarni boshqarish tizimiga, hamda umuman avtomobil transporti harakatdagi tarkibiga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash nizomi ko‘rsatmalariga asosan aniqlanadi. Yangi va ta’mirlangan hamda safdan chiqazilgan avtomobillarning agregat va birikmalaridan aylanma fond tashkil qilinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |