STARTORLARNING TUZILISHI VA ISHLASH PRINSIPI
Avtomobil elektrostartorlarining uyg‘otish va boshqarish usulini, yuritma mexanizmining turi va atrof muhit ta’siridan himoya qilinganlik darajasi bo‘yicha tasniflash mumkin.
Startorlarda uyg‘otish uslubiga qarab ketma-ket va aralash uyg‘otish tizimli elektrodvigatellar qo‘llaniladi. Dvigatelni ishga tushirishda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan tortish xususiyatlarining ustunligi tufayli ketma-ket uyg‘otish tizimli elektrodvigatellar ancha keng tatbiq topgan. Startor salt ishlaganda, uning yakori aylanish chastotasini cheklash maqsadida, ba’zan aralash uyg‘otish tizimli elektrodvigatellar ham ishlatiladi (masalan Ст.221, 26.3708 belgili startorlarda). Oxirgi vaqtda ba’zi startorlarda doimiy magnit yordamida uyg‘otiladigan elektrodvigatellar ham ishlatilmoqda. Bu elektrodvigatellarning tuzilishi sodda, uyg‘otish chulg‘ami bo‘lmaganligi tufayli elektroenergiyani nisbatan kam iste’mol qiladi. Ammo, bu elektrodvigatellar va ichki yonuv dvigatellarning mexanik tavsifnomalari bir-biriga yaxshi mos tushmaydi. Shu sababli, doimiy magnitli elektrodvigatellar kam quvvatli startorlarda qo‘llaniladi.
Barcha turdagi startorlarning elektrodvigatellari deyarli bir xil tuzilgan bo‘lsa, ulardagi yuritma mexanizmlari tuzilish va ishlash bo‘yicha bir-biridan ko‘p jihatdan farq qilishi mumkin.
Yuritma mexanizmlarning turi va ishlash prinsipi bo‘yicha quyidagi guruhlarga ajratish mumkin:
- yuritma shesternasini mexanik yoki elektromexanik usulda majburiy ravishda harakatlantirish;
- shesternani elektromexanik usulda majburiy ravishda maxovikning tishli gardishiga ilashtirish va dvigatel ishga tushgandan keyin shesternani avtomatik ravishda ilashuvdan chiqarish;
- shesternani inersiya kuchi ta’sirida harakatlantirish;
- shesternani elektromagnit kuchlar ta’sirida, ya’ni elektrodvigatel yakorining harakatlanishi hisobiga ilashuvga kiritish.
Hamdo‘stlik mamlakatlarida ishlab chiqarilayotgan avtomobillarda, asosan, yuritma shesternasini elektromexanik usulda majburiy harakatlantirish hisobiga ilashuvga kiritish prinsipida ishlaydigan startorlar qo‘llanilgan (2.6-rasm). Bu turdagi startorlarda dvigatel ishga tushgandan keyin teskari burovchi moment ta’sirida yakor o‘zaklari va chulg‘amlari sochilib ketmasligi uchun erkin yurish muftasi o‘rnatiladi. Erkin yurish muftasi burovchi momentni bir tomonlama, ya’ni startor yakoridan shesterna va u orqali dvigatel maxovigiga uzatadi. Dvigatel ishga tushib, shesterna maxovik tomonidan aylantirilganda, erkin yurish muftasi sirg‘aladi va teskari tomonga, ya’ni shesternadan yakor valiga harakatni uzatmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |