ARASTU
(ARISTOTEL)
(Miloddan avvalgi 384-322 yillar)
Qadimiy yunon faylasufi Arastu Frakiyaning Stagira shahrida tug‘ilgan. Shu tufayli ba’zan Arastuni Stagirit deb ham atashadi.
Arastuning otasi Nikomax Makedoniya hukmdori Amint II ning shaxsiy tabibi bo‘lgan. Arastu Makedoniyaning bo‘lg‘usi hukmdori Filipp bilan bolaligidanoq birga o‘ynab katta bo‘lgan. U 17 yoshidan 37 yoshigacha (367-347 yillar) faylasuf Aflotunning Akademiyasida tahsil olgan.
Miloddan avvalgi 343 yildan boshlab Arastu Iskandar Maqduniy (Aleksandr Makedonskiy)ga murabbiylik qila boshlaydi. Iskandar Maqduniy hukmdorlik taxtiga o‘tirgach, o‘z ustozi va do‘stiga atab haykal barpo etadi. Bu haykalning poyida shunday yozuvlar bor edi: «Iskandar ushbu yodgorlikni Nikomaxning o‘g‘li, buyuk donishmand va avliyo Arastu xotirasiga o‘rnatdi».
Sharq asotirlarida yozilishicha, bir kuni Iskandar Zulqarnayndan so‘raydilar:
— Ne sababdan ustozing Arastuni otang Sulton Faylaqus (Filipp)dan ham a’lo ko‘rasan?
Shoh Iskandar shunday javob qaytaradi:
— Otam mening jismimni tarbiyalab, osmondan yerga olib tushdi. Ustozim Arastu esa mening ruhimni tarbiya qilib, yerdan osmon qadar yuksaltirdi.
Arastu peshonasiga sochini tushirib, kalta soqol qo‘yib yurgan. Zamondoshlarining guvohlik berishicha, lablari chetidagi doimiy kinoyali tabassum natijasida paydo bo‘lgan ajinlar Arastu o‘zini faylasuf Aflotunning shogirdi, deb bilishidan darak berardi. Arastu yunon ilm-fani qo‘lga kiritgan bilimlarni egallash borasida Aflotunni hatto shoh Iskandardan ham ustun qo‘ygan.
Miloddan avvalgi 336 yilda Arastu Afina shahrida o‘zining xususiy maktabini ochdi. Bu ilmgoh kurash maktablari qatorida va Afinaning shimoliy darvozasidagi Likey maydonlariga tutash yerda joylashgandi.
Arastuni hayajonga soluvchi muammolar favqulodda qiziqarli va teran edi. Masalan, inson eng avvalo o‘zini sevishi kerakmi yo boshqanimi, degan savol uni ko‘p o‘ylantirardi. O’zini ko‘proq sevgan odamni xudbinlikda ayblaydilar. Boshqa tomondan olib qaralganda esa, inson avvalo o‘zining eng yaqin do‘sti bo‘lgan kimsani ko‘proq qadrlashi va sevishi lozim, deyiladi. Vaholanki, har bir odamning o‘zidan o‘zga sadoqatli do‘sti bormi olamda? Demak, inson avvalo o‘zini hurmat qilishi va sevishi lozim, deb fikr yuritadi Arastu.
Agar faylasuf Zenon Eleyskiy Arastuga zamondosh bo‘lganida shu so‘zlari uchun unga ta’zim qilishi turgan gap edi.
Arastu havas qilarli darajada o‘tkir zehn sohibi bo‘lgan.
U 445270 satrdan iborat 28 ta kitob yozgan. Faylasufning «Metodika», «Metafizika», «Jon haqida», «Poetika», «Osmon haqida», «Fizika», «Ritorika», «Sevgi haqida», «Uyqu va bedorlik haqida» asarlari shu kitoblar sirasiga kiradi.
* * *
Arastuga bir odam uning ortidan g‘iybat qilganini aytishganda, u:
— Hechqisi yo‘q. Ortimdan kaltaklashsa ham mayli, — deb javob bergan ekan.
Faylasufdan tez keksayib borayotganining boisini so‘rashganda:
— Bu olijanoblikdandir, — deb javob bergan.
Undan yana falsafadan qanday naf olgani haqida so‘rashganda esa quyidagicha javob qaytargan:
— Boshqalar qonun qarshisidagi qo‘rquv tufayli majburan bajaradigan ishlarni men o‘z ixtiyorim bilan ado etishni o‘rgandim.
* * *
Arastuning orzusi tarki dunyo qilgan baxtiyor faylasuflarning afsonaviy orolidagi akademiya bog‘ining shiyponida nazariy fikrlar bilan band bo‘lib, osoyishta hayot kechirishdan iborat edi.
* * *
Arastuning shiori: faylasuf imkon qadar o‘tkinchi narsalardan uzoqroq turishi va o‘zining «vatani» — chin haqiqatlar saltanati tomon intilmog‘i lozim.
* * *
Arastu o‘z ustozi Aflotunni tanqid qilish darajasiga yetgach, «yag‘rindor Aristokl» (Aflotun) buni: «Bu toychoq o‘zini dunyoga keltirgan biyani allalamoqda», — deb sharhlagan ekan.
* * *
Arastu jism o‘zining og‘irligiga mutanosib tezlikda yerga qulashiga qattiq ishongan. Uning nima sababdan bunday deb o‘ylashini hech kim tushunolmagan. Chindan ham toshning momiq patga nisbatan yerga tezroq tushishi kundek ravshan haqiqat-da. Shu bois faylasuf hech ikkilanmay fikrida qat’iy turgan.
Birinchi bo‘lib Halileo Haliley (1564-1642 yillar) bu fikrga shubha bilan qarab, Italiyadagi mashhur «qulayotgan» Piza minorasidan birining og‘irligi bir funt, ikkinchisiniki esa 100 funt bo‘lgan ikki toshni baravar pastga tashlagan. Buni qarangki, har ikki tosh ham bir vaqtda, baravar yerga kelib tushgan.
* * *
Afsonalarga qaraganda, Arastu Evbey orolini Beotiyadan ajratib turuvchi Yevrip bo‘g‘ozidagi suvning kuchli qaytishi va ko‘tarilishi muammosini yecholmay, o‘zini suvga tashlagan.
* * *
Arastuning o‘limidan so‘ng uning ilmiy asarlari uyi yaqinidagi g‘orda saqlangan. Keyinchalik Iskandariyadagi moziygohga topshirilgan. Bu qo‘lyozmalar orasida asl nusxalar yo‘q edi. Ularni milodning 70 yilida Sulla ismli sarkarda Rumga o‘lja sifatida keltirib, bir necha nusxada ko‘paytirgan. Arastu 200 yillik unutilishdan so‘ng falsafa olamida shu tariqa qayta qad rostladi.
* * *
«Haqiqatni izlash ham oson, ham mushkul, — degandi Arastu. — Chunki hech kim unga to‘liq erisholmaydi. Shuning barobarida, hech kim uni umuman payqamasligi ham mumkin emas. Ammo har bir odam tabiatni anglashimiz uchun ozgina bo‘lsa-da, o‘z hissasini qo‘shadi, ushbu hissalar yig‘indisi natijasida esa ulug‘vor manzara paydo bo‘ladi».
(Arastuning bu so‘zlari Vashingtondagi milliy fanlar akademiyasi binosi peshtoqiga o‘yib yozilgan).
* * *
Farangiston prezidenti general Sharl de Goll (1890-1970) Arastu haqida shunday fikr bildirgandi: «Chuqur fikrlar, yengil tahlil va ishonchli mulohazalardan xoli bo‘lgan har qanday kasbga doir ilm behuda hiyla-nayrangga aylanadi. Oz bo‘lsa-da, ushbu sifatlarni o‘zida jo etgan, ammo ularni tarbiyalay olmagan, shuningdek, ulardan faqat harbiy sohada foydalanganlar yanglishadilar. Aql muayyan kasb mahoratidan topib bo‘lmaydigan xilma-xillikni talab etadi. Umumiy madaniyat haqiqiy boshqaruv maktabidir. Olamda bitta ham sarkarda yo‘qki, o‘z harbiy san’atini inson tafakkuri xazinasi evaziga yuksaltirmagan bo‘lsin. Biz buyuk sarkarda Iskandar Maqduniyning g‘alabalari asosida, albatta, Arastuni ko‘ramiz...»
* * *
Inson falsafa bilan shug‘ullanishi kerakmi? Bu savolga shug‘ullanishi kerak va yoki kerak emas, deb javob qaytarish mumkin. Agar «inson falsafa bilan shug‘ullanishi lozim» deyilsa, hammasi tushunarli. Hech qanday savol tug‘ilmasligi tabiiy. Bordi-yu, odamlar «falsafa bilan mashg‘ul bo‘lmasliklari darkor» deb javob qaytarilgudek bo‘lsa, buni isbotlash uchun ham (ya’ni mashg‘ul bo‘lmasligi darkorligini) falsafiy fikrlashga to‘g‘ri keladi. Bundan shunday xulosa kelib chiqadiki, inson har qanday vaziyatda falsafa bilan shug‘ullanmog‘i kerak.
* * *
Hayrat falsafaning ibtidosidir.
* * *
Har kuni Quyoshning osmon toqini aylanib o‘tishini, tunda esa o‘zga yoritkichlarning bir tekis jilvalanishini kuzata turib, bu harakat va uyg‘unliklarning sababkori Xudoning mavjudligiga iymon keltirmaslik mumkin emas.
* * *
Kemalar uchun uning harakatini boshqaruvchi odam, arava uchun aravakash, qo‘shiq uchun boshlovchi, qo‘shin uchun sarkarda va davlat uchun qonun qanday o‘rin tutsa, Xudo ham olam uchun shunday o‘rin tutadi.
* * *
Tabiat o‘zini o‘zi davolovchi odamga o‘xshaydi.
* * *
Hech narsa tasodifan sodir bo‘lmaydi. Biz tasodif deb ataydigan hamma narsaning o‘z sababi bor.
* * *
Sezgi buyumlarning shaklini ularning moddiyatisiz qabul qilish qobiliyatidir. Bu xuddi temir va oltindagi tasvirning mumga jo bo‘lishiga o‘xshaydi. (Ya’ni mum sezgi bo‘lsa, temir va oltin — buyumlar. S.J.)
(Buni yana shunday tushuntirish mumkin. Biz ko‘rib turgan toshning aynan o‘zi emas, balki uning shakli qalbimizdan o‘rin oladi).
* * *
Harakatning paydo bo‘lishi yoki g‘oyib bo‘lishi aslo mumkin emas.
* * *
Safsatabozlik va dialektika ham falsafa mashg‘ul bo‘lgan masalalar bilan shug‘ullanadi. Falsafa dialektikadan o‘ziga xos qobiliyatlari bilan, safsatabozlikdan esa tanlagan yo‘li bilan farqlanadi. Ya’ni dialektika biror jabhani donishmandlik nuqtai nazaridan bilishga urinadi. Safsatabozlik esa o‘tkinchi donishmandlikdir, xolos.
* * *
Ruh tanasiz emas, tana ham emas, deguvchilar to‘g‘ri yo‘l tutadilar. Chunki ruh tana emas va ayni vaqtda tanada makon topgan bir narsadir.
* * *
Ruh qo‘lga o‘xshaydi. Qo‘l — qurollarning quroli, aql — shakllarning shakli, sezish — his qilinayotgan narsaning shaklidir.
* * *
Ruhni tanadan ajratib bo‘lmaydi.
* * *
... Vaqt «hozir»siz mavjud bo‘lolmaydi va butun ma’nosini yo‘qotadi. Zero, «hozir» o‘zida ham ibtidoni, ham intihoni jo etguvchi o‘rtalikdir.
* * *
Tafakkur va fikrlash aynan bir narsa bo‘lib, har ikkisi ham moddiyatdan ayridir.
* * *
Tabiiylik va inson... Agar biz yog‘och kursini yerga ko‘mib, uning o‘sib chiqishi uchun yo‘l topolganimizda ham undan bari bir yangi kursilar emas, balki daraxtlar o‘sib chiqaveradi.
* * *
Tabiat erkin odamlarning jismoniy uyushmasi bilan qullarning jismoniy uyushmasi o‘rtasidagi farqni ham ta’minlab qo‘ygan. Qullarning jismi baquvvat bo‘lib, zarur jismoniy yumushlarni bajarishga moslashgan. Erkin odamlar esa qaddilarini tik tutib yuradilar va og‘ir jismoniy mehnatga yaramaydilar. Ammo ular siyosiy faoliyatga yaroqlidirlar.
* * *
Shon-shuhratga intilishda ham, undan qochishda ham me’yorni saqlay biling.
* * *
Hurmatli odamning qandayligiga odatda uning ishiga qarab baho beriladi. Busiz uning maqsadini bilib bo‘lmaydi. Agar insonning vijdonini va go‘zallikka intilishlarini bevosita ko‘rish mumkin bo‘lganda, bu odam bajarayotgan ishisiz ham olijanob zot sanalaverardi.
* * *
Xudbinlik o‘zini o‘zi sevish bilan emas, bu sevgining me’yordan ortib ketishi bilan belgilanadi.
* * *
Shuhratparastlar bu sifatdan xoli bo‘lgan odamlarga nisbatan hasadgo‘yroqdirlar.
* * *
Qashshoqlikdan, xastalikdan, umuman, illat sanalmaydigan va insonning o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan narsalardan aslo cho‘chimaslik darkor.
* * *
Istaklarini yenga olganlar bukilmas insonlardir. O’zini mag‘lub eta olganlar jasur va mardonadirlar.
* * *
Ezgulik qilishdan cho‘chiydiganlarni axloqiy go‘zal odamlar toifasiga qo‘shib bo‘lmaydi. Hamma yaxshi narsalarni yaxshi deb bilgan, boylik va amal ham buza olmaydigan odamlar eng olijanob insonlardir.
* * *
Biz bo‘sh vaqtni qo‘lga kiritish uchun bo‘sh vaqtdan mahrum bo‘lamiz, tinch yashash uchun esa urishamiz.
* * *
Vijdon olijanob insonning odil hakamidir.
* * *
Ranj va alam chekmay, huzurlanmay ezgu ishlarni amalga oshirish mumkin emas.
* * *
Ma’lum bir axloqiy sifatlarga ega bo‘lmay turib, chunonchi, munosib inson bo‘lmay turib, ijtimoiy hayotda harakat qilib bo‘lmaydi.
* * *
Maqsad emas, balki unga yetish vositalari hal qiluvchi o‘rinni egallaydi.
* * *
Oshna-og‘aynilari mo‘l odamning do‘sti bo‘lmaydi.
* * *
Har bir ishning boshlanishi shu ishning deyarli yarmi bajarilgani bilan barobardir.
* * *
Jiddiylik kulgi bilan, kulgi esa jiddiylik bilan yengiladi.
* * *
Arastu o‘z falsafasini hech qachon metafizika deb atamagan. Umuman, uning zamonasida bunday atama bo‘lmagan. Bu yangi so‘zni miloddan avvalgi 1 asrda Iskandariya kutubxonasining qo‘riqlovchisi rodoslik Andronik tasodifan «o‘ylab topgan». Ya’ni bir kuni Arastuning qo‘lyozmalari o‘ramini javonga taxlash chog‘ida u avval tabiiyot haqidagi «kitob»larni, keyin esa falsafiy mazmundagi asarlarni tartib bilan joylashtiradi. «Keyin» so‘zi yunoncha «meta» degan ma’noni anglatadi. Shu tariqa metafizika so‘zi paydo bo‘ldi («meta» — keyin, «fyuzik» — lotincha tabiiyot ma’nosini bildiradi). Bir qarashda tasodifan yuzaga kelgan bu so‘z buyuk taqdir «egasi» bo‘ldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |