FRIDRIX VILGELM NITSHE
(1844-1900)
Nemis faylasufi Fridrix Nitsshe Prussiyaning Ryokken muzofotidagi protestant ruhoniysi oilasida dunyoga keldi. Nitsshelar sulolasining uchinchi avlodi polyak dvoryanlariga mansub bo‘lgan.
Nitsshe taqvodorlik muhitida o‘sgan. Gimnaziyadagi do‘stlari uni «ibodatxonadagi 12 yoshli Iso»ga o‘xshatib «Mitti pastor» deb atashgan. Nitsshe Injil suralarini va cherkov qo‘shiqlarini shu darajada ta’sirchan ijro etganki, tinglovchilar beixtiyor ko‘zlariga yosh olishgan.
Nitsshe Bonn va Leyptsig shaharlarida ta’lim olgan. Mutaxassisligiga ko‘ra filolog bo‘lgan Nitsshe tengqur talabalar orasida o‘zining kuchli qobiliyati bilan ajralib turgan. U 22 yoshida Markaziy adabiy gazetada xizmat qilgan.
25 yoshida Bazel universitetining professori bo‘lgan.
Nitsshe 1869-1879 yillar oralig‘ida Bazelda yashagan hamda faylasuf Rixard Vagner bilan tanishgan. Nitsshening o‘zi bu haqda shunday deb yozadi: «Biz bir necha yil Vagner bilan hamma katta-kichik narsalarni teng baham ko‘rdik; o‘rtamizdagi ishonchning cheki yo‘q edi».
Nitsshe bosh og‘rig‘i va qandaydir noma’lum kasallik xurujidan umr bo‘yi azob chekkan.
Nitsshe Artur Shopengauerning yovvoyilar to‘dasi to‘g‘risidagi masalini o‘qigach, jamiyatning ichki mohiyati nimadan iboratligini anglab oldi. Shundan keyin u Shopengauerning ashaddiy muxlisiga aylandi. Chunki Shopengauerning ko‘plab fikrlari Nitsshega juda yaqin edi.
1876 yilning kuzida Nitsshe salomatligi yomonlashgani tufayli universitetdagi ma’ruzalarini to‘xtatib, bir yillik ta’tilga chiqadi va Sarrentoga ko‘chib o‘tadi. Ana shu yerda uning dunyoqarashida keskin burilish ro‘y beradi.
«O’sha davrda men nafaqat Vagner bilan aloqani uzish to‘g‘risida bir qarorga keldim, balki umuman yanglishganimni anglab yetdim…» deb yozadi Nitsshe.
1880 yilda Nitsshe Yevgeniy Dyuring qalamiga mansub «Falsafa kursi» asarini o‘qib chiqadi. Bu asar uning dunyoqarashiga katta ta’sir ko‘rsatadi. Nitsshega, ayniqsa, faylasufning koinotdagi barcha jarayonlarning davriy xususiyatga ega ekanligi, ularning doimo takrorlanib turishi to‘g‘risidagi fikrlari ma’qul keladi. Shu asosda o‘zining bu boradagi shaxsiy fikrlarini rivojlantiradi va «Mangu qaytarilish» haqidagi qarashlar tizimini ishlab chiqadi: «Hamma narsa mangu qaytarilishga mahkum. Biz qachonlardir yana ayni vaziyatda uchrashamiz. Men yana xastalikda yashayman, siz esa yana mening nutqimdan hayratga tushasiz… Mening o‘lish-o‘lmasligim baribir emasmi, chunki hech narsa meni bu hayotdan uzoqlashtirmaydi ham, yaqinlashtirmaydi ham. Chunki har bir lahza yana qaytariladi, har bir daqiqa mangudir».
Nitsshening quyidagi asarlari ma’lum:
«Tarixning hayot uchun foydasi va zarari to‘g‘risida» (1874), «Shopengauer murabbiy sifatida» (1874), «Rixard Vagner Bayreytda» (1875-1876), «Erkin tafakkur sohiblari uchun qo‘llanma» (1876-1878), «Tong yallig‘i» (1881), «Zardusht tavallosi: «Har bir kishi va hamma uchun kitob» (1881-1885), «Quvnoq bilim» (1882), «Yovuz donishmandlik: hikmatlar va dono so‘zlar» (1882-1885), «Axloqning mohiyati» (1887), «Hokimiyatga intilish» (Mazkur asar 1906 yilda chop etilgan). Nitsshe 1889 yilning boshida aqldan ozadi va oradan bir yil o‘tgach, vafot etadi.
Nitsshe falsafaga hozir ham qo‘llanib kelayotgan quyidagi ilmiy tushunchalarni kiritdi: «Hokimiyatga intilish», «Barcha qadriyatlarni qayta baholash», «Odamlarning yangi nasli», «Mallarang dog‘ulilar», «Oliy inson».
Nitsshe hayotni boshqalarga qaraganda teranroq his etgan. U o‘z aniq-ravshanligi bilan sirli, tushunarsiz darajada tushunarli bo‘lgan yagona faylasuf edi.
* * *
Kimdir bizdan uzr so‘ramoqchi bo‘lsa, bu ishni o‘ta mohirona bajarmog‘i kerak. Aks holda, biz o‘zimizni aybdordek noqulay his etamiz.
* * *
Har qanday haqiqat – egri. Chunki vaqtning o‘zi ham bir doiradir.
* * *
Men kitoblarimni doim butun jismi jonim va hayotim ila yozdim. Sof ruhiy muammolar neligini esa bilmayman.
* * *
Inson ham xuddi daraxtga o‘xshaydi. Daraxtlar yuksaklik, yorug‘lik sari qanchalik ko‘p intilsalar, ildizlari yer qa’riga, qorong‘ulikka – tubanlik tomon shunchalar chuqurroq kirib boraveradi.
* * *
Mangulikka daxldor bo‘lish uchun ba’zan hayotni qurbon qilishga to‘g‘ri keladi.
* * *
Axloqiylik majburiyatni keltirib chiqaradi. Keyinchalik u odatga aylanadi, undan so‘ngroq esa u ixtiyoriy itoatkorlikka va nihoyat, tabiiy maylga aylanadi.
* * *
Inson o‘zga kishi oldida ayblariga iqror bo‘lgach, ularni darhol unutadi. Ammo o‘zga kishi uning ayblarini yodida saqlab qoladi.
* * *
Mukammal ayol odamzotning komil erkakdan ko‘ra oliyroq turidir. Ammo ularning soni komil erkaklarga nisbatan kamroq.
* * *
Shunday qoida mavjudki, biz uning vositasida insonning hayotini tortib olishimiz mumkin. Biroq insondan uning o‘limini tortib olishga imkon beruvchi qoida mavjud emas.
* * *
Shuhratparast odam uchun o‘zgalarning fikri emas, balki o‘zining boshqalar fikri to‘g‘risidagi mulohazasi muhimroqdir.
* * *
Olijanoblik xushfe’llik va haddan ortiq ishonuvchanlik omixtasidir.
* * *
Hamdardlik dard chekishdan ko‘ra azobliroqdir.
* * *
Isyon – qul uchun shon-shavkat.
* * *
Sen uni o‘z tarafingga og‘dirmoqchimisan? U holda uning huzurida o‘zingni dovdirayotgandek tut.
* * *
Har qanday jiddiy mehnat axloqimizga ta’sir o‘tkazadi. Diqqatimizni topshirilgan ishni bajarish uchun jamlashga bo‘lgan urinishimizni ruhiy olamimizga tashlangan toshga o‘xshatish mumkin. Tosh kelib tushgach, birinchi doira kichik bo‘ladi, keyingilari esa o‘z-o‘zidan kattalashib boradi.
* * *
Iztirob haqiqatga erishishning eng tezkor usulidir.
* * *
Bu olamda faqat uch narsa menga yupanch bo‘la oladi: mening Shopengauerim, Shuman va yolg‘izlikdagi sayrlar.
* * *
Biz nimani izlaymiz? Xotirjamlik, baxtnimi? Biz qanchalar dahshatli va jirkanch bo‘lmasin, haqiqatni izlaymiz.
* * *
Qachonlardir hamma narsa o‘z nihoyasiga yetadi. Shunda – menga ko‘rish nasib etmaydigan olis kunlarning birida — kitoblarimni qo‘lga olib ochishadi va o‘z o‘quvchilarim paydo bo‘ladi. Men ana shu muxlislarim uchun yozishim, shular uchun asosiy g‘oyalarimni nihoyasiga yetkazishim kerak. Hozir kurasholmayman – mening hatto dushmanim ham yo‘q.
* * *
Meni yaxshi o‘qishni o‘rganing!
Do'stlaringiz bilan baham: |