10 O‘rxun-Yenisey yodgorliklari xalqning madaniyati tarixi manbalari ekanligini tushuntiring
To’nyuquq bitigtoshi to’g’risida
Mazkur obidalarning topilishi O'rxun hamda Enasoy daryolarining havzalari bilan bog'liq. Garchi bunday qadimiy obidalar keyinchalik Sibir va Mo'g'ulistonning boshqa joylaridan, Sharqiy Turkiston, O'rta Osiyo, Kavkaz, Volga- bo'vi, hatto Sharqiy Yevropadan ham topilgan bo'lsa-da, tarixda bu nom muqim o'rnashib qoldi.
O’rxun-Enasoy yodgorliklarining topilishi va o'rganilishi XVIII asrdan boshlanadi. Rus xizmatchisi Remezov bu haqida dastlabki xabarni beradi. Shved zobiti Iogann Strallenberg, olim Messershmit yodgorliklarni Yevropa ilm ahliga ilk marta taqdim qilgan edilar.
Dastlab, O'rxun, Selenga va To'li daryolari atrofidan — Shimoliy Mo'g'ulistondan toshga bitilgan obidalar topildi. Ular O’rxun yodgorliklari nomini oldi. Enasoy daryosi qirg'oqlarida topilgan yodgorliklar ham shu nom bilan ataladi.
Yodgorliklar topilganidan keyin ularni o'qish, o'rganish muammosi ko’ndalang bo'ldi. Ammo bu ish deyarli bir yarim asr mobaynida hech kimning qo'lidan kelmadi. Nihoyat, 1893- yildagina ularni o'qish uchun dastlabki qadam qo'yildi. Shu yili daniyalik olim Vilgelm Tomson va rus olimi V. Radlovlar yodgorliklardagi barcha harflarni o'qidilar.
Shundan so'ng ularni jiddiy o'rganish boshlandi.
O'rxun-Enasoy obidalari «tosh bitiklari» deb ham yuritiladi.. Buning sababi ko'pgina yodgorliklarning qabr toshlariga o'yib yozilganidadir.
Qadimgi turkiy obidalarning asl manbalari topilgan joylar: O'rxun va Enasoy daryolari atroflari, Turfon (Sharqiy Turkiston), Osiyo va Yevropaning ko'pgina joylaridir. Shunga ko'ra ularning Mo'g'uliston, Germaniya (Berlin, Marburg, Mayns), Rossiya (Sankt-Peterburg, Qizil, Minusinsk), Xitoy (Turfon, Urumchi, Miran Suchjoy, Pekin), Buyuk Britaniya (London), Fransiya (Parij), Shvetsiya (Stokgolm), O'zbekiston, Qozog'iston, Qirg'izistonda saqlanishi kuzatiladi.
Ma'lumki, turkiy xalqlar o'z davlatiga ega bo'lgan eng qadimgi dunyo qavmlaridan biridir. O'rxun-Enasoy obidalari ana shu tarixni badiiy tarzda hikoya qiladi. Ular O'rta Osiyodan boshlab Dunaygacha bo'lgan ulkan hududda o'z davlatlarini idora qilishgan. Yodgorliklar, asosan, VI—VIII asr voqealarini aks ettiradi.
V—VI asr o'rtalarida dunyo xaritasida Turk xoqonligi degan mamlakat yuzaga kelgan.
Bu mamlakat O'rta Osiyo, Yettisuv, Sharqiy Turkiston, Oltoy o'lkalaridagi turli qabila va xalqlarni birlashtirgan edi. Bu yerlar geografik jihatdan nihoyatda qulay, buning ustiga Yevropa va Sharqiy Osiyoni bog'lab turuvchi «Buyuk ipak yo'li»ning ustida edi. Shuning uchun ham turkiylar yashaydigan manzillarga qiziqish katta bo'lgan. Turli qabila va elatlarning doimiy hukmronlikka intilishi odatdagi hol edi. Bundan dushmanlar ham foydalanishga harakat qiladilar. Tashqi dushmanga qarshi hamkorlikda kurashish qabila va elatlarning birlashishiga olib keldi va 545- yilda Turk xoqonligi yuzaga keldi. Bu xoqonlik VI11 asrgacha hukmronlik qildi.
Tosh bitiklarning katta qismi ana shu xoqonlikning o'ziga xos badiiy solnomasidir. Ularning hajmi anchayin ulkan. Jumladan, «To'nyuquq» bitiktoshi 2 ta ustunga yozilgan. Ularning biri 170, ikkinchisi 160 sm dan iborat. Bu yodgorlikni Yelizaveta Klemens 1897- yili Shimoliy Mo'g'ulistonda eri Dmitriy Klemens bilan birgalikda izlab topgan. Bitiktosh Ulan-Batordan 66 km janubi-sharqdagi Bain Sokto manzilida bo'lgan va hozir ham shu yerda saqlanadi.
«Kultegin» bitiktoshi marmardan, ishlangan, balandligi 3 m 15 sm, qalinligi 41 sm, tub qismi 1 m 24 sm bo'lib, yuqoriga tomon torayib borgan. Yodgorlikni rus ziyolisi N. M. Yadrinsev (1842-1894) 1889- yili Mo'g'ulistonning Kosho Saydam vodiysidagi Ko'kshin-O'rxun daryosi qirg'og'idan topgan. U Ulan-Batordan 400 km janubda, Qora Balg'asun shahri xarobalaridan 40 km shimolda joylashgan. Yozuvlar o'ngdan chapga va yuqoridan pastga qarab bitilgan.
«Bilga xoqon» bitigini ham N. M. Yadrinsev topgan. U Kultegin bitiktoshidan 1 km janubi-g'arbga o'rnatilgan. Uning bo'yi 3 m 45 sm, eni 1 m 72 sm, qalinligi 72 sm, bitiktosh ag'darilib, uchga bo'lingan va ayrim satrlari nurab, yozuvlari
ham zarar ko'rgan. U 80 satrdan iborat. «Bilga xoqon» bitiktoshida «Kultegin» bitiktoshidagi 41 satr takrorlangan.
Yodgorliklarni butun dunyo turkiyshunoslari ilmiy jihatdan o'rganmoqda. V. Tomson va V. Radlovlardan keyin S. H. Malov, S. G. Klyashtorniy, I. V. Stebleva, H. O'rxun, I I Tekin, Najib Osim, G. Aydarov, o'zbek olimlaridan A.Rustamov, G'.Abdurahmonov, N. Rahmonovlar o'rganishgan.
Yodgorliklar hozirgi o'zbek tiliga bir necha marotaba o'girilgan. A. P. Qayumov «Qadimiyat obidalari» kitobida, G’.Abdurahmonov va A. Rustamovlar «Qadimgi turkiy til» kitoblarida o'sha yodgorliklardan namunalar keltirishgan.
Runiy yozuvdagi yodgorliklar faqat toshga bitilgan emas. Ularning qog'ozga, turli buyumlarga yozilgan namunalari ham bor. Masalan, «lrq bitigi» («Ta'birnoma») qog'ozda yozilgan. Uni vengr olimi A. Steyn Sharqiy Turkistondagi Dunxua manizilidan topgan (1907- yil).
Run yozuvlari Talas vodiysidan ham topilgan. U hozirgi Avliyoota va Taroz shahri yaqinida bo'lgan qoyalardagi yozuvlardir.
Shuningdek, kumush ko'zachalarga yozilgan runiy yozuvlari Sibir o'lkasidan ham topilgan. ErmiTaj (Sankt-Peterburg)da saqlanayotgan 2 ta ko'zacha shu haqda ma'lumot beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |