“Avesto’’ ma’naviyati shakllangan uzoq o’tmishda inson o’zini tabiatning uzviy qismi sifatida idrok etgan. Tabiatni ilohiylashtirib, bir butun jonli organism sifatida tasavvur qilgan. Shuning uchun ham, tabitga hozirgidek iste’molchi kayfiyati bilan qaramasdan, ko’proq uni avaylab asrashga intilgan. Jumladan, “Avesto’’ ning “Gate” (Goh’’) lar nomli qismida qator hayotiy voqealar zamirida tabiatga, uy hayvonlariga mehr bilan munosabatda bo’lish g’oyalari targ’ib etiladi.Har bir xalqning yashagan tabiiy shart-sharoiti, yashash tarzi (masalan, ko’chmanchilik yoki o’troq hayot ) asosida uning o’ziga xos dunyoqarashi, borliqqa bo’lgan munosabati shakllanadi’’Avesto’’ da to’rt unsur – tuproq, suv, havo va olovning ilohiylashtirilishi – ajdodlarimiz yashagan turmush tarzining o’ziga xos shart-sharoitilari bilan bog’liq. ‘’Avesto’’ da yer, daryolar, buloqlar, bog’lar, suvga mo’l ko’llar, qaqragan sahrolar – bari o’ziga xos ahamiyatga ega. Insonning yaratuvchanlik faoliyati tufayli yer yuzasi tuyalar galasi, qo’y suruvi, mol podalari bilan, inson uchun foydali o’simliklar bilan to’ladi. Ajdodlarimizning hayoti tabiat ne’matlari bilan bog’liq bo’lgani uchun ham, hayvonot dunyosi, ularni e’zozlash yuqori o’ringa ko’tarilgan. ‘’Avesto’’ tarkibidagi ‘’Vendided’’ kitobining 3-bobida dehqonchilik, chorvachilik, oila, pokiza hayot, barcha narsalarni tozalovchi olov ulug’lanadi va inson uchun maqbul bo’lgan o’lkaga ta’rif beriladi.’’qayerda taqvodor inson oila qursa, unda olov va sut, ayol va farzandlar, chorva bo’lsa, o’sha o’lka maqbuldir, bunday o’lkada chorva ham mo’l, ayol va farzandlar farovon yashaydi, ozuqa va itlar ko’p, taqvodorlik ham ortiqdir… Ey, Zardusht Spitama! Qayerda g’alla, o’t-o’lanlar, yemish uchun turli sabzavot va mevalar ko’p yetishtirilsa, qo’riq yerlar sug’orilib, botqoqliklar quritilsa, qo’y va molar ko’p boqilsa, ular go’ngi yerga solinsa, o’sha o’lka eng maqbul o’lkadir’’. Zardushtiylik dini keng tarqalgan davrlarda o’lkamizda yashagan xalqlarning asosiy mashg’ulotlari chorvachilik va dehqonchilik bo’lganligi tufayli ula uy hayvonlarini, jumladan, sigir, ot va itlarni ardoqlaganlar.’’Ahura Mazda Jamga dedi: - Ey Jam! Qahrli qahratondan burun suvlar shiddat bilan oqqan bu sarzaminlarda giyoh va o’t-o’lanlar g’oyat serob bo’ladi. Ammo qahraton oyog’I yetgach va u butunlay kirib kelgach, qorlarning nurashini ko’rsang. Endi bu zaminda suvlarning hayratbaxsh oqimidan nom-nishon topolmaysan. Sen, ey Jam – har birining to’rt tomoni muayyan uzunlikda bo’lgan joy hozirda va u yerga tuyalar galasi, otlar uyri, qo’ylar suruvi, sigir podasi, itlar, parrandalar va kuydirguvchi olov keltir’’. Bu parchadan ko’rinadiki, Ahura Mazda tili bilan hayvonlarga mehribon bo’lishga da’vat etilmoqda.Jonivorlar yelvizakda, sovuqda qolmasliklari va odamlarga foyda keltirishlari uchun ularning har biriga Jam boshpana solidi va shundan so’ng u yerga odamlarni keltiradi.Odamlar jonivorlarni, xususan, sigirni yaxshi parvarish qilsalar, ular ko’p sut berishi, sutni ichgan farzandlar esa sog’lom bo’lishini aytadi. ‘’Yasna’’ kitobining boshqa bir yerida otlar, tuyalar hamda ularga munosabat haqida gap ketadi. Urg’ochi otlar – biyalarni minmaslik, ularni urmaslik, jilovlamaslik haqidagi gaplar yoki uzoq yo’lga, suvsizlikka chidamli, insonlarga foyda keltiruvchi tuyalarga mehribon bo’lish kerakligi haqida gap aytiladi. Inson ilk qo’lga o’rgatgan, kundalik hayotiy mehnati jarayonida yaqin hamrohi bo’lgan, ko’p xalqlarda sadoqat ramziga aylangan it kitobda alohida alqovga sazovar bo’lgan. Itga bo’lgan mehr quyidagi parchada yaxshi ifodalangan: ‘’- Ey olamni yaratgan zot! Urg’ochi ko’ppak yo’l ustida bolalasa, mazdarapastlardan kim uni tarbiya qilmog’I zarur? Ahura Mazda javob berdi: - O’sha itga uyi hammadan ham yaqinroq bo’lgan mazdarapast homilador it tuqquniga qadar va tuqqandan keyin uning kuchuklarini ham parvarish qilmog’I lozim’’. Zardushtiylar uy hayvonlarini to’qlik, farovonlik ramzi sifatidagina ko’rib qolmasdan, balki ularni ilohiylashtirganlar ham. Xususan yuqorida tilga olingan ‘’Vendidad’’ kitobining 21-bobida quyosh, oy, yulduzlar, bepoyon yog’duga madhiyalar qatori muqaddas ho’kizga ham hamdu sanolar o’qiladi. Yoki ‘’Yasna’’ kitobining ‘’yasna xapta xatay ‘’ nomli yettita bobiga ham muqaddas xo’kiz ruhi va uning yaratuvchisiga atalgan madhiyalar kiritilgan. Boz ustiga, zardushtiylik dinida e’tiqod qilingan ma’budlarga u yoki bu hayvonlar sherik qilingan. Masalan, ‘’Vendidad ‘’ ning 18-bobida xo’rozga Ahura Mazda xabarchisi bo’lgan Surushning qushi sifatida alohida e’tibor berilgan. Ma’lumki, ‘’Avesto’’ kitobida dunyoni dualistic talqin etish o’z ifodasini topgan. Masalan: Zardusht, dunyoning asosini hayot va o’lim, yaxshilik va yomonlik, yorug’lik va zulmat o’rtasidagi kurash tashkil etadi, deb hisoblaydi. Bu tushuncha asosida Ahura Mazda yorug’lik va yaxshilik timsoli, Axriman esa – zulmat va yomonlik ramzi sifatida qiyofalanadi va ular o’rtasidagi kurash abadiy davom etadi. Shunga muvofiq hayvonlar ham ikki toifaga ajratilgan.Agar Ahura Mazda yaxshi va go’zal narsalar qatori, inson uchun foydali jonzotlarni yaratgan bo’lsa Axriman yomon va xunuk narsalarni, xususan, ajdarho, ilon, chayon, qurbaqa, chivin, chumoli va boshqa zararkuranda hasharotlarni yaratgan. It foydali va vafodor jonivor deb yuritilsa, bo’ri Axriman yaratgan yovuzlik timsoli hisoblangan. Yana shuni e’tiborga olish kerakki, garchi ‘’Avesto ‘’ da ayrim jonzotlarga salbiy munosabat bildirilsa-da, ular bu dunyoning teng huquqli a’zosi bir parchasi sifatida mavjud bo’lishi kerak, deb qaraladi. ZERO, ‘’Avesto’’ falsafasi bo’yicha Ahura Mazda va Axriman, ya’ni yorug’lik bilan zulmat, ezgulik bilan yomonlik o’rtasidagi kurash abadiy davom etadi va hayotning mazmun-mohiyatini tashkil qiladi. Tabiat va inson muayyan qonuniyatlar asosida o’zaro munosabatda bo’ladi. Tabiatga, atrof-muhitga beparvo munosBt- insonda iste’molchilik kayfiyatlarining ustuvor bo’lib borishi oqibatida so’nngi davrda insoniyatning umumiy muammosiga aylanib qoldi. Yer yuzida tuproq nurashi, jonli tabiat hayotining garovi bo’lgan kislorod manbai – o’rmon hududlarining qisqarib borayotganligi, atmosfera va suv havzalarining ifloslanishi, shuningdek yana o’nlab ekologik falokat belgilari hushyorlikka da’vat etmoqda.Bugungi kunda, fan-texnika jadal sur’atlar bilan taraqqiy etayotgan bir sharoitda inson va tabiatning o’zaro munosabatini muvofiqlashtirsh muammolarini hal etish – insoniyatning eng asosiy vazifasi bo’lib qolmoqda. Har kuni dunyo yuzasidan bir – iki o’simlik yoki hayvon turi yo’q bo’lib ketayotgan bir sharoitda ‘’avesto’’ kitobida mujassam bo’lgan noyob qadriyatlar, xususan, yerda istiqomat qilayotgan jonzotlarga mehr bilan munosabatda bo’lish, tabiatni asrab-avaylash g’oyasini yoshlar ongiga sindirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |