Agroekosistemalar – insonning qishloq xo’jaligi sohasidagi faoliyati natijasida yuzaga keladigan sun’iy ekosistemalardir.Masalan, dalalar, bog’lar, tokzorlar, tomorqalar.Agroekosistemalar agrosenozlar deb ham ataladi.Agroekosistemaning asosiy elementlari quyidagilar: madaniy o’simliklar, begona o’tlar, mikroorganizmlar, yuksak o’simliklar bilan mikoriza hosil qiladigan zamburug’lar, tuproqda erkin yashovchi zamburug’lar, bakteriyalar, suvo’tlar, tuproqda yashovchi umurtqasiz va umurtqali hayvonlar.
Adaptiv tip – ma’lum muhit sharoitiga moslanishni ta’minlovchi morfologik, fiziologik, biokimyoviy belgilar majmuasining rivojlanishini belgilovchi reaksiya normasidir. Reaksiya normasi qancha keng bo’lsa, moslanishlar ham shuncha yaxshi bo’ladi. Adaptiv tiplar irqlarga bog’liq emas.
Arktik adaptiv tip – sovuq iqlim va ko’proq hayvon mahsulotlari bilan oziqlanish sharoitida shakllanadi. Arktika xalqlari orasida ham o’simliklar tarkibidagi C vitaminini kam iste’mol qilishga moslanish xususiyati rivojlangan. Arktik adaptiv tipning xarakterli belgilari: tananing suyak muskul sistemasining yaxshi rivojlanganligi, ko’krak qafasining kengligi, gaz almashinuvining jadalligi, qonda lipid va oqsilning, gemoglobin va xolesterin miqdorining ko’pligi, lipidlarning yaxshi oksidlanishi, energiya almashinuvining kuchliligi va termoregulatsiyaning yaxshi rivojlanganligi.
Atmosfera – bu yer sayyorasining gazsimon qobig’i. Uning hamma qismida ham hayot mavjud emas, chunki ultrabinafsha nurlari radiatsiyasi bunga to’sqinlik qiladi. Armosferaning gaz tarkibi: Azot – 78% , Kislorod – 21%, Argon – 1% dan kam. Karbonat angidrid – 0,04% ga yaqin.
Arxey – 3500 mln yil davom etgan. Hayot izlari kam bo’lgan. Prokariotlar yashagan. Fotosintez, ko’p hujayrali organizmlar, jinsiy ko’payish paydo bo’lgan. Sianobakteriyalar keng tarqalgan.
Amfibiyalar – suvda hamda quruqlikda yashovchi hayvonlar. 380 mln yil avval kelib chiqqan.
Arogenez (yunoncha “airo”- yuksalish, “genesis”-rivojlanish) – organizmlarning tuzilishida yirik o’zgarishlar- aromorfozlarning vujudga kelishi bilan bog’liq evolutsion yo’nalish sanaladi.
Aromorfoz – yashash uchun kurashda ancha afzalliklar yaratadi va tirik organizmlarni yangi muhit sharoitida keng arealda yashashga moslanishiga zamin tayyorlaydi. Organik olamning paydo bo’lishi va rivojlanishining dastlabki bosqichlarida 3 ta yirik aromorfoz yuzaga kelgan. 1. Fotosintez jarayonini amalga oshiradigan organizmlarning vujudga kelishi. 2. Ko’p hujayrali organizmlarning paydo bo’lishi. 3. Jinsiy ko’payishning paydo bo’lishi. Aromorfozlar evolutsiyaning keying bosqichlarida saqlanib qoladi, yangi sistematik birliklar: bo’lim, tip va sinflarning paydo bo’lishiga sabab bo’ladi.
Allogenez – organizmlarda tashqi muhit sharoitiga moslanish jarayonida yangi belgi xususiyatlar asosida xuxusiy moslanishni vujudga keltiradigan evolutsion yo’nalish sanaladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |