Hayotning har lahzasi goʻzal,
Umrning har dami gʻanimat.
Bosh koʻtarmas kimdir ishidan,
Kimdir oʻylar ulugʻ bir reja.
Yana sirli orom qushiday
Qoʻna boshlar yurtimga kecha.
Bugunidan el koʻngli toʻlib,
Ertangi kun uchun toʻplar dosh.
Anvar shoir charchogʻi boʻlib
Togʻ ortiga yonboshlar quyosh…
Hayotning har lahzasi goʻzal,
Umrning har dami gʻanimat…
0401050412
5-SINF
ADABIYOT IV CHORAK 64-DARS
MAVZU: “VATANJON”, “TINCH KUNLAR”, “YER” SHE’RLARINI O‘QISH, TAHLIL QILISH
Vatanjon
Balodan asray deb tumor bo‘laman,
Noming ulug‘lovchi shior bo‘laman,
Uxlab uyg‘onguncha xumor bo‘laman,
Vatanjon!
Sen o‘zing kulbamsan, sen o‘zing - olam,
Sen o‘zing otamsan, sen o‘zing - bolam,
Yoshligim - o‘zing, sen - boshda oq tolam,
Vatanjon!
Mehringni ko‘rpadek yopinib o‘tgum,
Har daraxt, toshingga topinib o‘tgum,
Bag‘ringda yurib ham sog‘inib o‘tgum,
Vatanjon!
O‘zimdan ko‘p seni o‘ylayveraman,
Bo‘yingni jahonga bo‘ylayveraman...
Qabrimda ham husning kuylayveraman,
Vatanjon!
Tinch kunlar
Bizlar quraverdik, buzaverdi yov
Qo‘rg‘on-u uyimiz, ko‘shk-u qasrni.
Sha’nimizni depsib ezaverdi yov,
Ko‘rmadik suronsiz biror asrni.
Turon solnomasin o‘qir talaba,
Sahifalar guvlar janglarga to‘lib.
Har bir mag‘lubiyat, har bir g‘alaba
Iz solmish “Tarixiy voqea” bo‘lib.
Fitnaga boy erur har bitta zamon,
Jim tursang-da cho‘zar qattollar bo‘yin.
Tutmoqlikdan ko‘ra nayzaga qalqon,
Tinching mo‘rt shishadek asramoq qiyin.
Bir o‘yga chorlagay kitob yakuni:
Ichikamiz yozga faqat qish fasli.
Yurtimizning tinchgina o‘tgan har kuni
Mislsiz tarixiy voqea asli.
2011
YER
Bo‘shliqda tirgaksiz g‘ildirab,
Qanotsiz bo‘zlagan olam bu.
Goh Oydan, goh Kundan nur tilab,
Sarson giz-gizlagan olam bu.
Ochilgan bahrimi o‘rmonlar,
To‘kkan ko‘z yoshimi ummonlar?
Ko‘ksida gar o‘tli vulqonlar,
Bosh-puti muzlagan olam bu.
Ko‘z-ko‘zlab toshqinda qudratin,
To‘fonga jo aylar shiddatin,
Kashf etib tog‘larning haybatin,
Dengizni tuzlagan olam bu.
Hokimdir qonunlar o‘rnatib,
Pand yedik ba’zan es o‘rgatib
Ming asr tashvishin qo‘zg‘atib,
Hikmatlar so‘zlagan olam bu.
Tulporni qamchilab qistarmiz,
Fursatdan o‘zmoqni istarmiz,
Poygada lek ko‘proq muztarmiz,
Bizdan ham tezlagan olam bu.
Dunyo keng, do‘stim, sen torlanma,
Shashtiga mos tushmay xorlanma,
Bir zum tin bergil deb zorlanma,
O’zi tin izlagan olam bu.
2008
0401060411
SINF
ADABIYOT IV CHORAK 63-DARS
MAVZU: “YULDUZLAR MANGU YONADI” QISSASI MATNI VA TIMSOLLARI USTIDA ISHLASH
XXIX
Shunday qilib, Tilovberdi polvon bilan shoʻrchilik Shodi polvon olishadigan boʻldi.
«Menga daryoning naryogʻiyam bir, beryogʻiyam bir. Bari-bir oʻgʻlimdan zoʻri yoʻq, — dedi oʻzicha Boʻri polvon. — Lekin Shoʻrchida Abray degan bunday katta polvon yoʻq edi-ku? Bu kim boʻldi ekan? Yo, shoʻrchiliklar alamlarini olish uchun boshqa yoqdan polvon yollab keldilarmikin? Bunday voqealar koʻp boʻladi...»;
Boʻri polvon shoʻrchiliklar toʻpi roʻparasiga oʻtirdi. Past ovozda soʻradi:
— Inim, bu, Abray polvonlaringni eshitmagan ekanman, u kimlardan?
— Abraymi? Nasim polvonning uli boʻladi. Yaqinda armiyadan keldi.
Boʻri polvon birdan sergak tortdi. Javob bermish odamga tikildi-tikildi, ohista joyidan turdi.
Ajabtovur hislar ogʻushida qoldi. Xivich ushlagan barmoqlari qaltiradi. Xivich siquvida qahr boʻldi, nimadir qilishga chogʻlanish boʻldi. Titroq chap qoʻli, lablariga oʻtdi.
Davradan qanday chiqdi, bilmadi. Amir polvon yelkasiga qoʻlini qoʻydi. Ogʻir entikdi. Nimadir demoqchi boʻldi. Deyolmadi, tomogʻi qurib qoldi.
Amir polvon Boʻri polvon holini bildi. Darrov qoʻltiqlari ostidan oldi.
— Polvon bova, nima boʻldi? Tilovberdi, suv opke! — dedi.
Boʻri polvon sovigan choy ichdi. Entikdi. Lablarini yaladi. Jilmaydi.
— Qaridik, ukam, qaridik. Yurak yaramay qolyapti! — dedi. — Amir, sen berman ke.
Boʻri polvon Amirni qorongʻiga ergashtirib ketdi.
— Amir, menga qara, shu Abray deganiga bizning Tilovberdini chiqar, xoʻpmi?
— E, polvon bova, davra bilib qoldi-da?
— Yoʻq, sen gapga kir.
— Qiyin deyman-ov, shoʻrchiliklar koʻnmas-ov?
— Koʻnadi, ularga baribir...
Boʻri polvon davra sirtida turib qoldi. Oʻzini oʻnglab oldi.
Tagʻin davraga kirdi. Siniq ovozda jar soldi.
— Xaloyiq, eshitmadim demanglar! Hoʻkiz toboqni koʻtargan Abray polvonga Tilovberdi polvon chiqadigan boʻpti! Gilam toboqni esa Jonibek koʻtaradigan boʻpti. A? Endi, uyogʻini bilmadim, xaloyiq! Oʻzlari shunday fikrga kelibdi, bir bilganlari bordir-da!
Darhaqiqat, shoʻrchiliklar uchun baribir boʻldi. Boisi, Tilovberdi-da, Jonibekda davra egalari boʻldi.
Davraga birinchi boʻlib Shodi polvon bilan Jonibek polvon chiqdi.
Jonibek polvon Shodi polvonni birinchi qoʻldayoq chap oyogʻiga sirtidan ildirib koʻtarib, toʻlgʻab urdi.
Gilam Jonibek polvonda ketdi.
XXX
— Qani, endi davraga hoʻkiz toboqni koʻtargan polvonlar chiqsin!
Boʻri polvon shunday deya, davra aylandi. Koʻz ostidan Nasim polvonga tikildi.
«Nasim oshna, oʻgʻlingga bir ogʻizgina chiqma, u Boʻri bobongni oʻgʻli ekan, demading-a, — deya, ich-ichidan oʻpkalandi. — Demaysan, deyolmaysan. Chunki sen oʻsha Nasimsan... Sendan bunday gap chiqmaydi. Mana hozir bilasan, sening farzanding kimu mening farzandim kim...»;
Nasim polvon toʻgʻrisida oyoq ildi. Soqolini siladi. Tomogʻini qirdi.
«Meni bir umr magʻlub etdim, qoyil qildim deb yurib edingmi? Oshna, adashasan»;.
Boʻri polvon Nasim yuzlarida biron-bir oʻzgarish koʻrmadi. Bundan haminqadar gʻashi keldi.
«Koʻp qayqayma, sening bu oʻtirishing zoʻrma-zoʻrakilik, iljayishing chidayolmaslik. Bilaman, ich-ichingdan zil ketyapti. Hozir koʻrasan, mening kim ekanimni. Oldingdan salom berib oʻtaman...»;
XXXI
Boʻri polvon xayol bilan andarmon boʻlib qoldi. Bunday qaradi, davrada haliyam polvonlar boʻlmadi.
— Ay polvonlar, chiqinglarda endi, davra mahtal boʻp qoldi! — dedi.
Nasim polvon tarafdan Abray, roʻparoʻ tarafdan Tilovberdi polvon davraga tushdi.
Tilovberdi polvon qoʻlini koʻksiga qoʻydi. Abray polvonni oldinga taklif etdi.
— Qani, polvon, torting! — dedi.
Abray polvon Tilovberdi polvonga yoʻl berdi.
— Yoʻgʻ-e, yoʻl boshi sizdan, polvon! — dedi. Tilovberdi polvon oldinda yurdi. Abray ketidan ergashdi.
Boʻri polvon shuni, aynan shuni kutdi. Yuzlarida tabassum oʻynadi. Olisroqda boʻlsa-da, Nasim polvonga tagʻin qaradi.
«Koʻrdingmi, Nasim oshna? Oʻgʻling mening oʻgʻlimdan oldinda yurishga yuragi dov bermadi. Mening oʻgʻlim hamisha birinchi...»;
Boʻri polvon oʻgʻillarni bir-biriga qiyosladi. Ayniqsa, Abray polvonning sin-simbatiga sinchiklab-sinchiklab tikildi.
«Momoqizning oʻgʻli xushsuvrat yigit boʻpti. Ammo Momoqizga oʻxshamaydi. Otasiga tortibdi. Nasimning oʻziyam husndor edi-da. Faqat burnining puchuqligi Momoqizga kelbat beradi...»;
Boʻri polvon soqoli uchini buklab tishladi. Sezilar-sezilmas bosh irgʻadi.
«Bordi-yu, Momoqizga yetganimda, shu Abray polvon mening oʻgʻlim boʻlardi...»;
Abray polvonga suqim kirmasin deya, nazarini quvdi, yon-veriga tufladi:
— Tuf-tuf-tuf!..
0401060412
6-SINF
ADABIYOT IV CHORAK 64-DARS
MAVZU: IBROYIM YUSUPOVNING HAYOTI VA IJODI. “QADRDON SO‘QMOQLAR” SHE’RI
QADRDON SO‘QMOQLAR
Har kimning tug‘ilgan yeri – Misr shahri.
(Maqol)
Qizil kendir bilan shivirlashar tol,
Turna uchib borar olis yoqlarga.
Talay yo‘llar bosib misoli shamol
Yana qaytib keldim bu so‘qmoqlarga.
Ushbu tor so‘qmoqqa qadam qo‘yganda,
Qaytadan men bola bo‘lib ketaman.
Intiqqan yuragim kengayib shunda,
Chamamda qush bo‘lib parvoz etaman.
Mosh paykalda gala chumchuq chug‘urlar,
She’r o‘qishib turgan yosh shoirlarday.
Burilishda tanish qo‘shig‘in kuylab,
Qo‘shni qiz oldimdan chiqib qolarday.
Biroq u bunda yo‘q, u yiroqlarda...
Bizning joylar o‘rni hozir paxtazor.
Nechog‘lik monandsiz bizning yoqlarda,
Deb doim maqtayman, so‘rashsa agar.
Gul terib, kapalak quvgan sho‘x vaqtim,
Anov bedazorda yurgan toy dersan.
Yo tavba, shu bitta qiyshiq so‘qmoqning
Dilga yaqinligin qanday aytarsan!
Cholga salom bersam o‘sha so‘qmoqda,
«Kimsan?» deb tanimay menga qaradi.
Bir bola uchrasa sal nariroqda:
– Kimning o‘g‘lisan? – deb men ham so‘radim.
* * *
– Ota, narvon bo‘pti anov qo‘sh terak!
– Bolam, terak emas, bu umr-ku, bu!
– Inim, bog‘ga nega bog‘lading eshak?
– E, anov chiriy deb qolgan olma-ku!
Do'stlaringiz bilan baham: |