Dunyo okeanlari Yer sharining 2/3 qismini band etgan holda, butun suvlarning 97%ini o‘zida mujassamlashtirgan. Ular nafaqat arzon va qulay transport yo‘li, balki oziq-ovqat maskani va Yerdagi hayotni ushlab turuvchi yetakchi omil hamdir. Chunki atmosfera havosidagi 70—80% kislorod okeanlardagi fitoplanktonlarning fotosintez jarayonlarida qatnashuvi orqali yuzaga keladi. Dunyo okeani suvning ekologik tizimdagi katta aylanishi jarayonida faol qatnashadi va u «tozalovchi filtr» bo‘lib xizmat qiladi. Dunyo okeanlaridan foydalanish muayyan davlatning yuridiksiyasiga kirmaydi va shuning uchun ham uning muhofazasi xalqaro-huquqiy me’yorlarning amaliy samaradorligiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liq bo‘ladi.
Dunyo okeanlarini huquqiy muhofazalash shu kunda quyidagi to‘rt yo‘nalishda olib borilmoqda:
1) kimyoviy va radioaktiv moddalardan, neft va neft mahsulotlaridan okeanlar ifloslanishining oldini olish;
2) harbiy maqsadlarda okeanlardan foydalanishni to‘xtatish;
3) okean faunasi va florasini saqlab qolish, qayta tiklash va takroriy ishlab chiqarish;
4) okean resurslaridan o‘ta samaradorlik bilan foydalanish.
1963-yilda qabul qilingan «Atom qurolini sinovdan o‘tkazishni uch sferada taqiqlash to‘g‘risida»gi shartnomaga binoan hech bir davlat okeanda o‘z qurollarini sinashi mumkin emas. 1954, 1962, 1969, 1971, 1972-yillarda qabul qilingan dunyo okeanini muhofaza qilishga qaratilgan bir qator konvensiya va qaydnomalarga binoan kemalardan inson va umuman jonli mavjudotga ta’sir qiluvchi neft va boshqa mahsulotlarni oqizish va tashlash qat’iyan man qilinadi, ularga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zarar uchun esa javobgarlik belgilangan. Keltirilgan zararni iqtisodiy qoplash maqsadida xalqaro normalarga muvofiq har bir kema va kompaniyalar sug‘urtalanishi va moliyaviy hujjatga ega bo‘lishlari kerak.
1990-yildan boshlab AQSH dengiz portlariga faqatgina ikki qavatli korpusga ega bo‘lgan neft tankerlarining kirishiga ruxsat beriladi. Chunki dengiz va okeanlarning ifloslanishida neft tankerlarining «xizmati» juda kattadir. Masalan, 1973-yili talafotga uchragan «Amoko Kazus» supertankeridan 220 ming tonna, 1989-yili Ispaniya supertankeridan 217 ming tonna neft okeanga oqizilgan. 1989-yil Alyaska qirg‘oqlarida dengiz riflariga urilgan «Ekosan Valdiz» kemasidan oqizilgan neftni tozalash uchun 2 mlrd Amerika dollari sarf qilingan. 1967-yilda Liberiya tankeri falokati Angliya va Fransiya davlatlarining 180 kilometrlik masofada qirg‘oq bo‘yini ifloslantirgan.
Okeanlar uchun yana bir katta xavf tug‘dirayotgan ifloslanish omili — radioaktiv chiqitlarni okeanlarga tashlash va joylashtirish. Atom floti va atom sanoati yo‘lga qo‘yilgan mamlakatlar tomonidan yiliga minglab tonna miqdorida o‘ta xavfli bo‘lgan radioaktiv chiqitlar dunyo okeanlariga tashlanmoqda.
Antarktika — hech qaysi bir davlat yuridiksiyasiga kirmaydigan va xalqaro-huquqiy me’yorlar bilan tartibga solib turiladigan Yer kurrasidagi eng sovuq, oltinchi qit’a. Bu qit’ani muhofaza qilish va undan foydalanish «Antarktika to‘g‘risidagi shartnomaga ko‘ra» (1959-yil) olib boriladi. Shartnomaga binoan Antarktikadan ilmiy maqsadlarda erkin foydalaniladi va harbiy yo‘nalishdagi har qanday harakatlar bu qit’ada man qilinadi. Undagi dengiz va quruqlik hayvonlaridan foydalanish va ular muhofazasiga doir maxsus «Antarktika havzasidagi hayvonot dunyosini muhofaza qilish to‘g‘risida»gi konvensiyaga muvofiq amalga oshiriladi. BMТ ning YUNEP tashkiloti Antarktikadagi ekologik munosabatlarni tartibga solishni kuzatib boradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |